Isteʼdodli shoira Xosiyat Bobomurodova 1950 yilda Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi “Ibn Sino” jamoa xoʻjaligida tugʻildi. Otasi mulla Bobomurod elni ogʻziga qaratgan, suhbati shirin, maʼrifatli kishi edi. Xosiyat Alisher Navoiy, Jomiy, Furqat nomlarini ilk bor otasidan eshitgan, gʻazallari bilan oshno tutingan, “Ming bir kecha”, “Chor darvesh” kabi asarlarni tongotargacha mahliyo boʻlib tinglagan edi. U 1966 yili oʻrta maktabni tugatib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida oʻqidi (1966–1970).
Adabiyotga yoshligidan havas qoʻygan Xosiyat turmush qiyinchiliklari tufayli 1967 yili institutning sirtqi boʻlimiga oʻqishga oʻtadi. Oʻn yetti yoshidan boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, yigirma besh yoshidan esa maktab direktori boʻlib ishladi.
Xosiyatning dastlabki sheʼrlari “Guliston”, “Sharq yulduzi” jurnallarida bosildi. Shoira 1978 yili viloyat gazetasiga ishga oʻtgach, unga ijod uchun imkoniyat tugʻildi. “Daryodan katta” degan ilk sheʼriy toʻplami (1979) nashr etildi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi. Shundan soʻng “Qalb titrogʻi” (1984), “Turnalarim” (1984), “Samarqandga maktublar” (1988), “Men uzgan gullar” (1992), “Murod qasri” (1997) kabi qator sheʼriy toʻplamlari dunyo yuzini koʻrdi.
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodova keyingi paytda “Bola koʻtargan ayol” dramasini, “Jonimning egasi”, “Vatan yagonadir”, “Toʻylar muborak” nomli sheʼriy majmualarni yaratdi.
Shoira “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/xosiyat-bobomurodova-1950/