XORAZM MUSIQA USLUBI

XORAZM MUSIQA USLUBIXorazm vohasida qaror topgan muayyan musiqiy anʼanalar majmui. Kadimdan madaniyat va sanʼat maskani boʻlgan ushbu hududda oʻziga xos xalq musiqa ijodiyoti (bolalar va marosim qoʻshiqlari, xalfa laparlari va b.), ogʻzaki anʼanadagi kasbiy musiqa (doston, talqinchi va goʻyandalar sanʼati, maqom va b.) namunalari keng oʻrin tutadi. Xorazm musiqa uslubi doirasida xalq musikasining eng qad. davrlariga mansub kuyohang namunalari oʻz aksini topgan. Jumladan, bolalar («Momom moshiydi», «Aravachi mani doyim», «Tuyalar, ho tuyalar» va b.) va mavsum marosim qoʻshiqlari («Suyet xotin», «Ashsha daroz» va b.)da musiqaning ilk bosqichlariga oid dastlabki tuzilma va ohang alomatlari, boshlangʻich parda asoslari saqlanib qolgan. Xalfalar sanʼatida «ichkari»ga xos ixcham diapazondagi past ovoz koʻlamida aytiladigan, faqat ayollargagina xos boʻlgan qoʻshiq va ashulalar urin olgan. Bunda qudalar tomonidan toʻyga ruxsat berilgandan keyin aytiladigan «Boring boshlang, oʻnglar boʻlgʻay tuyinggiz», tuy boshlanishida «Muboraklar boʻlgʻay etgan tuyinggiz» yoki kelin kelgandan keyin «Aylanaman kelinni qaddi boʻyinnan» va b. qoʻshiqlar tuyning uziga xos rivojini belgilagan. Ayniqsa, qayroq bilan oʻynab aytiladigan lapar turi xalfa raqqosalariga juda xosdir.

Xorazmda xonandalik, sozandalik va raqqoslikni oʻziga kasb qilib olgan sanʼatkorlar guruxlari «sozanda qoʻshlari» deyilgan. Ular ikki xil tarkibda, yaʼni 2 ta surnaychi, doirachi, tanburchiashulachi, sozchi (garmonchi) ashulachi, raqqos, masxaraboz, soʻz ustasi (shuning oʻzi magʻaldoqchiakrobat); dorbozchi, chodir xayol (qoʻgʻirchoqboz) va b. dan tashkil topgan. Sozanda qoʻshlarining vazifasi toʻyda baxshi dostonni tugatgandan keyin yoki toʻyni yanada qizdirish maqsadida oʻz sanʼatlarini (Lazgi kabi kuy va raqslarni ijro etib) namoyish qilishdan iborat. El orasida tanilgan sozanda qoʻshlarining boshliqlaridan Husayn Kalot, Sobir Kalot, Shomurod surnaychi, Ushli Kal (mashhur «Ushlini uforisi» yallasining muallifi), Durdi karnaychi, Sobir Dorboz, Xoʻja Koʻr, Otoq Jonli, Kupal Hoji, Bayotvoy, Ollabergan Hoji, Xudoybergan Vovoq va b. mashhur.

Xorazm musiqa uslubining baxshidostonchilar sanʼati oʻziga xos boʻlib, alohida oʻringa ega. Dostonning nasriy qismi hikoya, nazmiy qismi esa qoʻshiq shaklida ochiq ovozda cholgʻu ansambl joʻrligida ijro etiladi. Xorazm baxshichiligi Shirvoniy va Eroniy uslublarga boʻlinadi. Shirvoniy uslub Amudaryoning yuqori va oʻrta oqimidagi hududda tarqalgan (markazi — Xiva). Bu uslub namoyandalari dutor, gʻijjak, boʻlamon va doyra joʻrligida kuylaydilar. Unda 72 ta doston kuylari mavjud boʻlib, bular: Muxammaslar turkumi (5 ta kuy), Ilgʻorlar (4), Eshvoylar (5), Naylarmanlar(5), Nolishlar (7), Shirvoniylar (3), Zorinjilar (2), «Rahm ayla», «Boboxonim», «Gulandom» va b.

Eroniy uslub Amudaryoning quyi oqimi hududida tarqalgan (markazi — Mangʻit sh.). Ushbu uslub baxshilari dutor, gʻijjak, boʻlamon joʻrligida doston kuylashadi. Ularning qoʻshida doira qatnashmaydi. Eroniy uslubda 32 ta doston kuylari boʻlib, ularning koʻpchiligi Shirvoniy nomalar bilan oʻxshash, lekin Sarparda, Koʻr qiz, Qoʻshadas, Qoʻshim Polvon Ilgʻori va boshqalar bilan ajralib turadi. 18-a. oxiri va 19-a. boshlarida Xiva xonligida 40 dan ortiq baxshilar faoliyat koʻrsatgan va ulardan eng mashhurlari Eshvoy baxshi, Muhammadniyoz Goʻrji, Rizo baxshi, Ernazar baxshi, Suyov baxshi, Jumanazar baxshi, Axmad baxshi, Bola baxshi Abdullayev va b.

Xorazm musiqa uslubida talqinchi va goʻyandalar ijodi aniq bir janr bilan chegaralanmagan boʻlsada, ularning oʻz yoʻllari va oʻziga xos uslublari mavjud. Ayniqsa, ular suvoralar va ularning savtlari hamda boshqa yirik shakldagi mumtoz ashulalarni Mashrab, Soʻfi Olloyor, Mahtumquli, Mulla Nafas kabi shoirlarning tasavvuf yoʻlidagi gʻazallari, nasihat hamda oʻgitlariga solib kuylaganlar. Shuningdek, musulmonchilikni targʻib qiluvchi «Kiyiknoma», «Sayid Vaqqos», «Kaptar», «Amir Hamza», «Meʼrojnoma», «Sultonbobo hikoyati», «Paygʻambarlar hikoyati» kabi nomalarni ham ijod qilganlar. Talqinchi va goʻyandalar «Diyralishma» deb nomlangan erkin tanlovlarda sinalgan, ulardan Polli Duzchi, Kalandar Banggi, Qurji ota va b. mashhur.

Hoz. davrda Xorazmda 15 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablari hamda musiqa kollejida Xorazm musiqa uslubi boʻyicha yoshlarga taʼlim berilmoqda. Ularning koʻpchiligida xalfa va baxshilar sinflari ochilgan. Viloyatdagi «Qaldirgʻoch», «Navbahor», «Oltin qoʻllar», «Orazibon», «Muborak» va b. ansambllarda Xorazm musiqa uslubining yorqin koʻrinishlari namoyon boʻlmoqda.

Botir Matyoqubov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x