XONABAZM — oʻzbek xalq raqsining turi; bazmning uy ichida oʻtkaziluvchi shakli. Kichik davraga moʻljallangan boʻlib, koʻpincha yakka raqqos yoki. raqqosa sanʼatini namoyish etishga qaratilgan, qoʻl, yelka, koʻkrak, bel harakatlari, mimika vositalari, nigohlar, jilvalar keng ishlatiladigan raqslar turkumi X. (baʼzan «kichik oʻyin») deb ataladi. Ular orasida yalla, lapar va baytlar bilan ijro etiluvchi lirik, xarakterli, kulgili oʻyinlar koʻp uchragan. Hukmdorlarning qasrlarida uyushtiriladigan bazmlarda raqslardan tashqari kuy tinglangan, ashula aytilgan, sheʼrxonlik, badihagoʻylik boʻyicha musobaqalar oʻtkazilgan, koʻzbogʻlovchilar, nayrangbozlar tomosha bergan va h. k. 20-a. da X. raqslaridan baʼzilari qayta ishlanib, sahnaga olib chiqiddi. Muhiddin Qoriyoqubov rahbarligidagi etnografik ansamblda tiklanib, ijro etilgan «Oyijon», «Qorasoch ukam», «Olmacha anor», «Hiliyla yorim», «Chilvir soch» kabi laparoʻyinlar shular jumlasidan.
Ad.:Avdeyeva L. A., Oʻzbek milliy raqsi tarixidan, T., 2001.
Muhsin Qodirov.