Xolis gap kitobxonning koʻnglida boʻladi

Bu kungi suhbatimizning mavzui garchi ijodiy tajribalar boʻlsa ham, gap koʻproq ijodiy tajribalar emas, ijodiy urinishlar toʻgʻrisida borilar deb oʻylayman.

Biron balogʻatga yetgan yozuvchi oʻzining balogʻatga qandoq yetganligi, bir yoki bir necha mashhur, hamma taqdir etgan asarini qandoq yozganligi toʻgʻrisida gapirib bersa, suhbat ahli undan taʼlim olsa, u vaqtda ijodiy tajriba toʻgʻrisida soʻz, taʼlimiy suhbat boʻlar edi. Men bu yerda faqat durust asar yozishga qandoq oʻrganganligim, shu urinishlar orqasida nimalarga duch kelganligim toʻgʻrisida gapirishim mumkin, xolos. Demak, bu suhbat oʻzaro fikrlashish tarzida oʻtadi.

Umid bilan qoʻliga qalam olgan, el-yurtga yozish-chizish ishi bilan xizmat qilishni istagan, shu yoʻl bilan koʻproq va yaxshiroq xizmat qila olishiga koʻzi yetgan har bir kishining omili yaxshi asarlar yaratish boʻladi.

Biz bir asarni yomon, ikkinchisini yaxshi, uchinchisini soʻz sanʼatining moʻjizasi deymiz. Shunda hammadan burun nimani koʻzda tutamiz? Avval shu savolga javob berish kerak.

Modomiki, kitob keng oʻquvchilar ommasi uchun yozilar ekan, bu savolga oʻsha omma nuqtai nazaridan qarab javob berish zarur. Omma oʻzini maftun qiladigan, rohat bagʻishlaydigan narsani oʻqiydi. Oʻshani yaxshi asar deb biladi. Oʻquvchi kitobni “madaniyatdan orqada qolmaslik” uchungina emas, zoʻr rohatdan mahrum boʻlmaslik uchun oʻqisa hisob. Shunday asar yaxshi asar boʻladi. Asar toʻgʻrisida eng toʻgʻri xolis yozilgan taqriz kutubxonaning daftarida boʻldi.

Eng yaxshi tomosha boʻlmagan drama, qoʻlga olish bilan jozibasiga tortib ketmaydigan adabiy asar yaxshi narsa boʻlmaydi. Agar biron yozuvchi asarning shu tomoniga eʼtibor qilgani erinsa yoki erinmagani taqdirda ham udda qilolmasa-yu, oʻzining ojizligini, masʼuliyatsizligini “mazmun”, “olijanob maqsad” iboralari ostiga berkitsa, sanʼatni, eng muhim tarbiya qurolini beburd qilgan boʻladi.

Maqsad naqadar olijanob boʻlmasin, Chexovning tili bilan aytganda, “qurbaqaga shakar sepib berganing bilan baribir yemayman”.

Adabiy asar, adabiyot degan shundoq boʻlsin.

Yozuvchi biror narsa yozish uchun qoʻliga qalam olganda hammadan burun koʻz oldiga shu narsani oʻqiyotgan oʻquvchini keltirsin, asarning har bir satri koʻz oldidan oʻtganida chehrasida boʻladigan oʻzgarishni koʻrib tursin. Yozuvchi oʻzini kattakon bilimdon, yuksak zavq egasi boʻlgan kishi oldida imtihon berayotganday sezsin.

Kitobxonni maftun qiladigan narsa yaxshi narsa boʻlsa, qandoq asar maftun qiladi? Uning mehrigiyosi qayerda, bu mehrigiyo nimadan iborat?

Klassiklardan oʻrganish degan soʻz klassik asarlardagi mana shu me‑hrigiyoni topishga urinish, topishdan iborat boʻlsa kerak.

Albatta, har bir yaxshi asar oʻzicha yaxshi. Har bir yaxshi asarning mehrigiyosi boshqa yaxshi asarning mehrigiyosiga oʻxshamaganligi uchun yaxshi. Goʻzal degan soʻz bitta. Lekin uning ming bir maʼnosi bor.

Yaxshi asarlarning yaxshilik sirini qidirgan vaqtda hamma yaxshi asarlarga mushtarak boʻlgan bir narsa darrov koʻzga koʻrinib turadi. Ehtimolki, bu asarning maftun qiladigan asar chiqishi uchun asosiy shartlardan biri boʻlsa.

Maʼlumki, sanʼat, shu jumladan, soʻz sanʼati – adabiyot ham kishilarning ongiga his orqali – yurak orqali taʼsir qiladi. Adabiyot biron ijtimoiy hodisaning yaxshi yoki yomon ekanligini faktlar, raqamlar bilan isbot qilib, xulosa chiqarmaydi; uning yaxshi yoki yomon ekanligini koʻrsatib, kishilarda shu hodisaga nisbatan muhabbat yoki nafrat hissi tugʻdiradi. Biron hodisaning yaxshi yoki yomon ekanligini bildirish bilan unga nisbatan nafrat yoki muhabbat hissi tugʻdirish orasida juda katta farq bor. Bilgan kishi bilib qoʻya berishi mumkin, lekin his qilgan kishi his qilib qoʻya bermaydi. Adabiyotning zoʻr tashviqiy kuchi ham mana shundan iborat.

Bundan maʼlum boʻladiki, yozuvchi biron hodisaga oʻquvchida muhabbat yoki nafrat hissi qoʻzgʻatishi uchun avval oʻsha his oʻzida boʻlishi kerak.

Kishi hech qachon dushmanning goʻri ustida boshqalarning koʻzidan yosh chiqaradigan taʼsirli nutq soʻzlolmaydi.

Eng talantli, eng usta, xushovoz artist agar oʻziga yoqmaydigan ashulani aytishga majbur boʻlib qolsa, talanti ham, ustaligi ham yoʻqolib, quruq ovozi qoladi.

Talant, bilim, hunar jihatidan bir darajada boʻlgan ikki yozuvchi muhabbat toʻgʻrisida yozsa, shu muhabbat hissini boshidan kechirgani yaxshiroq yozadi.

Yozuvchi oʻzi his qilmagan narsa toʻgʻrisida yozsa, buni oʻqigan oʻquvchi ham hech narsani his qilolmaydi. Oʻquvchining qalbiga taʼsir qilmagan narsaning adabiyotga hech tegishligi yoʻq.

Demak, kuydirish uchun kuyish, ardoqlash uchun ardoqlanish shart. Busiz boʻlmaydi. His qilinmasdan yozilgan narsa qogʻozdan qilingan gulga oʻxshaydi.

His, ichki dard kishining qalbini toshirib yuboradi. Bunday vaqtda kishi oʻzini qayerga qoʻyishini bilmaydi. Oʻzining dardiga boshqalarni sherik qilish, yuragini boʻshatish kishiga azob berish darajasiga yetadi. Shu vaqtda qoʻl qalamga boradi. Kishining koʻziga hech narsa koʻrinmaydi. Yozish uchun hech narsa xalal bermaydi. Fikr toʻkila boradi. Yozib ulgurib boʻlmaydi.

Kishidagi mana shunday holatni odatda ilhom deyishadi.

Aytilgan gaplardan xulosa chiqarsak, yaxshi asar – oʻquvchini maftun qiladigan asar, faqat ilhom bilan yozilgan asar, deyish kerak boʻladi.

Yozuvchi ilhom keldi deb tez-tez yozadi, ilhom kelmayotir deb soatlab qogʻoz chizib oʻtiradi. Bas, maʼlum boʻladiki, ilhom kelgani yozuvchinnng toʻla his qilgani, ilhom kelmagani yozuvchining hali his qilmagani boʻladi.

Ilhom kelishi uchun yozuvchining his qilishi shart boʻlsa, his qilishi uchun nimalar kerak?

Yozuvchi yozuvchi boʻlish uchun qanday katta mehnatni boʻyniga olganligi mana shu yerda koʻrinadi.

Umuman saviyasi biron uy xizmatchisining saviyasi bilan barobar boʻlgan kishi hech vaqt ijtimoiy hodisalarni toʻgʻri tahlil qilolmaydi.

Demak, ijtimoiy hodisalarni tahlil qilish, uning yaxshi, yomon ekanini bilish uchun yozuvchining saviyasi juda-juda baland boʻlishi kerak.

Yozuvchi turmush hodisasini tahlil qilganidan soʻng unga maʼlum bir munosabatda boʻladi. Bu munosabati uning qanoati boʻladi. Uning biron hodisani his qilishi mana shu qanoati asosida boʻladi.

Shulardan maʼlum boʻladiki, yozuvchi hech vaqt “Nima toʻgʻrida yozsam ekan?” deb oʻylab, keyin birdaniga biron mavzu toʻgʻrisida yozishni ixtiyor qilmaydi. Aksincha, hodisaga maʼlum munosabati, qanoatidan kelib chiqqan rozilik yoki norozilik uni yozishga majbur qiladi, uni oʻz ixtiyoriga qoʻymaydi.

Mana shundan keyin asarning gʻoyasi toʻgʻrisida gapirish mumkin.

Men ilgari vaqtlarda koʻp kishilardan “Asar yozishdan burun uning gʻoyasini belgilab olish kerak”, degan maslahatni eshitganman. Oʻsha vaqtlar shu maslahat asosida ish koʻrib koʻp garang ham boʻlganman. Oʻsha vaqtlarda qoʻlimga qanday asar tushsa, darrov uning gʻoyasini axtarar edim. Koʻpincha, uning gʻoyasini topolmas edim. Endi oʻylab qarasam, oʻsha maslahatlar notoʻgʻri, oʻsha urinishlarim mutlaqo samarasiz urinishlar ekan.

Men shu kungacha bitta-ikkita durust narsa yozgan boʻlsam, birontasining ham gʻoyasini oldin belgilab olganim yoʻq. Nainki, urush zamonidagi chollarni koʻrsatish maqsadida men Asror boboni yasagan boʻlsam! Yoʻq, chollarning urush yillarida yoshlar bilan bir safda turganligi menga qattiq taʼsir qilgan edi. Bu hikoya shu taʼsirning natijasi. Adabiyotchilar, tanqidchilar tilida bu chol qanday deb atalishini koʻzda tutgan emasman, shular nima deb atasa, hikoyaning gʻoyasi oʻsha boʻladi.

Yanglish maslahatlarga amal qilib asarning gʻoyasini qidirar edim. Bu ham bekorchi urinish ekan. Haqiqatan shunday. Asarning gʻoyasini qidirishga ehtiyoj bormi? Asar oʻquvchida qanday taʼsir qoldirsa, uni qaysi yoʻlga boshlasa, gʻoyasi oʻsha-da.

Jek Londonning “Jazirama” (“Den plameneet”) degan bir romani bor. Men asarlarning gʻoyasini qidirib yurgan vaqtimda shu romanning gʻoyasini topolmagan edim. Lekin shu kitobni oʻqiganimdan keyin shaharda turgim kelmay qoldi. Qolgan umrimni qishloqda oʻtkazishni xohlab qoldim. Demak, yozuvchining maqsadi shu ekan, odamlarni tabiatga daʼvat qilgan ekan.

Ilhom bilan, ichki majburiyat orqasida yozilgan asarni tuzatish, qayta ishlash mumkinmi?

Oʻsha tuzatish, oʻsha qayta ishlash xohishga aylanmaguncha, yozuvchining qalbidan oʻrin olmaguncha mumkin emas.

Koʻpincha shunday hollar boʻladi; yozuvchi asarini bitirib, odamlarga oʻqib beradi. Bu yerda asarning kamchiliklari koʻrsatiladi. Yozuvchi koʻpincha oʻsha kamchiliklarni oʻzi kamchilik hisoblamagani holda faqat bilimdonlarning soʻzini ikkita qilmaslik uchun tuzatishga kirishadi. Bunday vaqtda yozuvchi oʻz maʼshuqasiga birovning soʻzi bilan muhabbat izhor qilayotgan oshiqqa oʻxshab qoladi. His qilmasdan asarni tuzatish dutorni ikki kishi chalganday gap. Parda bosgan kishi ham, zarb bergan kishi ham hech narsani his qilolmaydi. Bunday mashqdan hech kim lazzat olmaydi.

Asarni qayta ishlash degan gapga men tushunmayman. Agar biron asar qayta ishlashga muhtoj boʻlsa, shu material asosida boshqa asar yozish kerak ekan, deb tushunaman.

Yaxshi asar ilhomning natijasi, ilhom his qilishning natijasi dedik. His qilish uchun yozuvchi oʻshani boshidan kechirishi shartmi? Agar shart boʻlsa, Tolstoy hech qachon “Anna Karenina”ni yozolmas edi. Chunki, Tolstoy hech vaqt xotin kishi boʻlib koʻrgan emas.

His qilish uchun yozuvchiga oʻzining shaxsiy kechinmalari bilan bir qatorda mushohada ham yordam beradi. Yozuvchi oʻzi boshidan kechirmagan yoki kechirish mumkin boʻlmagan hodisalarni zoʻr diqqat bilan mushohada qiladi. Turmushni oʻrganish degan soʻzning maʼnosi turmushni mushohada qilish demakdir. Eng zoʻr yozuvchilar eng zoʻr mushohada kuchiga ega boʻlishgan. Odamlarning raftoriga oid eng kichik narsalardan tortib, katta-katta ijtimoiy hodisalargacha gʻoyat zoʻr diqqat bilan oʻrganishgan. Boshqa kishilarning diqqatini jalb qilmagan hodisalar, boshqa kishilar eʼtibor qilmagan narsalar bularning diqqatini jalb qilgan, eʼtiborini tortgan.

Mana shuning uchun har bir badiiy asarda yozuvchining shaxsiy kechinmalari, tarjimai holi unsurlari boʻladi. Yozuvchi baʼzan biron tipga asos qilib haqiqatda mavjud odamni ham oladi. Bunday hollarda oʻsha mavjud odam tipning prototipi boʻladi.

Yozuvchi prototipning oʻzigagina xos sifatlarini, xislatlarini tashlab, tip uchun xarakterli boʻlgan boshqa sifatlar, xislatlar qoʻshadi. Shunday boʻladiki, prototip tipning oʻzi ekanini bilmaydi.

Odatda mushohada faqat kerak boʻlganda, biron asar yozish uchun zarur boʻlib qolganda qilinmaydi.

Masalan, birovning oyogʻini tramvay bosdi. Ehtimol, mening qahramonlarimdan, personajlarimdan hech kimning oyogʻini tramvay bosmas. Lekin oyogʻini tramvay bosgan odamning oʻsha damdagi holati, harakati, qiyofasi esimda qolishi kerak. Chunki mabodo shunday holat kerak boʻlib qolsa, oyogʻini tramvay bostirib koʻrgani hech kim rozi boʻlmaydi.

Kishi chuchkiradigan vaqtda afti qandoq boʻlishiga hech kim eʼtibor qilmaydi. Lekin Chexov shunga eʼtibor qilgan ekan. “Chinovnikning oʻlimi”da qoʻl kelipti.

Men “Anor” degan hikoyani yozganimda boshqorongʻi xotinning holatini shu kunlarda mushohada qilganim yoʻq. Boshqorongʻi xotinning holati mening xotira daftarimda bor edi. Buni men bir vaqtlar daftarga shunday qayd qilib qoʻygan ekanman:

“Er xotiniga jannatning taʼrifini qiladi. Xotinning koʻziga havzi kavsar va unda yuzib yurgan baliqdan boshqa hech narsa koʻrinmaydi. Xotin baliqqa boshqorongʻi”.

Bundan olti yil burun daftarga shuni yozib qoʻygan ekanman: “Ajoyib it, oʻgʻri kirganda olkishlasang, yotib dumini yalaydi”.

Bu narsa olti yildan beri kerak boʻlgani yoʻq, ehtimol, hech qachon kerak boʻlmas. Shunday qilib, yozuvchining xotira daftari – mushohadalar xazinasi – turmush qomusi vujudga keladi.

Bu daftarga faqat mushohadalargina emas, voqealar, manzaralar, fikrlar, soʻzlar, iboralar ham yozilishi mumkin. Chexov hatto ismlarni ham yozgan.

Mana shuning uchun yozuvchi yozayotganda, oʻylayotgandagina emas, hammavaqt mehnat qiladi. Shundoq boʻlishi kerak.

 

Abdulla QAHHOR

 

“Yoshlik”, 2015 yil 10-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/xolis-gap-kitobxonning-konglida-boladi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x