XOJA UBBON — Buxoro sh. dan 50 km shim. gʻarbda, Dashti Urganjiy qumligida joylashgan shifobaxsh suvli quduq va qadamjo (sagʻanali daxma). Aslida u «Xoja Obbon» shaklida yuritilib, «suv qoʻriqchisi, suv homiysi» maʼnosini anglatgan.
Rivoyat qilinishicha, Xoja Ubbon Amudaryo qayiqchi va kemachilarining shfi va suv muakkili: qoqshoq qoʻriq yerlar va dashtlarga bulutlarni haydab yomgʻir yogʻdiradigan avliyo hisoblangan. Shu boisdan Buxoro viloyatining suvsiz dashtliklaridagi ayrim qishloq va qadamjolar Ubbon, Sulton Xubbi, Hazrat Xubbin va Oqshix bobo kabi nomlar bilan ataladi. Xoja Ubbon qudugʻining suvi mineral tuzlarga boy, taʼmi shoʻr va achchiq boʻlib, oʻtmishda teri kasalliklariga yoʻliqqan kishilarning davolanish maskani va ziyoratgohi boʻlgan.
Xoja Ubbon ziyoratgohi ilgari bir necha inshootlar majmuidan iborat boʻlgan. Quduq usti pishiq gʻishtdan chortoq uslubida gumbazli bino, uning yonginasida xonaqoh va panja shaklida mis tugʻlar ishlangan, bir nechta sagʻanalarning bosh qismida arxar shoxlar oʻrnatilgan.
1964-y. da Xoja Ubbon qudugʻi ustidan 14-a. meʼmoriy hamda nodir gidrotexnika obidasi buzib tashlangan. Biroq, koʻp vaqt oʻtmay u joyda yangi quduq kavlanib, yangi imoratlar qad koʻtardi, sagʻanalar taʼmirlandi, davolanuvchi ziyoratchilarning soni esa ortib bordi.
Ad. Ayniy S, Esdaliklar, T., 1953; Gʻulomov Ya., Xorazmning sugʻorilish tarixi. Qadim zamonlardan hozirgacha, T., 1959; Yoʻldoshev N., Buxoroavliyolariningtarixi, Buxoro, 1997.