XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Toshkent. Sanoatning paydo bo‘lishi va rivojlanishi (2-qism)


Post Views:
103

Shaharda cho‘yan quyish korxonalari ham vujudga keldi. 1885 yildayoq 1-gildiya savdogari A.S. Gromov shahar ma’muriyatidan Salor daryosi bo‘yida cho‘yan quyish mexanik korxonasini qurishga ruxsat oldi, ammo manbalarda bu zavod faoliyati xaqida ma’lumotlar yo‘q. Keyinchalik 9 yirik cho‘yan quyish korxonalari faoliyat ko‘rsatib, ularning yillik daromadi 300 ming rublni tashkil etgan.

O‘lkada darmana (santonin) urug‘idan darmana yog‘i olinadigan zavod ochilishi katta ahamiyat kasb etdi. Bunday birinchi zavod 1884 yilda Chimkentda ochildi. Gijja tushirishda darmana eng yaxshi dori hisoblanadi. Bu o‘simlik butalari jahon bo‘yicha faqat Chimkent va Avliyootadagina saqlanib qolgan. 1886 yilda N. Nikitin Beshyog‘och va Salor ariqlari yoqasidagi Qumbegi degan aholi yo‘q joyda shunday zavod ochgan. Uning yillik mahsuloti 10 ming rublni tashkil etgan. 1897 yilga kelib bu raqam ikki baravarga ortgan. Zavodda 300-400 pud darmana urug‘i ajratilgan. Shu yili Pfaffga qarashli ikkinchi darmana zavodi ochilgan. Bu yerda 7000 rubllik 200 pud darmana ishlab chiqarilgan. 1898 yil shu mahsulot 18 ming rubllik 400 pud ishlab chiqarilgan. Har yili xom darmana ishlab chiqarishga 18 ming pud darmana urug‘i, 400 pud sulfat kislotasi, 80 pud soda sarflangan. Toshkentda korchalon Bichkov qurgan darmana zavodi ham faoliyat ko‘rsatgan. Hammasi bo‘lib 1888-1889 yillar Toshkent zavodlarida 7899 pud darmana yog‘i olingan. Bu mahsulot xorijga, jumladan Yaponiya, Italiya, Germaniya, ayrimlari Janubiy Amerikaga jo‘natilgan.

Shaharda tamaki va papiros ishlab chiqaruvchi fabrika faoliyat ko‘rsatgan. Birinchi tamaki fabrikasi 1877 yilda Pervushin tomonidan ochilgan. Uning tamaki plantatsiyalari bo‘lib, har yili 15-20 desyatina yerga tamaki ekilgan. Tamakidan olingan hosil 1000 pudga yetgan. Shunisi diqqatga sazovorki, tamakining turli navlari ekilgan. Tamakini yanchish uchun qo‘l dastgoxlaridan foydalanilgan, ular toza va orasta qilib qadoqlangan. Shunday bo‘lsa-da, mahalliy papiroslar sifat bo‘yicha Rossiyadan keltirilgan tamakilarga teng kelolmasdi. 1888 yilda shaharda 8 tamaki va papiros fabrikasi bor edi.

Tamaki ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinni Pervushin fabrikasi egallagan. Eng ko‘p papirosni Bubnov fabrikasi (1 500 000 dona) va Metrikova fabrikasi (1 400 000 dona) ishlab chiqargan. Bu davrda shaharda gugurt fabrikasi ham ishlab turgan, u 1893 yilda 14 200 rubllik mahsulot bergan.

Rossiya Toshkentni bosib olgan dastlabki yillarda shaharning “yangi” qismida oziq-ovqat sanoati korxonalari paydo bo‘lgan. Masalan, 1868 yilda I.I. Pervushin, I.I. Kuznetsovga qarashli spirt zavodlari ishlay boshlagan.

I.I. Pervushin zavodi eng kattasi xisoblanib, uning ishlab chiqarish hajmi 1872 yilda 111 390 rublga yetgan, Ye.X. Jemchujnikova zavodida – 38 930, I.I. Kuznitsov zavodida – 41 878, P. Abdurahmonov zavodida – 26 502 rubl bo‘lgan. Hammasi bo‘lib 1874 yilda 6 spirt zavodi ishlagan va 217 969 rubllik mahsulot bergan.

Shu ta’kidlab o‘tish joizki, tub millat vakillari “ixtiyoriy yollanuvchilar” deb atalgan. Masalan, 1872 yilda P. Abdurahmonov zavodida 1 rus ustasi va mahalliy aholidan 10 ishchi ishlagan. 1875 yilda Jemchujnikovda 1 rus ustasi, 1 nemis va 10 nafar mahalliy aholi bo‘lgan. 1874 yildagi ma’lumotga ko‘ra, barcha spirt zavodlarida 40 usta va ishchilar ishlagan. Keyinchalik ular miqdori ortgan. 1876 yilda ular soni 64 nafarga yetgan. Toshkent, Samarqand, Xo‘jand spirt zavodlarida xomashyo sifatida uzum, mayiz va bug‘doy unidan foydalanganlar.

Turkiston o‘lkasining iqlimi va u yerda yetishtirilayotgan mevalarning ko‘pligi aroq, vino kabi sanoat korxonalarining paydo bo‘lishida katta rol o‘ynadi. Ayniqsa bu yerdagi uzum va turli mevalarning serhosilligi va arzonligi bu sanoat korxonalarining rivojlanishiga katta imkoniyatlar yaratdi.

O‘lkada dastlab aroq vino zavodlarida tayyorlangan, keyin maxsus zavodlar qurilgan. Ular orasida dastlabkisi Ye.X. Jemchujnikova zavodi bo‘lib, mahsuloti 56 217 rublga yetgan. 1885 yilda 81 ming rubllik mahsulot beruvchi 2 aroq zavodi ishlagan. Eng katta zavod N.I. Ivanovniki bo‘lib, 1899 yilda uning ishlab chiqargan mahsuloti 156 717 rublni tashkil etgan.

Shaharda vino zavodlari ham faoliyat ko‘rsatgan. Tub aholi vino ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmagan. Qo‘qon xonligi davrida vino ishlab chiqarish bilan asosan yaxudiylar shug‘ullanganlar. Ular musulmonlar qonunidan qo‘rqib, bu ishni yashirincha bajarganlar. Vino ishlab chiqarish jarayoni oddiy qo‘lbola usulida bajarilgan. Toshkentning «yangi» shahrida vino zavodlarining paydo bo‘lishi mahalliy vino ishlab chiqarishni to‘xtashiga olib keldi.

1881 yilda dastlabki vino zavodi ishga tushdi. Bu zavodlar asosan bug‘ bilan ishlaydigan jixozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, asosan vino quritilgan mayiz yoki uzumdan tayyorlangan. Vinochilik sohasini rivojlanishida o‘lkaning arzon va turli xildagi uzumlari juda qo‘l kelgan. 1885 yilda 34725 rublga mahsulot chiqaruvchi 3 ta zavod ishlagan.

1886 yilgi Sirdaryo viloyati sharxida: “Toshkent egallab olingandan ko‘p o‘tmay bu yerda mahalliy uzumdan vino yasovchi kichik zavodlar qurildi, ammo vino sifati past edi. 6-7 yil avval mahalliy uzum ekishni yaxshilash uchun pul va mehnat sarf qilgan bir qancha ishbilarmonlar ishning payiga tushishdi, ular qrim, kavkaz va horij navlarini tarqatish niyatida edilar. Ayrim zavodchilar va ularning vinosozlari mehnati va bilimi bilan Toshkent uzumi vinolari Rossiyadan keltiriladigan vinolar bilan bemalol raqobatlashadigan darajaga yetdi” deyilgan edi.

Zavod xo‘jayinlari (I.I. Pervushin, N.I. Ivanov va boshqalar) o‘z shaxsiy uzumzorlariga ega edilar. Umuman vino tayyorlash uchun xomashyo ko‘p edi. Masalan, 1889 yilda Toshkentda va Toshkent uyezdida hammasi bo‘lib 2,5 mln. pud uzum hosili ko‘tarildi. A.N. Mayev guvohlik berishicha, bu yerda vino qilish shunchalik muvaffaqiyat qozondiki, mahalliy vinolar horijning Lafit, Bordo, Sotern kabi vinolarini siqib chiqardi, shuningdek Nijnegorod, Moskva, Kavkaz kabi vino rusumlari ham endi ip esholmay qoldi. Toshkentda hatto amerika “Izabella” uzumi navidan ham vino tayyorlangan. Toshkent vinolari Charos, Qarshi, Sultoni, Buvaki, Siyobchashma, Muskat kabi nomlar bilan atalgan.

Shaharda birinchi pivo zavodi 1870 yilda qurilgan. 1872-1873 yillarda Ye. Mayorov va K.V. Karlevaga qarashli 2 zavod ishga tushgan. Ular mahsuloti hajmi 1874 yilda 7 127 rubl, 1879 yilda – 42 000 rubl bo‘lgan. 1882 yilda 118 ming rubllik mahsulot bergan 4 pivo zavodi bo‘lgan. Usta va ishchilari 54 nafarga yetgan. XIX asr oxirida ular iste’molchilar orasida mashhur bo‘lgan Vena va Bavariya rusumli pivolarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirganlar.

Bunday aroq, vino va pivo zavodlarining ishga tushirilishi sanoat ishbilarmonlariga katta daromad keltirgan bo‘lsa, mahalliy aholi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Ma’danli suv ishlab chiqarish ham korchalonlar e’tiboridan chetda qolmagan. Bunday xildagi birinchi korxona 1877 yilda ochilgan. Ishlab chiqarish hajmi 7 040 rublni tashkil etgan.

1884 yilda O.V. Geykka qarashli boshqa bir korxona qurilgan. 1885 yilga kelib ma’danli suv ishlab chiqarish bo‘yicha 4 korxona bo‘lgan, 10424 rublik mahsulot bergan. 1899 yilda V. Bolotinga qarashli “Nektar” firmasi faoliyat ko‘rsatgan. 1900 yilda u 10 ming rubllik ma’danli suv ishlab chiqargan.

Zavodlar kamquvvat bo‘lib, notekis ishlagan. Korxona mahsulotlari asosan Toshkentda va unga tutash joylarda sotilgan. Ayrim zavodlar aralash mahsulot ishlab chiqargan. Masalan, L.G. Shtalm zavodi 1892 yilda qurilgan bo‘lib, 1900 yilga kelib pivo, vino, kvas, ma’danli suv va meva sharbatlari ishlab chiqarilgan (umumiy summasi 8 300 rubl).

Toshkentni bosib olingandan keyingi dastlabki yillarda yevropa tipidagi suv tegirmoni qurilgan, u bug‘doyni yormaga aylantirgan. 1887 yilda ikki bug‘ tegirmonidagi mahsulot hajmi 20 024 rubl bo‘lib, u yerda 29 ishchi ishlagan.

Shaharning «yangi» qismida birinchi qandolat fabrikasi 1887 yilda ochilgan. U Glinka Yanchevskiyga qarashli bo‘lgan. 1893 yilda uning mahsuloti 10 200 rublga yetgan. 1898 yilda uning 4 ta qandolat fabrikasi ishlab turgan. Konfet tayyorlashga ketadigan un, meva kabi mahsulotlardan tashqari mahsulotlar xomashyo sifatida Riga, Moskva va Varshavadan olib kelingan. Fabrikada karamel, monpasye, marmelad, pryanik, murabbo, qand, quritilgan turshak va boshqa mahsulotlar tayyorlangan.

Keyinchalik T.Z. Genel, D.R. Ustanin, S. Proxovskiy va boshqalarning qandolat korxonalari paydo bo‘ldi. Bu davrda non, kulcha, muz ishlab chiqaradigan korxonalarga ham asos solindi.

XIX ASRNING IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIDA TOSHKENTNING «YANGI SHAHAR» QISMI TARIXI

Jannat Ismoilova

O‘zRFA Tarix instituti
O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi
Toshkent – “Fan va texnologiya” — 2004

Ushbu qimmatli manbaning elektron variantini taqdim etgani uchun monografiya muallifi J.Ismoilovaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

https://shosh.uz/uz/xix-asrning-ikkinchi-yarmi-xx-asr-boshlarida-toshkent-sanoatning-paydo-bo-lishi-va-rivojlanishi-2-qism/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x