Post Views:
1 111
Insoniyat paydo bo‘lganidan boshlaboq o‘zaro axborot almashuv ehtiyoji paydo bo‘lgan. Dastlab, insonlar o‘rtasidagi axborot almashuv jarayoni og‘zaki nutq orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, keyinchalik yozuv paydo bo‘lishi bilan axborot tarqalishi jarayonida katta sakrash yuz bergan edi. Kitob bosib chiqarish bilan esa axborot almashish jarayoni yanada kuchaygan edi. Umuman, insoniyat rivojlanishi bilan axborot almashinuvi ham jadallashib boradi. Bir tomondan, insoniyat taraqqiy etishi bilan axborot ko‘payib, yangi texnika kashfiyotlari natijasida uni uzatish va yodda saqlashning murakkab shakllari paydo bo‘ladi. Ikkinchi tomondan esa axborot hajmi ortishi bilan yangi kommunikasiya manbalariga ehtiyoj sezila boshlaydi.
Jahonda gazetaning vujudga kelish jarayoni ham insoniyatning axborot almashuvga bo‘lgan zaruriyatidan kelib chiqqan edi. Shuningdek, hukmron kuchlar gazetadan jamiyatga ta’sir ko‘rsatish, o‘z g‘oyalarini singdirish yo‘lida va jamiyat a’zolarining qarashlarini bilish uchun foydalanganlar.
Dastlabki bosma gazeta Pekinda chiqqan “King pao” gazetasi edii. 911 yilda ta’sis etilgan ushbu gazeta 1361 yildan haftada bir marta chiqqan bo‘lsa, 1800 yildan kundalik gazetaga aylangan edi.ii 1450 yilda Germaniyada Ioagann Guttenberg tomonidan bosma pressi ixtiro qilinishi bilan gazeta bosib chiqarish ishlari ancha osonlashgan.
Gazeta so‘zi ital’yancha “gazzetta” so‘zidan olingan bo‘lib, chaqa degan ma’noni bildiradi, ya’ni XVI asrda yangiliklar varag‘ini Venesiyada bir chaqaga sotib olishgan.
Hozirgi zamonaviy gazetalarga yaqin bo‘lgan bosma gazetalar XVII asrda Yevropada bosib chiqarila boshlagan. XVIII asrning boshlarida esa Rossiyada gazeta chop etila boshlagan bir davrda Yevropa davlatlari matbuot sohasida ancha ilgarilagan. Masalan, faqat Londonning o‘zida bir vaqtda 10 tadan 20 tagacha gazeta va jurnallar chiqib turgan. Turkistonda esa matbuot Yevropa va Osiyodagi ko‘pchilik davlatlarga qaraganda ancha kech vujudga kelgan.
Turkistonning madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Toshkent shahrida o‘lkaning to‘ng‘ich gazetasi “Turkestanskie vedomosti” 1870 yil 28 aprelda chiqa boshlagan edi. Ushbu gazeta Rossiya guberniya vedomostlariga tenglashtirilgan bo‘lib, unga amaldorlar obuna bo‘lishi majburiy edi.iii Turkiston general-gubernatorligi bu gazeta orqali o‘z g‘oyalarini tarqatishni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa-da, amalda matbuot o‘lkani har tomonlama o‘rganib hamda rus aholini Turkiston hayoti bilan tanishtirish, ularga madaniy, iqtisodiy, ijtimoiy xabarlar berish borasida alohida ahamiyat kasb etgan edi.
Turkistondagi birinchi o‘zbek tilidagi gazeta “Turkiston viloyatining gazeti” 1870-1883 yilgacha “Turkestanskie vedomosti” gazetasiga “Ilova” tarzida chiqarilar edi. Bu gazeta bir oyda 4 marta – 2 marta o‘zbek tilida va 2 marta qirg‘iz tilida chiqa boshladi. 1883 yil 30 yanvardan 500 nusxadaiv alohida gazeta sifatida chiqa boshladi. 1888 yilga kelib gazeta 600 nusxadagina bosilib, uning asosiy qismi majburiy obunachilarga aylantirilgan mahalliy amaldorlarga jo‘natilgan.v 1910 yilda gazeta 1850 nusxada chop etilgan.vi “Turkiston viloyatining gazeti”ning muharriri N. Ostroumov gazetaning o‘quvchilari kamligini milliy tildagi dastlabki gazeta bo‘lganligi va mahalliy aholi uchun pulga gazeta sotib olib o‘qish yangilik ekanligi bilan izohlagan edi.vii Aslida esa Turkiston aholisi ziyolilari orasida Ismoil Gasprinskiy muharrirligida chiqqan “Tarjimon” gazetasi mashhurroq bo‘lgan o‘sha davrning o‘zidayoq “Turkiston viloyatining gazeti” xalq orasida katta obro‘ga ega emasligi sabablarini ochishga ma’lum ma’noda harakat qilingan. Turkiston general-gubernatorligi ma’muriyati Turkistonning uch viloyati harbiy gubernatorlariga bu haqda o‘z fikr-mulohazalarini yuborishni so‘ragan edi. O‘z navbatida ular tomonidan ushbu gazeta kam o‘qilishining bir necha sabablari ko‘rsatilgan. Eng asosiylaridan biri – gazetada rasmiy buyruq va farmoyishlarning bosilishi juda ko‘p joy olganligi, undan tashqari gazetaning rasmiy bo‘lmagan bo‘limida berilayotgan ma’lumotlar quruq hamda hayotdan uzilgan holda berilganligi, shuningdek, arabcha va forscha so‘zlar hamda atamalar haddan tashqari ko‘p ishlatilishi uni o‘qishda qiyinchilik tug‘dirishida, deb ko‘rsatilgan edi.viii Mazkur gazetaning moliyaviy ahvoli ancha og‘ir bo‘lib, ayniqsa 1912 yilning oxiri – 1913 yillarda mablag‘ yetishmasligidan gazetaning yopilish xavfi ham bor edi. Faqat Toshkentda mahalliy tilda xususiy gazetalar chiqarishga harakat qilinayotganligi, bu esa hukumatga qarshi kayfiyatlar tarqalishiga olib kelishini hisobga olgan Turkiston general-gubernatorligi “Turkiston viloyatining gazeti”ni moliyaviy tomondan qo‘llab turishga uringan edi. Hatto, 1913 yilning 5 yanvarida Turkiston general-gubernatori harbiy vazirga xat yozib, ushbu gazetani bosib chiqarishga mablag‘ so‘ragan,ix so‘ralgan mablag‘ning yarmini berish to‘g‘risida 1915 yilning noyabrida harbiy vazir buyruq bergan edi.x Lekin “Turkiston viloyatining gazeti” Rossiyaning boshqa joylarida, ya’ni Gelsingfros, Qozon, Qashg‘ar, Boqchasaroy, Moskva, Omsk, Peterburg shaharlarida ham oz bo‘lsada o‘quvchilariga ega edi.xi Ushbu gazeta sahifalarida, Turkistonda boshqa milliy gazeta yo‘qligi tufayli Ishoqxon Ibrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mirmuhsin Shermuhamedov va shu kabi taraqqiyparvarlar madaniy-ma’rifiy mavzudagi maqolalari bilan qatnashib, mahalliy aholining dunyoviy ilmlarga, fan va texnika, boshqa xalqlarning ilg‘or madaniy va adabiy merosiga qiziqishini kuchaytirganlar.
Turkiston matbuoti tarixida bu ikki gazeta uzoq muddat davomida uzluksiz chiqib turishining asosiy sababi – Turkiston general-gubernatorligining rasmiy matbuot nashri bo‘lgani va hukumat mablag‘i hisobiga chiqarilgani edi. Dastlabki matbuot nashrlari sifatida bu gazetalar Turkistonda davriy matbuotning shakllanishi va rivojlanishi uchun sharoit hozirlagan edi.
XIX asrning 90-yillariga kelib Turkistonda matbuot sohasida burilish yuz berdi. Bu davrda o‘lkada rus tilidagi dastlabki xususiy gazetalar paydo bo‘la boshladi. Dastlab Samarqandda, keyin Toshkentda 1890-1907 yillarda chop etilgan “Okraina” va 1898-1907 yillarda Toshkentda chop etilgan “Russkiy Turkestan” gazetalari shular jumlasidandir. Mazkur gazeta faoliyatida N. Likoshin, N. Xanikov va A. Divaevlar faol ishtirok etishgan. Bu gazetalar universal bo‘lib, uning sahifalarida o‘lkaning tarixi, geografiyasi, iqtisodiy hayoti va madaniy-ma’rifiy masalalari muntazam yoritib borilgan.xii 1904 yilda “Tashkentskiy listok” gazetasi chop etila boshlagan edi, unda telegrammalar, e’lonlar va mahalliy xronikalar ham berib borilgan. Ushbu gazeta 1906 yildan “Tashkentskiy kur’er”, 1908 yildan esa “Turkestanskiy kur’er” nomi ostida chiqqan.xiii
XX asr boshida Turkistondagi rus siyosiy matbuoti qatoridan sosial-demokratik nashrlar ham joy ola boshlagan edi. 1905-1907 yillarda Turkiston sosial-demokratlarining bol’sheviklar oqimiga mansub namoyandalari ba’zi gazetalarni, xususan “Russkiy Turkestan” gazetasini egallab, undan o‘z g‘oyalarini tarqatishda foydalangan edilar. Birinchi rus inqilobi mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng 1917 yil fevraligacha Turkistonda bitta soni chiqqan “Tashkentskiy rabochiy” gazetasidan tashqari bironta ham bol’shevistik yo‘nalishdagi gazeta nashr etilmagan.
XX asr boshlarida Toshkentda milliy taraqqiyparvar kuchlar bir qancha gazetalar chiqarishga muvaffaq bo‘lganligi o‘lka ijtimoiy hayotida muhim voqea bo‘lgan. 1905-1907 yillardagi inqilobdan vahimaga tushgan hukumat matbuot sohasida ham yon berishga majbur bo‘lgan. Gazetaning xalq ijtimoiy-siyosiy ongini oshirishdagi rolini tushungan jadid taraqqiyparvarlari milliy gazetalar chiqarishga muvaffaq bo‘lishgan. Bunday gazetalarning ko‘pchiligi avvalo Toshkent shahrida chop etilgan.
Milliy taraqqiyparvar kuchlar chiqargan gazetalar “Taraqqiy” (1906 y.), “Xurshid” (1906 y.), “Shuhrat” (1907 y.), “Osiyo” (1908 y.) hukumat tomonidan qattiq ta’qib ostiga olinib, gazetaning har bir sonlaridagi maqolalar tarjima qilinib kuzatib borilgan.xiv Hukumat gazetasi bo‘lgan “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida ushbu gazetalar qattiq tanqid ostiga olingan.xv Bu milliy gazetalar juda qisqa vaqt nashr qilingan va hukumatga qarshi yo‘nalishlari uchun to‘xtatib qo‘yilgan.xvi Jadid taraqqiyparvarlari tashkil etgan milliy gazetalarda millatni jaholatdan qutqarish va uning taraqqiy topishiga erishish masalalari diqqat markazida bo‘lgan. Ular milliy ongni o‘stirishga o‘z hissalarini qo‘shganlar.
Qattiq siquvga olingan milliy taraqqiyparvar kuchlar uzoq vaqt matbuotga ega bo‘lish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan edilar. Bu haqda milliy taraqqiyparvarlardan biri Rauf Muzaffarzoda shunday deb yozgan: “Bizda “Taraqqiy”dan so‘ng ko‘pgina gazetalar chiqib, oz fursatda yana yopilib qoldi. Agar o‘sha paytda chiqib, so‘ng yopilgan jaridalarni yig‘sak, juda katta jarida mozori hosil bo‘ladi”.xvii Lekin jadidlar muntazam ravishda bu yo‘lda harakat qilgan edilar. Natijada XX asrning 10-yillarida Turkistonning qator shaharlarida, jumladan Toshkent shahrida ham milliy matbuotni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lingan. 1914-1915 yillarda Ubaydulla Xo‘ja Asadullaxo‘jaev muharrirligida “Sadoi Turkiston” gazetasi chop etildi. Uning ustidan ham hukumat tomonidan qattiq nazorat o‘rnatilgan.xviii Gazetaning asosiy maqsadi Turkistonni ma’rifat, taraqqiyot yo‘liga boshlash edi.
Bu vazifani amalga oshirishda Munavvar Qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Tavallo, Saidnosir Mirjalilov, Hamza Hakimzoda, Xolid Said, Abdulhamid Sulaymon, Mo‘minjon Muhammadjonov, Abdulla Erg‘oziev, Nushiravon Yovushev, Siddiqiy, Lutfulla Olimiy, Mulla Said Ahmad Vasliy, Fuzayil Jonboev, Muhammadjon (mudarris), Badriddin A’lami, Hoji Muin, Sh. Rahimiy kabi millat fidoiylari muharrirga yaqindan yordam berdilar. Lekin gazeta iqtisodiy tomondan og‘ir ahvolga tushib qoldi. Kundalik nashr sifatida paydo bo‘lgan «Sadoi Turkiston» haftada bir marta chiqa boshladi va umuman yopilish xavfi paydo bo‘ldi. Shunda gazeta millatparvar boylarga murojaat qilib, birgina tatar xalqi 30 ta jarida nashr etayotgan vaqtda 10 million turkistonliklar uchtagina jaridani chiqarishni davom ettira olmasligi taraqqiyotdan orqada qolishning asosiy sabablaridan biri ekanligini ta’kidlab, “boylar pul bilan, muharrirlar qalam bilan, aholi o‘qishi bilan yordam etsalar,”deb xalqqa murojaat etganxix. Turkiston taraqqiyparvarlaridan Mahmudxo‘ja Behbudiy ham ushbu gazetani chiqarishni davom ettirish uchun millat jonkuyarlari moddiy va ma’naviy tomondan yordam berishlarini, chunki dunyoda 10 million aholiga ega bo‘lgan davlatlar minglab matbuot nashrlariga ega ekanligini ta’kidlab, milliy taraqqiyparvar kuchlarni mushtariy yig‘ishga yordam berishga chorlagan edixx. Ammo milliy taraqqiyparvarlarning sa’y-harakatlariga qaramay, 1915 yil 10 aprelda mablag‘ yetishmaganidan “Sadoi Turkiston” gazetasining 66-soni chiqarilib, to‘xtatib qo‘yildi. Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, keyinchalik Ubaydulla Xo‘jaev gazetani yana chiqarishga urungan, lekin hukumatdan rasmiy ruxsat ololmagan hamda 1917 yilning boshida Petrogradga davlat dumasining musulmonlar fraksiyasiga arz qilish niyatida bo‘lganxxi.
Shunday qilib, zamonaviy gazetalarga yaqin bo‘lgan bosma gazetalar XVII asrda Yevropa davlatlarida, XVIII asr boshlarida Rossiyada vujudga kelgan bo‘lsa, Turkistonda esa XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan. Turkistondagi birinchi gazeta hukumat rasmiy matbuot organi bo‘lgan “Turkestanskie vedomosti” gazetasi edi. Bu gazetadan keyin paydo bo‘lgan o‘zbek tilidagi dastlabki gazeta “Turkiston viloyatining gazeti” bo‘lib, bu ikki gazeta hukumatning g‘oyalarini tarqatishga xizmat qilib, o‘z sahifalarida ijtimoiy-siyosiy hayotga oid muammolarni, milliy ozodlik harakatlari bilan bog‘liq masalalarni yoritishdan chekinar, ba’zi siyosiy voqealarni yoritganda esa davlat manfaatidan kelib chiqar edi. Shunga qaramay, ushbu gazetalar sahifalarida o‘lka iqtisodiy-ijtimoiy hayotining turli jabhalaridagi masalalar yoritib borilgan edi. Xususiy gazetalarning paydo bo‘lishi esa Turkiston ijtimoiy-madaniy hayotidagi muhim voqea bo‘ldi. Bu gazetlar o‘z sahifalarida madaniy va ma’rifiy masalalar bilan bir qatorda ijtimoiy-siyosiy muammolarni ko‘tarib chiqishga ham urungan. XX asr boshida vujudga kelgan jadidlar matbuoti esa xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini oshrishga harakat qilgan. Ularning aksariyati qattiq ta’qib ostiga olinib, hukumatga qarshi g‘oyalarni tarqatgani uchun yopib tashlangan edi. Shuningdek, milliy matbuot organlari mablag‘ yetishmasligi va mushtariylar ozligidan ham ma’lum qiyinchiliklarga duch kelgan. Milliy ziyolilar matbuotning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rnini yaxshi anglagan holda, xalqni moddiy va ma’naviy jihatdan rivojlantirishda milliy matbuotning o‘rnini alohida ta’kidlaganlar. Jadid gazetalaridan biri “Ona tilisiz va milliy matbuotsiz dunyoda hech bir millat taraqqiy va madaniyat yo‘liga qadam qo‘ymaydi”xxii deb xalqni gazeta o‘qishga da’vat etgan.
S. Shodmonova
Положение периодической печати Ташкента в конце XIX – начале ХХ века
В статье освещаются вопросы становления периодической печати в Ташкенте как культурном центре. Большое внимание уделяется частным газетам, направленность которых была антиправительственной, особенно газетам, которые издавались национальными прогрессистами, чьей главной идеей было пробуждение национального самосознания. Использована обширная источниковедческая база, а также материалы периодической печати.
S. Shodmonova
The Status of Periodical Press in Tashkent at the End of the 19th – Beginning of the 20th Centuries
In this article are considered the issues related to the appearance of periodical press in Tashkent as cultural center of Turkestan. In the appearance of newspapers were interested the Government which started to publish the newspapers for propagation of its ideas. As a practical matter on pages of newspapers started to appear the articles, which today presented big interest to the researchers. In an article are paid attention to the publication of private newspapers directions of which were anti-government. The author especially emphasized the appearance of newspapers, which were published by national progressist’s, whose main idea was the awakening of national identity. The source base of an article is sufficient wide and in particular, there were used dates of Central State Archive of the Republic of Uzbekistan and materials of periodical press.
Havolalar:
i Jahonda qo‘lyozma holatida chiqarilgan gazetalar tarixi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Maqolada esa bosma qilib chiqarilgan gazetalar nazarda tutilmoqda
ii Yash Turkistan. 1932. №28. 29-bet
iii O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 17-ro‘yxat, 534-ish, 5-varaq
iv Ostroumov N.P. Sarti. Tashkent, 1890. S. 127
v O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 28-ro‘yxat, 60-ish, 82-varaq
vi Dobrosmislov A.I. Tashkent v proshlom i nastoyashem. Istoricheskiy ocherk. Tashkent, 1912. S.291
vii O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 28-ro‘yxat, 35-ish, 39-45 – varaqlar
viii O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 17-ro‘yxat, 734-ish, 71-71- varaq orqasi
ix O‘zR MDA .1-jamg‘arma, 17-ro‘yxat, 734-ish, 117- varaq
x O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 17-ro‘yxat, 734-ish ,128-128- varaq orqasi, 145-varaq
xi Ostroumov N.P. Sarti… 133-bet
xii Okraina. 1893. № 129
xiii Dobrosmislov A.I.Tashkent v proshlom i nastoyashem. Istoricheskiy ocherk. S. 293
xiv O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 28-ro‘yxat, 779-ish, 10-20 – varaqlar
xv Turkiston viloyatining gazeti. 1906. 25, 29, 30, 33, 35-37, 44, 51-sonlar
xvi O‘zR MDA. 461-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 942-ish 7-varaq; 1-jamg‘arma, 4-ro‘yxat, 1216-ish, 6-varaq; 2-2-varaq. orqasi; 461-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 57-ish, 602-605-varaq; 1-jamg‘arma, 4-ro‘yxat, 1216-ish, 7-8-varaq orqasi
xvii Rauf Muzaffarzoda. Bizda ziyolilar va milliy matbuot // Sadoi Turkiston. 1914. № 44
xviii O‘zR MDA. 461-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1311-ish, 251-varaq. O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 31-ro‘yxat, 957-ish, 1-1-varaq orqasi, 5-6- varaq
xix Sadoi Turkiston. 1914. 51-son
xx Behbudiy M. Sadoi Turkiston, Sadoi Farg‘ona yohud Turonning egizak ta’vom farzandlari // Oyna 1914. 25-son
xxi O‘zR MDA. 461-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1919-ish, 76-varaq
xxii Rauf Muzaffarzoda. Bizda ziyolilar va milliy matbuot // Sadoi Turkiston. 1914. 44-son
Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009
https://shosh.uz/uz/xix-asrning-ikkinchi-yarmi-xx-asr-boshlarida-toshkent-matbuoti/