Post Views:
2 308
Toshkent shahri o‘zining tarixiy taraqqiyot jarayonida uzoq va mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tdi. Shahar bir qancha bosqinchilik tajovuzlari, inqirozlar va yuksalish davrlarini boshidan kechirdi hamda o‘zining siyosiy, madaniy va savdo markazi kabi xususiyatlarini aslo yo‘qotmadi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, Rossiya imperiyasining Turkistonga bosqinchilik yurishlari boshlandi. 1865 yil iyun oyida qattiq qarshilikdan so‘ng shahar aholisi taslim bo‘ldi. Endi Toshkent 1917 yilgacha Turkiston generalgubernatorligining ma’muriy markazi vazifasini bajarib keldi. Mazkur davr oralig‘ida shahar o‘ziga xos rivojlanish yo‘lini tutdi. Toshkentning 1865-1917 yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tarixini yoritishda yozma manbalarning o‘rni beqiyos bo‘lib, ushbu manbalarni turkumlarga ajratgan holda tasnif etish maqsadga muvofiqdir.
XIX asr ikkinchi yarmida mahalliy tarixchilar tomonidan qator asarlar vujudga keldi. Ular orasidan Muhammad Solihning “Tarixi jadidai Toshkand”, Avaz Muhammad Attor Ho‘qondiyning “Tarixi jahonnomayi”, Mirzo Olim Maxdum xojining “Tarixi Turkiston” kabi asarlarini alohida qayd etish lozim[1]. Mazkur asarlarda muarrixlar asosan Toshkent shahrining chor qo‘shinlari tomonidan istilo etilishi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarni yoritishga harakat qilganlar. Jumladan, tarixchi Muhammad Solih Toshkent mudofaasida shaxsan o‘zi ishtirok etgan va mazkur voqyealarning jonli guvohi sifatida asosan shahar himoyasi, shaharning podsho qo‘shinlari tomonidan egallanishi kabi voqyeiyliklarni ob’yektiv ravishda hikoya qiladi. “Tarixi Turkiston” asarida muallif kitobning birinchi qismida Toshkent bilan bog‘liq siyosiy jarayonlarga to‘xtaladi. Mirzo Olim xonliklar orasidagi ichki nizo va qarama-qarshiliklar natijasida shahar dushman tomonidan osongina egallandi deb hisoblaydi: “… bir-birlari ilan urush talosh qilishib, viloyatni barbot berdilar, ya’ni rusiyalar himoyasiz qolgan Toshkand shahrini bir necha kun qamab, oxiri 1865 yilda 15 iyunda subh vaqtida Kamolon darvozasidin fath qildilar”[2]. Shuningdek, muxarrix shaharning XX asr boshidagi qiyofasi, bo‘lib o‘tgan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berib o‘tgan. Ta’kidlanayotgan manbalar Toshkentning to‘liq manzarasini aks ettirmaydi. Shunga qaramay ushbu asarlar ilmiy qimmatga ega ekanligini qayd etish lozim.
Poytaxtimizning XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy tarixini keng tahlil etishda boshqa manbalar qatorida statistik hisobotlar (materiallar) muhim o‘rin tutadi. Jumladan, 1866 yilda tuzilgan Turkiston statistik qo‘mitasi o‘z faoliyati davomida to‘plagan statistik ma’lumotlar asosida 1872-1879 yillarda 5 ta kitob nashr etdi. 1887 yildan boshlab, tugatilgan qo‘mita o‘rniga Sirdaryo viloyati statistik qo‘mitasi faoliyat ko‘rsata boshladi. Bu qo‘mita yil davomida “Sirdaryo viloyat statistikasi uchun materiallar to‘plami” nomida 14 ta to‘plam nashr etdi. Ular Toshkent va Toshkent viloyati tarixini o‘rganish bo‘yicha muhim manbalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Mazkur hisobotlar shaharning aholi soni haqida aniq ma’lumotlar berishi bilan ham qimmatlidir. Jumladan, 1913 yilga kelib faqatgina Toshkentning yangi shahar qismida yashayotgan aholi soni 82 851 nafar kishiga yetgan[3]. Ular orasida tub millat vakillaridan ruslar, qozoqlar, tojiklar hatto mo‘g‘ul, buryat, dungan va xitoyliklar ham paydo bo‘lgan. Bu vaqtda shaharning eski qismida 100 mingdan ortiq aholi yashagan.
XIX asr oxirida Toshkent shahri Turkiston o‘lkasining iqtisodiy markaziga aylandi va dastlabki yevropa tipidagi sanoat korxonalari tashkil topdi. Shahar sanoati va uning ahvoli statistik to‘plamlarda keng aks ettirildi. Dastlabki to‘plamda 1885-1887 yillar ma’lumotlari o‘rin olgan. Masalan, 1885 yilda 130 ishchi ishlaydigan 5 ta paxta tozalash zavodida 311 928 ta rublga teng mahsulot ishlab chiqarilgan edi[4]. Yoki 1893 yil ma’lumotlari bo‘yicha 8 ta zavodda hammasi bo‘lib 1.663.400 rublga teng 263.400 pud paxta tozalangan[5].
Shaharda paxta tozalash zavodlaridan tashqari cho‘yan, ipak zavodi, tamaki va papiros ishlab chiqaruvchi fabrikalar ham faoliyat ko‘rsatgan. Sanoatning mazkur tarmoqlariga oid ma’lumotlar statistik to‘plamlarda jadvallar orqali fakt va raqamlarda berib borilgan. 1888 yil hisobotiga ko‘ra shaharda tamaki ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinni Pervushin fabrikasi egallagan. Eng ko‘p papirosni Bubnov fabrikasi (1500000 dona) ishlab chiqargan[6]. Tadqiq etilayotgan manbalarning guvohlik berishicha, shaharda fabrika-zavod sanoati bilan bir qatorda turli ustaxonalar: etikdo‘zlik, chilangarlik, duradgorlik, bo‘yoqchilik, g‘isht teruvchilar, izvoshchi va boshqalar faoliyat ko‘rsatgan. 1886 yilda ustaxonalarning umumiy mahsuloti 186 086 rubl, ishchilar soni 677 tani tashkil etgan[7].
Toshkent shahrining tadqiq etilayotgan davrdagi xalq maorifi ahvoli bo‘yicha ham statistik hisobotlar muhim ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan. Garchi, mazkur ma’lumotlar fakt va raqamlardan iborat bo‘lsa ham, o‘sha davrdagi shahar maorifini umumiy manzarasini yoritishga xizmat qiladi. 1886 yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra shaharda xalq ta’limining yo‘lga qo‘yilishi va rivojlanishiga Duma o‘z hissasini qo‘shib kelgan. Duma uning faoliyatini nazorat qilish bilan birga maorif xarajatlariga mablag‘ ham ajratgan. Manbalarning guvohlik berishicha, 1886 yili Duma o‘z byudjetidan xalq ta’limiga 10410 rubl sarflagan[8].
XX asr boshida xalq maorifi tarmoqlari yanada ko‘paydi. Shaharda erkaklar gimnaziyasi, ayollar bilim yurtlari, xususiy maktablar va rus-tuzem maktablari faoliyat ko‘rsata boshladi. Chunonchi, 1911 yil ma’lumotlariga asosan shaharda jami 48 ta turli xil o‘quv yurtlari mavjud bo‘lganligini bilish mumkin7. Biroq, shuni ta’kidlash lozimki tahlil etilgan ushbu manbalarda asosan Toshkent shahrining yangi qismi hayoti keng yoritilgan bo‘lib, eski shahar to‘g‘risida ba’zi hollarda materiallar berib borilgan xolos. Shunga qaramay mazkur statistik hisobotlar Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy tarixini o‘rganishda muhim manbalardan biri bo‘lib qolaveradi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, Toshkent shahri Turkiston generalgubernatorligining markazi sifatida siyosiy hayotda ham muhim rol o‘ynadi. Bu haqdagi ma’lumotlar asosan arxiv fondlaridan o‘rin olgan. “Turkiston generalgubernatorligi kanselyariyasi” jamg‘armasi (1-fond), “Turkiston diplomatik amaldori” jamg‘armasi (2-fond) va boshqa jamg‘armalardagi xujjatlar shundan guvohlik beradiki, XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida poytaxtimiz xalqaro savdo va diplomatik aloqalar markazi sifatida o‘rin tutgan. Shaharda Buxoro va Xiva xonliklari elchixonalari faoliyat ko‘rsatgan. Xonliklar, yuqori doira vakillari ham tez-tez Toshkentga safarlar uyushtirib turishgan. Arxiv manbalariga ko‘ra 1907 yil avgust oyida Buxoro amirining o‘g‘li To‘rajon (Sayid Olimxon) Toshkentga keladi va general-gubernatorlik vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi[9]. Yana bir hujjatda 1883 yil 20 avgustda Rossiyadan Toshkentga knyaz Vitgenshteyn kelganligi va bu yerda Buxoro amiri valiahdi Abdulahadxon bilan uchrashganligi hamda unga oltin qilich sovg‘a qilganligi haqida ma’lumotlar berilgan[10]. Shuningdek, afg‘on amirlari ham Toshkent bilan doimiy aloqada bo‘lgan. Jumladan, 1869 yili o‘z yurtida muvaffaqiyat qozonmagan Abdurahmon Toshkentga kelib, 1880 yilgacha muhojirlikda yashaydi va keyinchalik Afg‘oniston amiri bo‘lgan[11]. 1878 yilning oxirida Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Shermuhammadxon muzokaralar olib borish uchun Toshkentga kelganligi haqidagi ma’lumotlar ham arxiv hujjatlarida o‘z aksini topgan[12].
Umuman olganda, Toshkentning XIX asr oxiri – XX asr boshlarida siyosiy maydonda muhim o‘rin tutganligini arxiv manbalari to‘la isbotlaydi. YUqorida tahlil etilgan manbalardan tashqari poytaxt tarixini o‘rganishda vaqtli matbuotning o‘rni beqiyosdir. Toshkentda “Turkestanskiye vedomosti” gazetasi va unga ilova tarzida o‘zbek tilida “Turkiston viloyati” gazetasi nashr etilgan. Mazkur gazetalar sahifalarida hukumat va ma’muriyat farmoyishlari, sanoat va dehqonchilikka, shuningdek tarix, geografiyaga taalluqli materiallar joy olgan.
Xulosa qilib aytganda, Toshkentning XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy tarixini yoritishda yozma manbalar muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan mazkur manbalarni qiyosiy-tanqidiy tahlil etish maqsadga muvofiqdir.
D. O‘raqov, A. Yermetov
Анализ источников по истории социально-экономической и политической жизни Ташкента второй половины XIX – начала ХХ в.
Данная статья посвящается изучению истории города Ташкента на основе анализа основных источников. В ней рассматривается политическая, социально-экономическая жизнь города Ташкента второй половины XIX века – начала XX века.
D.Urakov, A.Yermetov
The analyses of sources on social-economic and political life of Tashkent in the second half of the 19th and the beginning of the 20th centuries
This article is devoted to study the history of the city of Tashkent on the base of analysis of main sources. By this analysis the author tried to reveal political, social-economic life of the city of Tashkent in the second half of 19 th century and beginning of 20 th century.
[1] Muhammad Solih. Tarixi jadidai Toshkand, O‘zR FA SHI, 11072-qo‘lyozma; Avaz Muhammad Attor Ho‘qondiy. Tarixi jahonnomayi // Sharq yulduzi. 1991. 8-son; Mirzo Olim Maxdum xoji. Tarixi Turkiston. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008
[2] Mirzo Olim Maxdum xoji. Tarixi Turkiston. 157-bet
[3] Обзор Сырдарьинской области за 1913 г. Ташкент, 1916. С. 19
[4] Обзор Сырдарьинской области за 1887 г. Ташкент, 1889. С. 218
[5] Обзор Сырдарьинской области за 1893 г. Ташкент, 1897. С. 57
[6] Обзор Сырдарьинской области за 1888 г. Ташкент, 1890. С. 91
[7] Обзор Сырдарьинской области за 1886 г. Ташкент, 1887. С. 350
[8] Ўша жойда, 312-бет 7 Обзор Сырдарьинской области за 1911 г. Ташкент, 1913. С. 173
[9] O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 3-ro‘yxat, 846-ish, 3-varaq
[10] O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 2463-ish, 4-varaq
[11] O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 3-ro‘yxat, 389-ish, 331-varaq
[12] O‘zR MDA. 1-jamg‘arma, 3-ro‘yxat, 389-ish, 363-varaq
Manba:
Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009
https://shosh.uz/uz/xix-asr-ikkinchi-yarmi-xx-asr-boshlarida-toshkentning-ijtimoiy-iqtisodiy-va-siyosiy-hayotini-yorituvchi-manbalar-tahlili/