Xiva xonligida ruslar. (1-qism)

Vakolatiga Xiva xonini nazorat qilish topshirilgan Amudaryo bo’limi boshlig’i qilib tayinlangan harbiylarning aksariyati polkovanik unvoniga ega bo’lgan: Ivanov, Glushanovskiy, A.Samsonov, Dryagin, Likoshin, Kolosovskiy. Ushbu polkovniklar o’zlarini, hatto, Xiva xonidan ham ustun, mutloq hokim sanar, u bilan mensimay muomilada bo’lishardi. Ayniqsa, 1913-1916 yillarda Amudaryo bo’limi boshlig’i bo’lgan polkovnik Kolosovskiy imperiya markazidagi boshboshdoqlik, 1-jahon urushi sarsongarchiligidan foydalanib, boyish iskanjasiga tushdi. U hatto, Xiva xonidan ham pora olardi.

“May ichgan kishining og’zidan qulog’igacha kesilsin!”

Kapitan Muravyovni bu janob bag’oyat ajablantirib qo’ydi. Negaki, u boshqa hukmdorlardan farqli o’laroq, tabobat hamda munajjimlik bilan mashg’ul bo’lar, shuningdek, shaxmat o’yinida doimo qo’li baland kelardi. Arab va fors tillarini bilgan taqvodor hukmdorni shu bois xalq “oxun xon” deb, saroy muarrixlari an’anaga binoan Muhammad Rahimxoni Avval, Muravyov singari elchi va rasmiy doiralar esa Xiva xoni Muhammad Rahimxon Birinchi deb atardi…

U taxtga o’tirgan 1806 yilda ichkilik ichishni ta’qiqlab, ichgan va bang chekkan kishi, kim bo’lishidan qa’tiy nazar, og’zidan qulog’igacha kesilishi haqida farmon chiqarib, ijrosini shaxsan o’zi nazorat qilardi. Xon may ichish, ko’knori chekish naslni buzayotganini anglab, bu baloi ofatning oldini olishga intildi.

Ochiq chehrali, ko’zlari kichik, sarg’ish soqolli xon juda kam uxlar, qaerga borsa, tabarruk qadamjolarni ziyorat qilib, keyin asosiy maqsadga ko’chardi. Muhammad Rahimxon o’ziga murojaat qilgan kishining mansabiyu, amaliga, qaysi suloladaligiga, oliynasab ekanligiga emas, ishiga qarab baho berardi. U xonlik tarixida birinchi bor o’zi boshchiligidagi ikki kishidan iborat oliy kengashga asos soldi.

Kengash har juma kuni xon saroyining ko’rinish xonasiga chaqirilib, unda o’tgan hafta davomida xonlik hududida ro’y bergan voqea-hodisalar muhokama qilinib, tashqi va ichki siyosat borasida kengashib olinardi. Kengashdan so’ng “oxun xon” xorazmning tafakkurli olimu fuzalolari, shoiru donishmandlari bilan shariat va ilmu adab bo’yicha suhbatlar o’tkazar edi.

Muhammad Rahimxonning tarix oldida qilgan unutilmas ishlaridan biri 1816 yilda dunyodagi eng ajib taxt yasaganidir. Ushbu taxt yog’ochdan ishlangan bo’lib, sitri yupqa kumush bilan qoplangan va unga islomiy naqshlar ila jilo berilgan edi. Keyinchalik 1873 yildagi Rusiya bosqini davrida taxt Xivadan olib ketilib, Moskvadagi qurol-aslaha palatasiga qo’yilgach, taxtni ilmiy jihatdan tadqiq qilgan rus olimi V.Stasov unga shunday baho bergandi. “Taxtning hamma joyi O’rta Osiyodagi gul va o’simliklarni o’zida namoyon etuvchi juda chiroyli naqshlar bilan bezatilgan. Bu taxt Xiva ustalarining mahorat cho’qqisi, ya’ni metallga gul solish san’atining betakror mahsulidir. Taxtning orqa suyanchig’i tepasiga naqsh ishlangan bo’lib, unga arab alifbosida nasta’liq xatida yozuv bitilgan. Taxtdagi uchburchak naqshning ramziy ma’nosi dunyoning abadiyligi, uch bargi esa ezgu g’oya, ezgu fikr, ezgu ishni bildiradi. Qolaversa, jamiyatning asosi bo’lgan uch tabaqa-olimlar, dehqonlar va navkarlarni anglatgan….”

Kavkazdagi rus armiyasi generali A.Ermolov topshirig’iga ko’ra, mayor Ponomaryov va kapitan Muravyovlar “oxun xon” davrida xorazmda bo’lishgan edi. O’sha safardan so’ng Muravyov “1819-20 yillarda Turkmaniston va Xivaga sayyohat” nomli kitob yozib, 1822 yilda asarni Moskvada nashr qildiradi. Asarda u shunday yozgan edi.

“ 1819 yilning 20 noyabrida bizni Xiva xoni Muhammad Rahimxon qabul qildi. Ertasiga rasmiy qabul marosimi o’tkazildi. Ellik yoshlardagi xon tashqi qiyofasidan odamni o’ziga jalb etadigan, ochiq chehrali, ko’zlari kichik, uzun bo’yli, kuchli, sog’lom kishi edi. U o’ta aqlli, lekin qattiqo’l, shubhalanuvchan, savodli edi. Ona tilidan tashqari, arab va fors tillarida bemalol yozar, gapira olardi. Xon munajjimlik va tabobat ilmidan yaxshi xabardor bo’lib, u o’z saroyida munajjimlarni saqlar, ular bo’lajak voqealarni bexato aytib bera olardi. Tabobat boshqa fanlarga nisbatan ancha rivojlangan, lekin kasallarni davolashda g’ayritabiiy xususiyatlardan ko’p foydalanilardi. Masalan, issiqlikni muz bilan, sovuqlikni issiqlik bilan, zaiflikni qizdirish yo’li bilan davolashardi. Tabiblik nasldan naslga o’tib, shifobaxsh o’simliklarni maxfiy saqlashardi. Chunki ularning ko’plab dardlarga davo bo’lishini yaxshi bilardilar. Ular ayniqsa, shifobaxsh giyohlar bilan turli yaralarni davolashga ustasi farang. Shu bilan bir qatorda xivaliklar Osiyoning boshqa davlatlari, Ovro’pa shifokorlarining ilm va tajribalariga ishonishadi. Kasalliklarni davolashda hali ham sehrgarlikka umid bog’lashadi. Chunki tabobat bu erda o’rta asrlar darajasida saqlanib qolgan. Barcha Osiyo xalqlari kabi ular ham Luqmoni hakimdek ulug’ tabib o’tganini bilishadi, uning tajribalariga amal qilishadi. Sharq tabiblari odam tanasi to’rtta suyuqlikdan tashkil topgan, hayot va sog’lomlik shu suyuqliklarning munosabatiga bog’liq, deb tushunadilar.Qon olishga, ayniqsa, boshdan qon olishga katta ahamiyat beriladi. Xivalik o’zbeklar juda sog’lom, kuchli mehmondo’st. Ularning yaxshi ko’rgan taomi-palov. Bug’doy noni va mastavani xush ko’radilar. Tuya va ot go’shtini iste’mol qilishmaydi. Shakar va boshqa shirinliklarni juda yoqtirishadi. Xiva xonining o’zi ham tabiblik qilar, aholi sog’lig’ini nazorat qilish, bemorlarni davolash uchun saroyda ko’plab tabiblarni saqlardi”.

Kapitan Muravyovni hayratlantirgan xorazmliklar va ularning barvasta hukmdori Muhammad Rahimxonning eli sog’lig’ini o’ylaganicha bor edi. Zero, sog’lom kishilardan tarkib topgan xalqgina qudratli bo’lishini u bilardi. Shu boismi, uning qo’shini Buxoro va Eron navkarlari bilan bo’lgan janglarda hamisha g’alaba qozongan.

Xon hazratlarining aynan ichkilik va bang chekish sog’liq kushandasi ekanligini, naslni buzishini anglab, ta’qiqlaganiyam aynan shundan. Sog’lom bo’lgan barvasta xonni hatto, eng kuchli ot ham ko’p vaqt ko’tarib yura olmagan.

Xiva xonlari tarixida ana shunday mashhur xon 20 yil davomida xalqqa hukmdorlik qilib, 1825 yili vafot etdi.

Pyotr Birinchining port shahri

Sharqda, ayniqsa xonlik davrida shaharlar nomi ma’lum bir urug’ nomi bilan atalar, yoki qachonlardan beri nomlanib kelinayotgan toponim ham afsona va rivoyatlar bilan bog’liq bo’lib, ko’pincha shaxs nomi bilan yuritilmasdi. Ammo Xiva xonligidagi bir shahar-Amudaryo bo’yidagi evropacha hudud nomi esa 1873 yilda Rossiyaning ikkita imperatori nomiga qo’yilgandi. Xo’sh, nega?

Pyotr Birinchining 1717 yildagi armoni boshqa bir imperator Aleksandr 2 davrida-1873 yili ushaldi. Xiva xonligi Chor Rossiyasining mustamlakasiga aylandi. 12 avgustdagi Gandimiyon shartnomasiga ko’ra, Amudaryoning o’ng qirg’og’idagi erlar Rossiya ixtiyoriga o’tdi…

Shahzoda Leyxtenbergning taklifiga ko’ra, imperatorlar Pyotr va Aleksand sharafiga Amudaryo Matniyoz devonbegiga qarashli 3227 tanob er maydonidagi yangi shahar barpo etishga kirishildi. Petro-Aleksandrovsk deb nomlangan shahar qozig’ini Turkiston general gubernatori Fon Kaufman qoqdi. Tabiiyki, bu shahar Amudaryo bo’ylaridagi ilk Ovro’pa port shahri edi. Xorazmning o’sha vaqtdagi ziyolilari bu erni “Pyotrning port shahri” deb atay boshlagach, bu atama mahalliy orasida ommalasha boshladi.

Shu tarzda ular er osti omborlari, qurol-aslaha xonalari, shifoxona, maktab, bosmaxona, pochta-telegraf, zobitlar uyi, pivo va yog’ zavodini qurib bitkazdilar. Ayniqsa, mahalliy xalq “Alleyka” deb ataydigan madaniyat va istirohat bog’i shaharga Evropa tusini berar, ikki qavatli Rusiya konsulxonasi hashamdorligi bilan port shaharga ko’rk bag’ishlab turardi.

Bora-bora shaharga ruslar, kazaklar ko’chib keltirila boshlangach, port shahar ikkiga-evropaliklar yashaydigan yangi shahar va mahalliy aholi istiqomat qiladigan ko’hna qa’ladan iborat bo’lib qoldi.

1874 yil boshida Petro-Aleksandrovskda 498 ural kazaklari yashagan bo’lsa, yil oxirida yana 2070 kazak ko’chirib keltirildi. Tabiiyki, daryo bo’yida joylashgan ushbu shaharga yuklar endi kemalar orqali tashiladigan bo’ldi. Garchi 1873 yil Xiva yurishlarida qatnashish uchun “perovskiy” hamda “Samarqand” nomli ikki kema (268 kishi 3 barja bilan) daryo orqali kelgan bo’lsa-da, uni xorazmlik qahramonlar 8 ta joyda 12 metr qalinlikdagi yog’och to’siqlar bilan yurgizmay qo’ygandi. Shu tufayli kemalar urushda qatnasha olmadi.

1874 yilda esa port shahar-Petro-Aleksandrovskka polkovnik Stoletov boshqargan “Petrovskiy” teploxodi Yangi suv, Devqara ko’li orqali daryo bilan etib keldi. Ko’p o’tmay, Orol dengizi va Amudaryodagi kemalar maxsus yuk tashuvchi flotiliyaga birlashdi. Dastlabki yillarda “Pyotr 1”, “ Tsaritsa”, “Vera”, “Samarqand”, “Merkuriy” nomli sanoqli kemalar bo’lgan bo’lsa, 20 asr boshlarida quyi Amudaryo etaklarida suzuvchi kema va qayiqlar soni 1500 taga etdi. Shuningdek, “Pyotrning port shahri”da kema va qayiqlarni ta’mirlaydigan matroslar ustaxonasi va kazaklardan iborat burloqlar posyolkasi ham barpo bo’ladi.

Garchi Pyotr 1ning orzusi imperator Aleksandr 2 bosqinchiligi sababli amalga oshgan, har ikkkalalari sharafiga Amudaryo bo’yida port shahri vujudga kelgan bo’lsada, mustamlakachilik uchun qadim Jayhunning o’zi o’ch oldi. Odatiy sokin oqib kelgan Amudaryo (Jayhun) aynan ana shu port-shahar qurilgan yildan boshlab tez-tez tosha boshladi. Ya’ni 1881, 1890, 1892, 1904, 1907, 1909 yillarda daryo toshqini sababli Pyotrning port shahriga katta zarar etdi. Oradan ko’p o’tmay, har ikkala bosqinchi imperator nomi moziy qa’ridan joy olib, port-shahar azaliy odatga ko’ra To’rtko’l, deb atala boshlandi.

Knyazga er sotgan hokimlar

“Er kishi er sotmaydi, er sotgan er bo’lmaydi”. Oybek domla qalamiga mansub “Qutlug’ qon” romanida Mirzakarimboy Yo’lchiga shunday deya nasihat qilgan edi. Buni qarangki, ko’hna tarixda ilojsizlikdan nafaqat faqirlar, balki badavlat hokimu xonlar ham er sotishga majbur bo’lgan ekan…

Bag’oyat xushmanzara joy hukmdor didiga mos kelib, unda shu erda saroy yoki dala hovli solish istagi tug’ildi, deylik. Qa’la devori barpo etilayotganda devor tiklanayotgan erda biror eski imorat uchrasa nima bo’lgan? Masjid yoki minora qurish uchun loyiq, deb topilgan maskan kimgadir tegishli bo’lib, a’lo hazratlari faqat shu joyga Allohning uyini hamda azon aytish uchun minora tiklashni lozim ko’rsa-chi?

Bunday paytda xon mulk egasi bilan kelishgan holda erni sotib olgan holatlar tarixda ko’p marotaba sodir bo’lgan. Ammo er egasi xonning puli ko’p deb, og’ziga kelgan narxni aytib, savdolashmasdi. U hukmdordan qo’rqqanidan emas, erdan qancha hosil olayotganidan kelib chiqib, bahoni aytgan. Tabiiyki, lafzga ishongan hukmdor aytilgan pulni berib, o’sha erda o’z istagiga ko’ra, minora, masjid, saroy, qa’la barpo etavergan.

1873 yildan Xiva xonligi Rossiyaning mustamlakasiga aylangani bois, hatto, xonlar ham chor amaldorlari oldida itoatkor bo’lib qolgan edi. Xonlikda etishtirilgan xom-ashyo to’g’ri Rossiyaga tashib ketilardi. Amudaryo bo’limi boshlig’ining 1907 yilgi axborotida qayd etilishicha, 1906-1907 xo’jalik yilida Xiva xonligidan 106 ming pud mol terisi, 17 ming pud jun va 130 ming pud beda urug’i Rossiyaga olib ketilgan.

Mustamlakachilar shu bilan qanoatlanib qolmay, xonlik hududidagi turli erlarni ham sotib olishga kirishadi. Xususan, 1913 yilning aprrelida Yangi Urganch pochta-telegraf idorasi boshlig’i P.Podobed to’liq mulk egasi bo’lish huquqi bilan Yangi Urganch bekligidan 45 tanob er maydonini sotib oldi. Shuningdek, injener-texnolog Rudinskiy 1913 yilning oktyabrida o’z nomiga mulk qilib o’tkazish uchun Ko’hna Urganch bilan Oqtepa oralig’idagi Gandimkalla ovulidan 10-15 desyatina (bir gektarga yaqin er o’lchovi) er maydonini xarid qiladi.

Er sotib olib boyish va bu erlarda paxta etishtirib sotishni ko’zlagan, nafsi hakalak otganlardan yana biri knyaz K.Andronikov edi. U Ko’hna Urganch hokimi Nurmuhammaddevon, Qo’ng’irot hokimi Qutlug’murodboy, Urganch hokimi Ollaberganbek, Ilonli hokimi Bobodevon bilan muzokaralar olib borib, ko’plab er maydonlarini sotib oldi. Tabiiyki, hokimlar va hatto, Isfandiyorxon ham Chor Rossiyasi mustamlakasi bo’lgani bois, knyaz va boshqa dvoryanlarning talabini bajarishga majbur edi. Shu sababli, hokimlar va Isfandiyorxon vatani, qolaversa, xonlik foydasiga biroz “shumlik” ishlatdi. Ya’ni, ular xonlikdagi har bir ekin ekiladigan er o’z egasiga tegishliligi, bu erlarni sotsa, xalq g’alayon boshlashini aytdi. Xalq isyon boshlagudek bo’lsa, mustamlakachilik barham topishi mumkinligidan qo’rqqan, ammo er sotib olib boyish orzusidan qaytmagan knyazu dvoryanlar Isfandyorxonning talabiga rozi bo’lishdi. Xon knyazga faqat o’zlashtirilmagan erlarnigina sotib olish mumkinligini aytgandi. Boshqa chora yo’qligidan, hokimlar ko’rsatib bergan joylardagi erlarni knyaz va dvoryanlar sotib ola boshladi.

Shu taxlit 1913 yilning 17 iyunida knyaz Andronikov Xo’jayli shahridan quyiroqda merosxo’rlariga mulk qilib qoldirish huquqi bilan 25 ming tanob er maydonini egalladi. Shuningdek, knyaz o’z yoniga sheriklar topib, o’sha yili dekabrda harbiy muhandis A.Putilov, polkovnik Ermolaev va Rus-Osiyo bankining Yangi Urganchdagi bo’limi boshqaruvchisi I.Fryulinglar bilan Lavzan kanali bo’yidan 20 ming desyatina er maydonini meros qoldirish huquqi bilan 650 ming so’mga sotib oldilar.

Er olishda knyaz Andronikovning nafsi shu darajada hakalak otgan ediki, Turkiston general-gubernatorining 1914 yil 13 martdagi axborotida qayd qilinishicha, u Lavzan bo’yidan yana 20 ming desyatina va Ko’hna Urganch bekligidan 300 ming tanob er maydonini, Xiva temir yo’l qurilishini loyihalashtiruvchi korxonalarning Ko’hna Urganch bilan Oqtepa oralig’idagi erlardan 500 ming tanob er maydonini hokim Nurmuhammadevon orqali xondan sotib olganligi qayd qilindi.

Knyaz shu erlar bilangina qanoatlanib qolmay, yil oxiriga borib, yana er sotib olgan. Amudaryo bo’limi boshlig’ining Sirdaryo viloyat harbiy gubernatoiga 1914 yil 12 dekabrda yozgan xatida knyaz Andronikovning xondan hokim orqali yana 23 ming desyatina er sotib olgani yozilgan.

Knyaz Andronikovning erga to’ymasligini ko’rgan yana bir knyaz P.Golitsin ham 1914 yilda 40 ming tanob erni 99 yil muddatga ijaraga sotib oldi. Shuningdek, Petros Baxtamyants va Arsen Alvonyants kabi Rossiya fuqarolari bo’lgan dvoryanlar ham Qipchoq bekligining Ilonqir degan joyidan 1 ming 54 tanob er maydonini ijaraga oldilar.

Tabiiyki, knyaz Andronikov va boshqalarning sotib olgan erlari o’zlashtirilmagan bo’lib, unga birinchi navbatda suv olib borish zarur edi. Shu niyatda knyaz muhandis Grjegeogrjevskiy va Mastitskiylarga Xo’jayli, Ko’hna Urganch va Oqtepa hududlaridan sotib olgan erlariga suv chiqarish yo’llarini izlashni topshiradi. Negaki, er sotgan hokimlar va Isfandiyorxon ishlatgan shumlikka ko’ra, knyaz va boshqalarga suv chiqishi qiyin bo’lgan erlar sotilgan edi. Shu tufayli knyaz yana chiqim qilib, erlarga neft yordamida ishlaydigan suv nasoslari o’rnatishga majbur bo’ldi.

Garchi knyaz Andronikov va boshqalar sotib olgan erlariga 1915 yildan ishlov berishga harakat qilsa-da, Junaidxon boshliq isyonkorlarning shu yil oxirida mustamlakachilarga qarshi ko’targan g’alayoni bois, nafsi hakalak otib olgan erlarini tashlab, jon qayg’usida tipirchilab, Rossiyaga qochishga majbur bo’ldilar. Boyish orzusida hokimlardan er sotib olgan knyazlarning ko’ziga sarflagan pullarim, qurdirgan nasoslari emas, jonlari qadrli bo’lib ko’ringan edi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x