XISLAT

XISLAT (taxallusi; asl ismsharifi Haybatullaxoʻja Orifxoʻja oʻgʻli) (1880.10.5 Toshkent 1945.8.6) shoir va tarjimon. Oʻzbek mumtoz adabiyotining soʻnggi namoyandalaridan biri. 16—17 yoshlarida Toshkent sh.

Kesaqqoʻrgʻon mahallasidagi madrasaga oʻqishga kirib, arab va fors tillarini mukammal oʻzlashtirgan; uzbek, ozarbayjon, turk, fors va arab adabiyotlarini puxta oʻrgangan. 1908—09 y. larda Navoiy ijodini mutolaa qilib, «Farhod va Shirin» hamda «Layli va Majnun» dostonlarining soddalashtirilgan nasriy nusxalarini tayyorlagan va oʻz hisobidan nashr etgan. 1910—14 y. larda madrasadoshi Sidqiy Xondayliqiy bilan hamkorlikda «Armugʻoni Xislat», «Hidoyai Xislat», «Savgʻoti Xislat», «Tuhfai Xislat» kabi bayozlarini nashr ettirgan. Bu bayozlarda shoirning 100 dan ziyod lirik sheʼrlari eʼlon qilingan. Xislatning lirik sheʼrlarida Bobur, Mashrab va, ayniqsa, Navoiy ijodining taʼsiri kuchli. Bu taʼsir uning «Naylaram bogʻu chaman sayrini jonon boʻlmasa», «Qandoq qilay», «Ey nigorim», «Iqlimi devona qilgan bir pari savdosidur», «Oʻldim asiring, ey yor», «Ey xublar sarosi», «Orazingmu yo guli raʼnomidur», «Ey parivash» singari gʻazallarining badiiy qurilmasida ham, gʻoyaviy yoʻnalishida ham yaqqol koʻrinadi. Xislatning dunyoviy gʻoyalar bilan yoʻgʻrilgan bir qancha gʻazallari Mulla Toʻychi Toshmuhamedov va Hamroqul qori kabi mashhur hofizlar tomonidan ijro etib kelingan.

X. 1917-y. dan keyin ham badiiy ijod bilan shugʻullanib, zamonaviy mavzularda gʻazal va muxammaslar yaratgan. Ammo Sovet davlatining jadid shoirlarga nisbatan sovuq munosabati tufayli u yoshlikda egallagan hunari — duradgorlikni davom ettirib, 1940-y. ga qadar imoratsozlik ishlari bilan koʻproq mashgʻul boʻlgan.

Xislatning adabiy merosida tarjima asarlar katta oʻrin egallaydi. U Nizomiyning «Layli va Majnun» dostoni, Firdavsiyning «Shohnoma» dostoni asosida nasrlashtirilgan «Barzuyi sher», «Pahlavoni Ahmad», Ubayd Zokoniyning «Mushuk va sichqon» asarlarini fors tilidan tarjima qilgan, arab va fors mumtoz adabiyotlaridagi bolalarbop rivoyatlar va masallarni sheʼriy tarjima qilib, «Non va halvo» degan majmua tuzgan. Toshkent sh. dagi koʻchalardan biri X. nomi bilan ataladi.

As: Gʻazallar, T., 1971.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x