Xesh

– Ha-a, bu dunyoda oʻzgani emas, oʻzni yengmoq qiyin…

Xayrulla ustozi boʻlmish Togʻay polvondan bu gapni koʻp bora eshitgan esa-da, haligacha maʼnosini anglab yetolmagan. Boz ustiga, ustozi kimnidir nazarda tutib yoxud shunchaki nasihatomuz tarzda emas, har dafʼa guvaladek mushtini iyagiga tirab, ovulga kungay qirga oʻrlagan ensiz yoʻlga goh mungli, goh xayolchan termulgan koʻyi, xuddi baxshilardek ohangga solib aytadi bu gapni. Bunday paytlarda ustozi qalbini alam va oʻkinchga oʻxshash nimadir avaysiz kemirayotganini sezgan yigitcha, biror jumboqning tagiga yetadigandek, yoʻlga koʻz tikadi. Biroq ustozi hurmati harchand shuni istasa-da, uning kabi gʻamga botmaydi, aksincha, bir-biriga ulanib ketgan qirlar oraligʻidagi choqqina ovulda umrguzaronlik qiluvchi va onasi aytmishli, qizdan boyib, oʻgʻildan siqilgan yolgʻiz togʻasi – Mamatqul choʻpon oilasini koʻz oldiga keltirib, sogʻinchdan beixtiyor entikib qoʻyadi.

Agar bu yogʻini surishtiradigan boʻlsak, ustozi ham asli oʻsha yoqdan, yaʼni togʻoldi ovullarning biridan. Bu tomonga bir necha yil narisida, endigina uylangan kezlari koʻchib kelgan. U vaqtda yetti-sakkiz yashar bolakay boʻlgan yigitcha yaqinda oʻn beshdan hatlab, taqdir taqozosiga koʻra, oʻzlariga devor-darmiyon qoʻshni ermish Togʻay polvonning umidli va suyukli shogirdiga aylangan – ustozi qavatida kurashli davralarda teng-toʻshi bilan bellashib, dam gʻoliblik nashʼasini surib, dam magʻlublik azobini tortib keladi. Bu atrofda eng oldi polvonlardan biri sifatida ustozining obroʻyi juda baland, faqat baʼzan biror-bir yaqinini kutayotgan boladek, yoʻlga gʻamnok termulib qolishi yomon. Emasam, xeshlari qora tortib kelishganidek, u ham vaqti-vaqti bilan ularni yoʻqlab turadi. Ammo shunga qaramay, negadir bu odatini tark etmaydi. Yigitcha uning bu qiligʻidan goh ajablanib, goh noxushlansa-da, sababini soʻrashga istihola qiladi, soʻragan taqdirida ham ustozi tushmagur osonlikcha tish yoradigan odamlardan emas, aqling yetmagan ishga burun tiqma, degan yoʻsinda shunday bir qarash qiladiki, aytar gaping boʻgʻzingda qolib ketadi. Bunga sari yigitchaning qiziqishi battar ortadi. Biroq bir kun kelib oʻzi ham aynan shu ahvolga tushishini, yaʼni ustozi kabi dam-badam yoʻlga termulib qolishiga toʻgʻri kelishini xayolining koʻchasiga-da keltirmaydi.

Mana, ikkinchi oydirki yigitcha qirga tirmashgan yoʻlga alam bilan boqadi: “Bas, oʻlsam-da, ha-ha, oʻlib qolsam-da, bu yoʻlga qadam bosmayman!”, deydi ichida. Aslida uning xafaligi yoʻldan emas, ushbu yoʻl toʻgʻri olib boradigan togʻasining oilasidan. Bungacha, tabitan oʻta jigarchiligi bois, onasining baʼzan jiddiy moneliklariga qaramay, yaylovdan beri kelmaydigan kamsuqum, yigitcha nazarida, yakkaqoʻl togʻasining roʻzgʻoridagi ayrim kam-koʻstlarni toʻgʻrilamoq, yanada aniqrogʻi, erkak kishi bajarishi lozim boʻlgan ogʻirroq yumushlarni ado etmoq uchun oyda, yoʻq deganda, bir-ikki qir oshardi. Bolaligida togʻasinikiga tez-tez ergashtirib boradigan onasining eʼtiroziga kelsak, derdiki: “Endi kap-katta yigit boʻp qolding, togʻangnikiga hadeb boraversang, odamlar, otining tezagini quritmaydigan orsiz qoʻnoq ekan, deb uyat qilishadi!” Yigitchaning esa odamlar nima deb oʻylashlari bilan zarracha ishi yoʻq, imkon topildi deguncha togʻasining ogʻirini yengil qilmoqqa oshiqadi. Ammo buni qarangki, bu tashriflarini, yot-begonalar bir chetda qolib, qoʻli shirin, tili bejoroq, nodon feʼlli oʻz qarindoshi – Misqal yangasi butunlay boʻlakcha tushunarkan.

Oʻsha kuni yigitcha koʻklam jalasi yemirgan ogʻilxona devorining quyi qismini somonsuvoq qilayotib, tushdan soʻng jindek orom olish oʻyida tom soyasidagi ogʻoch oxurga yelka tiragan yerida koʻzi ilinganini sezmay qolgan ekan, shifti qoraygan yozgi oshxona tarafdan eshitilgan taraq-turuqdan choʻchib uygʻonib ketadi. Ana shunda sopol laganni sindirgan qizlaridan birini epsizlikda ayblab koyinayotgan Misqal yangasining, orada andak nafas rostlab, toʻngʻich qiziga zardali tarzda aytgan gapi qulogʻiga chalinadi: “Kechda qozonga etni moʻlroq solishni unutma! Ming qilsayam, yetim yetim-da, ish bahona, shirin tomoq yeyish ilinjida keladi u!” Kutilmagan bu gapdan yigitcha misli tarashaday qotib, uzalgan oyoqlarini yigʻolmay qoladi. Chunki har kelganida oldiga totli yemaklar qoʻyib, ol, katta-katta ol, deya doim qistab turadigan yangasining bu xatti-harakatida qon-qarindoshlikning oʻziga xos mehr-oqibatini koʻrganday boʻlardi-da. Endi, ayonki, bu mehr emas, shunchaki sagʻirga shafqat ekan! Axir, u birovning shafqatiga muhtoj sabiy emas, davra koʻrgan, erta bir kun elga tanilishi tayin boʻlgan polvon yigit-ku! Nahotki, Misqal yangasi buni bilmasa?! Qarindoshchilikni qandaydir taom bilan oʻlchasa?! Shu kuni ketmon loyxandakda, andova chelakda qolib, yigitcha imi-jimida jilib qolgan, aziz narsasidan mosuvo boʻlganday, abgor bir ahvolda uyiga qaytgan. Yaxshiyamki, omadi chopib, bolaligidan ustoz tarbiyasini koʻrib kelayotgan emasmi, bu haqda birovga churq etmagan, buni oʻziga ep koʻrmagan. Bor alamini hovli girdagi qoʻlbola turnik poyiga qator terib qoʻyilgan turli vazndagi toshlardan olgan – birini qoʻyib, birini koʻtarib, jahd va jahl bilan rosa mashq qilgan, shu bilan hovurini bosgan.

Biroq dardini yashirgani bilan, avvalgidek qirga intilmay qoʻyganini onasi qolib, Togʻay polvon sezgan ekan, tarovatli yoz oqshomlardan birida uni hovlisidagi baland supaga chorlab, gap orasida toʻsatdan soʻrab qoldi:

– Bu-u… keyingi paytda qir oshmay qoʻyding?

Yigitcha odob bilan hozirgina uy bekasi dasturxon chetiga qoʻyib ketgan choynakni qoʻliga olib, choyni qaytarar ekan, yuragiga boplab tigʻ sanchgan Misqal yangasining gapi tugul, turqini-da eslagisi kelmay, shunchaki oʻzim, degan boʻldi. Lekin Togʻay polvon tishga qarab, ichdagini oʻqiydigan odam emasmi, norozilanib tomoq qirdi. Yigitcha uning oʻtkir qarashini vujudi orqali his etib, nimasini gapiray, degan yoʻsinda koʻz osti qarash qildi. Ustozi nigohini oʻqdek qadab, ichingda borini toʻk, degan maʼnoda bot tomoq qirgach, yigitchaning oʻpkasi toʻlib, ovozi titrab, lagandagi mevalar ustida gʻimirlab yurgan chumoliga boqqan koʻyi, ne gapligini oshiqmay bayon etdi. Soʻngra ustozining qahrlanib, agar shunday degan boʻlsa, yangang gʻirt ahmoq xotin ekan, bundan keyin izzatingni bilibgina yur, halakining itiday togʻangnikiga yugurishni bas qil, deyishini kutdi. Bu gapdan pishang olishini tuyib, oʻzini gʻiybatga chogʻladi. Lekin u kutgan qutquli xitobdan darak boʻlavermagach, ajabsinib, asta qansharini koʻtardi va ustozining shom pardasi ostida xira tortgan qir yagʻrinidagi yoʻlga xayolchan tikilib turganini koʻrdi.

– Demak, yangangdan qattiq xafasan? – dedi Togʻay polvon bir damdan soʻng u tomon yuz burib.

Yigitcha tasdiq maʼnosida bosh irgʻadi.

Ustozi unga sinovchan tikilib, dedi:

– Endi borging yoʻq, shundaymi?

Yigitcha alam bilan, ha, dedi-da, keyin jahl bilan qoʻshib qoʻydi:

– Oʻlib qolsam-da, bormayman, ortiq nominiyam tutmayman!

– Ha-a, tering ancha yupqa ekan… – ustozi oʻng tizzasini siypalay turib, bir zum sukutga choʻmdi. Keyin oʻziga oʻzi gapirgan ohangda dedi: – Nimayam derdim, raqibning eng zoʻriga yoʻliqibsan…

Xayrulla, yangamni nazarda tutayapti, degan oʻyda unga hayratomuz koʻz tashlab, ayol boshi bilan u kishi qanaqasiga menga raqib boʻlishi mumkin, demoqchi boʻldi. Ulgurmadi. Togʻay polvon gapni boshqa yoqqa burib, yanagi haftada qoʻshni ovulda kurashli toʻy borligini aytarkan, oʻsha kuni u bilan bellashishi tayin boʻlgan yigitchalardan birining nomini tutib, bu dafʼa eplaysanmi, deya soʻradi. Xayrulla u tilga olgan yigitchani oʻtgan kuni soy boʻyidagi chimzorda ilk bora oyogʻini osmondan keltirib yerga urgan emasmi, gʻurur va ishonch bilan, ha, deya bosh irgʻadi. Bu gapdan soʻng ustozi qoʻlidagi boʻsh piyolani u tomon yumalatib, oʻychanlik bilan dedi:

– Agar chinakamiga jahd qilsang, bunday raqiblarni magʻlub etmoqning hech bir mushkul joyi yoʻq. Biroq bu tiriklik dunyosida shunday bir battol raqib borki, ana uni uddalash juda qiyin. Bunday raqibga har kimning ham chogʻi yetavermaydi…

Togʻay polvon sal uzalib, naridagi qirmizi baxmal bolishni biqiniga tortarkan, uddalash juda mushkul boʻlgan oʻsha kuchli raqibni noxushlanib eslaganday, asabiy bir tarzda iyak changallab, tagʻin xayolga toldi. Shunda ustozining holat va harakatlarini zimdan kuzatib turgan yigitchaning koʻz oʻngida qorachadan kelgan, mushaklari haddan ziyod boʻrtgan, oʻta haybatli bir kimsa namoyon boʻldi. U devsifat bu kimsani xayolan ustoziga baqamti qoʻyib koʻrarkan, hov birda uning kimgadir, biz ham arazlab kep qolganlardanmiz, degan gapi favqulodda esiga tushib, oʻzicha shu xulosaga keldi: “Ustoz oʻzi tomondagi qandaydir bir zoʻrga bas kelolmaganidan, nomusga chidayolmay, bu tarafga koʻchib kelgan ekan-da! Ha-a… dam-badam qir yoʻliga qarab qoʻyishiga qaraganda, oʻsha zoʻrga nisbatan haliyam alami kuchliga oʻxshaydi…” Yigitcha tasavvurida jonlangan polvonni chindanam bor gumon qilib, hamdardlik bilan dedi:

– Nima, siz uni yenga olmaganmisiz, ustoz?

– Kimni?

– Haligi… hozir oʻzingiz aytgan zoʻr raqibni?

– Yenganman…

– Kim edi u?.. – hayajondan yigitcha qaltirab ketdi.

Ana shunda qoshida yonboshlab yotgan ustozining qalin lablari orasidan yigitcha aslo kutmagan quyidagi jumla sirgʻalib chiqdi.

– Oʻzim…

– Ni-i-ma?!

Togʻay polvon yangasidan jiddiy arazda boʻlgan va ayni damda hayratdan baqa yangligʻ qotib qolgan yigitchaga zimdan razm solarkan, shu payt qulogʻi ostida akasining, senday inim yoʻq, men uchun oʻlgan, oʻlib boʻlgan u, degan hayqirigʻi baralla jaranglaganday boʻldi. U ogʻir xoʻrsinib, alam bilan quyi labini mahkam tishladi: agar oʻshanda toʻydagi kurashda oʻzini bir qoʻldayoq magʻlub etgan qoʻshni tumanlik Sarvar polvonni atay koʻkka koʻtarib, oʻzini tuproqqa qorishtirgan shirakayf akasining kurakda turmaydigan gap va qiliqlariga bardosh bermoqqa oʻzida kuch topa olganida edi, yaʼni ichidagi boʻy bermas raqibni yenga bilganida edi, ogʻa-ini oʻrtasida qattiq janjal qoʻpmagan, oʻzi esa gʻazab otiga minib, bu tomonga koʻchib kelmagan boʻlardi. Toʻgʻri, keyinchalik akasini kechirib, undan koʻp bora uzr soʻragan. Afsuski, avvaliga ukasining mushtidan totinib, soʻngra goʻng toʻldirilgan qopdayin ayvonga uloqtirilgan aka uni kechirmadi va haligacha shu hol, shu ahvol – rang-tusi gezarib, oʻzini yetti yot begonadek tutadi. Oʻtgan vaqt davomida oʻz qilmishidan ming bora aziyat chekib, ich-etini yeb kelayotgan Togʻay polvon endilikda mudom bir narsani – adovatni yaqin xesh tutgan nodon akasining, Xudo insof berib, aziz qoʻnoq sifatida qir yoʻlida paydo boʻlishini ilhaq kutadi. Darvoqe, oqshom yigitchaning dardu arazidan ogoh boʻlmaganida, Togʻay polvon mazkur voqea xususida ikki dunyoda ham ogʻiz ochmagan, soʻzi yakunida esa har qanday vaziyatda oʻzini tuta bilgan odamgina, tom maʼnoda, haqiqiy polvon sanalishini alohida taʼkidlab, kechirimli boʻl, demagan boʻlardi.

Ertasi yakshanba kuni tongdan yigitcha togʻasinikiga otlandi.

Onasi, yoʻl boʻlsin deya, odatdagi gapini boshladi:

– Otining tezagi qurimasdan…

– Otimning tezagi allaqachonoq qurib boʻlgan, enajon! – dedi yigitcha uning gapini boʻlib. – Tezroq borib otimning tezagini yangilab kelmasam, bu yogʻi juda uyat boʻlib ketdi!..

Yigitcha togʻasinining hovlisiga qadam qoʻyishi bilan, har doimgidek, boshi bilan ishga shoʻngʻidi – loy qorib, ogʻilxona devorining chala qolgan qismini suvashga tushdi.

Tushga borib ishini tugatdi.

U egnini almashtirib, qayragʻoch ostidagi supaga tuzalgan dasturxon chetiga bamaylixotir choʻkarkan, qozon boshida kuymalanayotgan yangasi tomon yuzlanib, begʻaraz, oʻktam va shoʻxchan ovozda dedi:

– Yanga, ho-ov yanga, ovqatni etliroq qip suzing! Bilasiz, biz yetimlar, ish bahona, shirin tomoq ilinjida kelamiz!..

Misqal yangasi kutilmagan bu shaʼmadan lavlagiday qizarib ketdi. Azbaroyi uyalganidan qoʻlidagi taom toʻla laganni yonidagi qiziga tutqazib, oʻzi dasturxon boshiga kelmadi, kelolmadi. Chunki supada oʻzi bilgan yetimcha emas, mayda-chuyda gap-soʻzlarni nazar-pisand qilmaydigan, jigarchil xeshi, Togʻay polvon taʼbiri bilan aytganda, dunyodagi eng battol raqib – oʻzini yenga olgan yigitcha, ovul kayvonilaridek chordana qurib, ogʻzini toʻldirib, non chaynab oʻtirar edi-da.

 

Normurod NORQOBILOV

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/xesh/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x