Qutlugʻ boʻlsin toʻylari,
Yarashibdi boʻylari.
Maʼyus tortgan bu qizning
Koʻpdir orzu-oʻylari.
Koʻzga yoshlar tizmasin,
Yoridan koʻz uzmasin,
Yana koʻnglin buzmasin
Yor-yorlarning kuylari.
Turli ipak, iplarga,
Sandiq-sandiq seplarga,
Faqat yaxshi gaplarga
Toʻlsin yangi uylari.
Koʻzi moʻltirab turgan,
Tunda yaltirab turgan,
Semirsin kuyov bergan
Qora qoʻchqor, qoʻylari.
Baxtga toʻlaversinlar,
Xursand boʻlaversinlar,
Endi kulaversinlar,
Ochilsin chiroylari.
Otangiz koʻkrak kerib,
Maqtansin tomoq yirib.
Qizini boyga berib
Oshdi-ku obroʻylari.
Yaxshi qiz, yaxshi boring,
Bizni esdan chiqaring.
Uzr, agar sheʼrimning
Botsa u-bu joylari.
Endi yurmang koʻchamda,
Endi turmang koʻchamda.
Koʻnglim buzmasin yana
Atringizning boʻylari.
Orif Tolib
2011
https://saviya.uz/ijod/nazm/xayrlashuv/