Xayriddin Saloh (1934–1969)

Xayriddin Saloh 1934 yili Toshkent shahrida tugʻildi. Oʻrta maktabda oʻqib yurgan kezlaridayoq sheʼriyatga qiziqib, Gʻayratiy rahbarligidagi adabiyot toʻgaragiga faol qatnasha boshladi.

Toshkent davlat pedagogika institutining kechki boʻlimida tahsil olgach, 1957 yildan turli gazeta va jurnallar (jumladan, “Gulxan” va “Gʻuncha”)da adabiy xodim boʻlib ishladi.

Xayriddin Salohning ilk sheʼri 1950 yili matbuotda eʼlon qilinadi. 1957 yili esa ustoz Mirtemirning “oq yoʻl”i bilan “Niyat buloqlari”, “Koʻli Qubbon” va “Olma” sheʼrlari gazetada bosilib chiqadi. Soʻngra “Chashma” nomli ilk sheʼrlar toʻplami nashr etiladi.

Shundan soʻng shoir “Ikkinchi imtihon” (1961), “Ishqim va rashkim” (1965), “Tugʻyon” (1969) kabi sheʼriy toʻplamlarini nashr ettirdi. Vafotidan soʻng esa “Izlar va hislar” (1974), “Lirika” (1985) kabi sheʼr va dostonlardan iborat kitoblari bosildi.

Romantik tasavvur va lirik kayfiyatlar kuychisi boʻlgan shoir “Naʼmatak”, Sulton Joʻra hayotiga bagʻishlangan “Yangroq hayot” singari dostonlar ham yaratdiki, ular 60-yillar oʻzbek sheʼriyatining yutuqlaridan hisoblanadi.

U tarjimon sifatida Bayron, Pushkin, Lermontovning qator lirik sheʼrlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Ayniqsa, Henrix Heynening lirik sheʼrlaridan qilgan tarjimalari kitobxonlar tomonidan samimiy kutib olindi.

Shoir isteʼdodi avji kamolga yetgan bir vaqtda ‒ 1969 yili 35 yoshida fojiali halok boʻldi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/xayriddin-saloh-1934-1969/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x