Xavotirli tashxis – Yelbo‘g‘oz (Пузырный занос)

«Yoshim 21 da. Birinchi homiladorlik bola tushishi bilan yakunlandi. So‘ng qonimda infeksiya borligini aniqlashdi. Shifokorlar tavsiyasi bilan «sitolomegolovirus»ga qarshi davolandim va homilador bo‘ldim. Ammo bu gal «Пузырный занос» tashxisi bilan homilam olib tashlandi. Bu kasallik nimadan kelib chiqadi, qanday davolanish kerak? Shular haqida ma’lumot bersangiz…»

“Пузырный занос” – tibbiyotda yelbo‘g‘oz, deb ataladi. Bu kamdan-kam uchraydigan xastalik turi bo‘lib, urug‘lanish jarayonida yuzaga keladi va yo‘ldosh to‘qimalarining patologiyasi rivojlanishi bilan davom etadi. O‘rtacha ko‘rsatkichlarga qaraganda, bunday patologiya mingta homiladorlikdan bittasiga to‘g‘ri kelar ekan.

Trofoblastik xastaliklar guruhiga kiruvchi yelbo‘g‘oz embrion implantatsiyasi va yo‘ldosh rivojlanishiga javobgar sanaladigan embrional to‘qimalar qatlamidagi o‘zgarish natijasida paydo bo‘ladi. U xavfli bo‘lmagan kichik o‘simta va ichida suyuqlik to‘plagan uzum donalariga o‘xshash pufakchalarni eslatadi. Agar ushbu pufakchalar u qadar ko‘p bo‘lmasa, qisman yelbo‘g‘oz tashxisi qo‘yiladi. Ammo xastalikning mazkur turi ham aksariyat hollarda homiladorlikning ikkinchi uch oyligida rivojlanadi. Bunday kasallik bilan og‘rigan ayollarda bolaning tirik tug‘ilishi ehtimoli bor, ammo, ko‘pincha, homila nobud bo‘ladi.

To‘liq yelbo‘g‘oz esa embrion rivojlanishining erta davrida, yo‘ldoshda qon aylanishi yuzaga kelguniga qadar nobud bo‘ladi. Kasallikning og‘ir shaklida esa bu pufakchalar bachadonning mushak qatlamiga o‘tib ketishi bilan kechadi. Qon aylanish tizimiga tushgan pufakchalar butun organizmga tarqalib ketishi xavfi ham mavjud.

Yelbo‘g‘ozning kelib chiqishiga sabab…

Bu xususda aniq va batafsil ma’lumotlar yo‘q. Lekin taxminlarga ko‘ra, kasallik sog‘lom yoki bo‘sh tuxum hujayraning biryo‘la ikkita urug‘ hujayra yoki ikki to‘plamli xromosomaga ega bo‘lgan urug‘ hujayra bilan urug‘lanishi oqibatida yuzaga keladi. Embrion 46 (23 ta otalik va 23 ta onalik) ta xromosoma o‘rniga 3 barobar ko‘p xromosomaga ega bo‘ladi (23 onalik, 46 ta otalik). Shuningdek, qonda XG miqdori ko‘tarilib ketadi.

Xastalik alomatlari va tashxis

  • 90 foiz holatda jinsiy a’zolardan qonli ajralmalar keladi. Ba’zan bu pufakchalarni qonda ham ko‘rish mumkin;
  • Toksikoz og‘ir kechadi. Qattiq ko‘ngil aynishi, shishlar va 20-30 foiz holatda qusish kuzatiladi;
  • XGCH (xorion gonadotropin) miqdori ko‘tariladi;
  • Bachadon hajmi me’yoridan kattalashib ketadi;

Ultratovush tekshiruvida homila tamoman yoki qisman yo‘qligini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga homilaning yurak urishi ham eshitilmaydi. Bundan tashqari, 20-40 foiz holatda tuxumdondagi 8 sm va undan katta hajmdagi teka-lyutiyen o‘simta (kista)larini ko‘rish mumkin.

Shu bilan birga bosh og‘rig‘i, charchoq, qon bosimining ko‘tarilishi va siydikda oqsil ko‘payishi ham uchrab turadi.

Davolash

Kasallik homiladorlikning 12-haftasiga qadar aniqlansa, homila olib tashlanib, bachadon tozalanadi. Vakuum aspiratsiya – maxsus uskuna yordamida bachadondan tortib olinib, tozalanadi.

Gisterektomiya (bachadonni olib tashlash) – hormiladorlik muddatidan qat’iy nazar, bachadon hajmining kattalashib ketishida (24 haftalik homiladorlik hajmida) qo‘llaniladi. Qolaversa, pufakchalar qin va o‘pkaga o‘tib ketganida ham shunday amaliyot qo‘llanadi.

Yelbo‘g‘ozga chalingan ayollar 3 yil va undan ortiq davomida shifokor nazoratida bo‘lishi kerak:

  • 1-2 oy davomida (3 marta salbiy natija chiqquniga qadar) har hafta qondagi XG miqdori tekshiriladi.
  • Ultratovush tekshiruvi, yelbo‘g‘oz olib tashlangach, 2 haftadan so‘ng o‘tkaziladi. Keyin esa bemor har 2 oyda tekshiriladi (XG miqdori salbiy chiqquniga qadar).
  • O‘pka rentgeni. Qondagi XG miqdori normal holatga kelguniga qadar har oyda o‘tkaziladi.

Zamonaviy tibbiyotdagi ilg‘or uslublar, o‘z vaqtida aniq tashxis qo‘yilishi va zarur muolajalarni olish tufayli ayol bola tug‘ish imkoniyatini saqlab qolishi mumkin. Ammo, bunday kasallikni boshidan kechirgan ayol 3 yil davomida homilador bo‘lishga shoshilmasligi lozim. Olib borilgan uzoq muddatli tekshiruv natijalari ijobiy chiqqachgina homiladorlikni rejalashtirish maqsadga muvofiqdir.

Ekspert: Zulfizar KARIMOVA, akusher-ginekolog
Jurnalist: Madina ZARIF
Manba: “Sug‘diyona” gazetasi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x