Xarashket


Post Views:
43

XARASHKET – Toshkent vohasidagi qadimiy shahar. Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumani, «Qanqa» qishloq xo‘jaligi birlashmasi hududida joylashgan. 10-asr arab geograflari (Istahriy, Ibn Havqal, Maqdisiy) tomonidan Choch shaharlari qatorida tavsiflangan. Masalan, Ibn Havqalning ma’lumotiga ko‘ra Xarashket – kattaligi jihatidan Chochda uning poytaxtidan keyin ikkinchi shahar bo‘lgan. Xarashket So‘g‘ddan Chochga boradigan Buyuk ipak yo‘lida, Banokatdan bir farsax shimoli-sharqda joylashgan. 1934 yil M.Ye.Masson Xarashketni Qanqa shahar xarobasi o‘rnida joylashganligini aniqlagan. Qadimda u Choch poytaxti bo‘lgan, o‘rta asrlarda poytaxt Binkatga ko‘chgach (9-asr), somoniylar, so‘ngra (11–12-asrlar) qoraxoniylar davlati tarkibida. Xarashket Chochning yirik savdo-hunarmandchilik markazi bo‘lgan. Madaniyat vazirligi 1969 yildan (Q.Abdullayev, F.Hasanov, D.Alimova), 1974 yildan O‘zbekiston FA Arxeologiya instituti (Yu.F.Buryakov) tomonidan olib borilgan arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra Xarashket arki (maydoni 6,5 gektar)da mudofaa devori, burjlar va xandaq bilan muhofazalangan qasr (maydoni 100×100 m) – hokim qarorgohi bo‘lgan. Shahriston (160 gektar) ham burjli mudofaa devori bilan o‘ralgan. Rabod (60 gektar) qisman saqlangan. Xarashketda shahar darvozalaridan bozor maydoni va arkka eltuvchi ko‘chalar izi saqlangan. Shahriston va raboddan kulolchilik, temirchilik, zargarlik ustaxonalari, karvonsaroy tipidagi bino, turar joy mahallalari va mudofaa devorlari qoldiqlari chiqqan. 12-asrdan shahar tanazzulga yuz tutgan, bunga Ohangaron daryosi o‘z o‘zanini o‘zgartirib shimolga, Chirchiqning qadimiy o‘zani tomon oqqanligi sabab bo‘lgan.

Xarashketdan milodning dastlabki asrlarida Chochda zarb qilingan tangalar, musiqa asbobi chalayotgan ayol tasviri tushirilgan piramon (friz; milodiy 1-ming yillik o‘rtalari), qizil bo‘yoqli (7–8-asrlar), rang-barang sirli (10–12-asrlar) sopol idishlar ko‘plab topilgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/xarashket/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x