Xalqqa yaqin va xalqning oʻz shoiri

(Azim Suyunning 70 yillik toʻyiga)

 

Sarlavhaga qarab xalqqa yaqinmas, xalqning oʻz shoirimas, yaʼni xalqqa begona shoir yoki xalqning begona shoiri ham boʻladimi, dersiz. Yoʻq, albatta. Lekin, koʻnglingizda tugʻilgan savol oʻrinli. Yo xalqning shoiri boʻladi yoki boʻlmaydi. Qisqacha desak yo shoir boʻladi yoki boʻlmaydi. Ustoz Maʼruf Jalil aytganidek:

 

Sheʼr yozish-ku uncha qiyin ish emas,

ammo mushkul ekan shoir boʻlmoqlik.

 

Gap, ustoz aytgan nozik oraliqda.

Biz, “xalqqa yaqin va xalqning oʻz shoiri” deganda, sheʼrdagi ifoda yoʻsinini, xalqning soʻzlashuv ohangiga yaqinligini nazarda tutdik. Bu yaqinlikka ulugʻ shoirlarimizning koʻp asarlari misol boʻla oladi, M. Shayxzoda, Zulfiya, Gʻ. Gʻulom, A. Muxtor, O. Hojiyeva, E. Vohid, A. Orif, H. Sharipov, U. Azim va h. k. Lekin, boshqa yaqinroq, yaʼni deyarli xalqning soʻzlashuv ohangida yozadiganlar koʻp emas, H. Olimjon, Mirtemir, H. Xudoyberdiyeva, Maʼruf Jalil, T. Sulaymon, Ch. Ergash, Azim Suyun. Biz darajotlarni bir-biriga zidlamoqchi emasmiz, bu sifat yuqoridagi buyuk shoirlarimizda ham bor. Masalan, E. Vohidovning Matmusa haqidagi va “Fargʻona yoʻlida”gi hazil sheʼrlarida. Shu bilan birga ularda yaxshi maʼnodagi, yuksak kitobiylik ham bor. Biz uslubiy farqni aytmoqchimiz, xolos. Hali juda yosh paytimizda oʻzimizcha hazillashib U. Azimni Mejalaytesga, S. Hakimni E. Vohidovga, A. Suyunni Mirtemirga oʻxshatardik. Va bu oʻxshatishlarimizda koʻp ham adashmagan ekanmiz. Bu, albatta, koʻproq A. Suyunga tegishli. Lekin, bu ular aynan oʻxshash degani emas. Adabiyotga kamina bilan birga-birga kirib kelgan 70–yillar avlodi va biz bilan oldinma keyin kirib kelgan isteʼdodlarning har biri yirik shoirlar boʻlib yetishdi. Hech, shubhasiz, ikki shoir hech qachon mutlaqo bir-biriga oʻxshamaydi. Umuman, XX asrning ikkinchi yarmi oʻzbek sheʼriyati odob-axloq, nafisligi, kurashchanligi, ayniqsa, goʻzalligi jihatidan dunyodagi eng yuksak sheʼriyatlardan biri. XXI asr sheʼriyatimiz esa, har jihatdan jahonda tengsizdir. E. Vohid, A. Orif, R. Parfi, O. Matjon ijodi bunga misol. Eʼtirozi boʻlganlarga albatta, ulugʻ olimlarimiz chogʻishtirma usullari bilan javob beradilar. Buni adashmasam xorij olimlari identifikatsiya deyishadi.

Mana shu tengsizlar ichida Azim Suyunning oʻrni alohida. U tugʻma milliy shoir. Avvalgi toʻylari munosabati bilan yozgan edim, uning

 

– Tuya oʻrkachi Xayri,

nega boʻladi ayri?

– Katta-kichik minganda,

yiqilmasin degan-da…

 

degan sheʼrini yozganiga oltmish yilcha, uzluksiz ijodiy faoliyatiga esa, sal kam 50 yil vaqt boʻldi. Bolalarga yozgan shu sheʼri hech esimdan chiqmaydi. Nafslamirini aytganda, bunday sheʼrlar judayam koʻp boʻlmaydi. “Bahodirning qilichi sindi”, “Chavondozsiz qaytdi argʻumoq” sheʼrlari oʻquvchini maftun etadi. Ustoz A. Oripov, E. Vohidovlar eʼtirof etganlaridek, A. Suyun adabiyotda yangi “Qayirma” janriga asos soldi. Azim Suyun sheʼriyatimizni mamlakatimiz hududidan uzoqlarga parvoz etishida ham munosib hissasini qoʻshdi. U bir necha yil muqaddam jahon shoirlari mushoirasida birinchi oʻrinni egalladi. Va jahon shoirlari kongressining aʼzosi boʻldi. Bu biz uchun, adabiyotimiz va xalqimiz uchun unutilmas voqeadir. Chunki, oʻsha paytda bu mushoira qatnashchilari orasida katta davlatlarning buyuk shoirlari ham bor edi. A. Suyun ularning ham eʼtiboriga tushdi, eʼtirofiga sozovor boʻldi. Biz A. Suyun bilan olim doʻstlarim Baxtiyor Toʻrayev, Bahodir Umrzoqov, Oʻrol Abilov, Haydar Toʻrayevlarning orasida bahslashib oʻsdik. Bir-birimizdan ruhiy-maʼnaviy koʻmak va quvvat oldik. Endi bu quvvatimizni el xizmatiga sarf etamiz.

Aziz doʻstim Azim Suyun! Mana, koʻpdan kutilgan erkin vaqtlar keldi, nafaqa davrida oʻzingizni sheʼrga baxsh etishdek goʻzal damlar – 70 yoshingiz muborak boʻlsin! Yana koʻp yillar oʻynab-kulib, sogʻ – salomat katta kitoblar biting! Baʼzi qahramonlar (albatta ular lirik – rubobiy) yov ketgach koʻpayadi. Lekin sizning elga mashhur boʻlib ketgan “Andiz oʻsgan yerlarda” deb boshlanuvchi sheʼringizda “Botiri koʻp ellar yovlarga qul boʻlmagay” qabilidagi oʻktam soʻzingiz oʻsha istibdod zamonida ham jaranglagan edi. Hamon koʻngullarda yangrab turadi. Sizga bundan keyin ham maʼnaviy jasoratlar yor boʻlishini tilab,

hamishalik hurmat bilan doʻstingiz,

 

Yoʻldosh ESHBEK

 

Manba: ishonch.uz sayti

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/xalqqa-yaqin-va-xalqning-oz-shoiri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x