XALQARO TARAQQIYOT UYUSHMASI, XTU (IDA, International Development Assocation) — BMTning ixtisoslashgan muassasasi, Jaxon banki guruhiga kiradi. 1960-y. da Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB)ning filiali tarzida tashkil etilgan. 160 davlat aʼzo. Boshqaruvi va shtabkvartirasi XTTB bilan yagona, Vashingtonda joylashgan.
Uyushmaning rasmiy maqsadlari: eng kambagʻal mamlakatlarga foizsiz kreditlar ajratish yoʻli bilan ularning iqtisodiy rivojlanishiga yordam koʻrsatish. Bunday mamlakatlarga aholi jon boshiga yillik yalpi ichki mahsulot 925 dollardan ortiq boʻlmagan (1997) davlatlar kiradi. Bu mezon asosida mamlakatlar soni 70 ga yaqin; XTU kreditlari Jahon banki beradigan jami qarzlarning 1/4 qismini tashkil etadi va faqat hukumatlarga beriladi. Uyushma kambagʻal mamlakatlarga 35—40 yilga foizsiz kreditlar (ulardan maʼmuriy xarajatlarni qoplash uchun yillik 0,75% miqdorida komission haq olinadi) beradi. Qarzlarni qaytarish 10 yillik imtiyozli davrdan keyin boshlanadi. 1998-y. oʻrtalarida XTU kreditlari 109,1 mlrd. dollarni tashkil etadi. 1998 moliya yilida 19 mamlakatga umumiy mikdori 7,5 mlrd. dollar boʻlgan 67 ta qarz ajratdi. Xoʻjayor Shennayev.