Xalq qo’shiqlari haqida tushuncha

Qo’shiq – qadimiy lirik janr hisoblanib, kuyga solib aytishga mo’ljallab yoziladi. Qo’shiq, odatda, ikki xil bo’ladi: xalq qo’shiqlari va yozma adabiyot namunasi bo’lgan qo’shiqlar.

Xalq qo’shiqlari juda qadimiy tarixga ega. Ular dastlab mehnat jarayonida paydo bo’lgan. Qo’shiqlarda xalqning orzuumidlari, zavq-shavqi, quvonch va iztiroblari mujassamlashgan.

Qo’shiq yozma adabiyot janri sifatida ham mashhur. Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Feruz, Ogahiy, Muqimiy, Furqat va boshqa mumtoz shoirlarimizning she’rlari xalqimizning sevimli qo’shiqlariga aylanib ketgan. Hamza, Hamid Olimjon, Turob To’la, Po’lat Mo’min, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matchon, Usmon Azimov, Muhammad Yusuf kabi ijodkorlar asarlarining qo’shiq qilib kuylanishi yozma adabiyot bilan qo’shiq janrining bir-biriga naqadar aloqadorligini isbotlaydi.

Xalq qo’shiqlarida ko’pchilikning his-tuyg’ulari umumlashtirilgan holda yakka shaxs kechinmalari orqali aks ettiriladi.

Xalq qo’shiqlari har bir joyning jug’rofiy tuzilishi, iqlimiga, urf-odatlariga, o’tkaziladigan marosimlariga monand tarzda o’sha yurtning turli yoshdagi vakillari tomonidan yaratiladi va ijro etiladi.

Bu borada bolalar og’zaki ijodi ham salmoqli o’rinni egallaydi. Dastlab, kattalar tomonidan bolalar uchun qo’shiqlar ijod qilingan bo’lsa, keyinchalik bolalarning o’zlari kuylagan qo’shiqlari, termalar vujudga kelgan.

Masalan, bahor elchisi boychechakka bag’ishlangan qo’shiqlarni, qizaloqlar aytadigan «Chittigul» kabi qo’shiqlarni bolalar maroq bilan kuylaganlar. Bolalar qo’shiqlari shakl jihatdan nihoyatda oddiy, o’ziga xos ohangdorlikka egadir. Bolalar tilidan aytilgan qo’shiqlar o’z ma’no-mohiyati bilan aytuvchilarning ruhiy olamida yuz berayotgan tovlanishlarni, qo’shiq mazmunida ifodalangan sodda, samimiy, beg’ubor tuyg’ularni tarannum etadi. Shuning uchun ham ular o’z soddaligi bilan dilga yaqin, ta’sirchan.

Marosim qo’shiqlarida to’y, aza va boshqa marosimlar bilan bog’liq holatlar tasvirlanadi («Yor-yor», «Kelinsalom», «Kuyovsalom» kabi). Mehnat qo’shiqlari esa turli mehnat jarayonlari bilan bog’liq. Masalan, xirmon yanchishda «Xo’p hayda», «Maydagul», sigir, qo’y, echkilarni sog’ishda, buzoq, qo’zi, uloqlarni emizishda «Xo’sh-xo’sh», «Turey-turey», «Churey-churey» kabi xalq qo’shiqlari dehqon va chorvadorlar ish faoliyatini o’zida aks ettiradi.

«Boychechak» qo’shig’i, odatda, bahor faslida ijro etilgan. Boychechak gulining qo’shiqqa solib aytilishi tasodifiy emas. Chunki bu gul – bahor darakchisi. Qishloq bolalari ushbu gulni ko’tarib uyma-uy qo’shiq bilan suyunchi so’rab borishgan, xonadon sohiblari bolalarga hadyalar berishgan. Boychechakni ko’rgan keksalar uni ko’zlariga surtishgan. Negaki boychechak bahorga yetib kelganlik, shukronalik belgisi sifatida qabul qilingan.

«Boychechak» qo’shig’ining to’rt, olti, sakkiz qatorli ko’rinishlari mavjud. Qo’shiq bolalarga xos sodda, samimiy, hazilmutoyiba tarzidagi misralar bilan boshlanadi:

Boychechagim boylandi,
Qozon to’la ayrondi.
Ayroningdan bermasang,
Qozonlaring vayrondir.

Boychechak – ijobiy obraz, u yoshlik, jo’shqinlik ramzi. U bolalarning bahor faslidagi birinchi qo’shig’i hisoblanadi. Bu qo’shiq baland ovoz bilan aytiladi. Naqorat tarzida takrorlanadigan qismi jamoa bo’lib kuylanadi:

Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.

Qo’shiq matnidagi «boychechakni tutdilar, tut yog’ochga osdilar» deyilishining ma’nosiga e’tibor beraylik.

Ma’lumki, xalqimizda tut daraxti muqaddas hisoblanadi. Xalq tut daraxti mevasini sevib iste’mol qiladi. Uning tanasidan taroq, bola uchun beshik yasashadi. Boychechak xalq orasida ramziy ahamiyatga ega bo’lib, unda chuqur ma’no bor. Uni «tutadilar», «tut yog’ochga osadilar», «qilich bilan chopadilar», «baxmal bilan yopadilar». Xalqda o’z kuchi bilan qiynalib maqsadga erishsa: «Axir, u qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechakning o’zida», – deyishadi. Bu ifodalarning barchasida boychechak mehnatkash inson ramzi ekaniga ishora qilinadi.

Siz o’rganishingiz kerak bo’lgan «Chittigul» qo’shig’i ham bolalar ijodiga xos bo’lib, kichik yoshdagi qizaloqlar ijro etishadi. Bu qo’shiq bahorni eslatgani uchun ham mavsum qo’shig’i hisoblanadi. Qizlar bu qo’shiqni ijro etganda uning ohangiga mos harakatli o’yin o’ylab topadilar. Qizlar juft-juft bo’lishib, kaftlarini bir vaqtda bir-biriga urib, aylanishib, yana urishtirib qo’shiq aytadilar. «Chittigul-o chittigul» deyilganda qizlar yuzma-yuz turadilar. Qo’llari ma’lum tartib bilan bir-birlariga qarsillab tegib, chiroyli ohang kasb etadi. «Hay-yu, chittigul» deyilganda, qizlar bir xil maqom bilan turgan joylarida gir aylanadilar. Qo’shiq matni juft-juft matn va naqoratdan iborat bo’ladi.

Xullas, bolalarning mavsumiy qo’shiqlari aytilishi, ijro uslubi bilan ko’plab o’ziga xosliklarga ega, ya’ni ma’lum faslda o’tkaziladigan marosimlar, harakatli o’yinlar bilan bog’liqdir. Muhimi, bu xildagi qo’shiqlar o’tmishimizni, uzoq ajdodlarimizning turmush tarzi, dunyoqarashi va orzu-istaklarini o’rganishda katta ahamiyatga ega.

BOYCHECHAK

Boychechagim boylandi,
Qozon to’la ayrondi.
Ayroningdan bermasang,
Qozonlaring vayrondir.

Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.

Boychechakni tutdilar,
Tut yog’ochga osdilar.
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar.

Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.


CHITTIGUL

Chittigul-e, chittigul,
Etagingga gul bosay.
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.

Qo’ling qo’lbog’da bo’lsin,
Beling belbog’da bo’lsin.
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.

Tapir-tupur ot keldi,
Chiqib qarang – kim keldi?
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.

Aravada un keldi,
Childirmada gul keldi.
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.

Gul yaxshi-yu gul yaxshi,
Gulning popugi yaxshi.
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.

O’rtada o’ynagan qizning
Haydar kokili yaxshi.
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.


Savol va topshiriqlar

  1. «Qo’shiq – jon ozig’i», «Qo’shiq – ko’ngil mulki» degandanimani tushunasiz?
  2. Qo’shiqlar yaratilish manbayi, mavzulari, kimlarga mo’ljallanganiga qarab har xil dedik. Buni tushuntirib bering.
  3. Xalq qo’shiqlari qanday xususiyatlarga ega?
  4. Qaysi qo’shiqlarni o’yin qo’shiqlari deya olamiz?
  5. Mavsum qo’shiqlari sirasiga qaysi qo’shiqlar kiradi?
  6. «Boychechak» qo’shig’i nima haqida? Sharhlang.
  7. Kitobingizdagi qaysi qo’shiqni savol-javob qo’shig’i deyaolamiz?
  8. Biror-bir xalq qo’shig’ini yod oling va uni kuylashga harakatqiling.
5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x