Otamiz ovchi edi. Biz – besh nafar oʻgʻilga uning eski qoʻshotari va “mergan” laqabi meros qolgan, xolos. Ogʻa-inilardan faqat oʻrtanchamizga ovchilarga xos sabr-toqat, qunt-hafsala, oʻqni bexato otish oʻtganday, qolganlarimizga ana shu xislatlarning yuqigina tekkan koʻrinadi. Ov bahona miltiq talashishda va otgan oʻljalarimiz qonli iz qoldirganicha oʻtib boʻlmas changalzorga kirib ketganligi haqida maqtanishda bir-birimizdan oʻtamiz. Men otamizning ortidan dumdek ergashib yurardimu, ammo ovchilik sirlarini oʻrganish oʻrniga moʻljaldagi oʻljalarini choʻchitib yuborib koʻproq zararim tegardi. Shu boisdan boʻlsa kerak, otamiz ovga hozirlik koʻrayotganlarini koʻpincha sir tutishga harakat qilardi, miltiqni qopga tiqqanicha oʻsha oʻrtanchamizga kishi bilmas topshirib, biror maʼlum butaning panasida kutib turishni tayinlab, oʻzi ham xuddi doʻkongami-sartaroshxonagami ketayotgandek uydan olislagach, orqasida biz kabi dumlar taʼqib qilmayotganiga amin boʻlganidan soʻnggina yoʻlni toʻqayzorga burardi. Otamiz va oʻrtanchamiz ovga ketganligini ular kechki ovqat paytidayam koʻrinmaganlaridan bilib qolganimizda esa rostakamiga kech boʻlgan, chiyaboʻrilar uvillab chiqadigan toʻqayzorni oralab ularni topish uchun esa toʻrt ogʻayni-botirlarga otning kallasiday yurak zarur boʻlardi.
Bizni chuv tushirib ketgan ovchilar ertasi kuni oftob togʻlar ortiga yumalab ketganidan soʻng bir-ikkita quyonmi, boʻrsiqqa oʻxshagan oʻljanimi yelkaga ilgancha kirib kelishardi. Kechki payt otam oʻz teng – toʻshlariga, birodarimiz esa oʻziga oʻxshagan bola-baqralarga bemalol qancha payt oʻlja poylaganlariyu, qanday otganlarini hikoya qilib berishardi.
Bu orada yillar suvdek oqib oʻtib, besh ogʻa-inining uchtasi uylanib, bola-chaqali va yangi hovli-joyli boʻlib ketgach, otamizning ham koʻzlari xiralashib qolganligi va shu paytgacha toʻkkan qonlari uchun tavba-tazarru qilish payti kelganligidan toat-ibodat qilishga tushib ketdi va turgan gapki, miltiq egasiz qolib, bizlar onda-sonda unga tikilib qoʻyardik. Ovchilikka uquvli birodarimiz zavodda ishlaydi, otameros kasbi bilan faqat mehnat taʼtiliga chiqqan paytlaridagina shugʻullanishga imkon topadi, xolos. Qoʻshotar deyarli bizdek mavsumiy mehnat bilan band aka-ukalarga qolgandi. Ovchilikka ham azbaroyi uydagi muammolardan qochish, biror jilgʻa boʻyida “yarimta”ni maydalab yotish uchungina otlanganimizdan, koʻpincha toʻqaydan quruq qaytsak-da, ovdagi sarguzashtlarimizni eshitgani qoʻshnimizning doʻkoni oldiga ancha-muncha pivoxoʻrlar yigʻilib kelishardi. Menimcha, bizning ovchiligimizdan ana shu doʻkonchi koʻproq foyda koʻrardi.
Kunlardan birida qishloqqa yovvoyi mushuk oralayotganligi haqida gap tarqaldi. Kimningdir toʻrtta tovugʻi, boshqasining kurkasi, osib qoʻygan goʻshti, qaymogʻu saryogʻi yoʻqola boshladi. Balki, tulkidir degan gaplar ham boʻldi. Ammo uni oʻz koʻzi bilan koʻrganlarning aytishicha, salkam itday keladigan bu mushuk odamdan sira koʻrqmay, baqrayganicha qarab turaverarmish-da, biror narsani otmoqchi boʻlib harakat qilsang, oʻzingga tashlanguduk boʻlib, pixillay-pixillay tishlarini koʻrsatarmish. Katta odam-ku bunday paytda qutilib qolar, ammo yosh bolalarning qoʻlidan nimayam kelardi. Shu tufayli, onalar yosh bolalarini doim yonida olib yuradigan, sal koʻrinmay qolsa vahima bilan chaqiradigan boʻlib qolishdi.
Janjalkashlikda beqiyos Naima xola bir kuni bizga yopishdi:
– Hoy, ovchini bollari, sizlar qayoqqa qarayapsizlar! Miltiqni koʻtarib yuravermay, qishloqni mushuk oʻlgurdan qutqarsanglar-chi! Oʻligini oʻzimga koʻrsatasizlar, ana shunda u kimniki ekanligi maʼlum boʻladi!
Ovchining bolalari ekanligimizni isbotlash uchun qoʻshtigʻni ketmondek yelkaga tashlagancha qishloqdan chiqib, rosa toʻqayzorni oralab, shimlarimizni tikanlar ilib, etiklarimizning poshnasi mayishib ketdiyamki, talonchi mushukka duch kelmadik. Qaytaga xotinlarimizdan gap eshitganimiz qoldi. Bu orada daydi mushuk yana besh-olti tovugʻu kurkalar boshiga yetdi. Bunday besamar sanqishlar jonimizga tegib, baliq ovlashni maʼqul koʻrib ukam bilan qarmoqlarni qoʻlga olgancha soy tarafga joʻnadik. Kuz kuni ham bir tutam. Har birimiz uch-toʻrttadan baliq tutgunimizcha tevarakka qorongʻulik indi.
Muyulishda ukam bilan xayrlashdim-da, oʻz uyimga oshiqdim. Hovli yuzi lampa chiroq yogʻdusidan xiragina yorishib turibdi. Hamma yoq jim-jit. Shundagina peshin payti xotinim qizimni ergashtirib otasinikiga ketganligi esimga tushdi. Koʻnglim xijil tortdi.
Qoʻlimdagi hali tirik baliqlar pitillab qoʻyayotgan suvqogʻozli xaltani salqin havoda aynimay turishini chamalab ayvon ustunidagi mixga osib qoʻydim.
Choy-poy ichishga ham hafsala yoʻq edi. Oʻzimni koʻrpachaga tashlagancha dong qotib qolibman.
Tun allamahal boʻlganida eshikning gursillab urilishidan uygʻonib ketdim.
– Kim u? Eshik ilgaklanmagan! – deya qichqirarkanman, nogoh tun yarmida kim ham kelishi mumkinligini eslab qoldim. – Xotin, senmisan?!
Ammo eshikka nimadir qayta-qayta urilar, zarba eshikning pastki qismiga toʻgʻri kelganligidan uni birov tepayotgandek tuyulib, battar oʻtakamni yorardi. Joyimdan irgʻib turdimu eshik ilgagini soldim, soʻng sal narida yotgan otashkosovni qoʻlga oldim.
Bu orada eshikka tushayotgan zarbalar davom etsa-da, avvalgidek kuchli emasdi. Bora-bora ular tinibam qoldi. Men sekin eshikni qiya ochib, ayvondagi gʻaroyib manzaradan karaxt boʻlib qoldim. Ayvonning xira lampochkasi boshiga suvqogʻoz kiyilib qolganligidan nafas ololmay, u yoqdan-bu yoqqa yumalayotgan kattakon jundor hayvonni yoritib turardi. Uzun dumini bilanglatishidan uni mushukka oʻxshatdim. Chamasi, u ustunga tirmashib chiqib, baliqli suvqogʻozni yerga tushirib, baliqlarni paqqos tushira boshlayotganida suvqogʻoz boshiga oʻralib qolganidan nafas ololmay, oʻzini har tarafga uraverganga oʻxshaydi. Balki qishloqdagilarning joniga tegib yurgan mushuk shuning oʻzidir! Hozir, qoʻlimdagi kosov bilan uni bir-ikki yaxshilab tushirsam, ertaga akang qaragʻaydan yaxshi odam topilmaydi qishloqda. Ammo, shu zahoti ovchilik vijdonim uygʻonib, shundogʻam oʻlim changalida yotgan jonivorni urib oʻldirish niyatidan qaytdim. Mard boʻlsang – maydonga chiqmaysanmi? Uy ichiga qaytib kirib, xontaxtada yotgan pichoqni olgancha tashqariga, jon talvasasida yotgan mushuk tepasiga keldim. Garchi, boshi suvqogʻozga oʻralib qolgan boʻlsa-da, mushuk hamon koʻrinmas dushmanga hamla qilgancha, toʻrttala oyogʻini havoda oʻynatar, oʻtkir tirnoqlari u yer-bu yerimni tirnab tashlashi, tirnalgan joylar esa kech kuzakda gazaklab, tuzalishi qiyin yaraga aylanib ketishi, qutirgan boʻlsa yana-da yomon kunlarni boshimga solishi ehtimolidan unga gʻoyatda ehtiyotkorlik bilan yaqinlashib, qoʻlimni choʻzgancha pichoqning uchi bilan suvqogʻozni bir hamlada tilib tashladim.
Teshilgan suvqogʻozdan mushukning boshi ochiq havoga chiqdi va chaqchaygan koʻzlari bilan menga bir lahza tikildi-da, butun qolgan baliqlarni hovli sahniga sochganicha sakray-sakray qorongʻulik qoʻyniga ravona boʻldi…
Ertasi kuni hech kimga bu voqea haqida ogʻiz ochmadim. Qoʻlginamga tushib turgan mushukni oʻldirmay, qochirib yuborganim uchun tagʻin baloga qolishim mumkin edi.
Bu orada kunlar tobora qisqarib, ayrim kechalari koʻrpa tagidayam sovqota boshladik. Hovlimizning koʻcha devori ostida har yili burganlar odam boʻyi oʻsib yotar, xotinim ularni atayin yulmay, kuzakda oʻrib olib, uzun-uzun koʻchasupirgi bogʻlatar, baʼzan uncha-munchasini bozorga eltib sotardi.
Oʻroqni qoʻlga olib oʻsha bel barobar burganzorga yaqinlashdim. Endi bir tutam burganni oʻrgandimamki, vahimali vishillash qulogʻimga eshitilib, tarrakday qotib qoldim. Mendan ikki qadamcha naridagi burganga oʻralgan ilon tilini chiqargan koʻyi vishillar, unga oʻralib olgan ikkinchisi ham sovuq koʻzlarini menga qadab olgandi. Oʻroqni oʻsha joyda qoldirgancha soʻri tomon jon holatda qochdim.
– Ha, yana nima boʻldi?! – dedi xotinim ovsini kelgani sharofati bilan unnayotgan oshiga sabzi artishdan toʻxtab. – Buncha rangingizda rang yoʻq!
– Ilon! – dedim qoʻlim bilan devor tomonga ishora qilib, – Juda koʻp!
Ha, qocha-qocha, burganzordan chiqqan besh-oltitacha ilonning qovoq palaklari tagigaga oʻrmalab ketganini koʻrgan edim.
– Voy, qizlarimiz qani?! – xotinimning shu gapidan keyingina behi tergani ketgan qizlarimiz esimizga tushib, jon holatda ularni chaqirishga tushdik.
Qoʻllaridagi chelakni behiga toʻldirgandan keyin ham gapga alahsigan dugonalar shosha-pisha bogʻchadan chiqib kelisharkan, onalarining vahimali tovushlaridan joylarida taqqa toʻxtab qolishdi.
– Voy, qanaqa erkaksiz, boring, qizlarni olib keling! – dedi xotinim soʻridan tushishgayam majoli kelmay.
Uzun kaltak va oʻroq bilan qurollangan holda oʻn qadamlar narida qotib qolgan qizlarimizni soʻriga boshlab keldim. Osh oshligicha qolib, xotinim qizini olgancha ota-onasinikiga, kelinimiz bir chelak behini olgancha oʻzining uyiga ketdi.
…Kimsasiz hovlida qolishdan oʻzimam qoʻrqib, otamnikiga joʻnadim. Nimaga kelganligimni aytib oʻtirmay, ertalab qoʻrqa-pisa hovlimizga qaytib keldim. Odam oʻz uyidan qoʻrqib qolsa yomon boʻlarkan.
Hovli oʻrtasida yotgan uzun kaltakni qoʻlga olgancha soʻriga yaqinlashdimu, oyoqlarimda mador qolmadi. Yarmi yerga osilib yotgan quroq koʻrpacha ustida bir ilon choʻzilib yotardi. Kaltak bilan uni bir chekkaga uloqtirib bildimki, gazanda oʻlib qolgan ekan. Uning bosh qismi uzilib terisigagina ilashib turardi…
Shu vaqt darvozadan otam, qaynotam, xotinim orqama-ketin kirib kelishdi.
– Oʻntadanam koʻp edi, – dedi xotinim oʻlgan ilonni otamning panasidan tomosha qilarkan. – Bilakday keladiganlari bor. Bu uyda endi yasholmayman!
– Xudo biladi, – otam oʻlgan ilonni qoʻliga olib, aylantirib koʻra boshladi. – Urgʻochisi ekan. Ikki yasharlar bor. Shu burganzorga balo bormi hovlida! Necha marta aytdim, yulib, tozalab, supirib qoʻyinglar deb. Hovlimas, toʻqay bu.
– Otajon, kamida yuzta supurgi chiqib turardi-da, – dedi xotinim bel barobar burganzorga xavfsiragancha tikilib. – Ilon yilimasmi bu yil?
– Sen oʻldirdingmi buni? – soʻradi otam oʻzining gapiga oʻziyam hayron boʻlganicha. – Ilondan oʻlarday qoʻrqarding.
– Voy, asta aytasizmi? – dedi xotinim endi oʻzining otasining panasiga oʻtib. – Xotinga zoʻr xolos, bu! Ilonni koʻrsa uch kun koʻrpa-yostiq qilib yotadi. Gapim shu, sovuq tushguncha otamnikida turaman. Buzoqni siz olib keting, ilon-pilon chaqsa oʻlib qolmasin tagʻin. Alohida uy qilib, endi molga yetgan joyim-a…
– Koʻp vahima qilma, – dedi qaynotam. – Eshitgan quloqqayam yaxshimas. Kim ishonadi, ilondan qoʻrqib, otasinikiga kelibdi desa.
– Bu endi bittasi, ota, – dedi xotinim u yoq-bu yoqlarga alanglab. – Hali yana qanchasi bor-u… Ilonlarni qasoskor deb eshitganman. Mana buning oʻligi uchun oʻch olishga tushishsa-chi. Meni oʻylamasanglaram, nevularingni oʻylanglar! Gap shu, otamnikiga ketaman. Sovuq tushguncha oʻshaqda boʻlaman. Men kerakli narsalarimni tugib chiqay. Voy-yey, uyga qanday kiraman? Ota, yuring, menga hamroh boʻling! Qanday kunlarga qoldima-a…
Otam oʻychan bir qiyofada hovlida kezinarkan, yana bitta ilon oʻligini topib oldiyu, va himamiz bejiz emasligiga amin boʻldi…
…Mana bir haftadirki, xotinim bilan qizim – otasinikida, men bilan buzogʻim esa oʻz otamnikida, itimiz zanjiridan boʻshatilgan, hovlimiz egasiz, baytalmon. Garchi hovlimizdan ilon chiqqanini birovga aytmagan boʻlsam-da, allaqachon qishloqda gap boʻlib ketgan edi.
Har kuni hovlidan xabar olgani goh bir oʻzim, goh otam yo biror ukam, yo sinfdosh joʻram bilan kelib ketardim. Kunda, kunora bitta yo ikkitadan ilon oʻligini hovlining turli joylaridan topib olganimda bundan xursand boʻlishniyam, xafa boʻlishniyam bilolmasdim. Oʻlgan ilonni daliliy ashyo sifatida biror xaltaga solgancha qaynotamnikiga yetib borardim. Xotinim ilonlar oʻligi ortgani sari qaytishni orqaga surgani surgan edi. Sakkizinchi ilon oʻligini topganimizdan soʻng, otam folbinga uchrab, ularning soni qirqtachaligi, to ularning eng kattasi oʻlmaguncha hovliga qaytolmasligimiz haqida bilib qaytdi. Biror dami oʻtkir mullaga chilyosin qildirib tashlashimiz kerak ekan. Shunday ham qildik. Duoli qogʻozni dam solingan suvda ezib hovli ichiga purkab chiqdik. Marosim oxirida oʻlarday charchagan dami oʻtkir duoxonni eshagiga mindirib, koʻcha boshigacha kuzatib qoʻygach, otam meni qoʻyarda-qoʻymay oʻz uyimda tunab qolishga koʻndirdi: “Ukangni joʻnataman, ikkita erkak bir-birlaringga joʻra boʻlib yotasanlar!”
Aka-uka yarim kilocha kolbasa sotib olib, hovliga gʻira-shirada kirib naq toʻrtta ilonning oʻligi ustidan chiqdik. Nima balo, bular bir-biri bilan urush qilib oʻlishyaptimi, deb rosa boshimiz qotdi.
Egalari kelib qolganidan xursand itimiz shundoqqina soʻri yonida dumini oʻynatib yotar, biz irgʻitgan kolbasa burdalarini yerga tushirmay, havodayoq ilib olardi. Tungi salqin tushganiga qaramay ikkalamizning ham uyga kirib yotishga yuragimiz dov bermaganligidan, bir-birimizga poyloqchilik qilgancha taxmondan koʻrpalarni olib chiqib, soʻrida tunay qoldik.
– Hojatgayam ikkovlashib boramiz chogʻimda, – dedi ukam qoʻlfonarni oʻchirib-yoqib oʻynarkan. – Birimiz chiroq tutib turamiz, birimiz ishimizni bajaramiz.
– Bir kecha bormayam qoʻyaveramiz, – dedim-u, qornimda sanchiq turayotganini his qilib, ukamga oʻqraydim, – gapirmayam oʻl! Yur, endi…
…Tun qanday oʻtganiniyam bilmay qolibman. Tonggi quyoshning oʻtkir nurlari koʻzimga qadalganidan bildimki, sertashvish tun ortda qolibdi. Soʻrining boshqa tarafida koʻrpaga oʻranib yotgan qorovul ukamning yonida yoniqligicha qolgan qoʻlfonarga koʻzim tushib, uni oʻchirdim-da, hovlini koʻzdan kechirish uchun oʻrnimdan turdim. Yoʻl-yoʻlakay ustunga sanchigʻlik oʻroqni qoʻlga oldim.
Tonggi sovuq kuz shamolidan badanlarim junjikadi. Xazonlarning namxush hidi dimoqqa uriladi.
Shu payt qulogʻimga gʻalati shitirlash eshitildi. Vahima bilan atrofga alangladim. Koʻz oʻngimda namoyon boʻlgan manzaradan tizzalarim qaltirab ketdi. Yirik bir ilon bilan mushuk ayovsiz olishardi. Sal narida yana bir gazandaning pajmurda tanasi bilanglab yotardi. Ha, bu oʻsha tunda men koʻrgan mushuk. Ayni paytda u avvalgidan ham bahaybat koʻrinardi. Tuklari bamisli jayranikidek dikkayib ketgan. U yon-bu yon yengil sakraydi, turli holatga kiradi, egiluvchan dumi har tarafga borib kelgancha ilonni chalgʻitadi. Yerdan tizza baravar koʻtarilgan ilonning boshi mushukning dumiga hamohang tarzda tebranar, tebranibgina qolmay, ora-sira oʻqday otilib, chaqib olishga urinar va har gal xato ketardi. Bir ilongina emas, men ham mushuk dumining borib-kelishiga sehrlanib qolgandek, unga monand harakat qilardim.
Mushukning oʻtkir changali ilonning boshini aniq moʻljalga olganini gazandaning bir koʻzidan qon tomchilab chiqqanidan bilsa boʻlardi. Issiq qon ilonning yaltirab turgan poʻstidan yerga yetib, qonli izlar qoldira boshlagan paytidagina ukam kelib qoldi va baqirib yubordi. Mana shu lahzada taxmin qilgan xavotirim yuz berdi – mushuk toʻsatdan paydo boʻlgan ukamga eʼtiborini qaratdi va paytdan foydalangan ilon oʻqday tashlanib, mushukning boʻyniga tish botirishga ulgurdi. Garchi mushuk bir siltab, uni oʻzidan uzib tashlagan va ilonning boshini oʻtkir tishlari orasiga olishga erishgan boʻlsa-da, uning qoniga oʻtgan ilon zahri oʻz ishini boshlab yubordi – ilonning jon tark etayotgan uzundan-uzun argʻamchisi akashak boʻlayotgan mushukning tanasini soʻnggi bora ogʻushiga mahkam tortdi…
…Bu voqealar ancha paytgacha qishlogʻimizda shov – shuv boʻlib yurdi. Hatto, tuman gazetasida “Xaloskor mushuk” degan kichkina xabar ham berildi. “Qahramon” mushukning hamqishloqlarning oʻnlab tovugʻu kurkalarini qirgani haqida lom-mim deyilmadi. Marhumlar haqida faqat yaxshi gaplarni gapirish kerak degan qoidaga amal qilgan boʻlishsa kerak, hoynahoy…
Olloyor BEGALIYEV
“Yoshlik”, 2014 yil 9-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/xaloskor-mushuk/