Annotatsiya
Maqolada vorisiylik va ijodiy anʼanalar zamirida oʻtmish bilan bugungi kun uchun xos boʻlgan alohida ilgʻor tajribalar yotganligi haqida soʻz yuritiladi. Xususan, oʻzaro aloqador har ikkala omil nazariy va amaliy jihatdan benihoya muhim sanalgan turli xil adabiy oqimlar va badiiy mahorat maktablari hamda turli soʻz sanʼatkorlarining badiiy-estetik taraqqiyot sari eltuvchi saboqlarini puxta oʻzlashtirish, targʻib etish, nihoyat, ijodiy jihatdan takomillashtirgan holda ijodiy jarayonda qoʻllashdek mohiyatan yuksak darajali estetik vazifani taqozo etishi alohida taʼkidlanadi.
Annotatsiya
V statye govoritsya o tom, chto pod preemstvennostyu i tvorcheskimi traditsiyami lejat otdelniʼe peredoviʼe praktiki svoystvenniʼe kak dlya proshlogo, tak i dlya segodnyashnego dnya. V chastnosti, osobo otmechayetsya, chto eti vzaimosvyazanniʼe faktoriʼ predusmatrivayut po svoyey suti naiviʼsshuyu stepen esteticheskoy zadachi, viʼrajennoy v tshʼatelnom usvoyenii, razʼyasnenii i, nakonets, v primenenii v sozidatelnom protsesse, tvorcheski usovershenstvovannom vide, razlichniʼx literaturniʼx techeniy i shkol xudojestvennogo masterstva, schitayushʼixsya vajneyshimi s teoreticheskoy i prakticheskoy storoniʼ, a takje urokov masterov slova vedushʼix k xudojestvenno-esteticheskomu razvitiyu.
Annotation
This paper talks about separate advanced practices laying under succession and creative traditions common both for the last and present. In particular, it is noted especially that these interrelated factors envisage in their own essence the highest degree of esthetic objective expressed in proper adoption, explanation and, finally, in creative process application in creatively improved appearance of different literary trends and schools of artistic skills that are considered as the most important on the theoretical and practical parts as well as lessons of word-painters leading to artistic-esthetic development.
Tayanch soʻzlar: oʻzbek milliy adabiyoti, vorisiylik, adabiy anʼanalar, badiiy–estetik tamoyillar, badiiy–estetik tafakkur, anʼanaviy realizm, real–mistik voqelik, real–mistik va majoziy obrazlar, romantizm, tanqidiy–anʼanaviy realizm usullari, badiiy konsepsiya, ramziylik, falsafiy–estetik va hajviy kulgi, falsafiy–estetik psixologizm.
Oʻzbek milliy adabiyoti, dunyo adabiyotining ajralmas tarkibiy qismi sifatida, vorisiylik va adabiy anʼanalar namoyon etgan badiiy-estetik tamoyillarga suyanib rivojlandi. Uzoq yillar mobaynida milliy soʻz sanʼati zaminida vorisiylik va ijodiy doʻstlik aloqalari mohiyatini teran ifoda etuvchi qonuniyat chuqur tomir otdi. Agar ijodiy jarayonda shunday muhim hamkorlik amal qilmasa, xususan, shoir va yozuvchilarimiz rus va jahon adabiyotining eng yaxshi anʼanalaridan, Shekspir, Gyote, Balzak, Pushkin, Tagor singari mumtoz adiblarning boy tajribalaridan bahramand boʻlmaganlarida oʻzbek adabiyoti hozirgi taraqqiyot darajasiga, shak-shubhasiz, erishmagan boʻlardi.[1]
Darhaqiqat, isteʼdod sohiblari jahon miqyosida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan va muhim qadriyat sifatida baholangan vorisiylik hamda adabiy-ijodiy anʼanalarni qadrlab qalam tebratishayotgani tufayli adabiyotimizda haqiqiy yuksalish yoʻli bosib oʻtildi, shuningdek, betakror milliy xususiyatlarini saqlab qoldi.
Vorisiylik va ijodiy anʼanalar zamirida oʻtmish bilan bugungi kun uchun xos boʻlgan alohida ilgʻor tajribalar yotadi, xususan, oʻzaro aloqador har ikkala omil nazariy va amaliy jihatdan benihoya muhim sanalgan adabiy tajribalar, yaʼni turli xil adabiy oqimlar va badiiy mahorat maktablari hamda turli soʻz sanʼatkorlarining badiiy-estetik taraqqiyot sari eltuvchi saboqlarini puxta oʻzlashtirish, targʻib etish, nihoyat, ijodiy jihatdan takomillashtirgan holda ijodiy jarayonda qoʻllashdek mohiyatan yuksak darajali estetik vazifani taqozo etadi.
Vorisiylik va ijodiy anʼanalarga suyanib izchil qalam tebratayotgan Ahmad Aʼzam, Xurshid Doʻstmuhammad, Nazar Eshonqul, Ulugʻbek Hamdam, Salomat Vafo va Isajon Sulton ana shu ehtiyoj mohiyatini ijodiy konsepsiyalari magʻziga singdirib borishayotgani kuzatiladi. Milliy adabiyot va jahon adabiyotida shakllangan badiiy mahorat maktablari bilan yaqin hamkorlikning diqqatga sazovor samarasi Xurshid Doʻstmuhammad ijodida yaqqolroq koʻzga tashlanadi. Bugungi kun talablari asosida, adib vorisiylik qamrovini tobora kengroq olgani, ijodiy anʼanalarga izchil suyanish orqali tafakkuriy yangilanish tamoyillarini oʻzlashtirgani, yangicha adabiy yoʻnalishlar va original badiiy-estetik uslub jozibasiga ehtiyoj sezgani tabiiy holdir.
Xurshid Doʻstmuhammad dastlab yozgan “Kiova quyoshi”, “Alam” va “Koʻchish” kabi hikoyalar shakli va mazmunidayoq katta va oʻrta avlod orasidan chiqqan novator adiblar yangilagan badiiy-estetik tafakkur tarzining ayrim jozibador belgilari nishona bergan edi. Adib qoʻllagan anʼanaviy realizm ana shu badiiy-estetik belgilar zaminida oʻzini oʻzi isloh qilish jarayonini boshdan kechirdi. Ichki va tashqi badiiy-estetik omillar asosida amalga oshirilgan zamonaviy isloh natijasida “Jajman”, “Vasiy”, “Ibn Mugʻanniy”, “Koʻz qorachigʻidagi uy”, “Jim oʻtirgan odam” kabi majoziy ruhdagi hikoyalari tugʻildi.
Xurshid Doʻstmuhammad yangilikka ehtiyojmand poetikaning keng miqyosli iqlimida faqat oʻz uslubiga tegishli turli adabiy tajribalar oʻtkazar ekan, reallik va xayolotni, murakkab hayotiy va psixologik toʻqnashuvlarni asosan hissiy shaklda ifodalashga koʻproq qiziqadi, badiiy tasavvur, ong va ong osti jarayonlari bilan muttasil oʻzaro hamkorlikda ishlaydi, tasavvurida paydo boʻlgan holatni makon va zamonda toʻxtatib qoʻyib, uni har tomondan chuqur oʻrganish va ifodalash[2] uchun muntazam intiladi, natijada botiniy va zohiriy mantiqning jozibaviy koʻlamini belgilash, moddiy va ruhoniy dunyo chigalliklari va oʻzligini tushunish harakati yagona shuuriy prizmada yigʻiladi. Mana shunday badiiy-estetik jarayon “Jajman”, “Ibn Mugʻanniy”, “Koʻz qorachigʻidagi uy”, “Jim oʻtirgan odam”, “Vasiy” hikoyalarida, ayniqsa, yaqqol seziladi. Adabiy tanqidchilik tomonidan yuqori baholangan bu hikoyalar shaklan va mazmunan originallik kasb etgani, vorisiylikning ibratli saboqlari, ilgʻor adabiy anʼanalar va yoʻnalishlardan oziqlanish samarasi oʻlaroq tugʻilgani quvonarlidir.
Faqat Xurshid Doʻstmuhammad ijodi emas, milliy hikoyachilik tarixida salmoqli oʻrin tutadigan “Jajman”, real-mistik voqealari, real-mistik va majoziy obrazlari tizimiga koʻra, xuddi shunday badiiy-estetik kriteriylarni jamlagan “Afandi oʻlmaydigan boʻldi”, “Hasan Kayfiy”, “Mulla Nasriddin Afandi va Shayton alayh ul-laʼna” hikoyalari bilan qavmdoshdir.
Aniqrogʻi, “Jajman”dagi dono va pokdomon, kuyinchak va bedor afsonaviy Zardusht bobo Gʻafur Gʻulom badiiy mahorati samarasi sanalgan, donish va mistik-xayoliy Nasriddin Afandi va Hasan Kayfiy obrazlari qiyofadoshiga oʻxshaydi, muhimi, toʻrttala hikoya obrazlari uchun tegishli boʻlgan badiiy-estetik uygʻunlik mohiyati jaholat, xudbinlik, razolat va xiyonatdan nafratlanish tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan holda ochiladi.
Chindan ham Xurshid Doʻstmuhammad Gʻafur Gʻulomning hikoyachilikda erishganbadiiy mahorati, yaʼni estetik idealni xalqona hikmatlarni singdirgan ertaknamo voqelik va afsonaviy obrazlar vositasida taqdim etish sanʼatidan maʼnaviy-maʼrifiy oziq, badiiy-estetik saboq oldi va ijodiy ruhlandi.
Ayni paytda adib, sotsrealizmning haqiqatdan mahrum aqidalari hukmron boʻlib turganiga qaramay, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Asqad Muxtor, Shukur Xolmirzayev kabi ustoz adiblar ijodida nishona bera boshlagan yangilanish mezonlaridan ham ilhomlandi. Adib shu ustozlar ijodi sirlarini puxta oʻzlashtirish orqali jahon adabiyoti sarchashmalariga ishonch bilan yuzlangani sir emas.
Abdulla Qahhor romantizm, tanqidiy-anʼanaviy realizm usullarini tutashtirish natijasida yaratgan uslub hamda mahorat maktabi adib koʻz oʻngida ijtimoiy voqelik va badiiy soʻz sanʼati kriteriylariga yangicha munosabat bildirish timsoli boʻlib gavdalandi. Ustozning soʻzni isrof qilmaslik, matnni ortiqcha pardoz-andozga koʻmib yubormaslik, mantiq va fikr oʻlchovini ogʻishmay aniq belgilash prinsipi adib dunyoqarashi va uslubi shakllanishida yetakchi omillardan biri boʻldi, pirovard natijada, uslubi va shu uslub asosi hisoblangan badiiy-estetik qarashlari bilan ustozning badiiy-estetik va gʻoyaviy qarashlari oʻrtasida mushtaraklik belgilari koʻrinadi.
Masalan, agar “Adabiyot muallimi” matni zamirida pinhon kinoyaviy tasvir yoʻsini bilan “Jim oʻtirgan odam” syujetida aks etgan tagi chuqur kesatiq va istioralarni mazmunan qiyoslasak, adib ustozdan xayolan oq fotiha olib qalam tebratgani va uning falsafiy-estetik-hajviy kulgiga moyil dramatik poetika koʻlamini teran his etadigan shogirdiga aylangani seziladi. Abdulla Qahhor katta mahorat bilan yaratgan “Dahshat”, “Oʻgʻri”, “Bemor” hikoyalaridagi hayot haqida obrazli mushohada yuritish, voqelikni ramziylashtirish xislati ham adib eʼtiborini tortadi, bu xislatni ijodida joriy etadi, natijada har uchala hikoyadagi inson yolgʻizlik jabrini tortishi, tabiat, jamiyat va hayot oraligʻida mavjud dialektik tahlika ogʻushida turmush gashtini surishi dargumon ekani, aksincha, oʻsha oraliqda vahima bosib zoʻrgʻa tirikchilik qilishi va alaloqibat bemavrid tanazzul va halokatga yuz tutishini ifoda etuvchi badiiy konsepsiya “Ibn Mugʻanniy”, “Vasiy” kabi hikoyalari shakli va mazmuni magʻziga singib ketadi.
Adibning ustoz ijodidan ilhomlanish darajasi badiiy obrazlar tabiatidagi mutanosiblikda ham aks etadi, masalan, “Oq libos”dagi betob ona bilan “Bemor”dagi ogʻir dardga chalingan ayol taqdiridagi oʻxshashlik muhim badiiy ramziylik ifodasidir. Taʼkidlash joizki, “Oq libos”da tasvirlangan, yurt jabru jafo chekayotganini koʻrib ezilgan onaizor obrazi psixologiyasi ijtimoiy nohaqliklar bilan aloqadorlikda teranroq tahlil etilgan.
Turli yillarda yozilgan “Qoyalardan balandda”, “Ibn Mugʻanniy”, “Oqimga qarshi oqqan gul”, “Bir tomchi simob”, “Qor odam” hikoyalari taniqli soʻz ustalari ilgari surgan gʻoyalar, xususan, tabiat va inson har taraflama birdam ekanini ifoda etuvchi falsafiy-estetik va maʼrifiy qarashlardan ilhomlanish samarasidir. Agar “Qoyalardan balandda”ni “Turnalar” (Said Ahmad) va “Choʻloq turna” (Shukur Xolmirzayev) bilan uslubiy jihatdan solishtirsak, bu fikrimiz haq ekaniga toʻla ishonch hosil qilamiz hamda vorisiylik hodisasi ijodiy anʼanalar va hamkorlikni kuchaytirish, nihoyat, badiiy-estetik kashfiyotlar qilish vositasi ekanini yanada teran tuyamiz.
Diqqatga loyiq joyi shundaki, agar “Turnalar”da estetik ideal bosh qahramonning yarador turnani mehru muhabbat bilan parvarishlashi orqali yoritilsa, “Choʻloq turna”da tuxumni bir oyogʻi lang holda yorib chiqqan joʻjaning oʻz irodasi va ota-onasi saxovatiga suyanib ulgʻayishi, turli qiyinchiliklar ustidan gʻalaba qozonishi orqali yoritiladi, “Qoyalardan balandda” hikoyasida esa nar burgut bilan moda burgut orasidagi nozik oilaviy munosabatlar, shajarani daxlsiz saqlab qolish yoʻlida ular tabiat ofatlariga qarshi koʻrsatgan jasorat va matonat tavsifi vositasida tasvirlanadi. Shunga koʻra, “Qoyalardan balandda” shaklan va mazmunan “Choʻloq turna” bilan uygʻunlashadi, hatto qushlar ruhiy olamini moddiy borliqdagi turfa manzaralar, masalan, peyzaj yordamida ifoda etish borasida ham ular oʻzaro uygʻunlik kasb etadi.
Ezgulik va goʻzallik, jaholat va xoinlik mohiyatini yangicha idrok etish hamda tasvirlash jahon adabiyotini yuqori pogʻonaga koʻtargan modernestik oqim yutuqlari poydevoridir. Ana shu ijodiy tajribani puxta oʻzlashtirish milliy nasrimizda oʻziga xos tendensiyaga aylanayotgani quvonchli holdir. Bugungi kun milliy nasrda modernistik yoʻnalish asoschilari Jeyms Joys, Alber Kamyu va Frans Kafka qalamiga xos falsafiy mushohadakorlik hamda poetik joziba taʼsiri yaqqol boʻrtib koʻrinadi. Milliy nasrimiz mana shu jihatiga binoan, ayniqsa, jahon nasri bilan boʻylasha boshlaganini alohida eʼtirof etish lozim.
Soʻz sanʼatida original maktab yaratgan Frans Kafka merosini sehrli soʻzlardan oziqlangan badiiy-estetik kashfiyotlar xazinasiga qiyoslasa, arziydi. Buyuk sanʼatkor bitgan va hamon turli munozaralar tugʻdirayotgan hikoya-romanlar jamiyat va hayotda mavjud turli ziddiyatlar, nihoyat, oʻzining murakkab shaxsi, dunyoqarashi, aqlu idroki va bilimi inʼikosidir. Mana shunday tabiiy birikuv mohiyati asarlarida badiiy-estetik koʻlamning estetik taʼsirchanlik quvvatini oshiruvchi, sezimlarni isyonkorona tarzda qoʻzgʻaydigan favqulodda psixologik holat vujudga keltiruvchi vosita boʻlib xizmat qilgani, shubhasiz.
Frans Kafka chuqur falsafiy-estetik psixologizm bilan sugʻorilgan “Evrilish” hikoyasida mif va folklor, xayolot va mistika omillaridan unumli foydalangan, hatto u ertak kabi taassurot uygʻotadi. Eʼtiborli tomoni shundaki, bu asarda sanʼatkor nuqtai nazari, qolaversa, tasvir obʼyekti boʻlgan moddiy-ruhoniy olamni, faqat puxta ishlangan majoziy obrazlar emas, qaygʻu-hasratlar, armonlar va iztiroblar ifodasi orqali teranroq anglaymiz.
Frans Kafka ijodiga xos bunday ijodiy tendensiyalar Xurshid Doʻstmuhammad qalamiga alohida ragʻbat bagʻishlagani kuzatiladi. Chindan ham adib ogʻriq va iztirobni kafkacha sehrli yoʻsinda tasvirlash yoʻlidan borayotgani uchun asarlari tugal badiiy salmoq kasb etmoqda. Masalan, “Koʻz qorachigʻidagi uy” hikoyasining yakka shaxs maʼnaviy dunyosi tugʻyonlarini ifodalagan badiiy uslubi va badiiy konsepsiyasi “Evrilish”ning badiiy-estetik uslubi va badiiy konsepsiyasi bilan oʻzaro yaqinlik doirasida gavdalanadi. Boshqacha aytganda, “Koʻz qorachigʻidagi uy”da harakat qiluvchi nomsiz qahramon holati bilan qirqoyoqqa aylangan Gregor Zamzaning jismoniy va ruhiy holatidagi uygʻunlik ikki adib dunyoqarashi va badiiy mahoratiga xos mushtaraklik ifodasidir, qolaversa, kutilmagan vaziyatda koʻzlari qorongʻi uy qiyofasini olgan va shu xayoliy uy sarhadlarida adashgan nomsiz qahramon Gregor Zamza bilan taqdirdosh ekani fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Xullas, Xurshid Doʻstmuhammad hikoya janrida muvaffaqiyat bilan amalga oshirayotgan tajribalar, milliy adabiyot va jahon adabiyotida uzoq yillar davomida shakllangan vorisiylik va ijodiy-estetik anʼanalar qonuniyatlaridan oziqlangan holda, yangilanish jarayonini kechirayotgani muhim badiiy-estetik hodisadir. Chindan ham adib ijodida anʼanaviy realizm bilan modernistik yoʻnalish poetik tasvir maydonida doimiy ravishda bir-birini toʻldiradi, shaklan va mazmunan oʻzaro uygʻunlashib, tafakkurni poklovchi va sezimlarni larzaga soluvchi xaloskor jozibaga aylanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
- Naim Karimov. Xalq dilining tarjimoni. Abdulla Qahhor “Tanlan-
gan asarlar”iga yozilgan soʻzboshi. – T.: Gʻafur Gʻulom nashriyoti, 2007,8-bet.
- Xurshid Doʻstmuhammad. Beozor qushning qargʻishi. – T.: “Sharq” nashriyoti, 2007.
- Abdulla Qahhor. “Tanlangan asarlar”. T.: Gʻafur Gʻulom nashriyoti, 2007.
- Shuhrat Rizayev. Yaxshi “yomon” odam yoxud yangilangan realizm. “Sharq yulduzi” jurnali, 2011 yil 3-son, 163-bet.
Nilufar DILMURODOVA
“Sharq yulduzi”, 2014–4
[1] Naim Karimov. Xalq dilining tarjimoni. Abdulla Qahhor “Tanlangan asarlar”iga yozilgan soʻzboshi. – T.: Gʻafur Gʻulom nashriyoti 2007, 8-bet.
[2] Shuhrat Rizayev. Yaxshi “yomon” odam yoxud yangilangan realizm. “Sharq yulduzi” jurnali,
2011 yil 3-son, 163-bet.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/vorisiylik-va-ijodiy-ananalar-ildizi/