VITAMIN SANOATI — tibbiyot sanoati tarmogʻi; sintetik vitaminlar, kofermentlar va ularning preparatlari (draje, tabletka, kapsula, ampula, gʻoʻlak, konsentrat va b.) hamda oʻsimliklar va hayvonlardan olingan xom ashyodan vitaminli preparatlar ishlab chiqaradi. Vitaminlar oziq-ovqat mahsulotlarining ozuqalik qimmatini oshiradi, davolash amaliyotida, shuningdek chorvachilikning mahsuldorligini koʻtarish maqsadlarida yem-xashakni vitamin bilan boyitishda qoʻllaniladi. Sobiq Ittifokda vitamin i. ch. 20-a. ning 30-y.
lari boshlarida vujudga kelgan. Dastlab tabiiy xom ashyodan vitaminli preparatlar olish oʻzlashtirildi (q. Vitaminli oʻsimliklar). Keyinchalik S va K3 vitaminlarini sintetik yoʻl bilan ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. 1949-y. dan Ittifoq olimlari ishlab chiqqan texnologiya asosida sanoat miqyosida boshqa vitaminlarni ham sintez yoʻli bilan olish oʻzlashtirildi (mas., tiamin — V, vitamini). 1955-y. da maʼlum boʻlgan barcha asosiy vitaminlarning sintezlash sxemasi ishlab chiqildi. Vitamin sanoati yening keyingi taraqqiyoti vitamin i. ch. ning sintetik usullarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq boʻldi. Texnologik jarayonlarning xarakteriga koʻra bu usullar tabiiy mahsulotdan vitamin olishga qaraganda ancha murakkab boʻlsada, vitaminlarni kimyoviy sof holda olish imkoniyatini beradi. Bu esa davolash amaliyotida ularni qoʻllash va chorva konsentratlarini tayyorlashda vitaminlarni aniq miqdorlarda qoʻshishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari, sunʼiy (sintez) usulda vitamin olish xarajatlari tabiiy xom ashyodan vitamin olish xarajatlaridan ancha kam boʻladi. Vitamin ishlab chiqaruvchi kombinat va z-dlar — ixtisoslashtirilgan korxonalar hisoblanadi. 90-y. lar boshiga qadar Oʻzbekistonga tibbiyot maqsadlari va chorvachilik ehtiyojlari uchun vitaminlar hamda vitamin konsentratlari asosan chetdan keltirilgan. Oʻzbekistonda Toshkent kimyo-farmatsevtika z-dida 6 turdagi vitaminlar (V guruhi vitaminlari, askorutin, askorbin kislota), «Surxon Ajanta» qoʻshma korxonasida V guruhi vitaminlari ishlab chiqariladi (2000).
Rivojlangan mamlakatlarda — AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shveysariya, shuningdek Polsha, Ruminiya, Vengriya, Bolgariyada Vitamin sanoati yaxshi rivojlangan. Mazkur davlatlarda vitamin ishlab chiqarish bilan kimyo-farmatsevtika firmalari shugʻullanadi.