VISKOZIMETR (lot. viscosus — qovushoq va…metr) — suyuqlik va gazlarning qovushoqligini aniqlaydigan asbob (q. Qovushoqlik). Kapillyar, rotatsion, sharchali, ultratovush V. lari keng tarqalgan. Kapillyar Viskozimetrning ishi ingichka dumaloq naycha (kapillyar)dan maʼlum hajmli (miqdorli) suyuqlik yoki gazni oʻtkazib koʻrishga asoslangan. Rotatsion Viskozimetrda sinaladigan qovushoq modda ikki oʻqdosh jism (silindrlar, konuslar, sferik jismlar) orasidagi tirqishga solinadi. Jismlardan biri (rotor) aylanadi, ikkinchisi qoʻzgʻalmay turadi. Qovushoqlik burovchi momentga (burchak tezligi maʼlum) yoki burchak tezligiga (burovchi moment maʼlum) qarab aniqlanadi. Sharchali Viskozimetrda qovushoqlik sinalayotgan modda ichida sharning harakatlanish tezligiga qarab aniqlanadi. Ultratovush Viskozimetrning ishi magnitostriksion materialdan yasalgan va sinalayotgan modda ichiga solingan plastinka tebranishlarining modda ichida soʻnish tezligini oʻlchashga asoslangan. Bu V. lar qovushoqlikni dinamik (Pas.) va kinematik (m2/s) qovushoqlik birliklarida ifodalashga imkon beradi. Suyuqliklarning qovushoqligini shartli birliklarda oʻlchashga imkon beradigan Viskozimetr ham bor. Bunday Viskozimetr darajalarga boʻlingan naychali idishdan iborat. Bunday Viskozimetrda qovushoqlik muayyan vaqg mobaynida naychadan oqib oʻtgan suyuqlik hajmiga qarab aniqlanadi. Bunda qovushoqlik sekund (s)da va Engler gradusidya oʻlchanadi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые