“Vern sayyorasi”ga sayohat

Agar ushbu yozuvlarimizda “Adib falon yili tugʻilgan, falon yili vafot etgan, falon – piston asarlar yozgan”, degan soʻzlar bilangina kifoyalansak, ular anchayin joʻn, quruq sanalaru gʻaribgina maʼlumotlardangina iborat boʻlib qolardi. Jyul Vern singari olamshumul adiblarga – ku inchunun!

Zero, bu buyuk fransuz yozuvchisi hali hayotligidayoq “afsona”ga aylanib ketgan insonlardan biri edi. Zamondoshlari uni “tinim bilmas sayohatchi” deb hisoblasalar, kimlardir uni “dengizchi, kema kapitani” deb oʻylashar, yana kimlardir “koʻchirmakash yozuvchi” deb gʻiybat qilar, boshqalar esa, “bunaqa yozuvchi yoʻq. Jyul Vern – bu geografik jamiyatning nomi. Ana shu tashkilotning aʼzolari shu nom ostida kitoblar yozadilar”, deb isbotlashga urinadilar.

Aslida esa, Jyul Vern yozib charchamaydigan yozuvchi edi. U faqat ijod ogʻushidagina xordiq chiqarardi. Hatto aytishadiki, Vernning uyiga uni koʻrgani kelgan mehmonlarni ham oilasi davrasiga oʻtqazib qoʻyib, oʻzi xonasida yozib-chizib oʻtiraverarkan. Jyul Vern umr boʻyi ana shunday ishladi. 60 yildan ortiq davom etgan ijodiy faoliyati mobaynida tinimsiz yozdi va jami yozgan asarlari 130 jildni tashkil etdi.

Uning asarlari boshqalarnikiga oʻxshamas, goʻyo u boshqa dunyoda, oʻzga bir sayyorada yashar, aniqrogʻi, uning romanlaridagi voqea-hodisalar yerda ham, osmonda ham, suv ostida ham, kosmosda ham sodir boʻlardi. Jyul Vern shu tariqa oʻz olamini yaratdi. Yaʼni, zamonaviy ilmiy-fantastik roman janrining asoschilaridan biri boʻlib qoldi. Aynan uning asarlari orqali jahon adabiyotiga jasur sayyohlar, kashfiyotchilar, olimlar, muhandislar, oʻz hayotini ilm-fan va texnika taraqqiyotiga bagʻishlagan odamlar obrazi hamda geografik, geologik, biologik, astronomik, aeronavtik va tibbiy mavzular kirib keldi. Diqqatga sazovor tomoni – insoniyat tarixida suv osti kemalari, samolyotlar, elektr yoritgichlar va telefonlar yaratilishini birinchi boʻlib bashorat qilgan kishi ham Jyul Vern boʻldi. Aytishlaricha, unga ana shu yoʻlni koʻrsatgan, fan va adabiyotni omuxta qilib asarlar yozishga daʼvat etgan mashhur fransuz yozuvchisi Aleksandr Dyuma boʻlgan ekan. Lev Tolstoydek ulugʻ adib ham Jyul Vernning ana shu “mahorati”ga tan bergan, hatto uning “Yer shari boʻylab 80 kun” romaniga suratlar ham chizgan. Dmitriy Mendeleevdek buyuk olim esa uni “daho” deb atagan, dengizning qudrati va suv osti toʻlqinlarining elektr quvvati haqida ixtirolar qilgan akademik Jorj Klod boʻlsa, bu kashfiyotlariga Jyul Vernning “Kapitan Nemo” asari sabab boʻlganini eʼtirof etadi. Birinchi boʻlib suv osti kemasini yaratgan ixtirochi Lebef va taniqli gʻorshunos olim Kasterlar ham adibni oʻz kashfiyotlarining “hammualliflari” hisoblaydilar, oʻzlarida ilmga muhabbat tugʻilishiga aynan Jyul Vern asarlari sabab boʻlganini faxr bilan tilga oladilar.

Adibning “Havo sharida besh hafta” nomli birinchi romaniyoq kitobxonlarda katta qiziqish uygʻotgan. Nashriyot yosh yozuvchining kelajagiga ishonch hosil qilib, u bilan 20 yilga, har yili 3 ta roman yozib berishga shartnoma tuzgan va biz bilgan “Gʻaroyib sayohatlar” nomli romanlar turkumi shu taxlit dunyoga kelgan. Yaʼni, adibning “Kapitan Grant bolalari”, “Yer markaziga sayohat”, “Sirli orol”, “Oʻn besh yoshli kapitan”, “Suv ostida 20000 kilometr”, “Suzib yuruvchi orol” singari mashhur romanlari ana shu saʼy-harakatining mahsuli oʻlaroq yaratilgan.

Shu oʻrinda kutilmagan va gʻalati bir maʼlumotni ham keltirib oʻtmoq joiz koʻrinadi. Hamma gap shundaki, Jyul Vern hech qachon Oʻrta Osiyoda, xususan Oʻzbekistonda boʻlmagan. Ammo oʻzining “Klodius Bombarnak” nomli romanida Oʻrta Osiyoning tarixi, geografik oʻrni va iqlimi, mahalliy xalqlarning urf-odatlari haqida shunday yozadiki, hayron qolasan. Jumladan, asar qahramoni tilidan Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarni tasvirlarkan, Buxoroni “Turkiston Rimi” deb taʼriflasa, Samarqandning tarixiy obidalari, koʻcha va mahallalari, bogʻlari, odamlari toʻgʻrisida nihoyatda ishonarli tarzda hikoya qiladiki, yozuvchining tasavvur olami kengligiga, quvvayi hofizasiga, taxayyuli cheksizligiga beixtiyor qoyil qoladi kishi. U oʻzining oʻnlab romanlari qatorida “Fransiyaning bezakli geografiyasi”ni ham yozgan, 6 jildlik “Buyuk sayohatlar va sayohatchilar” ensiklopediyasini, 4 jildlik “Ilm-fan va ishlab chiqarishning dunyoni zabt etishi” singari ilmiy asarlarini ham yaratdi. Zero, u yozishdan charchamaydigan yozuvchi edi. U 81 yoshga toʻlgandagina toliqqanini his qildi, tobi qochdi, xastaliklarga chalindi, koʻzlari koʻrmay qoldi, ammo shunga qaramay, oxirgi romanlarini nabiralariga aytib turib yozishga harakat qildi. Fransiyaning Amyene shahridagi qabristonda uning qabriga mahobatli yodgorlik oʻrnatilgan boʻlib, unda yodgorlikni qabrdan yelkasida koʻtargancha turgan Jyul Vern timsoli tasvirlangan va tagiga “Abadiyat va mangu yoshlik sari” degan soʻzlar yozib qoʻyilgan ekan. Yana bir ajoyib maʼlumot. XX asrda Oyning orqa tomoni kosmik raketalar tomonidan birinchi marta suratga tushirilganda yangi kashf etilgan kraterlardan biriga “Jyul Vern” nomi berilgan ekan. Demak, buyuk adibning nomi nafaqat yer yuzida, balki yuksak va olis samolarda yashayapti, deyish mumkin. Buning nomi esa bir soʻz bilan aytganda “Mangulik” deb ataladi…

 

Erkin USMONOV

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

https://saviya.uz/hayot/nigoh/vern-sayyorasi-ga-sayohat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x