Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, oʻzbegim.
Erkin Vohidov
Ulugʻ sayyoh Arminiy Vamberining “Oʻrta Osiyo boʻylab sayohat” nomli asari vatanimiz tarixi xolis yoritilgan bebaho manbalar sirasiga kiradi. A. Vamberidan oldin ham yurtimiz tarixiga oid manbalar koʻp va ular necha ming yillik davlatchilik tarixi, milliy oʻzligiga ega boʻlgan oʻzbek xalqi haqida mangu guvohlik berib turadi.
Vamberi oʻz zamonasining kuchli faylasuf olimi, professor, Vengriya fanlar Akademiyasining akademigi edi. Markaziy Osiyo boʻylab sayohati davomida Vamberi uchratgan odamlarning aksariyatini oʻzbeklar tashkil qilgan va u biror marotaba ham oʻzbek millatiga mansub odamlardan, ularning kattayu kichigidan hech bir yomonlik, adolatsizlik koʻrmagan. Ikki buyuk daryo oraligʻidagi oʻzbek diyoridan chiqib ketgach, Eronga yaqin oʻlkalarda qiyinchilik mashaqqatlari uni tushkunlikka tushirishi mumkin boʻlgan pallalarda bu yerlarda ham oʻzbeklar bor-ku, oʻzbek xonadoni meni och va yalangʻoch qoʻymaydi deb, oʻzbeklarning saxovati, olijanobligiga suyangan va ishongan. Oʻzbek millati odamlariga, yevropaliklar taʼbiri bilan aytganda, “turkiy xalqlar dvoryani, ritsari”, deya qaragan.
Arminiy Vamberi 1832 yilning 19 martida Dunay daryosidagi (Vengriya) Shyutt orolida joylashgan Duna-Sherdageli qishlogʻida dunyoga kelgan. U otasidan juda erta judo boʻladi. Besh yoshidanoq tirikchilik gʻami boshiga tushib, uyi atrofidagi botqoqliklardan zuluk teradi, onasi esa zuluklarni dorixonaga sotib, oila aʼzolari shundan kun koʻrishadi. Botqoqda koʻp yurish Vamberini ogʻir kasalga duchor etadi va u bir umrga oqsoq boʻlib qoladi. Ogʻir hayot sharoitida, yarim och boʻla turib oʻqimoq unga juda ham mashaqqatli edi. Shu bois u oʻspirin yillaridanoq maʼlumotini oshirish uchun oʻz ustida mustaqil ishlaydi va badavlat odamlarning bolalarini oʻqitish orqali kitob, daftar, kiyim-bosh, osh-ovqatiga pul topadi. Yosh bolalik yillaridayoq u venger, nemis, slovak, yahudiy, lotin, fransuz, ingliz, ispan, daniya va shved tillarini puxta oʻzlashtirib oladi. Yigirma yoshlarga kirganida rus, qadim yunon, turk, arab va fors tillarida ham bemalol gaplasha oladi. Vamberi 20 tilda, shu jumladan, oʻzbek tilida soʻzlashishni mukammal oʻzlashtiradi. U 1861 yili, yaʼni 29 yoshida Vengriya fanlar Akademiyasining muxbir aʼzosi etib saylanadi.
Bizga maʼlumki, Arminiy Vamberining biror asari olimning ona tili – venger tilidan yoki hech qursa, inglizchadan oʻzbekchaga oʻgirilmagan. Uning faqat “Turkiy xalqlar” nomli asarigina ruschadan oʻzbekchaga tarjima qilingan. “Oʻrta Osiyo boʻylab sayohat” kitobining ruscha tarjimasi esa Moskvada V. Romodin muharrirligida chop etilgan. Arminiy Vamberidek ulkan sharqshunos olim kitobining ruscha tarjimasida koʻchmanchi oʻzbek jumlasi faqat bir marotaba ishlatilgan boʻlib, unda ham bu jumla tarjimon yoki masʼul muharrir tomonidan kiritilgani sezilib turadi. Vamberi har doim oʻzbek degan soʻzni yozganida oʻquvchiga oʻtroq xalqni gavdalantirib beradi. Demak, Arminiy Vamberi Oʻrta Osiyo boʻylab sayohatida koʻchmanchi oʻzbeklarni uchratmagan va oʻzbeklarni ushbu diyorning tub oʻtroq xalqi, deb bilgan. Bizningcha, “koʻchmanchi oʻzbek” jumlasini oʻzbek xalqi tarixiga noxolis yondashmoqchi boʻlgan biror kimsa kiritib qoʻygan va bu jumla Vamberiga tanish boʻlmagan. Umuman, oʻzbek xalqi tarixida oʻzbek soʻziga koʻchmanchi iborasini ilk bor kim, qachon va nima maqsadda kiritgan, bilmadik. Kitobdagi “oʻzbeklarni koʻchmanchilar himoya qilar edi”, degan ibora yanada ishonchimizni mustahkamlaydi.
Buyuk sayyoh Vamberi asarlarini rus tilidan oʻzbekchaga emas, balki vengerchadan yoki hech boʻlmasa, inglizchadan oʻzbekchaga oʻgirganimizda edi, oʻzbek xalqi tarixi va uning olijanobliklari haqidagi tarjimonlar chalkashtirgan yoki buzgan va balki qisqartirib yuborilgan bir qator tarixiy qimmatli misollar topgan boʻlarmidik, degan oʻylar dildan kechadi.
Arminiy Vamberi Oʻrta Osiyo boʻylab oʻsha mashhur sayohatini amalga oshirgan XIX asrning oʻrtalarida bu hududlar asosan uch xonlik – Xiva, Buxoro va Qoʻqon xonliklari tasarrufida boʻlgan.
Ayni Oʻrta Osiyoning Rossiya mustamlakasiga aylanishi arafasida Arminiy Vamberi kabi buyuk sayyohning bizning oʻlka boʻylab sayohat qilishi hamda xalqimiz hayot tarzi haqida bergan begʻaraz maʼlumotlari biz uchun bebaho tarixiy manbalarga aylangan, deb bilamiz. Mustamlakachilar oʻzining gʻayriinsoniy taʼsirini koʻrsatgunicha oʻsha davrlarda xalqimiz qadriyatlari, anʼanalari qanday boʻlganligi haqidagi xolis maʼlumotlarga ushbu sayyoh qoldirgan manbalar asosida, qisman boʻlsa-da egamiz, deya olamiz.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Hammamiz shu tuproqning suvini ichganmiz, non-tuzini yeganmiz. Hammamiz oʻzimizni oʻzbek sanaymiz. Oʻzbekligimizdan faxrlanamiz, gʻururlanamiz…
…Yana qaytarib aytmoqchiman: biz oʻzimizni millat deb bilar ekanmiz, oʻzbekchiligimiz haqida aniq tushunchaga ega boʻlishimiz kerak”.
Arminiy Vamberi Makkadan qaytayotgan hojilarga qoʻshilib, darvesh kiyimida 1863 yilning 28 mart kuni Tehrondan ayni inglizlarning janub tomondan hamda Rossiyaning shimol tomondan uch oʻzbek xonligiga nisbatan tajovuz xavfi juda ham kuchga kirgan pallada Oʻrta Osiyo boʻylab sayohatini boshlaydi. U arab alifbosida venger soʻzlari bilan sayohati davomida koʻrgan-kechirganlarini daftarga yashiriqcha yozib boradi. Bir oycha muddat ichida necha bora qaroqchilar toʻdalaridan, ochlik va ayniqsa, tashnalik mashaqqatlarini mardonavor yengib, hojilar bilan 31 may kuni nihoyat Xiva xonligidagi u ilk koʻrgan oʻzbek qishlogʻiga – “Oqyop”ga kirib boradi.
Arminiy Vamberi Xiva xonligi va undan Buxoro xonligiga oʻtib, Samarqand orqali Amudaryoning chap qirgʻogʻidagi oʻzbeklar yashaydigan Chichaktu bilan vidolashgunicha boʻlgan sarguzashtlarini bayon qilib borar ekan, unda 55 marotaba oʻzbek soʻzini ishlatadi. Sayyoh doimo oʻzbeklarni uy – hovli joyli qilib tasvirlaydi. Ularni doimo olijanob sifatlarini bayon qilib borar ekan, hattoki, chegaradagi boj yigʻuvchi, mabodo, oʻzbek boʻlsa, u ham xushmuomala boʻlganligini uqtirib oʻtadi. Buxoro va Xiva aholisi haqida soʻz yuritganida ularni koʻpincha buxorolik yoki xivalik yoki qoʻqonlik yoki samarqandlik degan soʻzlar bilan ifodalab oʻtadi. Xiva, Buxoro va Samarqand xalqining aksariyat qismini oʻzbeklar tashkil qiladi, deydi u.
Biz esa ortiqcha tafsilotlarga berilmasdan, “ming eshitgandan bir koʻrgan afzal” deganlaridek, A. Vamberining “Oʻrta Osiyo boʻylab sayohat” asaridan ayrim parchalarni keltirishni lozim topdik. Shu orqali ulugʻ sayyohning oʻzi guvoh boʻlgan oʻtmish hayotimiz lavhalarini tasavvurimizda jonlantirishni niyat qildik.
Oʻrta Osiyo boʻylab sayohat[1]
Bu menga gʻoyatda qiziq edi, chunki men qachonlardir Aleksandr Makedonskiy oʻsha davrlardayoq qoʻrqinch solib turgan aylana atrof sahrosi aholisidan himoyalanish uchun qurdirgan tosh devorning talay qismini koʻrishimga imkoniyat boʻldi.
* * *
Avvaliga yoʻqolgan narsani hamma yoqni agʻdar-toʻntar qilib uzoq axtarishdi. Hech narsa topilmagach, eshon(shayx) oʻgʻri olgan narsalarini qaytarmasa, uni laʼnatlab duoibad qilishi haqida eʼlon qildi. Oradan bir sutka vaqt oʻtar-oʻtmas, tavbasiga tayangan aybdor paydo boʻldi; u faqat oʻgʻirlagan narsalarinigina emas, balki yarashish orzusida sovgʻa-salomlar ham keltirgan edi. Men bizning Parij yoki London politsiyamizga bu usulda ishlashni tavsiya qilish mumkin emasligini koʻz oldimdan oʻtkazdim.
* * *
Baxtimga uyqusizlikdan olgan azoblarim goʻzal bahor taassuroti ostida unutila boshladi va biz Xivaga yaqinlashganimiz sari bahor shukuhi ortib borar edi. Avvaliga men sahrodan kelganim uchun Xiva menga shunday goʻzal boʻlib koʻrinyapti, deb oʻylagan edim. Lekin mana bugun yana Yevropaning goʻzal goʻshalarini koʻrib tursam-da, Xiva atrofi va hovlilari tarovatini goʻzalroq deb bilaman… Mabodo, Sharq shoirlari oʻz ilhomlarini bu yerda sozlaganlarida edi, fors sahrolaridagidan koʻra arzigulik manbalar topgan boʻlar edilar.
* * *
Oʻrta Osiyoda bir odat bor, biroz vaqtga boʻlsa ham oddiy bir ish bilan kishining uyiga bosh suqsangiz, oldingizga dasturxon yozishadi va mehmon ozgina boʻlsa-da, tamaddi qilib olishi kerak boʻladi. Uy egasiga: “Men boshqa taom yeya olmayman”, deyishlik tarbiyasizlikning belgisi hisoblanadi. Mening hoji hamrohlarim ushbu borada ham oʻta tarbiyali ekanliklarini obdan isbotlashdi.
* * *
Oʻzbeklar konus shakliga oʻxshash moʻyna telpak, katta, qoʻpol yumshoq koʻn etik kiyishadi va shu bilan birga yozda uzun koʻylak kiyib yurishadi. Keyinchalik men ham shu kiyimni kiya boshladim, chunki koʻylakni ohori ketmasa, uni kiyish uyat hisoblanmaydi va hattoki, uni bozorga ham kiyib borish mumkin boʻladi.
* * *
Bundan tashqari, childirma va dutor boʻlib, baxshi oʻz qoʻshiqlarini musiqaga soladi. Odatdagi hayotda koʻproq qahramonlar kuylansa, qirol saroyida, aksincha, koʻproq Navoiy hamda fors shoirlari gʻazallari tanlanadi, yosh shahzodalar musiqa chalishga oʻrgatilgan boʻlishgani uchun xon koʻpincha ulardan oʻzi yoki saroy trubadurlari (baxshilari) hamrohligida biror musiqani ijro qilib berishni soʻraydi. Tehron yoki Bosfor saroylaridagi kabi oʻyin-kulguni siz oʻzbek hukmdorlari saroyida topa olmaysiz, u bu yerdagilarga tanish emas va yoki odatga aylanmagan. Oʻzbeklarning milliy xarakterida jiddiylik hamda qatʼiylik ustun…
* * *
Undan chetroqda Munojot togʻi koʻrinib turadi. U yerni avliyo Anbar ona dafn qilingan joy, deb bilishadi. Islomning sunniylik mazhabida ayol-avliyolar koʻpam uchrayvermaydi, lekin bunday avliyolardan bir nechtasi Oʻrta Osiyoda mavjud. Bu – Gʻarbdagi “islom insonning goʻzal boʻlagiga nisbatan oʻgay ona kabi munosabatda boʻladi”, degan maʼnodagi dunyoqarashiga nisbatan yana bir muhim ziddiyatdir.
* * *
Kechki qoʻnogʻimizga ancha-muncha yegulik uchun narsalar ovlab oldik. Men sizga aytgan qushlar bu yerlarda mazaliroqdir va umuman olganda, oʻzbeklar ularni Mozandarondagi forslarga qaraganda mazaliroq qilib tayyorlashni bilishadi. Oʻrmon tugagan yerda oʻzbeklar yashaydigan mustahkam Qizilchagala qalʼasi koʻrinadi.
* * *
Oksusning (Amudaryoning) qumli suvi suv sekinroq oqqani uchun tinib ulgurgan kanal va ariq suvlari kabi (toʻgʻridan-toʻgʻri – M. T.) ichish uchun judayam yaroqli emas. Oksusda esa suv goʻyoki qumdan tayyorlangan pirogni yegan kabi tishingda gʻijirlaydi, lekin uning suvini biroz tindirilib ichilsa boʻladi. Mazasi haqida soʻz yuritilsa, Turkiston aholisi yer yuzida biror daryoning suvi, hattoki, muborak Nilning suvining mazasi ham Oksusning suvi mazasiga tenglasha olmaydi, deya tasdiqlashadi. Boshida men yoqimli taʼm suvsiz sahrodan kelganim uchun boʻlayotir, degan tushunchada yurdim, lekin men tan berishim kerakki, na Osiyoda va na Yevropada suvi Oksus suvidan koʻra mazaliroq daryo suvini uchratmadim.
* * *
Meni yangi hamrohlarimga roʻpara qilishar va iloji boricha, menga goʻyoki oʻgʻli yoki ukasiga beriladigandek eng yaxshi maqtovlarni ular oldida yoʻllashar ekan, hamrohlarim meni shahar darvozasi oldida Qarshigacha ketishga tayyor turgan karvon qoshigacha kuzatib borishdi. Men oxirgi quchoq ochgan doʻstimdan ajragan damim yosh boladek yigʻlar ekanman, karvondagi oʻz joyimni egallab oldim; mening doʻstlarim ham koʻz yoshlari bilan yuzlarini yuvishar, ikki qoʻllarini osmonga koʻtarib Ollohdan safarim bexatar kechishini soʻrashar edi. Men bir necha bora orqamga oʻgirilib qarab bordim, lekin tez orada ular koʻzdan gʻoyib boʻlishdi va men faqat chiqib kelayotgan oy kabi yarqirab turgan Samarqand qubbalarini koʻra boshladim.
* * *
Oʻrta Osiyo boʻyicha pichoqsozlik keng tarqalgan boʻlib, hojilar ulardan sotib olib, forslar yurtiga, Arabistonga va Turkiyaga olib borishar va uch-toʻrt barobar qimmat narxda pullashar edi. Pichoqlar oʻzining mustahkamligi va nafisligi bilan inglizlarning eng nodir mahsulotlari bilan bemalol bellasha olar edi.
* * *
Biz yuqorida aytib oʻtgan ikki qoya orasidan oqib oʻtuvchi Oksusning kengligi Peshtam va Ofen orasidan oqib oʻtuvchi Dunayning kengligidan ikki barobar oshiq edi.
* * *
1862 yili qari Barakzoy hukmroni oxirgi bora qilichini Hirotning gʻayridinlariga nisbatan yalangʻochlaganida, butun Oʻrta Osiyo zirilladi, lekin Maymana bu gal ham boʻsh kelmadi hamda oʻzbeklarning mardlik va jasorati matalga, xalq ichida dostonga aylandi.
* * *
Bu – ushbu yerda izlarini haliyam topish mumkin boʻlgan Pul Tabon tosh koʻprigini qurishga farmon bergan mashhur sulton Husayn Mirzoning yozlik qarorgohidir. Oʻrta Osiyoning eng oʻqimishli ushbu hukmdori davrida aylana atrofdagi barcha yerlar gullab-yashnagan va Murgʻobning sohilida yana bir nechta shahardan tashqarida qurilgan saroylar mavjud boʻlgan.
* * *
Soʻngra men Kustenji orqali Peshtga joʻnab ketdim va u yerda menga Samarqanddan ayrilmay hamroh boʻlib kelayotgan qoʻngʻirotlik Mulla Isʼhoqni qoldirib, Londonga joʻnab ketdim (u Xivalik mulla Makka oʻrniga Vengriyaning poytaxtiga tushib qolganidagi hayratini oʻquvchi koʻz oldiga keltirishi qiyin emas. Uni koʻproq farangilarning oqkoʻngilligi, ular uni oʻldirib qoʻyishmagani hayratga solar edi). Men yurtimda koʻp qola olmas edim, chunki Angliya Qirolligining geografiya jamiyatida mavsum tugamasidan oʻz sayohatim haqida maʼruza qilishim kerak edi va men buni doʻstlarimning qoʻllab-quvvatlashi orqali uddallay oldim. 1864 yilning 9 iyunida Londonga keldim va ikki bir-biridan mutlaqo farqli boʻlgan shaharlar – Buxoroni Londonga almashishga koʻnikishim uchun mendan gʻoyatda katta matonat talab qilindi.
* * *
Oʻzbeklar bu – asosan, oʻtroq xalq boʻlib, dehqonchilik bilan shugʻullanishadi. Ular Orol dengizining janubiy chegarasidan to Komulagacha (Xivadan 40 kunlik yoʻl) boʻlgan juda keng maydonda istiqomat qilishadi va uchala xonlikning hamda Xitoy Tataristonining (Qashqar nazarda tutilayapti – M. T.) eng koʻp sonli xalqi hisoblanishadi. Oʻzbeklar 32 qavm (urugʻ – M. T.)ga boʻlinishadi (Shu oʻrinda Vamberi ularning nomlarini birma-bir keltirib oʻtadi – M. T.).
1) qoʻngʻirot, 2) qipchoq, 3) xitoy, 4) mangʻit, 5) noks, 6) nayman, 7) qulan, 8) qiyat, 9) as, 10) taz, 11) sayat, 12) jagatoy, 13) uygʻur, 14) oqbet, 15) doʻrmon, 16) yoshun, 17) qanjigʻali, 18) nogʻay, 19) bolgʻali, 20) miten, 21) jaloir, 22) kenagas, 23) qonli, 24) ishqili, 25) boʻyyurli, 26) alchin, 27) ochmoyli, 28) qorakursak, 29) birquloq, 30) turkush, 31) kallekesar, 32) ming.
* * *
“Oʻzbek” nomi bilan doimo koʻngilga juda yoqimli ohang beruvchi, yaxshi muomalalilik haqidagi taassurot keladi. Shuning uchun qirgʻizlar, qipchoqlar, qalmiq va boshqalar shaharga yashash uchun koʻchib borishlari bilanoq oʻz millatlaridan voz kechishib, oʻzlarini oʻzbek deya atay boshlashgan.
* * *
Poytaxt – Qoʻqon, (“Xobkent” soʻzidan kelib chiqqan boʻlishi, ehtimol – “goʻzal qishloq”, “goʻzal joy”) yoki yerli xalq Qoʻqondi – Latif, yaʼni “Maftun etuvchi Qoʻqon”, deya ataydi. U ajoyib vodiyda joylashgan boʻlib, maydoni Xivanikidan olti barobar, Buxorodan uch barobar va Tehrondan toʻrt barobar kattadir.
* * *
Toshkentdan soʻnggi eng ahamiyatga molik shaharlardan biri Xoʻjand boʻlib, unda 5 mingga yaqin uy va sholcha ishlab chiqaruvchi fabrika, 15 madrasa hamda 30 masjid bor; (Afsuski, Vamberi Toshkentda nechta madrasa boʻlganligi xabarini qoldirmagan yoki bu yozuvlar masʼul muharrir tomonidan keraksiz deb topilib, qisqartirib yuborilgan boʻlishi mumkin. Toshkentdan kichik shahar – Xoʻjandda 15 madrasa boʻlgan boʻlsa, Toshkentda oʻsha paytda balki ular soni kamida 20-30 boʻlgandir – M. T.) Margʻilon, Qoʻqon olimlarning oʻchogʻi boʻlib, hozirda Mahdum Aʼzam tariqatining rahbari (bu toʻra hozirgi Buxoro amiri shaharga gʻolib sifatida kirib kelganida unga oʻzining oq fotihasini berishdan bosh tortgan, lekin amir uni jazolashga botina olmagan) Buzrukxoʻja katta yashayotgan joydir; Andijonda xonlikning ogʻir shoyi material – eng yaxshi adraslari ishlab chiqariladi. Qoʻqon xonligining siyosiy ahvoliga kelsak, uning mustaqilligi Buxoro va Xivaniki kabi qadimiydir.
* * *
Qoʻylar hamma yerlarda quyruqli boʻladi va ular, ayniqsa, Buxoroda yaxshi boʻladi. Men Osiyo boʻyicha uning goʻshtidan koʻra mazaliroq et yemaganman.
* * *
Buxoro aholisi Xiva aholisidan son jihatidan bir necha barobarga koʻpdir va buxoroliklarning Xivani shu paytgacha bosib ololmaganligini faqat va faqat oʻzbeklarning mardligi bilangina izohlash mumkin. Mening eshitishimcha, Olloqulixon birinchi boʻlib oʻz elchilarini Buxoro va Qoʻqonga yoʻllab, Russiya tomonidan boʻlayotgan tajovuz xavfining oldini birgalikda olish taklifini qiladi. Buxoro bu taklifni olgach, uni rad etibgina qolmay, balki ruslar tomonga ogʻib ham ketadi. Qoʻqon taklifni qabul qiladi va Buxoro bilan urush holatida boʻlgan Shahrisabz va Hisor ham ularga qoʻshiladi. Lekin ittifoq yaxshi niyatligicha qolib ketadi.
Mansurxon TOIROV,
fizika-matematika fanlari doktori, professor
“Sharq yulduzi”, 2014–1
[1] Asardan parchalar ushbu maqola muallifi tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/venger-sayyohining-sonmas-sevgisi/