VENETSIYA

VENETSIYA — Italiyaning shim. dagi shahar, Adriatika dengizining Venetsiya qoʻltigʻida. Venetsiya viloyati va Venetsiya provinsiyasining maʼmuriy markazi. Venetsiya 2 kismdan iborat: tarixiy markaz (aholisi 100 ming kishi atrofida) 150 kanal bilan ajralib turgan 118 orolda joylashgan va materikdagi sanoatlashgan port qismi. Venetsiyaning orollardagi qismi — muzey shahar, dengiz kurorti, xalqaro turizm markazi. Aholisi 450 mingdan ziyod kishi (1990-y. lar oxirlari). Venetsiya dagi kanallar (rio) ustiga 400 dan ortiq koʻprik qurilgan. Kanallardan eng muhimi Katta kanalning uz. 3,8 km boʻlib, shaharni butunicha kesib oʻtgan. Materikka eng yaqin orol t. y. (1846 i. dan) va avtomobil yoʻlli (1932-y. dan) koʻprik orqali tutashgan. Yirik port (yuk ortib-tushirish yiliga 30 mln. t). Havo yoʻllari tuguni. Lido o. da xalqaro aeroport bor.

Mil. av. 5-a. dan boshlab Venetsiyada aholi yashagan. 9—10-a. larda Gʻarbiy Yevropa b-n Sharq oʻrtasidagi savdoda vositachilik rolini oʻynagan. 4-salib yurishi natijasida (1202—04) Venetsiya Oʻrta dengiz imperiyasiga aylanadi (Istanbulning bir qismi, Marmar dengizidagi bir necha gavan, Evbey, Krit va b. orollarni egalladi). 15-a. boshlariga kelib, Venetsiya oʻzga viloyatlarni bosib olish siyosatini yuritdi. Istanbulning turklar tasarrufiga oʻtishi (1453) hamda Buyuk geografik kashfiyotlardan soʻng savdo yoʻlining Oʻrta dengizdan Atlantika okeaniga koʻchishi Venetsiya mavqeiga katta zarar yetkazdi. 17—18-a. larda Venetsiya chukur tushkunlikka yuz tutdi. 1797-y. V. ni Fransiya qoʻshinlari ishgʻol qildi va Kampoformiy sulhiga muvofiq u Avstriyaga berildi. 1848—49 y. lardagi inqilob tufayli Venetsiya mustaqil respublika boʻldi. 1866-y. V. yana Italiya tarkibiga kirdi. 19-a. oxiri — 20-a. boshlarida Venetsiya yirik sanoat markaziga aylandi. Venetsiya 1943-y. nemis qoʻshinlari tomonidan okkupatsiya kilindi. 1945-y. apr. qoʻzgʻoloni natijasida ozod qilindi. Venetsiyaga sanoat xom ashyolari (metall, neft, koʻmir, paxta tolasi va b.) chetdan keltiriladi. Venetsiyada odatdagi shahar transporti yoʻq, yoʻlovchilar qayiqlar va motorli kemalarda tashiladi. V. Italiyaning iqtisodiy jihatdan ancha taraqqiy qilgan markazlaridan. Yirik sanoat korxonalari Venetsiyaning materikdagi chekka qismlarida. Kemasozlik, rangli metallurgiya (alyuminiy, rux), neftni qayta ishlash, kimyo, toʻqimachilik, mashinasozlik,oziq-ovqat, oyna, poligrafiya sanoati tarmoqlari rivojlangan. Qurol-aslaha, neftkimyo, koks-kimyo, alyuminiy prokatlari va chinni z-dlari, t. y. ustaxonalari bor. Shuningdek, qadimdan anʼana boʻlib kelayotgan badiiy buyumlar, nafis toʻrlar va b. hunarmandchilik buyumlari ham ishlab chiqariladi. Venetsiyaga turistlar koʻp keladi. Lido o. da mashhur xalqaro dengiz kurorti joylashgan. Sanʼat akademiyasi, savdo, tibbiyot va Adriatika dengizini oʻrganish in-ti, un-t bor. Kuzgi kuchli shamollar taʼsirida dengiz suvi sathining koʻtarilishidan Venetsiyada shahar maydonlari va koʻchalarini suv bosadi. Venetsiya asrlar davomida tobora suv ostiga choʻkayapti. Undagi moddiy va madaniy yodgorliklarni saqlab qolish uchun choralar izlanmoqda.

Venetsiyada (13-a. da) Italiyadagi asosiy rassomlik maktablaridan biri vujudga keldi va oʻziga xos tarzda rivoj topdi (q. Venetsiya maktabi). V. da Akademiya galereyasi, arxeologiya muzeyi, shisha buyumlari muzeyi (Murano o. da) bor. Meʼmoriy yodgorliklardan San-Marko sobori (9—15-a. lar), San-Marko qad. kutubxonasi (16-a.), saroylar (15-a., 15-a. oxiri), cherkov va monastirlar (15—16-a. lar) va b. saqlangan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x