VATVOT, Rashididdin, Rashid [taxalluslari (Vatvot — koʻrshapalak, uchar sichqon, adibning jussasi kichikligiga ishora); asl ismi Muhammad bin Abduljalol al-Umariy] (1087, Balx — 1177 yoki 1183, Xorazm) — shoir, adabiyotshunos olim. Balxning «Nizomiya» madrasasida taʼlim olgan, falsafa, adab haqidagi ilmlarni chuqur oʻrgangan. Keyinchalik Xorazmga kelib, Xorazmshoh Otsiz (1127—56) sa-royida ijod qilgan. «Saʼd-al-mulk» («Mamlakat baxti») faxriy unvoniga sazovor boʻlgan. Fors va arab tillarida yozgan. Gʻazal, ruboiy, qitalarida adolat, odamiylik, insoniy muhabbatni ulugʻlagan. Qasidalari xorazmshohlarga bagʻishlangan. Sheʼriyat nazariyasiga oid «Hadoiq as-sehr fi daqoiq ash-sheʼr» («Sheʼriy nozikliklardan sehr bogʻlari») asari 1156-y. gacha Xo-razmda yozilgan. Unda tajnis, sajʼ, zulqofiyatayn, maqlubi mustavi, savoljavob kabi sheʼriy sanʼatlar haqida soʻz yuritilgan. Asar keyingi davr shoir va adabiyot olimlariga qoʻllanma sifatida xizmat qilgan. Adabiyotshunos Sharafiddin Romiy (14-a.) bu asarga «Hadoiq al-haqoyiq» («Xaqiqat bogʻlari») nomli sharh yozgan. Shams Qays Roziy, Ataulloh Xusayniy sheʼriy sanʼatlar haqidagi asarlarida unga murojaat qilganlar. Bobur ham «Muxtasar» risolasida Vatvotni tilga olgan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые