Vasling oʻyida qolmadi hech sabru qarorim

* * *

Boʻlma gʻofil bu hayotda, har nafasdan top ziyo,

Kecha, kunduz, shoh, gado yo xoru xasdan top ziyo.

 

Oftobu oyning ziyosi barchaga birdek ayon,

Qudrati Haqdan taralgan turfa sasdan top ziyo.

 

Qumriyu bulbul ovozi chun azaldan xush turur,

Anga joʻr poyingdagi faryodrasdan top ziyo.

 

Yaxshi-yomon ichra olam evrilur bilmay toʻzim,

Ikkisidan ranj-alam chekkan u kasdan top ziyo.

 

Bogʻmi yo yobon qolurkim bosgan izdan, ey rafiq,

Gʻoyibi ruhda sharaf topgan havasdan top ziyo.

 

Ojiz aqling olmagay, baxsh etmasa yor nurini,

Fursati bergan ziyo boru abasdan top ziyo.

 

Dil aro, Mahmud, saodat izla ishq maydonida,

Neʼmati birla Xudo bergan jarasdan top ziyo.

 

 

* * *

Ey nigoro, qilma abgor vaslinga sen zor etib,

Bermagil koʻnglimga ozor ishq yoʻlini tor etib.

 

Topmadim hargiz visoling dard chekib hijron aro,

Qilmagil holimni murdor sen oni bekor etib.

 

Ishq-muhabbat ikki koʻngil ichrakim asror erur,

Et ani qalb ichra bisyor dilni sen hushyor etib.

 

Doʻst kuyib, agʻyor sevingay ushbu holimni koʻrib,

Tut oʻzingni menga gʻamxor, bas, diling izhor etib.

 

Vah, saning hajringda umrim oʻtda jonsiz, bemajol,

Etma rad ishqimni takror, oʻzni tutgil bor etib.

 

Bevafo dunyo arokim chin vafo qilguvchisan,

Aylagil bul qulga diydor, ishq arokim yor etib.

 

Dard aro, jismim aro, yor, bir seni, bas, tanladim,

Etmagil Mahmudni inkor doxili ul nor etib.

 

 

* * *

Saningdek dilraboga, yor, maningdek jonfido muhtoj,

Dili abgor, koʻzi xunborki, dardingda ado muhtoj.

 

Kuyib ishqingda har lahza, visoling istagay koʻnglim,

Tunu kun fikru oʻyingda yonurman, mubtalo muhtoj.

 

Jahon ayvonida yolgʻiz malaksan, mahliqosan, hur,

Sadoqat ilmini koʻnglim oʻqir, har dam gʻizo muhtoj.

 

Muhabbat dashtida sarson kezurman benavo, gʻamnok,

Judoligʻ oʻzi yetmasmu, yana ne-ne izo muhtoj.

 

Ne baxt topmoq visol dardin ham ishqda oʻzni his etmoq

Ki, topganlar izin oʻpmak uchun qaddi duto muhtoj.

 

Muborak husnu xolingdan umidvor telbaman, Mahmud,

Yuzing koʻrmak uchun ul kun yana mendek gado muhtoj.

 

 

* * *

Dilbarimdan koʻrmadim men hech vafo, ey doʻstlar,

Tunu kun hajridakim qilmay xato, ey doʻstlar.

 

Bogʻ aro istab gulin men topmadim hargiz ani,

Dastma-dast ketdi yiroq aylab judo, ey doʻstlar.

 

Voh, nechun shoʻxi durafshonga koʻngil berdim, ajab,

Koʻrsatib makrini boz etdi riyo, ey doʻstlar.

 

Foyda deb har ishni qildim, oxiri koʻrdim zarar,

Qoldi gʻaflat ichra dil aylab jafo, ey doʻstlar.

 

Darbadar ishqi aro hech uqmadim bir yaxshi soʻz,

Etdi xor dardidakim aylab gado, ey doʻstlar

 

Kim, vafo istab ziyondin boʻldi bor aqlim siyoh,

Voh, koʻngil birla vujud aylar nizo, ey doʻstlar.

 

Notavonlik ichra Mahmud oʻzidin izlar panoh

Yor yoʻlin topmay hanuz, vohasrato, ey doʻstlar.

 

 

* * *

Umid qilgil, umidingga goʻzal bir kun nazar bordur,

Umid qilgan koʻngullarni sharaflarga yozar bordur.

 

Umidning hikmati yetgay qaroru sabru toqatdin

Ki, bardosh mevasin bir kun umid birla uzar bordur.

 

Niyat birlan shijoatdin yorishgay muddao har dam,

Umidlilar koʻngil ahdin sadoqat-la bezar bordur.

 

Ilohning himmati doim umidlilar qarogʻida,

Bu nusrat birla har kimga ketar yoʻldin guzar bordur.

 

Umidning rishtasin tutgil, hidoyatga burar doim,

Umidsizlik umidlar qasrini doim buzar bordur.

 

Ayo koʻnglim, umid qilgil ilohdin, oh, soʻrab yolvor,

Umidlilar uchun har dam va har yon siymu zar bordur.

 

Yaratgan qudrati, Mahmud, abad shaʼmini yoqqaydur,

Bu neʼmat birla har kim oxirat yoʻlin tuzar bordur.

 

 

* * *

Diloro, hajri dardingda bu rangimni somon qilding,

Gʻamu hasrat, firoqingda bu qaddimni kamon qilding.

 

Visoling shuʼlasin koʻrmoq ilinjida edim, e voh,

Yiroqdin otashing birla yoqib umrim xazon qilding.

 

Xazon yangligʻ qoʻnim topmay xarobot ichrakim holim,

Falak charxidakim, e voh, hayotim toʻrt tomon qilding.

 

Qolib anduhu gʻam ichra jarohat topdi bu koʻngul

Ki, zulmat ichra sen tashlab nechun bagʻrimni qon qilding.

 

Tunu kun tashnadur bu dil, inonu ixtiyorim yoʻq,

Boʻlib soqiy, muhabbat bodasin sunmay yomon qilding.

 

Koʻrurman deb gado yangligʻ bu olam sahnini kezdim,

Solib jilvangni koʻnglumga na yerlarni makon qilding.

 

Visoling umidi birla oʻtar Mahmud qaror topmay,

Nechun ishqing tutib qulga, oʻzingni, yor, nihon qilding?

 

 

***

Ishqing jomiga zavqu safo soldi muhabbat,

Zavqu safo ichra jafo soldi muhabbat.

 

Ey yor, sani deb kuydi tamom ruhi ravonim

Ham ruhu tanim ichra nizo soldi muhabbat.

 

Vasling oʻyida qolmadi hech sabru qarorim,

Hijron oʻtiga nashʼu namo soldi muhabbat.

 

Zikringda sani boʻldi zabun holi tavonim,

Ruhimga ajib raqsu samo soldi muhabbat.

 

Yoʻqdir nazaring qulga hanuz, ey jafopesha,

Jismimga nihon xori fano soldi muhabbat.

 

Vaslu nasabing topmayin, oh, oʻtdi bu jonim,

Ahvolima rost koʻyi vido soldi muhabbat.

 

Yor boqmadi deb tarki vafo aylama, Mahmud,

Osiy quliga rohi Xudo soldi muhabbat.

 

 

Ismoil Mahmud

 

“Ijod olami”, 2018/4

https://saviya.uz/ijod/nazm/vasling-oyida-qolmadi-hech-sabru-qarorim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x