Anna Axmatova 20 asr rus sheʼriyatining yorqin vakillaridan biridir. U 1889 yilning 11 iyunida Odessada tugʻildi. Anna yoshiga yetay deb qolganida, uning oilasi shimolga – bizga Pushkin sheʼrlari orqali tanish boʻlgan mashhur Sarskoye Seloga koʻchib keladi. Boʻlgʻusi shoiraning bolalik va oʻsmirlik yillari shu makon bilan bogʻliq. Anna Axmatovaning ilk sheʼrlarida Sarskoye Selo manzaralari bor boʻy-basti bilan namoyon boʻlgan. Shoira “Oʻzim haqimda” nomli maqolasida bolalik damlarini shunday xotirlaydi: “Menga oʻqishni Lev Tolstoy alifbosi asosida oʻrgatishgan. Besh yoshimda esa katta yoshli bolalarga fransuz tilidan saboq berayotgan enagamga quloq solib oʻtirib, fransuzcha soʻzlarni oʻrgana boshladim. Birinchi sheʼrimni oʻn bir yoshimda yozganman. Boshqalardan farqli tarzda meni sheʼriyat bilan ilk bor Pushkin va Lermontov sheʼrlari emas, balki Derjavin hamda Nekrasov ijodi tanishtirgan. Oyim bu shoirlarning sheʼrlarini yoddan bilar va bizga oʻqib berar edi”.
1905 yilda shoiraning ota-onasi ajrashib ketishadi. Onasi farzandlarini olib janubga yoʻl oladi. Sevimli Sarskoye Selodan, bolalik xotiralari va ilk muhabbatidan olisga ketish yosh shoiraning taʼsirchan qalbini iztirobga giriftor etadi. Ayni paytda uning uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.
Fundukleevskiy gimnaziyasida maktab tahsilini tugallagan Anna Kiyevdagi Xotin-qizlar Oliy kursining huquqshunoslik fakultetida oʻqiy boshlaydi. 21 yoshida akmeizm oqimining asoschisi, jahongashta shoir Nikolay Gumilyov bilan turmush quradi. Kelin-kuyov asal oyini Parijda oʻtkazishadi. Keyinchalik Parij manzaralarini eslar ekan, shoira: “Parijda boʻlganimda tushunib yetdimki, fransuz rassomchiligi fransuz sheʼriyatini yutib yuboribdi”, deb yozgan edi.
Anna Axmatovaning ilk sheʼriy toʻplami 1912 yilda “Oqshom” nomi bilan chop etiladi. Bor-yoʻgʻi 300 nusxada nashr etilgan kitob sheʼriyat muxlislari orasida qoʻlma-qoʻl boʻlib ketadi, adabiy tanqidchilik ham shoiraning ilk kitobini yuqori baholaydi. Shu yili Axmatova hamda Gumilyovning yakkayu yagona farzandi – mashhur tarixchi Lev Gumilyov dunyoga keladi. 1914 yilning mart oyida shoiraning ikkinchi toʻplami – “Tasbehlar” chop etiladi. Bu kitob rus sheʼriyatida oʻz soʻziga ega boʻlgan yangi bir isteʼdod paydo boʻlganidan darak edi. Tahlikali bir davrda nashr etilganiga qaramay, “Tasbehlar”ning shov-shuvi butun mamlakat boʻylab yoyiladi. 1917 yilda shoira “Oq gala” sarlavhasi bilan uchinchi kitobini nashr ettiradi. 1921 yilda “Bargizub” dunyoga keladi.
Anna Axmatova sheʼriyatiga yuzlangan oʻquvchi taqdiri azal unga nihoyatda ogʻir qismatni ravo koʻrganini anglaydi: shoiraning butun hayoti yaqin insonlarini sogʻinib oʻtgan. Umr boʻyi hijron jomidan paydar-pay ichib yashagan shoira timsolida biz ayol matonatining qudratini his etamiz.
Axmatova ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkentda yashaydi. Bir qancha sheʼriy turkumlar yaratadi, tarjima bilan shugʻullanadi. Hassos qalbida ulkan adibimiz Oybek ijodi va shaxsiyatiga nisbatan chuqur hurmat uygʻonadi.
Qizigʻi shundaki, Axmatova prozada ham qalam tebratib koʻrgan. Garchi zamondoshlari yaxshi baholashsa-da, doʻsti, yozuvchi Mixail Zoshchenkoning kichik eʼtirozlaridan soʻng u nasriy asarlarini yoqib yuboradi. Adabiyotshunoslarning xulosasiga koʻra, yigirma ikki yil davomida yozib tugallangan “Qahramonsiz doston” asari Axmatova ijodining shoh choʻqqisidir.
Anna Axmatova adabiyot uchun tugʻildi. Eng ogʻir vaziyatlarda sheʼrdan yupanch topdi. Shu yupanch tufayli umrining soʻnggi yillarida ushbu soʻzlarni qogʻozga tushira oldi: “Men hech qachon sheʼr yozishdan toʻxtamadim. Nazarimda, sheʼrlarim mustahkam rishtalar kabi meni vaqt bilan, xalqim bilan bogʻlab turadi”.
Tarjimondan
* * *
Jiddiy boqma hamma narsaga,
Chekmay desang bir kun nadomat.
Koʻngil qadrin bilmas kimsaga
Dilni ochmoq kerakmas albat.
Kim uchundir epizodsan, bas –
Oddiy chiziq dayri fanoda.
Yoʻq, yoʻq, hushni olar ufqmas,
Sen zarrasan yorugʻ dunyoda.
Nolsan – hechlik, yoʻqlik timsoli
Kim uchundir, olmagaysan tan.
Zirqirashdan boʻlolsa xoli
Qalbing, qah-qah urgung dafʼatan.
Jilmayasan qarab, koʻzguda
Malak turar, surgancha xayol.
Koʻz yoshing art, boshingni koʻtar,
Goʻzallikning oʻzisan, ayol!
* * *
Yigirma birinchi, dushanba tuni.
Poytaxt chizgilari – xira osmonda,
Qandaydir bekorchi aytdi bir kuni
Muhabbat bor, deya yorugʻ jahonda.
Soddalik sabab yo sogʻinganidan
Odamlar ishondi – shundoq yashashar:
Visolni kutishar, choʻchib hijrondan,
Ishqiy qoʻshiqlarni hamon kuylashar.
Sirni ochadi-yu birovlar, lekin
Lom-mim deyisholmas, sukutda bari.
Bunga tasodifan duch keluvdim men,
Goʻyo xastadekman oʻshandan beri…
* * *
Tirikmisan, yorugʻ olamda
Bormi seni izlashdan maʼno?
Oqshom chogʻi eslab, alamdan
Yorqin olov tarataymi yo?
Sen uchundir kunduz duosi,
Yondirguvchi bedorlik – bari.
Sheʼrlarimning oppoq galasi,
Koʻzlarimning moviy gulxani.
Aylanmovdi hech kim orzumga,
Buncha azob etmovdi ato.
Oʻsha – sotib meni qaygʻuga,
Erkalab, soʻng kechgan zot hatto.
* * *
Yoqimlidir gulxan tegrasi –
Izgʻirin va shamoldan keyin,
Unda dilni asrolmadim men,
Oʻgʻirlashdi uni, chamasi.
Davom etar yangi yil, namxush
Atirgullar poyasi ham bot.
Yuragimda bermaydi tovush
Ninachilar, silkishib qanot.
Oh, oʻgʻrini aniqlash oson,
Koʻzlaridan olgayman tanib.
Qoʻrqamanki, kelar men tomon,
Oʻljasini qaytib bergani.
* * *
Bogʻlanmagan koʻngil koʻngilga,
Ketavergin, istasang agar.
Kim shahd bilan chiqarkan yoʻlga,
Shaksiz, uni kutadi baxtlar.
Nolimayman, toʻkmasman ashkim,
Taqdirimga bitilmagan baxt.
Boʻsa olma, taslim boʻlsa kim –
Uni ajal oʻpadi shu vaqt.
Hazin kun-la tashlashib qadam
Qish kunlari oʻtarkan oppoq.
Men tanlagan oʻsha odamdan
Oh, nahotki boʻlsang yaxshiroq?
* * *
Shom nurlari sargʻish hamda keng,
Yoqimlidir aprel salqini.
Garchi koʻp yil kechikib kelding,
Koʻrganimdan mamnunman seni.
Kel, yonimga oʻtir yaqinroq,
Koʻzlarimga qaragin kulib.
Manavi koʻk daftar ichra, boq –
Ilk sheʼrlarim turar jam boʻlib.
Kechir, edim haddin dilpora,
Quyosh meni quvontirdi kam.
Oʻxshatibman seni koʻp bora
Oʻzgalarga, oʻt gunohimdan.
* * *
Shunday boʻlar bahor oldidan:
Qor ostida oʻtloq olar tin.
Pichirlashar daraxtlar shodon,
Iliq shamol ravon va mayin.
Yengil sezib taningni, ruhni,
Uying ajib koʻrinar bu dam.
Jonga tekkan eski qoʻshiqni
Hayajon-la boshdan aytasan.
* * *
Ketdim sokin bogʻing, oppoq uyingdan,
Toki umring yorugʻ, kimsasiz boʻlsin.
Men shunday yozdimki madhing, koʻyingda –
Ayol zoti yoza olmas bundayin.
Jannatingda meni etajaksan yod,
Koʻzlar quvonchi deb qiluvding bunyod.
Bisotimda esa kamyob bir mato,
Sevging va mehringni sotyapman hatto.
* * *
Sanagancha boʻm-boʻsh kunlarni
Yolgʻizdirman, topilmas hamroz.
Oh, qaydasiz, ozod doʻstlarim,
Oqqushlarim, beringlar ovoz.
Chorlamasman kuylab qoʻshiqlar,
Koʻz yosh bilan qaytarmam ortga.
Lekin tunda, qaygʻuli mahal
Duolar-la olaman yodga.
Boʻlib ajal oʻqiga nishon
Qulab tushdi nogoh biringiz.
Biri meni oʻpgani zamon
Qargʻa boʻlib koʻz ochdi, essiz…
Lek yilda bir boʻladi sodir,
Qalin muzlar erigani dam,
Yekaterina bogʻidan dilgir
Pok suvlarga boqaman men ham.
Va eshitgum: tarar suv yuzin
Keng qanotlar moviy dur socha.
Buzib mangu zulmat qonunin
Kim qabrimga ochdi daricha?
* * *
Jilmayishni yigʻishtirdim, bas –
Sovuq yelda muzladi lablar.
Bir umidim boʻladi abas,
Soʻng bittaga ortar qoʻshiqlar.
Shu qoʻshiqqa ayirboshlayman
Boʻlsa agar tortishuv, kulgi.
Chunki dilga botmoqda yomon
Muhabbatning uzoq jimligi.
* * *
Bugun koʻpdir yumushim: zotan
Xotiramni etgayman barbod,
Toki toshga aylansin diydam
Va qaytadan boshlayin hayot.
Oʻzga rolim bordir ertaga –
Qovushmaydi kulgularim ham.
“Sevgi azob” deganding menga,
Adashibsan. Sevgi – jahannam.
Gulnoz MOʻMINOVA tarjimalari
“Yoshlik”, 2015 yil 1-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/vaqtdan-golib-sheriyat/