Qabul aylang
Yoshlikda bu bogʻda ancha yurganman,
Yana bogʻdan qaytdim – gullar terganman,
Bejizgamas bu gul – koʻngil berganman,
Gulni gulligicha qabul aylang siz.
Yoshligim qolmadi, hali ham oʻsha
Xayolchan oshiqman – ishq menga goʻsha,
Yoʻlingizga dilim qoʻyibman toʻshab,
Dilni dilligicha qabul aylang siz.
Koʻrishsam, qoʻllarim kaftingizdadir,
Xayr desam, soyasi ortingizdadir,
Quyoshning mehri ham taftingizdandir,
Qoʻlni qoʻlligicha qabul aylang siz.
Muhabbat yoʻli bu – uzun va bitmas,
Mehringiz boʻlmasa, yoʻlni yoritmas,
Qancha yursam, bu yoʻl meni horitmas,
Yoʻlni yoʻlligicha qabul aylang siz.
Koʻngil uyi
Ey doʻstlarim qurganman,
Koʻngil degan imorat.
Devori mehr degan,
Gʻishtlaridan iborat.
Buzilmasin koʻnglingiz,
Bitmas dunyo ishlari.
Koʻz yosh toʻkib eritmang,
Bu imorat gʻishtlarin.
* * *
Senu mendek yolgʻiz insonni
Hijron yutib boradir, gulim.
Muhr qilib qalbga hijronni,
Umr oʻtib boradir, gulim…
Muhabbatning oʻtli choʻgʻidan,
Malham olmoq balki kifoya.
Oʻldirguchi fursat oʻqidan
Bizni qilmas hech kim himoya.
Sen u yondir, men esa u yon,
Oʻrtada bir daryodir, gulim.
Nega jimsiz,
Ne giryon uchun,
Umr oʻtib boradir, gulim.
Fursat – tilsim, fursatni qoʻldan
Bermogʻimiz azobdir, azob.
Adashmaylik, gulim, bu yoʻldan.
Vaqt oldida saqlaylik odob.
Koʻz yosh boʻlib goʻyo kiprikdan,
Tomgan suvga yetarmi qoʻlim.
Ikkalamiz solgan koʻprikdan
Umr oʻtib boradir, gulim…
Hazil
Qoshiq edi, “q” ketib,
Oshiq boʻldi bir zumda.
Kulfat edi, “k” ketib,
Ulfat boʻldi bir zumda.
Tayyor edi, “t” ketib,
Ayyor boʻldi bir zumda.
Qornin oʻylab har safar,
Qoshiqqa oshiq boʻldi.
Ammo qorni yorilib,
Kulfatga ulfat boʻldi.
Baribir, baribir
Tayyorga ayyor boʻldi.
Sevgi
Bugʻdoyzordek shovullading,
Somoning boʻldim, sevgi.
Sen begʻubor bolasan,
Tovoning boʻldim, sevgi.
Sen baribir yaxshisan,
Yomoning boʻldim, sevgi.
Sen maʼlumsan. Nomaʼlum
Tomoning boʻldim, sevgi!
Eski kundalik
Bu eski kundalik – qadrdon daftar,
Betida quyoshu, oy bor ortida.
Varaqlar – qanotin yozgan kabutar,
Yillarning izi bor har bir qatida.
Bu eski kundalik – esdalik uchun
Chizilgan gʻunchada xushboʻy atrlar.
Hukmim bajarishga yetmaydi kuchi,
Qinidan chiqmagan qilich satrlar.
Bu eski kundalik – hali toʻlmagan,
Olovga tashlagim keladi, lekin…
Oppoq sahifalar hali toʻlmagan
Oyga qarab meni yetaklar sekin.
Inson
Ey qadrdon, ey jigar
Deb aytaylik barchaga,
Koʻngli dardchil boʻlsa gar,
Dardiga darmon kerak.
Gʻalla pishsin dalada,
Rizqimiz shu gʻallada,
Taraqqiyot pallada,
Oʻzbekka xirmon kerak.
Toʻysin asal, boliga,
Qoʻyingiz oʻz holiga,
Taʼqiblardan horigan
Ayiqqa oʻrmon kerak.
Qulun kerak biyaga,
Sahro kerak tuyaga,
Yurmasin deb qiyaga
Karvonga sarbon kerak.
Qoʻshiq aytsam toza zoʻr,
Sen ham menga boʻlgin joʻr.
Toʻzgʻimagin, inoq boʻl,
Dushmanga sarson kerak.
Quyoshiga, oyiga
Kim sheʼr atab boyigan.
Nima dersiz, shoirga
Zominu Doʻrmon kerak.
Kezib dunyoning ichin,
Yurtim koʻrsatdi kuchin,
Madhini bitmoq uchun
Tuganmas doston kerak.
Quyosh kerak olamga,
Vatan kerak odamga,
Biling, har bir qadamda
Insonga inson kerak.
Darvoza
Uying buncha shinamdir,
Hovlingga gul soch, sevgi.
Ostonangda turibman,
Darvozangni och, sevgi.
Mening bunday soʻzimni,
Qalbga qattiq olmagin.
Men ham kiray uyingga,
Koʻngilga qulf solmagin…
Shodi OTAMUROD
“Ijod olami”, 2018/3
https://saviya.uz/ijod/nazm/vaqt-oldida-saqlaylik-odob/