Onore de Balzak taniqli fransuz adiblaridan biri boʻlib, jahon adabiyotiga ham “Gorio ota”, “Sagʻri teri tilsimi”, “Gobsek” singari betakror, oʻlmas asarlari bilan hissa qoʻsha olgan. “Inson komediyasi”ning muallifi bir paytlar grafinya Evelina Ganskayaga shunday deb yozgan edi: “Uch inson benihoya, umrboqiy umrga munosibdir: Napoleon, Kyuvye, O’Konnel, – men ularning toʻrtinchisi boʻlishni istardim…” Adibiyotshunoslarning fikricha, Balzak bosib oʻtgan hayot yoʻli, adabiy merosi bilan haqli ravishda yuqoridagi shaxslar qatorida turadi.
Quyida uning asarlaridan saralangan satrlarni hukmingizga havola qilamiz.
***
Kishi haqida hukm chiqarishdan oldin loaqal uning fikr-asrori, uning baxtsizligi, uning hayajoniga sherik boʻlish kerak.
* * *
Oʻta goʻzallik, eng dilbar tashqi qiyofa ham, agar hech kim shaydo boʻlmasa, uch pul.
* * *
Hayot turli xil holatlarning almashinuvidir, istagan joyda qulay ahvolda qolish uchun ularni oʻrganish, kuzatish kerak.
* * *
Qoʻlimizdan keladigan barcha uddaburonliklar chidam va vaqtning aralashmasidan boshqa narsa emas.
* * *
Vaqt – aqliy mehnat kishisining sarmoyasi.
* * *
Barcha tuygʻularimiz ichidagi eng esdan chiqmaydigani – qaygʻu.
* * *
Koʻzga tashlanib turmagan saxovatni hech kim axtarib oʻtirmaydi.
* * *
Ikkilanish – kuchni yoʻqotish demakdir.
* * *
Sabr bilan kutganlarga hamma narsa oʻz vaqtida keladi.
* * *
Meʼyordan oshirib yuborish – maqsadga yetish emas.
* * *
Oʻz ojizligini tan olish bilan inson yanada baquvvatlashadi.
* * *
Aqlning xuddi bogʻkoʻcha singari sinalgan soʻqmoqlari bor.
* * *
Kulgi bilan feʼl-atvorni ham tuzatadilar.
* * *
Ahmoqlik shu qadar tubsiz jahannamki, uni tagigacha bilib boʻlmaydi, undan hech bir aks sado ham chiqmaydi, u jami narsalarni nom-nishonsiz yutib yuboradi.
* * *
Savol alomati har qanday fanning kalitidir.
* * *
Haqiqiy olim xayolparastdir, kimki xayolparast boʻlmasa, u oʻzini amaliyotchi deb ataydi.
* * *
Barcha tajribalar umid va sinchkovlik changalida pishib yetiladi.
* * *
Odatlar – bu odamlardir, qonunlar esa – mamlakatning aqli. Odamlar koʻpincha qonunlardan koʻra shafqatsizroqdir. Aksari nomaqbul odatlar qonunlardan ustun keladi.
* * *
Aybdor boʻlmaslik uchun ming karra haq boʻlmoqlik darkordir.
* * *
Haqiqatning taʼmi taxir, ammo u shifobaxsh achchiq dorining oʻzginasidir.
* * *
Vijdonimiz – agar uni oʻzimiz oʻldirgan boʻlmasak, eng pokiza hakamimizdir.
* * *
Oʻziga-oʻzi mahliyolik – doʻstlikni qiyratuvchi zahar.
* * *
Doʻst ogʻzidan chiqqan tanqidiy fikr naqadar totli, unga ishonasan, undan xomushlanib qolasan, chunki uning toʻgʻriligiga shubha yoʻq, lekin u jonni ogʻritmaydi.
* * *
Oʻtmishni ham, kelajakni ham tan olmaydigan yagona ehtiros sevgidir.
* * *
Muhabbat – shunday bir soxta tanga yasovchiki, u tinim bilmay misni oltinga aylantiruvchigina boʻlib qolmay, vaqti-vaqti bilan oltinni misga aylantirib turuvchi hamdir.
* * *
Erkak kishining isteʼdodi xuddi ayol jozibasiga oʻxshab – quruq vaʼdaning oʻzi. Chinakam ulugʻvorlik uchun esa uning qalbi va feʼl-atvori ham oʻz isteʼdodiga monand boʻlmogʻi kerak.
* * *
Men oʻz hayotimni poralanishi mumkin boʻlgan yurakka ham, oʻtmaslashib qoladigan his-tuygʻularga ham emas, balki hech qachon eskirmaydigan va hamma narsaga bardosh bera oladigan miyaga jamlaganman.
* * *
Muhabbat oilaviy mashmashalarni shu qadar yoqtirmaydiki, chinakamiga baxt-saodatli boʻlmoq uchun bir-birovingda eng olijanob fazilatlarni topa bilmogʻing kerak.
* * *
Izzat-hurmat ota va onani, shuningdek, bolalarni ham qoʻriqlab turuvchi posbondir; u ota-onani kulfat va gʻamdan, bolalarni esa vijdon azobidan qutqaradi.
* * *
Iroda isteʼdodga nisbatan koʻproq iftixor qilsa arziydi va shunday boʻlishi kerak. Agar isteʼdod tabiiy moyilliklarning oʻsib-ulgʻayishi boʻlsa, qatʼiy iroda esa – bu iroda itoat ettirib, bostirib turadigan koʻnikmalar, havaslar ustidan, u yengib oʻtadigan toʻsiq va gʻovlar ustidan, u qahramonona bartaraf qiladigan har qanday qiyinchiliklar ustidan har bir daqiqada qoʻlga kiritiladigan gʻalabadir.
* * *
Doim oʻzing gapiraversang – hamisha haq boʻlib chiqasan.
* * *
Xushmuomalalik va kamtarlik kishining chinakam maʼrifatliligidan nishona.
* * *
Sizdan iltimos qilinmagan ishni oʻzingizdan-oʻzingiz bajarmang.
* * *
Izzattalablik aralashgan joyda samimiyatga oʻrin yoʻq.
Azizbek NOROV tayyorladi.
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/vaqt-aqliy-mehnat-kishisining-sarmoyasi/