Maks ADLER
Roksboroulik janob Battervik anchadan beri uyqusizlik kasaliga chalingan. Mana hozir ham pinakka ketish uchun qilgan besamar harakatlaridan soʻng, toʻsatdan yodiga bir almanaxda oʻqigani, uyqusizlikni davolash chorasi tushib qoldi. Unda uxlab qolish uchun xayolga bir poda qoʻyni biror toʻsiq ustidan sakrayotganini keltirib, keyin ularni sanash lozimligi yozilgan. U shu tajribani amalda qoʻllashga qaror qildi. Koʻzlarini yumib toʻsiqdan sakrayotgan qoʻylarni tasavvur qila boshladi. Bir yuz qirqinchi qoʻyga kelib, janob Battervik mudray boshladi. Ammo toʻsatdan Battervik xonim gapirib yubordi:
– Yozef!
– Ha, nima?
– Menimcha sariq tovugʻimiz joʻja ochmoqchi.
– Oh, bunday arzimas gaplar bilan uyqumga halaqit berma! Jim boʻl-da, uxla!
Keyin Battervik yana boshqatdan qoʻylarini sanashni boshladi: U bir yuz yigirmanchi qoʻyga kelgan payt yana koʻzi mudray boshlaganini sezdi, bir yuz yigirma birinchi qoʻy toʻsiqdan oshib oʻtish uchun havoga koʻtarilgandi hamki, egizaklardan bittasi baqirib yigʻlab yubordi.
– Bolangga qara! – deb, baqirdi u Battervik xonimga. – Nega sen uni tinchlantirib uxlata olmaysan-a?
Battervik xonim bolani uxlatishi bilanoq, Battervik, asabiylashgan va hayajolanayotgan boʻlsa ham, boyagi ishidan davom etishga qaror qildi. Xayoliy podani koʻz oldiga keltirib sanashni boshladi.
Endigina oltmish birinchi qoʻy xursanchilik bilan toʻsiqdan sakrab oʻtgandi hamki, Battervikning qaynonasi eshikni tiqillatib, kuyovini soʻroqlatdi. Uning uygʻoqligini bilgach, orqa darchani yopishni unutganini, hozirgina bogʻda oʻgʻrilar shovurini eshitgandek boʻlganini maʼlum qildi.
Battervik choyshabga oʻranib boqqa chiqdi. Darchaning har doimgidek yopiqligini koʻrgan Battervik, yotoqxonaga qaytgan zahotiyoq ertaga ertalab, yaxshilikcha yo qaynonasi, yoki uning oʻzi uydan chiqib ketishini aytdi.
Boʻlgan voqealarga qaramay, u almanaxda yozilgan tavsiyaga yana bir bor imkon bermoqchi boʻldi. Bu safar u ikki yuz qirqinchi qoʻyga yetib keldi, bunaqa, uch yuzinchi qoʻyga yetguncha u aniq uzoq kutilgan uyquga shoʻngʻishi aniq edi. Lekin shu payt qoʻshni bogʻdagi Maksning yangi iti eski uyini sogʻinib, uzoq va baland ovozda uvillay boshladi.
Battervik gʻazab otiga mingan edi. Qoʻylarga ham parvo qilmasdan, u qoʻliga ilingan narsa bilan Maksning yangi itini “oʻqqa tuta” boshladi. Tovoqchalar, finjonlar va qoshiqlardan soʻng itga qarab Daniel Vebsterning gipsdan ishlangan byusti uchdi-yu, it yugurib uyasiga kirib ketdi. Va tonggacha eski uyi haqida sukunatda oʻylashga majbur boʻldi. Sabr kosasiga oxirgi tomchi tushganini sezib tursa ham Battervik amanaxda maslahat bergan olim tavsiyasiga yana bir amal qilishga urinib koʻrdi. Shunday qilib sakson ikkinchi qoʻy ham eson-omon toʻsiqdan sakrab oʻtganini koʻrib, endigina tushlar olamiga sokin shoʻngʻiyotgan mahal, toʻsatdan Battervik xonim uyqusirab gumburlagan koʻyi koravatdan yiqilib tushdi va bu safar egizaklarning ikkalasini ham uygʻotib yubordi. Bolalarning chinqirigʻiga qoʻshimcha, qaynona tepadan pastki qavatga bir vaqtning toʻrt qadam tashlab, hozirgi boʻlgan yer qimirlashini pastdagi bolalari ham sezgan-sezmaganini soʻrab, uchib kelayotgandi.
Boʻlib turgan holat soʻz bilan tarif etib boʻlmas darajada yomon edi. Battervik unga bir muddat aqldan ozgan kishidek qarab turdi-da, keyin yostigʻini olib, shahd bilan orqa mehmonxonadagi divan tomon yoʻl oldi. U oʻn daqiqa ichida, hech qanday almanaxning maslahatlarisiz uxlab qoldi. Tushida Kosvold qoʻchqori uni ekvator boʻylab quvlab yurganini koʻrdi. Ertalab dahshatli bel va bosh ogʻrigʻidan uygʻondi. U endi Kosvold qoʻylari faqat jun va goʻshtlikka yaxshi ekanini, ammo maqtashga umuman arzimasligini teran angladi.
Ingliz tilidan Aidaxon BOʻMATOVA tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 7–8-sonlar
https://saviya.uz/ijod/nasr/uyqu-arafasi/