Rahmatulla Otaqoʻzi oʻgʻli Uygʻun 1905 yili hozirgi Qozogʻiston Respublikasi Jambul viloyatining Marki qishlogʻida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. U qishlogʻidagi maktabni tugatgach, Toshkent pedagogika texnikumida oʻqidi. 1925 yildan boshlab Toshkent qishloq xoʻjalik texnikumida oʻzbek tili va adabiyotidan dars berdi.
Uygʻun 1927 yili Samarqanddagi Pedagogika akademiyasiga oʻqishga kirib, Mirtemir, Hamid Olimjon, Amin Umariy, Hasan Poʻlatlar bilan tanishadi.
Uygʻun yoshligidan sheʼrlar yozib, vaqtli matbuotda faol ishtirok eta boshladi. 1929 yili shoirning “Bahor quvonchlari” nomli birinchi sheʼrlar toʻplami chop etildi. 30-yillarda uning “Ikkinchi kitob”, “Quyosh oʻlkasi”, “Sheʼrlar”, “Muhabbat” kabi yangi sheʼriy toʻplamlari, bir qator hikoya va dostonlari bosilib chiqdi.
Uygʻun sheʼriyati markazida bahor, muhabbat, Vatan, tinchlik, doʻstlik mavzulari turadi. Dastlabki sheʼriy toʻplamining “Bahor quvonchlari” deb atalishi ham bejiz emas. “Vatan – Ona soʻzi naqadar aziz” deb boshlanuvchi “Vatan” nomli sheʼri oʻzbek sheʼriyatidagi ona-Vatan haqidagi eng yaxshi asarlar sirasiga kiradi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi yuksak vatanparvarlik fazilatlarini kuylagan shoir sheʼriyati yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarildi. Uygʻun bu davrda “Ona” (1942), “Alisher Navoiy” (1943, Izzat Sulton bilan hamkorlikda), “Qaltis hazil” (1944) kabi sahna asarlarini ham yaratdi.
Uygʻunning urushdan keyingi yillardagi ijodida urush va tinchlik, fidokorona mehnat mavzulari yetakchilik qildi. Shoir shu davrda “Hayot chorlaydi” (1954) sheʼriy toʻplamini eʼlon qildi. “Hayot qoʻshigʻi” (1947), “Oltinkoʻl”, “Navbahor” (1948), “Soʻnggi pushaymon” (1955) singari dramatik asarlarini yozdi.
Shoirning, 60-yillardan keyin yaratilgan sheʼrlarida koʻproq umuminsoniy qadriyatlarni ardoqlash yetakchilik qiladi. Bu jihatdan “Xirosima takrorlanmasin”, “Himolay”, “Chodir yopingan ayol”, “Shahringga yoʻl oldim”, “Hind raqqosasiga” kabi sheʼrlari eʼtiborga loyiq. Shuningdek, u “Ukraina yellari”, “Jontemir”, “Gulasal” kabi doston va balladalar ham yaratgan. Uning “Parvona” (1956), “Abu Rayhon Beruniy” (1973), “Ibn Sino”, “Zebunniso” kabi sahna asarlari ham bor. Uygʻun 1952–1954 yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi boʻlib ishladi.
U oʻzbek adabiyoti taraqqiyoti yoʻlidagi xizmatlari uchun 1956 yili “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi”, 1965 yili esa “Oʻzbekiston xalq shoiri” faxriy unvonlariga, shuningdek, Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Uygʻun 1974 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga muxbir aʼzo qilib saylangan. U A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, A. P. Chexov, L. N. Tolstoy, V. Shekspir asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/uygun-1905-1990/