Muhtaram va goʻzallikda tengsiz ayollarini uy ishlaridan “ozod” qilgan uy beklari!
Siz bugun farzandlar tarbiyasi bilan bandmisiz? Sizni roʻzgʻor ikir-chikirlari – bolalarni kiyintirish, ovqatlantirish, maktabga (bogʻchaga) olib borib-olib kelish… kabi yumushlar qiynayaptimi? U holda “Nazokatli va nafosatli uy beklari” masʼuliyati cheklangan jamiyati muassisligida nashr etilayotgan yangi – “Uy begi” gazetasini oʻqib boring!
Gazeta xotini xorijga ishga ketgan yoki shu yerda ishlaydigan, oʻzi esa uyda butkul farzandlar tarbiyasi bilan mashgʻul siz kabi barcha uy beklariga bagʻishlangan.
Uning yaqindagina eʼlon qilingan nishona sonini qoʻlingizga olar ekansiz, birinchi sahifasiga nigohingiz tushiboq, vujudingizga titroq kirishi aniq. Chunki unda chet elga ish qidirib ketganicha, uch yildan buyon oʻzi haqida xabar qilmayotgan ayolini qoʻmsayotgan dilning hasratlari bilan tanishasiz. Mazkur sogʻinchnoma muallifi, mehribon uy begi Bardamboy Gulyuz, soʻzining oxirida uni tashlab ketgan ayoliga koʻz yoshlari daryo boʻlib, shunday murojaat qiladi: “Shirmongul, goʻzalim! Uyga qaytsang-chi! Men gʻaribing-ku, nachora, koʻnikib ham qoldim… Loaqal, bolalarimizni oʻylasang-chi, Shirmon! Kichkinangni soʻramaysanmi? Uyam esini tanib qoldi, sen ketganingdan beri! Har oqshom Rayhonmi, Aliyami televizorda koʻrinib qolsa, ekranga talpingani-talpingan! Oyim ham oʻsha yerda boʻlsa kerak, deya xarxasha qilgani qilgan! Muni koʻrib, yuraging ezilmaydimi, Shirmon?! Meningam boʻlarim boʻldi-ku, tezroq qayt, jonim!..”
Mazkur sogʻinch maktubini oʻqigan har qanday tosh yurak erib, suvga aylanishi shubhasiz.
“Faqat uy beklari oʻqisin!”, “Namunali uy begiga maslahatlar” (bu maqolada ishdan qaytayotgan xotinini xushmuomalalik va shirin tabassum bilan kutib olish qoidalari bayon qilingan), “Dadangni oyingga bepardoz koʻrsatma” kabi ruknlar ostida eʼlon qilingan bir qancha materiallar ham eʼtiboringizni tortishiga shubha qilmaymiz.
“Bolalar bogʻchada payti” – uy beklari uchun dam olish sahifasi. Unda bir-biriga oʻxshash va oʻxshamagan ming turli seriallarning keyingi qismlari bayoni (“Rayhon bir doʻstinikida tunni oʻtkazdi, oqil yigit Amirxon uni kechirdi!”, “Aliya yana sevib qoldi”, “Bu xiyonat emas, sevgi!” singari sarlavhalarda), “Yuzdagi dogʻni qanday ketkizsa boʻladi?” (“Goʻzallik olami” ruknida), “Qadringiz necha dollar?” (bir isyonkor uy begining oʻz tengi uy beklariga tanqidiy murojaati), “Gʻiybati emas, sifati” kabi maqolalarni oʻqiysiz.
Aziz uy beklari! “Uy begi” – bu Sizning gazetangiz! Unga obuna boʻlishga oshiqing!
Obuna indeksi: 13-13-13. Narxi, bir yil uchun – xotiningizning besh kunlik ish haqi miqdoriga teng.
PS. Gazeta bosh muharriri Qoqigul Mottiyeva xorijga ishga ketayotganligi sababli bosh muharrir lavozimiga tanlov eʼlon qilinadi! Nomzodlar erga tekkan yoki tegib chiqqan boʻlishi shart.
2008 yil
https://saviya.uz/ijod/nasr/uy-begi-uy-beklarining-sevimli-gazetasi/