Uy

1

Oʻtoqqa tushildi:

– “Assalomu alaykum”ni qara!.. Hamma yoqni qurshab olibdi…

– Yeryongʻoqlarning boʻy choʻzishiga monelik qilayotganini-chi?.. Bitta qoʻymay yulish kerak ularni!..

Opam va singlimning tomorqadagi gʻazabnok suhbati qulogʻimga kirishi hamono joyimdan qoʻzgʻalaman.

– Qayoqqa???

Mendan avval turadi onam.

Mendan avval turadi otam.

– Tashqariga chiqmoqchiman!..

– Chiqmaysan tashqariga!.. Tashqarida nima bor?..

Onamning oʻtkir ovozidan joyimda taxtadek qotaman.

– Hovliga chiqmay qoʻya qol, – deydi otam holatimdan biroz koʻngli yumshab. – Nima kerak boʻlsa, ayt, olib kelamiz?

– Otajon, onajon!.. Meni deb urinmang!.. Menga hech narsa kerak emas, faqat toza havoda nafas olmoqchiydim… Koʻnglim biroz aynigandek…

Barmoqlarimning boʻynimga inganini koʻrgan onam zudlik bilan harakatlanadilar:

– Mana – idish!.. Qayt qilaver!.. Tuvakni ham keltirib qoʻyganmiz, xohlasang, otang xonadan chiqib turadi.

– Yoʻ-oʻ-oʻq!!!

Ular tutgan pokiza idishni kirlamaslik uchun tomogʻimni achitgan tupikni ichimga yutaman-da, yana oʻrnimga uzalaman. Kattalar tomonidan koʻrinmas kishanga solingan vujudim yerga uzaladi-yu, qimirlashga majol topmaydi. Ammo yuragimning pitirlashi koʻpaysa-koʻpayadiki tinchimaydi. Miltillagan bir shuʼla izlab derazaga yuzlanaman. Afsus, oynak ham qalin pardalar bilan mustahkam berkitilgan… Ana shunda nigohlarimni-da beeʼtibor qoldirmayotgan onam deraza tomonga “uchib” oʻtadilar. Qoʻllari bilan paypaslab, elas-elas ogʻib kirayotgan yorugʻlikni chaqqon toʻsadi, toʻsaveradi…

– Onajon!.. – Uning harakatlarini koʻrib chidolmayman. – Nega quyoshni yashirasiz?..

– Quyoshni yashirayotganimiz yoʻq, bolam, – izohlaydi otam. – Quyoshni hech kim yashirolmaydi!.. Faqat uning nurlari seni bezovta qilayotgani uchun xavotirdamiz, qizim.

– Quyosh ham, oy ham meni hech qachon bezovta qilgan emas. Men ularni juda yaxshi koʻraman, shu bois ularning yoʻqolib qolishidan juda qattiq qoʻrqaman. Ular juda mehribon. Mana, qarang, quyoshning nurlari darpardalaringizdan oshib, chiroqsiz uyni qanday yoritayapti?! Koʻrayapsizmi?.. Uni sogʻindim…

– Esingni yigʻ!.. Hozir tush payti!.. Oftob – ofat!..

– Kun – qiyom?!… Kun oyoqlarini tiradimi? Quyosh osmonda turib qolgan boʻlsa… endi unga hech kimning kuchi yetmaydi! Bosh uradigan tomonlar ham qulaydi endi! Endi qayoqqa berkinamiz?!.. Qayoqqa boramiz endi?..

– Yana gapi ayniy boshladi, – shivirlagancha otamga yuzlanadi onam. – Endi nima qilamiz?! Qachon tuzaladi bu?! Bolalariyam qiynalib ketdi…

– Bolalarimga nima boʻldi?! – sapchib turib soʻrgan rozimdan choʻchib tushadi ular, va birvarakay gapira boshlaydilar:

– Ular yaxshi…

– Oʻynab yuribdi…

– Hozirgina anhorda choʻmilib keldi…

– Kenjangga boyagina qatiq ichirdim…

– Toʻngʻiching azondan beri tovuqning tuxum qoʻyishini poylaydi…

– Oʻrtanchang olmalarni bitta qoldirmay terib yedi…

Ularning tavsifi uzilmas, biroq mening ishonchim kesik:

– Ular rostdan ham hayotmi?..

Xavotiri boʻgʻziga tiqilgan qoʻsh nigohlar kosasidan chiqqudek boʻladi. Onamning koʻz yoshlari sizib chiqadi, otam yon-veriga tez-tez qarayveradilar. Ularning bu harakatlari meni tagʻinam junbushga keltiradi. Tilimni qattiq tishlayman-da, qoʻlimni musht tugib koʻksimga uraman. Ota-onam jon holatda qoʻlimga yopishadilar…

– Bolalarini chaqirish kerak!.. Chiq, ularni olib kel!

– Toʻxtang, – onamning etagini qoʻyvormayman. – Ularni opkemang, kasalim ularga yuqib qolmasin!..

 

2

Har gal koʻzimni ochganimda biror qarindoshimning tepamda yelpigʻichni charx urib aylantirayotganiga guvoh boʻlaman va shu zahoti koʻzimni mahkam yumaman. Mana, bu gal kichik singlim yonimda oʻtirgancha yelpigʻichning ushlogʻichini mahkam siqib, bir maromda tebratayapti. Yelpigʻich ham unga boʻyinsunib, imkon qadar shamol puflashga tutingan. Sal narida chorpoya qurgan xolam mendan koʻzini uzmaydi. Qoʻlida – pashshaoʻldirgich. Yonlarida uchib qoʻnayotgan pashshalar bilib-bilmay ajal sirtmogʻiga tortilmoqda.

– Xola!..

Kutilmagan ovozdan ikki jonning ham koʻzlarida bir zum shodlik, masrurlik jilolanadi. Diqqat bilan ogʻzimga termulib, nafas olmay turadilar.

– Xolajon, – deyman siniq tovushda. – Farishtamisiz?

Ogʻzini yoyib tovushsiz kulib qoʻyadi xolam. Men jim. Shunda ularning har galgi hirgoyilari boshlanadi:

– Ovqat yeysanmi?

– Choy opkelamiz!

– Pamidor-bodring, meva-chevalar…

Qulogʻimga kirayotgan soʻzlar nafratimga sabab boʻladi:

– Nuqul yedirasizlar… Men hayvonmanmi?

–…

Yana koʻz urishtirish boshlanadi.

– Toʻydirib qoʻygan-da, – deydi xolam. – Joniga toʻydiribdi-ya!?

Kuyunadi xolam. Xolamning nima demoqchiligini ilgʻamoqchi boʻlaman-u, ilgʻayolmayman. Kutilmaganda xonaga ammam bosh suqadi.

– Qanday? Yaxshi oʻtiribsizlarmi?..

– Haliyam oʻzgarish yoʻq, – fursatdan foydalanib koʻngil yozadi xolam.

– Yoʻgʻ-ey?!

Ammamning rang-quti oʻchib menga yaqinlashadi:

– Jiyan, senga nima boʻldi?.. Sen yaxshi eding-ku?!

Ammamning bu gapidan sarosimaga tushaman:

– Men yaxshi edim-ku, amma, menga nima boʻldi?..

– Koʻp-koʻp ovqat yeb, koʻ-oʻ-oʻp uxlashing kerak!..

Qulogʻimdan kirayotgan xitobga ajablanib qarayman, ishonqiramay koʻzimni ammamning nigohiga qadayman. Ammam esa yakdil, ovozinini yanada koʻtaradi:

– Toʻgʻri-da, ovqat yemaysan, uxlamaysan, soʻylamaysan… Sen ham nimadir qil-da!.. Yashash uchun kurash!.. Katta-katta ye, toʻyib-toʻyib uxla, ichingda nima boʻlsa hammasini ayt?..

– Amma?!

– Nima deysan?

–… Men sizning togʻangizni koʻrganman.

– Ha-a, – maʼnoli tasdiqlaydi ammam. – Togʻamni aytyapsanmi? Bechora soʻnggi kunlarida tildan qolgandi.

– Ana shunda koʻrgandim-da…

– Nima, senga biron narsa deganmidi?..

– Yoʻq, faqat yigʻlagan.

– Togʻam-ku, oʻsal edi. Sen soppa-sogʻsan. Nega gapirmaysan? Seni deb bir uy odam oʻtiribdi. Galma-galdan yoningga kiramiz. Lom-mim demaysan. Boshingdagi nima?.. Uning nimaligini aytsang, birgalashib chora izlaymiz?..

Qolgan gaplar qulogʻimga kirmaydi. Qoʻllarim qaltiragan koʻyi boshimni paypaslashga tushaman. Ingrashimga chidolmagan ammam xonani tark etadi. Singlim oyoqlarim uchida choʻkkalaydi.

– Opajon, sizga nima boʻldi?.. Siz yaxshi edingiz-ku!?

– Men yaxshi edim-ku, menga nima boʻldi?!

Singlim oyoqlarimni silamoqchi boʻladi. Uning bu niyatini sezganim hamono oyoqlarimni yigʻaman:

– Men yomonman, juda yomonman!..

Xonani emas, butun uyni shubha oʻrab oladi. Men esa boshimni qiblaga burgancha yuzimga choyshab tortaman. Koʻzlarim ochiqmi-yumuqmi bilolmayman-u, ammamning togʻasi soʻnggi pallada nima demoqchi boʻlganini topish uchun butun fikru zikrimni ishga solaman…

 

3

Tun. Qishloqda bir koʻz tashlagandayoq kecha yoki kunduzligini fahmlasa boʻladi. Kunduzlari quyoshdan qochishning imkoni yoʻq, eng ichkari xonaga ham kirib keladi u. Tun esa koʻlankasini shunchalar quyuq yoyadiki, hattoki undan hukumatning chiroqlari ham xira tortadi. Peshonamda pomidormonand yoqilgan chiroq xira nurlarini sochyapti. Pardaning qaysidir tirqishidan uchib kirgan qoʻngʻizchalar unga oʻzini urish bilan band. Yonimda esa har galgidek onam, opam va ikki xolam. Koʻz ochishimni poylab turgan onam zudlik bilan boshimga keladi:

– Nima kerak, qizim?

– Ona, uxlayvering. Meni deb uxlolmayapsizmi?.. Uxlasangiz-chi!.. Men hovliga chiqib yuz-qoʻlimni yuvib kelaman.

– Yoʻq, senga hovliga chiqish mumkin emas!.. Hovliga chiqmaysan!.. Shu yerning oʻzida hamma sharoit bor, istaganingcha foydalanaver, lekin tashqariga chiqma!

Nahotki, bolaligim quvnab oʻtgan bu hovliga biror dafʼa oyoq qoʻymay oʻtib ketaman. Ichimdagi bu hayqiriq jonimni sugʻurib olay dedi. Oʻrnimdan shahd turib eshikka chopdim, biroq har tomonimdan yopishgan qoʻllarning changalidan chiqolmadim.

– Otasi, keling, bizning kuchimiz yetmayapti?

Hovlida qulogʻi ding yotgan otam yugurgancha xonaga kirdi.

– Ota, oʻz holimga qoʻyinglar, tashqariga bir chiqay?

– Tashqarida nima qilasan? Tashqariga chiqma!.. Tashqariga chiqishga seni undayotgan kuch nima?.. Kim senga tashqariga chiq, deyapti?..

– Oʻzim… Men tashqariga chiqishim kerak!..

– Seni tashqariga chiqarmoqchi boʻlganlarga quloq solma!.. Eshitma ularning gapini!.. Seni tashqariga chiqarmoqchi boʻlayotganlar – dushmaning!.. Dushmanlaring!!!

– Hovliga chiqqim kelyapti… Atrofni bir koʻray?..

– Yoʻq-q!!! Yot-u, uxla!..

– Nima, biror hodisa sodir boʻldimi?..

–…

– Endi tong otmaydimi?.. Ayting, ota?..

– Yoʻq, hech narsa sodir boʻlmadi. Sodir boʻladigan narsaning oʻzi yoʻq. Endi faqat uxlash kerak, vassalom!..

– Ota, men juda koʻp uxladim… Endi uxlolmayman!.. Endiyam uxlasam oʻlaman, otajon!..

Unimdanam, dudimdanam yuz burgan atrofimdagilar majburlab toʻshakka mixlaydilar. Otam kaftlari bilan koʻzlarimni chippa yopadi. Endi qancha chiransam ham koʻzlarimni ocholmayman. Onam esa nafas olayotganimni kuzatishdan charchamaydi…

 

4

– Nega meni oʻz holimga qoʻymaysizlar? Kecha-yu kunduzdan shunchalar qoʻrqasizmi? Ular meni yeb qoʻyarmidi?! Men ularning ichida yashamasam, qayerda yashayman? Nega koʻrsatmaysiz ularni menga?.. Nega meni ulardan mahrum etyapsiz? Axir men tirikman-ku?..

– Qizim, hech kim seni ulardan mahrum etayotgani yoʻq. Sening foydangni koʻzlab shunday ish tutyapmiz, xolos. Hovliga chiqishing bilan qoqilayapsan. Bir-necha bor yerga oʻzingni otding. Seni zoʻrgʻa suyab qoldik. Axir oʻzing oʻyla. Senga biror shikast yetsa, bolalaringga kim qaraydi? Xudoga shukur, guldek oilang bor.

– Ona, kuyovingizga bir narsa boʻldimi?..

– Yoʻq, kuyovimga nimayam boʻlardi. Ishga borib-kelib yurgandir-da…

– Hech bir xat-xabar yoʻqmi?

Koʻzlarini olib qocharkan, soʻz qidiradi onam:

– Fursati yoʻq boʻlsa kerak, ishi koʻp-da!.. Hozir erkaklarning hammasi – shu!.. Ishsiz yashab boʻlmaydi – ishga borish kerak!..

Endi boshqa tomonimda turgan otamga yuzlanaman:

– Ota, meniyam biror kun ishga olib boring?..

– Qizim, sen juda noziksan-da… Buning ustiga mazang yoʻq.

– Ota, men qachon tuzalaman?

– Uxlasang – tuzalasan!.. Sening shifoing – shu!.. Koʻzingni yum, qizim, bir pas uxlagin?..

– Ota, men kasalmanmi?

– Yoʻq, sen binoyideksan. Faqat uxlashing kerak!..

– Bu yoʻl menga berilgan soʻnggi imkonmi?

– Ha… Shunday qilmasang – tuzalmaysan!..

– Otajon, onajon, men ovqatning ham uyquning ham mazasini yoʻqotib qoʻydim. Ularning taʼmini unutsang, ularga xohishing ham, imkoning ham boʻlmas ekan-a?!

– Qizim, sen – onasan!.. – jarangdor ovozi bilan uyni toʻldiradi onam. – Sen ovqat yeyishing kerak!.. Oilangga biror yegulik tayyorlab berish uchun ham taom isteʼmol qilishing shart!! Boʻlmasa hech bir ishga yaramaysan!..

– Ona, kelganimga sal kam bir oy boʻldi. Biror yumushga qoʻl tekkizmadim. Nega meni qimirlatmaysizlar?

– Qizim, gapirsang – xato gapirasan, yursang – yiqilasan, shu ahvolda seni oʻz holingga qoʻyib boʻladimi? Qoʻlingda bolang bor. Hech yoʻgʻi shuning rioyasini qil!

– Ona, onalarning yiqilishga haqlari yoʻq!.. Bolamni koʻtarib chiqsam sira yiqilmayman!.. Nega menga bolamni bermaysizlar?

– Uxlamasang, ovqatlanmasang – senda qanday kuch boʻlsin?! Qizingni koʻtarishga majoling yetmaydi. Sen uni koʻtarolmaysan!..

– Oh, bu qanday KUN oʻzi?.. Oʻzimning bolamni oʻzim koʻtarolmasam-a?!

– Kim aytdi senga uni koʻtarolmaysan deb, – jagʻlari qaltirab, ovozi oʻzgargan onam jon holatda yonida turgan qamchiga yopishadi. – Menga koʻrsat shuni?! Bolani dunyoga keltirgandan keyin koʻtarasan, yuvib-taraysan, oʻzing yemay, unga yedirasan, kiydirasan ham!.. Hayotning mazmuni shu-da!..

– Haq gap, – ergashadi otam. – Mana, onangni qara, sen kelganingdan buyon kiprik qoqqani yoʻq. Faqat sening koʻzing ilsagina uxlaydi, qancha yesang – shuncha yeydi. Mening ham osonlikcha tomogʻimdan ovqat oʻtayotgani yoʻq!.. Faqat ishga borib-kelish uchun, bolam-chaqam deb kovshanib yuribman-da!.. Bizlarni oʻylamaysanmi?..

– Ota, ona, men orqamdan yomon iz qolmasa, deyman…

– Niyating xolis boʻlsa, nega ota uyingga oʻlgani kelasan? – tutoqadi otam. – Biz seni yaxshi niyatlar bilan kuyovga berganmiz, oʻlging kelsa, oʻzingning uyingda oʻl!..

– Bu uy – men tugʻilgan Vatan!.. Unda oʻlish baxt!.. Men unda oʻlishni orzulayman, xolos. Biroq, qayerda va qachon oʻlishimni bilmayman…

– Men tirikligimda sen oʻlib koʻr-chi!.. Oʻldirib boʻpman seni!.. – Onam qamchisini olgancha oyoq-qoʻllarimga ura boshlaydi. – Chiq, bolamni oʻldirmoqchi boʻlayotgan kuch, bolamni tark et!!!

Qamchi zarbidan tanam jizzilaydi. Onamning oyoqlariga yopishaman:

– Onajon, nega shu paytgacha oyoqlaringizni oʻpmadim-a!?

 

5

– Singlim-a, singlim-a, oydekkina koʻnglim-a!.. Juda intiqding. Yur, seni hovliga olib chiqaman. Faqat yiqilmaslikka soʻz ber?

– Opajon, men atay yiqilayotganim yoʻq!.. Quyoshning zarrinligi, oyning tanholigi, osmonning bala-a-andligi oyogʻimdan chalib yuboradi. Ularning goʻzalligidan oʻzimni yoʻqotib qoʻyaman…

– Shunday boʻlsa, sen ularga qarama!.. Meni opichib ol-da, oyogʻingning ostiga qarab yur. Qadaming nimani bosayotganini koʻr! Hovlida gul ham bor, xas ham bor. Ariq ham bor, yoriq ham bor, shuning ehtayotini qil! Yoʻqsa, yiqilish tugul, qulab tushasan, uqdingmi?!

Hayajondan titragan oyogʻim hovliga tushadi. Oyoq kiyimimni yechaman. Bu harakatimdan sarosimaga tushgan opamning afti burishadi.

– Opajon, men bu tuproqni juda sogʻinganman. Unda bir bor yalangoyoq yuray, ruxsat ber!

Opam hayronlikdan nima deyarini bilmaydi, fursatdan foydalanib yerga oyoq qoʻyaman. Tashlayotgan qadamlarimdan shodlangancha esdan ogʻaman:

– Men yurayapman!… Men – hayotman!.. Yashash – inoyat!.. Yaratganning bir martaga bergan imkoni!..

– Oyoqlaring kuymayaptimi? – entikadi opam. Hovli yuzida huzurbaxsh odim tashlayotganimni koʻrib badtar tutoqadi u: – Sen shaytonga aylanib qolibsan!.. Uyga bogʻlab qoʻyish kerak seni!!!

Zorlanaman:

– Opajon, unday dema, men hali sen bilan koʻchagayam chiqmoqchiman. Yodingdami, bolaligimizda anhordagi tiniq oqiziqqa mittigina vujudimiz tugul, osmon koʻnglimizni ham tutib berardik? Oʻylab koʻrsam, onamning qanqa-qancha roʻmollari-yu, buvimning qator-qator durmunchoqlarini yoʻqotishimizga bois boʻlgan ana shu anhorning oqiziqqina feʼliga aslo parvo qilmagan ekanman. Bugun unga bir yuvilishga mushtoqman…

– Jon singlim, saratonning qoq peshini boʻlishiga qaramay dir-dir titraganimizda, goʻdak jussamizni qumga belardik-a?.. Ana shu qumni suvga qorgancha qancha-qancha omonat uylar qurganimiz yodingdami?

– Ha, biroq biz ularni hech qachon “omonat” deb hisoblamaganmiz!..

– Toʻgʻri, bu bizning xatoimiz, qolaversa, aqlimizning ojizligi. Lekin endi yosh bola emasmiz. Qulab tushadigan uy qurishga ham, birovning uyini buzishga ham haqqimiz yoʻq!..

– Opa, men hech kimning uyini buzmoqchi emasman, hattoki chumolilarning ham. Qirgʻoqda yasalgan qum uylardan sakrab oʻtaman. Ularning qoshidan nafas olmay oʻtishga-da roziman. Faqat oʻsha anhorga boray?..

– Sen – aqlli qizsan, kattalarning aytganini qilasan-ku, gapimga quloq os!.. Yana oʻsha bolalikka qaytamiz!..

– Qanday soz-a?! Yur, opajon, birga ketamiz!..

– Yum ogʻzingni!.. – Jahl otiga minadi opam. – Gapirganingdan gapirmaganing yaxshiroq!.. Nuqul ketish haqida gapirasan!.. Bu yerda – qolish bor, ketish – yoʻq!..

Soʻnggi xitobidan rangim siniqib, tizzalarim qaltirab ketdi. Avzoyimdan hayiqqan opam gapni-gapga uladi:

– Etaklarimiz bilan baliq tutganimiz yodingdami?

Koʻzimni yumib oʻsha masrur xotiralarni eslayman: tutgan baliqchalarimizni silindrsimon idishga solarkanmiz, uzun orzular qilardik:

– Mana shu baliqchalar oʻsib-ulgʻayib…

– Idishga sigʻmay qoladi!..

– Hatto yetmay qolar…

– Qulochlarimiz!..

– Anhorga qoʻyvorsak kattaligidan…

– Anhor malol kelar suzgʻichlariga!..

Xayolimizda endigina nahangga aylanib ulgurgan orzularimizni yonginamizda paydo boʻlgan onamizning dashnomlari kesib yuborardi. Toʻgʻri-da, peshingi uyquni oʻtash sharti bilan allaqachon suvga tushib chiqqanmiz-u, ammo ilk bor suv koʻrayotgandek hapriqamiz. Biz – onamizning roziligisiz, peshingi uyqu qamalini yorib oʻtgan – jinoyatchilarmiz!.. Shunday boʻlishiga qaramay tillarimiz uzu-u-un: biz – BOLAmiz!!!

 

6

Chelakni koʻtargancha sermayotgan qadamimni otamning ovozi kesadi:

– Qayoqqa?.. Senga koʻchaga chiqish mumkin emas!..

– Suv opkelishim kerak, – sinadi ovozim.

– Suvni nima qilasan? Yana yuvinmoqchimisan? Boyagina hammomga kirib chiqqan eding-ku? Bir kunda necha marta yuvinasan oʻzi? – Onamning jagʻi tolsa-da, chakagi tinmaydi.

– Qancha suv kerak boʻlsa, mana, singling bor, olib kelib beradi, sen chiqma! – deydi otam keskin ohangda onamning javrashlarini bosib.

– Uniyam charchatdim, oʻzi chalajon boʻlsa…

Gapim tugamasidanoq qoʻlimdan chelakni yulqib olgan singlim koʻcha eshik tomonga otiladi. Uning malollangan qadamlariga qarab jonim achiydi.

Supada oʻtirgan xolam gapini uzoqdan boshlaydi:

– Ho-ov, bu yerlar jannat-ov!.. Bizning Xoʻssaatlar (“Xoʻjasoat” demoqchi. Oltinsoy tumanidagi qishloqning nomi) choʻl. Minovcha ariqda, – bir tirsakcha joy qoldirib ikki qoʻlining orasini ochadi, – oʻn besh kunda bir marta navbati bilan suv keladi.

– Boshqa kunlari nima qilasizlar? – deydi opam hayratlanib.

– Hovuz qazib olganmiz. Suv kelgan kuni bajaradigan ishimiz – hovuz toʻldirish boʻladi. Ana shu suv keyingi navbatgacha yetadi. Tagʻin biz sizlarga oʻxshab boʻlar-boʻlmasga suv toʻkavermaymiz ham. Yuz-qoʻl yuvsak biror daraxtningmi, gulningmi tupini moʻljallaymiz. Bahonada u ham suv ichib oladi-da…

Chelak koʻtargan singlim meni hovlidan ham, uydan ham topolmaydi. Uning vahimasidan boshqalar ham u bilan qoʻshilib meni izlashga tutinadi. Men esa ogʻilxonadaman. Choʻk tushib oʻzimni yaniyman:

– Oʻl-a, isrofgar-a, sening kirlaringni yuvishga bu yorugʻ dunning suvlari yetmas-ov!.. Shu bois koʻnglingning koʻz yoshlariga choʻmil!.. Kirlaringni koʻz yoshlarga yuv!.. Sen hayvonsan!.. Yerning hayvoni!.. Sen tekkaning bilan daryo aslo harom oʻlmas, biroq oʻzing uchun oʻl, YeTIM!..

 

7

Oqsoqlangancha zoʻrgʻa yonimga ingan ammamning qizi peshonamni ushladi:

– Oʻlsin-a, oyogʻim yeb qoʻydi!..

Uning tilidagi nolish dilida undan-da quyuq. Shu bois yuzidagi ziynatlar – qoshu koʻz, ogʻiz-burun va ularning izmidagi jamiki chiziqlar nolishning pinjiga kirib etak yigʻdi-da, yuzga allaqanday surat chizdi. Men uni qirgʻinbarot qurolga oʻxshatdim. Koʻz oʻngimdagi qurolning kutilmaganda portlab ketishidan choʻchib, zudlik bilan qoʻlimni uning oyogʻiga bosdim:

– Senga nima boʻldi?

– Bunga tugun tushgan, – izohladi ammamning qizi. – Men boʻlsam, ahmoqqa oʻxshab doʻxtirma-doʻxtir chopib yuribman… Folbinga borgandim, bir qarashda aytdi – oʻzimning yangam duo qilgan ekan…

Ajablandim:

– Duo – yaxshi-ku!.. U seni duo qilgan boʻlsa, sen uni qargʻaysanmi?

– Uning duosi – kasofat! Qargʻishdan ham yomon… Agar shu boʻlmaganida allaqachon uyli-joyli boʻlib ketardim… Baxtimni bogʻlagan shu-da!…

– Baxtni ham bogʻlab boʻladimi?.. Bogʻlanadigan baxtning senga nima keragi bor?..

Atrofimdagi “kapalaklar” gapimni eshitmadi. Ularning gʻami bitta:

– Senga nima kerak? Nima xohlaysan?..

Nima deyishimni bilmayman.

Menga, aslida, koʻp narsa kerak, lekin shu asnoda kerak narsaning oʻzi yoʻq, faqat:

– Togʻamni bir koʻrsam!.. – tilimdan uchdi.

Dast turdim – togʻamni yetaklab kelishdi. Bir hovuch boʻlib qolibdi. Togʻamning poyabzalini yechdilar. Qon qotib gʻoʻdayib qolgan mushaklarini silab-siypab bukchaytirishdi-da, bir-biriga mingashtirib oʻtqizib qoʻyishdi. Togʻam boʻlsa, qiblaga oʻgrilib oldi. Keyin uning oldiga joynamoz toʻshab, oyogʻini sajdaga hozirladilar.

Yigʻladim – bu dunyoda kim betobu, kim sogʻ – ajratib boʻlmay qoldi…

Namoz tugagach, togʻamga yaqinlashdim. Togʻam juda past tovushda uzuq-yuluq gapirdi:

– En-di… ti… lim ha-am… boʻy… sun-may… q-qol… yapti…

Ichimdan bir narsa uzilib ketdi. Nega avvalroq togʻam bilan yuzlashmadim, soʻzlashmadim?.. Soʻramoqchi boʻlganlarim juda koʻp edi, nega shu paytgacha churq etmadim-a?..

Hash-pash deguncha oldimizga dasturxon yozilib, osh-non tortildi. Togʻam kosasiga bir muddat tikilib turdi-da, diqqatini jamladi. Soʻng ohistalik bilan tebrangan koʻyi kosaga uzaldi. Bir qoʻlida kosa, birida qoshiq. Ikkalasi ham tebranmachoq oʻynaydi. Kosaniyam, qoshiqniyam mahkam ushladim:

– Togʻajon, men yedirib qoʻyay?..

– Yoʻq-q!..

Togʻamning qatʼiy tovushi meni bogʻlab qoʻydi.

Ovqatdan soʻng togʻam nigohini nigohimga qadadi. Bu nigoh juda tashvishli edi. Ana shu tashvish oʻrnimdan turgʻazib yubordi. Togʻamning qoʻl-oyoqlarini uqalagan boʻldim.

Togʻam-a, togʻam-a, ichidagi titroqlarni tashqariga chiqarib, tashqaridagi shovqinlarni ichiga solib olibdi-ya!.. Ichim quyilib ketdi: “Ey oyoqlar, ey qoʻllar! Nega buncha titraysiz? Sizning bu shashtingiz quvonchdanmi, alamdanmi?.. Boʻldi, bas, togʻamni charchatdingiz?.. Qoʻnishingiz uchun boshqa bir vatan topmadingizmi?.. Togʻamni ne koʻyga soldingiz?.. Ularning butun vujudiga raxna solishga qanday haddingiz sigʻdi?.. Dunyoning jamoliga qiyo ham boqmagan togʻam sizning arpangizni xom oʻribmi edi? Mushtingiz zoʻrlargamas, zorlarga yetdimi?.. Yiqqani boshqa bir jon yoʻqmidi?.. Kechayu kunduz tindirmaysiz?.. Qayoqqa olib ketyapsiz uni?.. Ey titroq, tinishing yaxshilikkami, yomonlikka!..”

Yashayotgan odamning oldida, aslida, oʻlimdan boshqa hech narsa yoʻq. Men esa qarshimda turgan bor-yoʻgʻi shu bitta narsani koʻrolmay qiynalaman…

 

8

Qoq peshin. Mendan boshqa hamma uyquda. Hovlidan zoʻrgʻa yoʻl topib yuraman. Ogʻilxona buzildi. Yashayotgan uyimiz ham buzilish arafasida. Shu bois hovlida ehtiyojlar uchungina yoʻlaklar qolgan, xolos. Ana shu yoʻlaklardan odimlayotib, osmonga judayam qaragim keladi. Biroq qoʻrqqanimdan unga qaray olmayman.

Alla bolam, jo-o-onim, bolam,

Jonimga darmonim, bolam.

Alla bolam, jo-o-onim, bolam,

Sen-la yoʻq armonim, bolam-ov,

Sen-la yoʻq armonim, bolam…

Bolaligimda koʻzimdan koʻnglimga boʻylagan feruza gumbaz mungni umidga, umidni orzuga qorgancha yangrayotgan onamning allasiga mengzardi. Men uning nihoyatda goʻzal va begʻuborligiga choʻmib, tiniqib uxlagim kelardi. Bugun esa u kipriklarim orasida togʻdek yastanib oldi…

Mana, bolaligim va keng dala. Paxta teryapman. Etakni belimga uch aylantirib bogʻlayman hamki, eni enlamaydi. Bunga beparvo shonalar qorachiqlarimni opqochadi. Oq momiqqa ingan qaroqlarim undan sira bosh koʻtargisi kelmaydi. Men ham uning erkini boʻgʻmayman: zora, shu oqqa qoʻshilib, ichimga oq – oqib kirsa…

Bugun osmonim – koʻnglim. Butun dunyoning ozordaligi shundan. Yer va quyosh esa men – shukursizning qoʻlimga bir kaft non ulashish uchun sira tinim bilmaydi. Na mudroq tutadi ularni, na uyqu. Men esa u tutqazgan neʼmatdan noz qilib, yuz oʻgiraman… Yer-chi, biror safar mening qilmishlarimni koʻrib, toʻxtadimi, arazladimi?! Aksincha, koʻrsayam, koʻrmaslikka olib yoʻlida davom etadi.

Engashgancha oyogʻim ostidagi yerni oʻpaman:

– Yerjon, senga havasim keladi!.. Qancha toptasalar shuncha saxiysan-a, qancha qargʻasalar shuncha karaming keng!… Men esa senga yiqilishdan u yogʻiga oʻtolmayman… Xislatingdan mengayam bir chimdim yuqtir?.. Ertaga hojam keladi!!! Uning oyoqlari ostiga koʻnglimdan poyondoz toʻshamoqchiman!.. Uning oyoqlari koʻnglimni bosayotganda ozorlanmasin, koʻnglimning tikanlari botmasin unga… Qara, koʻnglim vatan qoʻmsasa, ota uyimga tizzalab kelib oʻtiribman-a?! Oh, kaltafahmligimga borib, shir yalangʻoch musofirligimni unutibman!.. Ona YER! Men ham sen kabi bir yoʻlovchi!.. Bu dunyoda bizning uyimiz yoʻq!.. Koʻnglimiz qoʻmsagan asl vatan esa – ichimizda, ildizimizda!..

 

Mavjuda Abdulloh

 

“Ijod olami”, 2018/4

https://saviya.uz/ijod/nasr/uy-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x