Uvoliga qolamiz

(Jiyanim Rustamning hangomalaridan)

 

Koʻp yillar sidqidildan xizmat qilgan eski “Moskvich” mashinamni minib borayotib, hovlimizga yarim chaqirim qolganida yoʻl qoidasini buzdim – katta koʻchadagi uzluksiz chiziqni kesib oʻtdim. Yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, DAN xodimi tayogʻini koʻtarib, “toʻxta” deb imo qildi. Shundagina ertalab ishga ketayotganimda kiyimimni almashtirganim, haydovchilik guvohnomam boshqa kostyumimning choʻntagida qolgani esimga tushdi. Koʻrmagan kishi boʻlib, toʻxtamay ketaverdim. Xodim churillab hushtak chaldi. Qarasam, ahvol chatoq. Oʻttiz-qirq qadam nariga borib mashinani toʻxtatdim. Oʻng eshikni ochib, ovozim boricha baqirdim:

– Bu yoqqa keling! Tezroq keling! – Eshikdan qoʻlimni chiqarib imo qildim. – Keling, deyapman!

DAN xodimi ikkilanibroq yaqin keldi.

– Nima gap? – degan edi, battar hovliqtirdim:

– Oʻtiring, tez oʻtiring!

Xodim beixtiyor oldingi oʻrindiqqa oʻtirdi.

– Nima boʻldi? – dedi hech baloga tushunmay.

– Chatoq boʻldi, ukajon! – dedim bosh chayqab. – Hozir yetib bormasak, bir begunohning uvoliga qolamiz. – Shunday dedimu mashinani mingga qoʻyib haydab hovlimiz darvozasiga yetib keldim. – Bir minutga, – dedim-da, uyga kirib oʻn daqiqacha yoʻq boʻlib ketdim. Narigi kiyimdagi “pravam”ni choʻntakka solib tashqari chiqdim. DAN xodimi hamon mashinada oʻtirar edi.

– Siz doʻxtirmisiz? – dedi xavotirlanib. – Ogʻir bemoringizning hayoti xavf ostidami?

– Yoʻq, – dedim rostini aytib. – Men matematikman. Hayoti xavf ostida qolgan “bemor” oʻzim edim. “Zahar tang qilib” qovugʻim yorilib ketay deb turgan edi. Yaxshi yigit ekansiz, savobga qoldingiz.

Xodim nima deyishini bilmay nuqul kiprigini pirpiratadi.

– Endi, ukajon, gap bunday, – dedim yotigʻi bilan. – Qutlugʻ uydan quruq ketma, degan gap bor. Oʻziyam tushlik payti boʻpqoldi. Birga “abed” qilamiz.

Mehmonni qoʻyarda-qoʻymay uyga olib kirdim. Keliningiz mastava qilgan ekan. Suzib keldi. Yigit ovqatdan uch-toʻrt qoshiq olgach, birdan miyasiga “tepdi” shekilli, koʻzimga sinchiklab tikildi:

– Menga qarang, aka, – dedi. – Rostini ayting. Hali men toʻxtatganimda “prava”ngiz yoningizdamidi-yoʻqmi?

– E, ukajon! – dedim kulib. – “Pravam” yonimda boʻlsa meni “zahar tang” qilmasdi, siz tushlikni “istalavoy”da qilgan boʻlardingiz!

Yigit odamoxungina ekan, maza qilib kuldi… Oʻshandan beri qachon koʻchada koʻrishib qolsak, men eski “Moskvich”imning signalini chalaman, u qoʻl siltab salomlashadi…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/nasr/uvoliga-qolamiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x