USTYURT

USTYURT — Oʻzbekistonning shim. gʻarbi (Qoraqalpogʻiston) va Qozogʻiston hududlaridagi plato. Sharqaa Orol dengizi va Amudaryo deltasi, gʻarbda Mangʻishloq ya. o. va Qoraboʻgʻozgoʻl qoʻltigʻi, shim. da Kaspiyboʻyi pasttekisligi oraligʻida joylashgan. Mayd. 200 ming km2. Oʻrtacha bal. 150—250 m, eng baland joyi (370 m) jan. gʻarbida. Ustyurtning atrofi 60—150 m li tik jarlik (chink)lardan iborat. Chinklar har xil chuqurlikdagi jar va soylar bilan kesilgan. Ustyurtning shim. chinklari shim. gʻarbda Oʻlikqoʻltiq shoʻrligidan boshlanib, shim. da Katta Boʻrsiq qumligiga borib taqaladi. Platoning baland sharqiy chegarasi Orol dengizining avvalgi qirgʻogʻi va Amudaryo deltasidan, jan. chinklari Qoraqum choʻli va Oʻzboy oʻzani, gʻarbiy chinklari esa Koraboʻgʻozgoʻl qoʻltigʻining gʻarbiy sohili, Qorniyoriq botigʻi, Qaydak shoʻrligi orqali oʻtadi.

Plato hududi geologik tuzilishi jihatidan epipaleozoy plitasining bir qismi hisoblanib, paleozoy, mezozoy va kaynozoy tog jinslaridan tashkil topgan. Yer yuzasiga yaqin kismi gorizontal yotgan sarmat ohaktoshlari, gillardan tuzilgan boʻlib, oralarida tuz va gips qatlamlari uchraydi. Ustyurtda kenglik boʻylab yoʻnalgan bir necha tektonik strukturalar mavjud. Ustyurtning shim. qismida Shim. Ustyurt koʻtarilmasi, jan. da Ustyurt bukilmasi (unda Qoʻshbuloq, Osmontaymatay, Sam va b. shoʻrxoklar) joylashgan. Bu bukilma shim. Ustyurt koʻtarilmasini Qassarma koʻtarilmasidan ajratib turadi. Qassarma koʻtarilmasi janda Borsakelmas botigʻi bor. Undan jan. da Markaziy Ustyurt koʻtarilmasi, yana jan. rokda Asakaovdon choʻkmasi joylashgan.

Ustyurt yuzasi supasimon tekislik boʻlib, unda bir qancha qirlar: Muzbel, Qorabovur, Oqtumshuq, Qulandi va b., Borsakelmas, Qorashoʻr, Asakaovdon kabi choʻkma va botiklar mavjud. Jan. qismiga Qoplonqir va Sariqamish botigʻi kirib borgan. Uning shim. qismida Sam, Matayqum, Uchtagʻan qumliklari va bir qancha shoʻrxoklar (Qoʻshbuloq, Osmontaymatay, Sam va b.) hamda taqirlar mavjud. Uda karst va karstsuffozion relyef shakllari (karst voronkalar, botiklar, gʻorlar) vujudga kelgan.

Iklimi keskin kontinental. Qishi Oʻzbekistonda eng sovuq, yozi juda issiq, uzoq davom etadi. Iyul oyida oʻrtacha tra 25°—28°, eng yuqori tra 46°. Qishda Ustyurtning gʻarbiy qismi bilan sharqiy qismi oʻrtasida tra farqi katta: eng past tra garbda —20°, sharqida —40° gacha pasayadi. Yillik yogʻin 112—121 mm, eng koʻp yogʻin (34%) bahor oylarida tushadi.

Ustyurtda doimiy oqar suvlar yoʻq. Bahor oylarida botiklar, shoʻrxoklar, taqirlarda suv yigʻilib, vaqtinchalik koʻllar qosil boʻladi, yozda ular qurib qoladi. Faqat platoning jan. dagi Sariqamish botigʻida va baʼzi bir gʻorlar ichida doimiy koʻllar bor. Yer osti suvlariga nisbatan boy. Yer osti suv qatlamlari sarmat va paleozoy yotqiziklarida (20—50 m chuqurliklarda) uchratiladi, ularning aksariyati shoʻr. Ustyurtning katta qismida surqoʻngʻir, botiqlar, shoʻrxoklarda shoʻrxok, taqirshoʻrxok, qumliklarda qumli tuproqlar uchraydi. Oʻsimlik qoplami siyrak, asosan, shuvoq va shoʻralar oʻsadi. Bulardan tashqari, qirqboʻgʻin, kovrak, qora saksovul, biyurgʻun, tetir, sarsazan, iloq va b. bor. Bahorda efemer, efemeroidlar oʻsadi. Hayvonot dunyosi choʻlga xos boʻlib, jayran, saygʻoq, boʻri, tulki, yumronqoziq, qoplon, Ustyurt qoʻyi, olakoʻzan, hind asalxoʻri, qoʻshoyoq, qumsichqon, turli ilonlar, qushlardan toʻrgʻay, qora qargʻa, xoʻjasavdogar, quzgʻun va b. yashaydi. Hasharotlardan termit koʻp. Noyob va «qizil kitob»larga kiritilgan hayvon va oʻsimlik turlarini muhofaza qilish va oʻrganish maqsadida Ustyurt qoʻriqxonasi (Qozogʻiston hududida) tashkil etilgan.

Ustyurt hududi, asosan, yaylov sifatida foydalaniladi. Bu yerda neft, gaz va yer osti suvlarining katta zaxiralari anikdangan.

Murod Mamatqulov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x