Ustozlardan yuqqan “nuqson”

Kechagidek esimda, birinchi mashqim oltinchi sinfda oʻqiyotganimda “Tong yulduzi” (sobiq “Lenin uchquni”) gazetasida bosilgan edi. “Qirgʻiziston haqiqati” respublika gazetasida hajviy sheʼrlar uchun eʼlon qilingan tanlovda ikkinchi oʻrinni olganimdan soʻng musahhih boʻlib ishlashga taklif qilishgan.

1958 yilning may oyi edi. Muharririmiz Noʻmon Gʻulomov Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmasining raisi, atoqli shoir Suyunboy Eraliyev meni yoʻqlayotganini aytdi. Uyushmaga borsam, Suyunboy ogʻa hovlida chust doʻppili, poʻrim kiyingan, yuzi farishtali bir kishi bilan gurunglashib turardi. Soʻrashib boʻlgach, ogʻa menga hamsuhbatini tanishtirib: “Mehmon ustoz shoir Mirtemir boʻladilar. “Manas”ni tarjima qilish maqsadida kelganlar. Bir hafta ustozga hamroh boʻlasiz, ishxonangiz bilan kelishib qoʻyganmiz”, deb gapning indallosini aytdi. Ulugʻ ustoz, alloma inson bilan tanishuvimiz shu tarzda boshlangan edi. Fanlar akademiyasining Manas sektorida ikki kun boʻlgach, “Olatogʻ” jurnalining bosh muharriri, taniqli shoir Sovranboy Jusuyev hamrohligida Talas shahriga safar qildik. Manas qabri ziyoratida shoir Talant Boyqobulov birga boʻldi. Mirtemir domla eposni yoddan aytuvchi oqinlar bilan yuzma-yuz uchrashib, suhbatlashdi. Baʼzi maʼlumotlarni yondaftariga yozib oldi. Haftaning soʻnggi kunida Bishkekka qaytdik. Yakshanba oqshomida ustozni poyezdda Toshkentga kuzatdik. Mirtemir domla vaʼdasiga binoan 1959 yilning aprelida yana Bishkekka keldi. Temir yoʻl vokzalining roʻparasida yangi qurilgan “Tiyonshon” mehmonxonasiga joylashdi. Bir hafta davomida “Manas”ning bir necha variantini oʻrganib, olimlar, oqinlar bilan dildan suhbatlashdi. Ulugʻ adib Chingiz Aytmatovning maslahatiga binoan, eposning mashhur oqin Sayoqboy Qoralayev varianti boʻyicha nashr etilgan qismini oʻzbek tiliga oʻgirishga kelishib olindi. Mirtemir akaning Talas, Oʻsh va Issiqkoʻlga safari “Qirgʻiziston ilhomlari” nomli mashhur turkumning yaralishiga sabab boʻldi. Turkumga kirgan dastlabki sheʼrlar ilk bora gazetamizning qoʻsh sahifasida eʼlon qilindi. Oradan koʻp oʻtmay bu turkumni Tumanboy Boyzoqov va Sovranboy Jusuyev qirgʻizchaga agʻdarishdi.

Ustoz Bishkekdan qaytish arafasida: “Boʻtam, gazetada bosilgan mashqlaringiz bilan tanishib chiqdim. Jujuqlarga yozish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Qudrat Hikmatning sheʼrlariga ohangdoshlik bor. Soʻz ustida ishlash sanʼatida biroz oqsaysiz. Kelgusi yilning avgust oyida “Doʻrmon” ijod uyida yosh qalamkashlarning kengashi rejalashtirilyapti. Nasib etsa, sizni ham taklif qilamiz, oʻshanda Qudratvoy bilan tanishtirib qoʻyaman. U talantli, qattiqqoʻl ijodkorlarimizdan”, dedi.

1960 yilning avgustida Mirtemir domla joʻnatgan rasmiy taklifnomani olib, “Doʻrmon”da oʻtgan kengashda ishtirok etdim. Shu yerda Toʻra Sulaymon, Yoʻldosh Sulaymon, Safar Barnoyev va Habib Rahmat bilan doʻstlashdim. Ustoz vaʼdasiga binoan bolalarning sevimli shoiri Qudrat Hikmat bilan uchrashtirdi. Qudrat aka seminar rahbari boʻlgani uchun bolalar adabiyotining oʻsha kezdagi taniqli vakillari Hakim Nazir, Quddus Muhammadiy, Shukur Saʼdulla, Tolib Yoʻldosh va Poʻlat Moʻmin bilan bizni yaqindan tanishtirdi. Kengash qatnashchilaridan Yoʻldosh Sulaymon, Olim Mahkam, Obidjon Yusupov va Obid Rasulning qoʻlyozmalari jiddiy tahlil qilindi. Ularning asarlaridan baʼzi namunalar almanaxlarda chop etish uchun tanlab olindi. Seminar davomida vaqtli matbuotda sheʼrlari chiqqan tengdoshlarimizga havas qildik.

Muhokama jarayoni koʻpkariga birinchi marta kirgan uloqchini yodimga soldi. Choʻbir otga har qancha qamchi urmang, u qashshang tortadi, taysallaydi. Mashqlarimizda choʻgʻ boʻlmasa, uni yaltiroq soʻzlar hisobiga bezash bilan uzoqqa borib boʻlmas ekan. Ayniqsa, Tolib Yoʻldosh va Qudrat Hikmatning Obid Rasul sheʼrlari boʻyicha bildirgan fikrlari, oʻrinli mulohazalari bizga ibrat boʻldi. Chamamda, ustoz Mirtemir men haqimda shipshitib qoʻyganmi, qoʻlyozmalarimni muhokamaga qoʻyishga Qudrat aka roʻyxushlik bermadi, faqat oʻzimga “Seminardan keyin gaplashamiz”, deb qoʻydi. Bu “Mashqlaring ancha dumbul” degani edi. “Doʻrmon”dagi kengashdan soʻng ikki kunga qolishimga toʻgʻri keldi. Qudrat aka bilan bir kun Toshkentni tomosha qildik. Ikkinchi kuni ustoz Chilonzordagi bir xonali uyida qoʻlyozmalarimni boshdan-oyoq, satrma-satr tahlil qilib berdi: oʻttizta sheʼrdan atigi uchtasining nuqsonlarini koʻrsatib, jiddiy ishlashimni uqtirdi. Samuil Marshakka taqlid qilib qoralagan “Gazeta qanday chiqadi” sarlavhali balladamni qayta yozishim kerakligini aytdi. Bolalar uchun yozilgan sheʼrlar qisqa boʻgʻinli, loʻnda, quvnoq, voqeaband va yangi qofiyalarga toʻyintirilgan boʻlishini taʼkidlab, jahon adabiyotini izchil oʻqishimni maslahat berdi. Xullas, ikki yoʻlning oʻrtasida qoldim: gazetada ishlashim kerakmi yoki bolalar adabiyotini tanlaganim maʼqulmi? Qora qozonni qaynatish uchun tahririyatda ishlab turishga toʻgʻri keldi. Ikki oy davomida Qudrat akaning eʼtiboriga tushgan uchta sheʼr va balladani qayta ishlab, ustozga joʻnatdim. Sheʼrlarimning “Gulxan” jurnalida chiqishi men uchun haqiqiy bayram boʻldi. Balladam esa 1962 yilda nashr etilgan “Buni toping, bolalar, aytib bermang, onalar” nomli almanaxda bosilishi kaminaga qanot bagʻishladi.

Ha, ustozlar masalasida meni Tangri yarlaqadi. Ular tufayli “Doʻrmon”dagi ijod uyida oʻtgan keyingi ikki seminarda ham ishtirok etib, doʻstlar orttirdim, oʻz ustimda jiddiy ishladim. 1969 yilning kuzida ishxonamga Barot Boyqobilov qoʻngʻiroq qilib, “Yosh leninchi” (hozirgi “Turkiston”) gazetasida Qudrat Hikmat menga oq yoʻl tilaganini aytib tabrikladi. Navbatdagi tadbirlardan birida Mirtemir domla qirgʻiz adabiyotidan tarjimalar qilishga daʼvat etdi. Ustoz vaqtli matbuotda ishlayotgan shogirdlariga ham tayinlagan boʻlsa kerak, “Mirtemir muallim sizni tavsiya qildi”, degan mazmunda xatlar ola boshladim. Talabalik chogʻimdayoq “Kamolning olmasi” nomli birinchi kitobim bosilib chiqdi. Havolanib ketdim shekilli, oʻsha kezlari oʻtkir kinoyalari, taqlidlari bilan koʻpchilikning eʼtiboriga tushgan Erkin Vohidov, Anvar Eshonov, Yusuf Shomansur kabi ogʻalarimga ergashib parodiyalar yoza boshladim. Ustozim Qudrat Hikmatning oʻgiti u qulogʻimdan kirib, bunisidan chiqmaganida – Shukur Saʼdulla bilan Poʻlat Moʻmin kabi ustozlarning gʻashiga tegib parodiya yozmagan boʻlardim.

Mustabid tuzumning biz ilgʻamagan qonun-qoidalaridan biri shunday edi: qardosh respublikalardagi oʻzbek ijodkori uyushmaga oʻtadigan boʻlsa, tavsiyanomalarni partiya tashkiloti kotibi tasdiqlab, muhr bosishi shart edi. 1965 yillarda ustoz Shukur Saʼdulla Yozuvchilar uyushmasida partiya tashkilotini boshqarardi. Shukur akaning “Ozod diyor” sarlavhali sheʼriga bagʻishlagan parodiyam “Mushtum” jurnalida bosilgach, mashmasha boshlandi. Shukur aka Mirtemir domla bilan Qudrat akaning kaminaga bergan tavsiyanomalarini tasdiqlashdan bosh tortdi.

Men uchun tashvishli boʻlgan oʻsha kezlarda Gʻafur Gʻulom nashriyotining roʻparasidagi kitob doʻkonida Mirtemir domla bilan Toʻra Sulaymonni uchratib qoldim. Ustoz soʻrashayotib: “Kishi baloga qolurmi oʻz ixtiyori bilan”, deb yelkamga qoqib qoʻydi. Chamasi, parodiya mashmashasi haqida Toʻra Sulaymon shipshitib qoʻygan. Mirtemir aka taksi toʻxtatib, Toʻra Sulaymon ikkimizni Yozuvchilar uyushmasining 1 may koʻchasidagi binosiga olib bordi.

Shukur akaning xonasi ochiq, ammo oʻzi yoʻq ekan. Galina ismli kotiba Mirtemir akani tavoze bilan kutib oldi. Partiya tashkiloti rahbari Markazqoʻmda majlisda ekan. Kotiba rasmiy qogʻozlarimizni tasdiqlab berdi. Keyin ustoz bizni “Sharq” restoranida mehmon qildi.

Ancha shov-shuvga sabab boʻlgan oʻsha parodiyani sevimli jurnalimizning muxlislari ham bir oʻqib koʻrishsa, ijodkor uchun xolis gapni aytish oʻsha zamonlarda oson kechmaganini his qilishar…

 

QISQASI, PALON-PISTON

 

Shukur Saʼdullaga

 

“Dalalaring bogʻiston,

Toshloqlaring togʻiston.

Rostin aytsam, oʻzingsan

Mangu chaman guliston”.

“Ozod diyor” sheʼridan

* * *

Oʻzbekiston bogʻiston,

Qirgʻiziston togʻiston.

Tiyonshondan oʻtsangiz,

Naryogʻi Qozogʻiston.

Olatogʻu Tangritogʻ

Gʻaroyib toshlogʻiston.

Kavkazda-chi Elburus,

Maxachqalʼa – Dogʻiston,

Qisqasi, palon-piston,

Yozsangiz boʻlar doston.

(1965 yil).

 

Har ikki ustozdan shogirdparvarlikni, xolislikni oʻrgandim. Mirtemir domlaning daʼvati bilan qirgʻiz adiblarining bir talay asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirdim. Qudrat Hikmatdan toʻgʻrisoʻzlikni, talabchanlikni, sheʼr ustida ishlashni, kichkintoylarning soʻz boyligini hisobga olgan holda yozishni oʻrgandim.

1965 yildan 1990 yilga qadar 15 ta kitobim, 20 ta tarjima asarim chop etildi. Rus, qozoq, qirgʻiz, tojik va latish tillariga oʻgirilganlarini qoʻshsak, umumiy adadi ikki milliondan oshadi. 1990 yildan 2013 yilgacha esa 10 ta kitobim, 5 ta tarjima asarim yarim million nusxada bosildi. Korney Chukovskiy, Samuil Marshak va Jovanni Rabonining saylanmalari tarjimasi ikki-uch martadan chop etildi. Oʻzbekiston ramziy maʼnoda bolalar yurti. Demak, kitoblarimizning adadi shunga yarasha boʻlishi kerak.

Ijodkor jamiyat bilan hamqadam boʻlishi lozim. Atoqli adib, ustoz Odil Yoqubovning mustabid tuzum davrida oʻzbek paxtakorlarining ogʻir mehnati haqida SSSR Oliy Sovetining sessiyasida soʻzlagan otashin nutqini bir eslaylik. Shoir Shavkat Rahmon bilan jurnalist Yoqubjon Xoʻjamberdiyevlarning Oʻsh va Oʻzganda yuz bergan voqealar bilan bogʻliq turkum maqolalari, taniqli adib Dadaxon Nuriyning tabiatni muhofaza qilish mavzusidagi chiqishlari ibrat olishga arzigulik.

Men ham bolalar adabiyotining bir vakili sifatida yozgan asarlarimizga nisbatan toʻgʻrisoʻz boʻlish, xolis fikr aytish tarafdoriman. Sababi, qahramonlarimiz tabiatan rostgoʻy kitobxonlar, yolgʻonni ular kattalardan oʻrganadi. Ermak uchun yozilayotgan bemaza sheʼriy kitoblar, peshtaxtalarda bosilib yotgan saylanmalarni koʻrganda buyuk adib, ustoz Abdulla Qahhorning qadri oʻtayotganini his qilamiz. Ibrohim Gʻafurov va Yoʻldosh Solijonovdan tashqari koʻpchilik adabiyotshunoslarimiz ehtiyotkorlikni, murosasozlikni shior qilib olishdi. Shu jumladan, bolalar adabiyoti uchun maqtashga arzigulik ishlarni qilgan olimlarimiz ham hozircha sukutda.

Aybim – toʻgʻrisoʻzligim. Bu “nuqson” ham ustozlarimdan yuqqan. Qolmishiga qahramonlarimiz – bolajonlar yolgʻon gapirishmaydi. Kichkintoylarning ulkan adabiyotida eng qiyin soha maktabgacha yoshdagi farzandlarimizga sheʼrlar yozish. Bu borada doʻstim shoir Habib Rahmatga qoyil qolaman. Xudo rahmat qilgur Hamza Imonberdiyev ham shu sohada oʻziga xos maktab yaratib ketdi.

Kutubxonamdagi kitoblarning koʻp qismiga “Parodiya yozmaslik sharti bilan” qabilidagi dastxatlar bitilgan. Bolalar adabiyotiga umuman daxli, maʼnaviy haqqi yoʻq baʼzi jurnalistlar, ayrim olimlarning kichkintoylarga atalgan toʻplamlarga soʻzboshi yozishi, “oq yoʻl” tilashi urfga aylandi.

Kunlarning birida yaxshigina sheʼrlar yozayotgan ukalarimdan biri Dilmurod Doʻst: “Mening mashqimga parodiya yozibsiz”, deya oʻpkalab qoldi. Dilmurod bilan eryigitning uvvos tortib yigʻlashi toʻgʻrisidagi qoʻshiqlar urchib borayotgani haqida dildan suhbatlashdik. Xuddi oʻsha kuni oqshomda zangori ekranda poʻrim kiyingan xonanda torni chertib, “Toʻying kuni toʻyib yigʻladim” qoʻshigʻini ayta boshladi. Qizlarning huzurida yigit kishining koʻz yosh toʻkishini bir tasavvur qiling-a! Bu – yigitlarning bachkanalashib borishiga daʼvat emasmi? Shunaqa vaqtlarda zabardast shoirimiz Abdulla Oripovning quyidagi satrlarining qadri yanada ortadi:

 

…U qoʻshiq kuyladi yor shaʼniga mast,

Na kuldi, na toʻkdi qatra yoshini.

U magʻrur kuyladi, qiz esa shu vaqt

Huzuriga keldi egib boshini.

 

Sheʼrlari parodiya qilingan baʼzi doʻstlarimiz gazeta va jurnallarga uzundan-uzoq sharhlar, tushuntirishlar yozishadi, gina-kudurat qilib internet orqali suhbatga chorlashadi. Buning oʻrniga, kaminaning ham maromiga yetmagan, hissiyot ustun kelganda yozilgan, oʻzimni oʻzim takrorlagan mashqlarimga qoyillatib parodiyalar yozishsa, qaytanga xursand boʻlardim. Bu – oʻziga xos mardona munosabat boʻlardi. Adabiyot, menimcha, mana shunday begʻaraz bahslarda takomil topadi.

Ulugʻ allomalarimizning nomini hadeb sanab oʻtish oʻrniga, Abu Rayhon Beruniy, Al-Xorazmiy, Ibn Sino haqida, Qori Niyoziy, Habib Abdullayev, Ibrohim Hamroboyev, Toshmuhammad Sarimsoqov, Saʼdi Sirojiddinov, Yolqin Toʻraqulov haqida bolalar va oʻsmirlarga moʻljallangan badiiy-hujjatli asarlarga tanlovlar eʼlon qilishning vaqti yetdi. “Chumchuq soʻysa ham, qassob soʻysin” deb bekorga aytilmagan. Kichkintoylar adabiyotining “nonini tuya qilib” nashr etilayotgan baʼzi kitoblarni koʻrib, “Esiz qogʻoz, esiz mehnat!” deysan. Kattalarga durustgina sheʼr va gʻazallar yozib yurgan bir ukamizning “5 baho olgan kunim” deb nomlangan kitobini olib, muallif hisobidan xijolat chekdim. Qalamkash doʻstlarimiz Zafar Isomiddin, Sodiqjon Inoyatov va Xudoyberdi Komilovning bolalarga bagʻishlangan kitoblarini bir varaqlab chiqsa yomon boʻlmasdi. Qisqasi, har kim qoʻlidan kelgan ishni qilgani yaxshi.

Bugungi oʻzbek bolalar adabiyotining suyanch togʻlari – ustozlarimiz Nosir Fozilov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Miraziz Aʼzamlari hamda Erkin Malik, Anvar Obidjon, Habib Rahmat, Kavsar Turdiyeva, Muhabbat Hamidova, Qambar Otalari bor. Betakror shoir, marhum Rustam Nazarning izdoshlari Maʼmur Qahhor, Abdurahmon Akbar, Dilshod Rajab, Qoʻzi Ismoil va Erpoʻlat Baxt kabi ukalarimiz pand-nasihatgoʻylikdan xoli, puxta asarlar yozayapti. Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi bilan hamkorlikda oʻtkazayotgan “Doʻrmon” ijod uyidagi seminarlarda iqtidorli yoshlar kashf etilayotgani kichkintoylarning katta adabiyoti bardavom ekanidan darak berib turibdi.

Respublikamizda amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, oʻzgalar havas qilsa arzigulik qurilishlar, ayniqsa, tinchlik va xotirjamlik koʻnglimizga gʻurur bagʻishlab, yangi asarlar yozishga ruhlantiryapti.

Darhaqiqat, umr daryo ekan. Mana, yoshimiz ham bir joyni qoralab bormoqda. Allohga ming shukrki, diyonatli farzandlarimning ardogʻidaman. Uch qizim, oʻgʻlim, qator nabiralarimdan koʻnglim toʻq. Ular boshqa sohalarning egasi boʻlishiga qaramay, adabiyotimizning faol muxlisi.

 

Tursunboy ADASHBOYEV

 

“Yoshlik”, 2013 yil 11-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/ustozlardan-yuqqan-nuqson/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x