Ustoz haqida ikki xotira

Shaʼm boʻlib yoritdim sanʼati jahon,

Oʻzim erisam ham, olam charogʻon.

Jondan jonga berdim koʻp jonli navo,

Shuning-chun el ichra boʻldim Komiljon.

 

Bu voqea takrorlanmas ovoz sohibi, oʻzining ilohiy sanʼati, sozi bilan jumlai jahonni rom etgan ustoz xonanda Komiljon Otaniyozov haqida hozirgi vaqtda rivoyatga aylangan, aslida esa yaqin oʻtmishda sodir boʻlgan haqiqatdir. Ustozning dovrugʻi Oʻrta Osiyo respublikalaridan tashqari, Afgʻoniston, Eron, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Xitoy va yana oʻnlab mamlakatlarda tarqalgan edi. Zero, yer yuzi iqlimlarida ustozni bir koʻrib, sanʼatidan, ovozidan, nolalaridan bahramand boʻlish orzusida yurgan shinavandalari, shogird tushaman degan xonandalar, u kishiga havas qilib farzandi yoki nevarasining ismini Komiljon qoʻygan kishilar hisobsiz edi.

Shunday insonlardan biri Turkiyaning Istanbul shahrida yashar ekan. U musiqa asboblarining, ayniqsa torning ustasi sifatida mashhur boʻlib, yasagan torlarining dovrugʻi butun mamlakatga tarqalgan edi. Mashhur usta Komiljon Otaniyozovning oʻzi bilan uchrashmagan boʻlsa-da, u kishining sanʼatiga chin oshiq boʻlib, ustozning radio va televideniyedagi ashulalarini maroq bilan eshitar va gramplastinkalarini yigʻardi. Kunlarning birida tushida Komiljon Otaniyozov ustaga qarab qoʻlidagi torni ohista chertib xirgoyi qilayotgan emish. Shundan soʻng usta: “bu tushni bekorga koʻrmadim, bu Allohning irodasi” deb, sevimli xonandasi Komiljon Otaniyozovga atab, yurak mehrini berib bir tor yasaydi. Sobiq ittifoq davrida bir mamlakatdan ikkinchisiga oʻtish yoki bir buyumni ikkinchi bir mamlakat fuqarosiga berib yuborish anchagina murakkab edi, shu sababdan tor ustaxona devorida koʻp yillar osilib turadi. Bu vaqt davomida usta har kuni Xudodan omonatini olgunga qadar “ushbu torni egasiga topshirsam, armonim qolmasdi” deb umid qilarkan. Kunlarning birida Komiljon Otaniyozov Turkiyaga xizmat safari bilan kelgan delegatsiya safida tashrif buyuradi. Mehmonlar goʻzal Istanbul koʻchalarini, bozorlarini aylanib, ittifoqo cholgʻu asboblari yasaydigan ustalar rastasiga kelishadi. Mashhur ustalarning ishlarini zimdan kuzata turib, ustozning eʼtibori ustaxona devorida osilgan bir torga tushadi. Ustoz torni qoʻliga olib, zavq bilan koʻzdan kechiradi. Chertib koʻrgach, ustadan uning narxini soʻraganda, tabiiyki, mehmonlarni tanimagan usta: “Tor sotilmaydi, u egasini kutayapti” – deb, sovuqqonlik bilan oʻz ishini davom ettiraveradi. Komiljon Otaniyozov torni istar-istamas ustaga qaytarib berar ekan, biroz ranjiganday tuyuladi. Uning torga nihoyatda ishqi tushganini koʻrib turgan turkiyalik mezbonlar bir oz hijolat tortib, ustadan “hech boʻlmasa, torning egasini ayting” – deb soʻrashadi. Shunda usta bu tor turkiy xalqlar musiqa madaniyatining dovrugʻli ijrochilaridan biri, mohir sozanda va xonanda, oʻzbekistonlik qardosh Komiljon Otaniyozov uchun niyat qilib, bir necha yillar oldin yasalganini aytadi. Va ana shu, omonatni qachon oʻz egasiga taqdim qilsa, dunyodan armonsiz ketishini taʼkidlaydi. Agar umri vafo qilmasa, bu istagini farzandlariga vasiyat qilib qoldirishini, qachondir, kimdir shu torni egasiga yetkazsa, qiyomat qarzi uzilishini bir qadar shikastalik bilan soʻzlaydi-da, har kuni shu torni olib, bir marta “Xorazm lazgisi”ni chalishini aytadi va mehmonlardan uzr soʻrab, torni yana qaytadan joyiga ilmoqchi boʻladi. Shunda mezbonlardan biri mamnun holda: “Usta, Allohdan soʻraganingiz ijobat boʻldi, umidingiz ushaldi, torni ushlagan kishi oʻsha siz kutgan tabarruk inson, shu torning haqiqiy egasi Komiljon Otaniyozov boʻladilar”, – deb ustozni tanishtiradi. Bu xabarni eshitgan usta bir muddat sarosimayu hayajonga tushib, turfa harakatlar ila Komiljon ustozning yoniga kelib: “Agar sen haqiqatdan ham Komiljon boʻlsang, ma, shu tor bilan bir ashula aytib bergin-chi”, – deb torni uzatadi.

Ustoz meʼyorida sozlangan torni qoʻllariga olib, ohista chertib ustaga qarab xirgoyi boshlaydi. Ushbu manzarani koʻrgan mashhur tor ustasi ustoz Komiljonga qarab “yo Alloh, yo Alloh” deya, hayajon bilan u kishining poyiga tiz choʻkib, etaklarini koʻzlariga surtib, koʻzida yosh bilan: “Men Allohga yana bir karra iymon keltirdim. Koʻzim ochiqligida omonatni egasiga topshirayotganimga shukrona aytaman!” – deydi. Keyin maʼlum boʻlishicha, Komiljon Otaniyozovning bu xirgoyisi ustaning bir necha yillar muqaddam tushida koʻrgan hodisaning aynan oʻzi edi…

Ustoz Komiljon Otaniyozov kulib: “Usta, ming bora qulluq, ammo, siz tor uchun ozmuncha mehnat qilmagansiz”, deb narxiga ishora qiladi.

Shunda usta: “Men mehnatimga roziman. Siz aytgan qoʻshiqlarni radio orqali, gramplastinkalardan tinglaganman, ishim qobiliyatingizga baxshida. Sizning mohir barmoqlaringiz ostida sehrli navo yangrab, ellarni mamnun etsa, duosini olsangiz, shuning oʻzi men uchun ham ulkan baxt”, – deb, yana koʻzlariga yosh oladi…

Ustoz Komiljon Otaniyozov Turkiya safari tugagunga qadar ustani oʻzlari bilan birga olib yuradilar. Uyushtirilgan konsertlarda esa haligi turk ustani oldingi qatorga oʻtqazib, hadya qilingan torning sehrli nolalaridan elni ham, ustani ham bahramand etadi.

Yana shunday voqealardan biri oʻz yurtimizda boʻlib oʻtgan. Ustoz Komiljon Otaniyozov buyrak kasalligi bilan xastalanib, Oʻzbekistonning eng mashhur shifo maskanlaridan biri – Buxoroi sharifda joylashgan Mohi-Xossaga keladilar. Ustoz sihatgohda chogʻroqqina, ammo shinam bir xonaga joylashib, qadim Buxoroning Qiziltepasidan kelgan 28-30 yoshlardagi Sobirjon ismli navqiron yigit bilan hamxona boʻlib yashaydilar. Muolajalar davomida ustoz 3–4 kun betob boʻlib yotib qoladilar. Sobirjon Komiljon ustozning u-bu yumushlariga imkon qadar koʻmaklashib turadi. Ustoz ancha tuzalib, oyoqqa turib ketganlaridan soʻng hamxonalariga oʻzlarini yaqindan tanishtiradilar va yigitning ham yashash tarzi, oilaviy ahvoli, u yashayotgan qishloq haqida soʻraydilar. Suhbat asnosida yigit sanʼatga juda oshufta ekanini, yaqin orada oʻgʻliga toʻy qilish niyati borligini aytib oʻtadi. Sobirjonning sof Buxoro shevasida samimiy soʻzlashidan, qalbining tozaligidan mehrlanib ustoz safarlari qarigach, Toshkentga ketayotganlarida yigitga turar manzillarini yozib berib, “mabodo oʻgʻlingga toʻy qilib, dasturxon yozsang meni chorlasang, toʻyingda xizmat qilaman”, deydilar. Kunlar oʻtib, toʻy kuni belgilanganda Sobirjon kayvonilarga Komiljon Otaniyozov bilan boʻlgan voqealarni, u kishining “toʻyga taklif qilsang, boraman”, degan gaplarini aytib, maslahat soʻraydi. Ular: “Ey yigit, koʻrpangga qarab oyoq uzatgin, axir sen kimsan-u, Komiljon Otaniyozov kim, u kishi kelmaydi, oʻzimizning hofizlar bilan toʻyni oʻtkazaver”, deb aytishadi. Lekin Sobirjon baribir ustozga telefon qilib toʻyga taklif qiladi.

Ustoz safarga otlanib, hamrohlari bilan Choʻli Malik orqali Qiziltepa tumaniga qarashli bir qishloqqa yaqinlashganida koʻp uzoq boʻlmagan joydan ashulani meʼyoriga yetkazolmay chiranayotgan hofizning ovozi eshitiladi.

Musiqa eshitilayotgan joy – chogʻroqqina toʻyxona boʻlib, mahalliy hofiz “Feruz” ashulasini bilganicha kuylamoqda edi. U paytlar hali televizor, tasviriy reklama degan gaplar yoʻq hisobi. Toʻyxonadagilar ustoz va uning hamrohlarini tanimasalar-da, oʻzbekona urf-odatlarga muvofiq, mehmon sifatida eʼtibor bilan kutib olib, davraning toʻriga oʻtqazadilar. Bir oz parishonxotirroq yurgan Sobirjon tuyqus mehmonlarni koʻrib, Komiljon Otaniyozovni tanib qoladiyu, quvonchdan oʻzini ustozning bagʻriga otadi. Biroz fursat mehmondorchilikdan soʻng, ustoz mikrofonga yaqin keladi va Sobirjonni toʻy bilan tabriklab, farzandiga ezgu tilaklar bildirgach, mikrofonni bir chekkaga surib, “bugun mikrofonsiz ashula eshitasizlar”, deya, qoʻliga tor olib xalq orasiga kirib, toʻy ahlini oʻzining takrorlanmas sanʼatidan bahramand qiladi. Shu orada toʻyda xizmat qilayotgan xonandaga sanʼat borasida anchagina oʻgitlar ham beradi. Toʻydan ketayotib mashhur hofizning koʻrmanasi uchun berilgan barcha toʻyonalarni bir boʻgʻchaga bogʻlab, Sobirjonga taqdim qiladi. Quvonchdan esankirab, cheksiz minnatdorlik hislari bilan turgan yigit koʻzlarida yosh bilan ustani kuzatib qoladi…

Ustoz Komiljon Otaniyozovning bu oliyjanobligi hayotiy rivoyatga aylanib, ana shu qishloq aholisi tomonidan, nafaqat qishloq, balki hofizning barcha muxlislari tomonidan to hozirgacha xotirlanib, aytib kelinmoqda. Komiljon ustoz haqida, hofizning, musiqaning buyuk qudrati, sehri haqida xalqimiz orasida tarqalgan shu kabi xotiralarni koʻplab keltirish mumkin. Darhaqiqat, buyuk sanʼatkorlargina bunday eʼtirofga – afsonayu rivoyatlarga noil boʻladilar.

 

Rahmatjon QURBONOV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist

Shuhrat OʻROQOV,

tibbiyot fanlari doktori

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ustoz-haqida-ikki-xotira/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x