Shoira Zulfiyani yoʻqlab
1960 yilning kuzida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi masʼul kotibi, taniqli shoir va dramaturg Dushan Fayziy samarqandlik yosh shoir va nasrnavislarni Toshkentga, respublika ijodkorlarining birinchi seminariga olib bordi.
Unda barcha viloyatlardan kelgan yoshlarga oʻn kun ichida Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Izzat Sulton, Mirtemir, Odil Yoqubov, Mirmuxsin, Hakim Nazir, Ibrohim Rahim, Turob Toʻla, Sunnatilla Anorboyev, Andrey Ivanov, Shuhrat, Ramz Bobojon, Zulfiya opa, Muzayyana Alaviya, Shoislom Shomuhammedov, Vohid Zohidovlar saboq berdi.
Seminar chogʻida viloyatlardan kelgan shoira qizlar Zulfiya opa Isroilova bilan uchrashib turar edik. Har uchrashganimizda opa hol-ahvolimizni soʻragandan keyin “Yozyapsizmi?” – deb soʻrardi. Sheʼr yuboring mazmunidagi xatlar kelardi jurnal tahririyatidan. Yangi sheʼrlarimdan yuborsam, “Saodat” jurnalida chiqar edi.
U kishi menga juda samimiy munosabatda boʻlardi. Keyinchalik meni jurnalga ishga taklif qildi, afsuski, oilaviy sharoit tufayli borolmadim. Hatto ulugʻ adiblar bilan Samarqandga kelganida meni Toshkentga bormaganim, bola-chaqa deb kam ijod qilayotganim uchun koyirdilar.
Men uchun Zulfiya opa buyuklik timsoli edi, u kishidan juda uyalardim, salobatlari bosardi. Zulfiya opa doim saranjom-sarishta, bejirim kiyinardi. Qalin sochlari doim turmaklangan holatda oʻzlariga qarab yurardi.
Opa respublikamizning qaysi viloyatida xotin-qizlardan kim yaxshi yozayotganidan xabardor edi. Qaysi shoira qaysi sheʼrida yangicha soʻz, tashbeh ishlatgani xotirlarida turardi. Ha, u yillarda respublikamizda yaxshi yozadigan shoiralar kam edi. Hozir-chi? Isteʼdodli, oqila shoiralarimiz koʻp. Qani edi, Zulfiya opam tirik boʻlsalar-u, ularning ijodini koʻrsalar.
Oʻsha birinchi seminar kunlarida Zulfiya opam ijod haqida juda kerakli gaplarni aytdi:
– Talantning turgan-bitgani – mehnat. Chanqagan kishini bir qultum suvday qondiradigan sheʼrlar kerak. Shoir oʻzi his qilganidan, koʻrganidan, bilganidan ortiq yozolmaydi. Hayotni oʻrganish kerak. Buning qanchalik kerakligini oʻz hayotim misolida aytay. Besh-olti yil lirik sheʼrlar yozganimdan keyin qishloqqa chiqdim. Qorongʻida turgandan keyin yoruqqa chiqib, koʻzi qamashgan kishiday boʻlib qoldim. Oʻshanda tildan hali qashshoqligimni sezdim. Hayot, mehnat, yangiliklar, hayotni oldinga eltayotgan odamlar haqida yozdim…
– Lirika – inson haqidagi asar. Doʻstlik, muhabbat, ayriliq, qaygʻu, odamlar orasidagi munosabatlar… Ishchi, injener, montyor, choʻponlarning muhabbat izhori bir xil emas. Choʻpon – quyosh va shamol oʻgʻli. U oʻziga xos tilda gapiradi.
– Qizlarning latif ovozi mardona boʻlsin. Muhabbat uchun kurashish kerak. Ammo bizning qizlarda bu narsa hali kam.
– Oʻzbek sheʼriyati peyzaj yaratishdan adabiyotga qarzdor, Oʻzbekiston manzaralarini chizish kerak. Boshqa xalq vakillari oʻqisa, Oʻzbekiston goʻzalligini his qilsin. Oqtosh, Shohimardon, yangi oʻzlashtirilgan yerlar, qurilishlar… Adabiy asar, avvalo, mazmuni, keyin shakli bilan, mazmunining oʻziga xosligi bilan ajralib turishi lozim.
– Butun vujud ilhomga aylanmasa, sheʼr yozish qiyin. “Bahor keldi seni soʻroqlab” sheʼrimni kech soat oʻndan ertalab soat sakkizgacha yozganman, material pishgan edi.
– Yaxshilikka ragʻbatlantiradigan, qiyofasini oʻzgartiradigan, xalqimizga nondek kerak boʻladigan muhabbat sheʼrlarini yaratish kerak.
Zulfiya opa bilan Doʻrmon yozuvchilar bogʻida koʻp bor sayr etganmiz. Sayr jarayonida dilkash suhbatlar qurardik. Bu suhbatlar mazmuni hanuz ijodimga maʼni beradi.
Men ijod uylariga tez-tez dam olishga borolmasdim. Onda-sonda Toshkent viloyati, Doʻrmon ijod uyiga borsam, Zulfiya opa darrov jiyanlari Gulchehraxonni yuborib, “Samarqandlik shoirani chaqirib kel”, derdilar.
1983 yil 16 aprelda yozuvchi Marva Jamollidinova bilan opanikiga bordik. Osh damlab, mehmon qildilar.
– Zulfiya opa, qarang, quyosh ham sizni koʻrib, moʻralayapti, shu ayol quvonsin deb, – dedi Marva opa.
– Ha quyosh ham biladi gʻanimatligimni, oʻzining ham menga gʻanimatligini. Ichimda nimadir “jiz-z” etdi.
– Unday demang…
Opa kuldilar.
– Siz hali yuz yil yashaysiz, yashashingiz kerak, – dedi Marva opa.
Kechqurun Doʻrmon dam olish foyesida mushoira boʻldi. Yangi yozgan sheʼrlarimni oʻqib berdim. Zulfiya opaga atab yozgan bir sheʼrim bor edi, uni ham oʻqidim:
Oldinda yoʻl, mangulik sari,
Borajakmiz barcha Allohga.
Zar sochmasa quyosh nurlari,
Tushish mumkin qorongʻi chohga.
Quyosh nuri – yaxshi amallar,
Zinapoya erur kunu tun.
Yoritmasa yoʻlni nur agar,
Boʻlarmidik ziqlikdan dilxun.
Tun ham kerak porlashi uchun
Koʻkda oy va chanqoq yulduzlar.
Oʻylarimiz yoʻllardek uzun,
Tuygʻularni elar kunduzlar.
Oldinda yoʻl – mangulik yoʻli,
Bari olib borar Allohga.
Yoʻl boshlovchi – taqdirning qoʻli
Savob aylanmasin gunohga.
Bahor bilan quyosh eritar,
Togʻ boshida muz va qorlarni.
Buloq yayrab, zilol suv eltar
Va ichirar chanqoq bogʻlarni.
Olam gullab, asalarilar
Bogʻ yigʻadi gullarni oʻrib.
Asal totib ilhom parilar
Sheʼrlar yozar yangi soʻz topib.
Inson bilan tabiat – zanjir,
Bir-biriga dillari payvand.
Yomon soʻzdan onalar ranjir,
Mehrlari quyoshga monand.
Oftob ketsa Janubga agar
Qor, muz qoplar shimol yerlarin.
Siljisa u shimolga magar
Sogʻintirar janub erlarin.
Ona qalbi farzandlariga
Teng ulashar mehr nurini.
Jonni nisor etib boriga,
Bagʻishlaydi aziz umrini.
Uch azamat farzand oʻstirgan
Davlatmandsiz, opa, oʻzingiz.
Hulkar, Omon, Sheʼriyat – birdan
Uchoviga kamol berdingiz.
Bir kun kelib, yillar oʻz nuqsin
Qoldirgudek boʻlsalar Sizga,
Qalqon etib uchovi koʻksin,
Tirak boʻlur qoʻltigʻingizga…
Zulfiya opa xursand boʻldilar. – Sheʼringizda “nuqs” soʻzini ishlatibsiz, – deb uning maʼnosini soʻradilar.
– Nuqs – kamchilik degani.
Oʻylanib qoldilar.
– Ertaga uchrashguncha, – deb xayrlashdilar.
Ertasiga borganimda opa Samarqandda yashab ijod qiluvchi shoiralarni birma-bir soʻrab chiqdi.
– Xosiyat Bobomurodova ishtiyoqli shoira, u uddaburon. Siz ham aslida kam yozardingiz. Xosiyat yaxshi shoira boʻladi, – dedilar Zulfiya opa. Keyin namanganlik shoira Dilbar Hamzaxoʻjayeva haqida gapirdilar:
– Juda chiroyli sheʼrlar yozardi. “Teraklar uchidagi nur shildiraydi, Ariqlar ichidagi suv qoʻshiq aytadi”, – debdi bir sheʼrida. Shu ham erga tegdi-yu, sheʼri qolib ketdi.
– Unga xat yozuvdim, xursand boʻlibdi…
Men Zulfiya opaning respublikamiz va viloyatlarda yashab, ijod etayotgan har bir shoiraga, ijodkorga shunchalik eʼtibor berish uchun vaqt topishiga havas qilardim.
Keyin Asad Dilmurodov haqida iliq gaplar aytdi:
– Haqiqiy qishloq ayollari haqida yozadi. Konkursga qatnashyapti, unga ham xat yozdim, – dedi.
Keyin Mirtemir haqida gapirdi:
– Kasalxonada davolanayotganda Yangi yil haqida sheʼr yozibdi. Tahrir qildim. – Oʻz qoʻlingiz bilan kiriting oʻzgartirishlarni arxivimda tarix uchun saqlayman, – dedi. Shunda men gapga aralashdim:
– Opa, esingizdami, mening birinchi toʻplamimni tahrir qilgandingiz?
– Ha.
– Men ham muborak qoʻlingiz, qalamingiz tekkan oʻsha toʻplamim qoralamasini asrab yuribman, – dedim.
… Doʻrmon ijod bogʻi yoʻlagidan uch ayol odimlayapmiz-u, koʻnglimda u kishiga aytishim kerak boʻlgan, ammo ayta olmayotgan gaplarimni oʻylab boryapman. Bahorda endigina barg chiqarayotgan shaffof daraxtlar bargi orasidan koʻrinayotgan bahor quyoshi, oʻzbek sheʼriyatida salmoqli iz qoldirgan Zulfiya Isroilova salohiyati quyoshi, bu ikki quyosh orasida odimlayotgan men, gʻoʻr shoiraning koʻngil quyoshi ajib iliq ob-havoni yuzaga keltirgan, koʻtarinki kayfiyat baxsh etayotgan edi. Ulugʻ shoiramiz timsoli taratayotgan ajib hayotiy quvvat bizga qanot bagʻishlar, hayajonimizni oshirar edi. Bu hayajon shoira va sheʼriyatga hurmat, muhabbat hisi, u kishining shaxsiga, ijodiga havas va faxr natijasi edi. Joʻshqin, ehtirosli muhabbat tuygʻulariga toʻliq qalb egasi, xalqqa, uning taqdiriga taqdirdosh noziktaʼb shoira qalbimizda doim yorugʻ nur boʻlib yashaydilar.
Men u kishini koʻrganim, suhbatlashganim, muloqotda boʻlish baxtiga sazovor boʻlganimdan baxtliman.
Hamida KARIMOVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
25.02.2018 yil
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ustoz-bilan-suhbat/