Ustoz

Muharrir boʻlib ishlay boshlaganimning oltinchimi, yettinchi oyi edi. Katta yozuvchilarimizdan birining qoʻlyozmasini tayyorlash mening zimmamga yuklatildi. Muallifni bir-ikki bor koʻrganimni esladim. Birda Yozuvchilar uyushmasining rasmiy yigʻinida, ikkinchi bor bekatda koʻrgan ekanman. Oʻshanda taassurotlar qanday boʻlganini eslolmadim.

Qoʻlyozmani oʻqib, qabul yozgach, muallif bilan bogʻlanib: “Baʼzi bir joylariga qalam urishga toʻgʻri kelyapti, qanday maslahat berasiz?”, deya soʻradim.

– Yaxshi. Men roziman. Bilganingizni qiling. Xayr, – dedi-yu dastakni qoʻydi muallif.

– Uning ismi sharifimni soʻramagani, hatto qoʻlyozmasining taqdiri bilan qiziqmagani meni taajjubga soldi. Aslida, kattalar bilan bahslashib oʻtirishga mening ham hushim yoʻq. Qachondir bittasi bilan gaplashganimda rosa kalondimogʻlik qilgan edi. Shu-shu ulardan oʻzimni olib qochardim.

– Qoʻlyozmani ishlab boʻldim. Tabiiyki, men yosh muharrir, oʻzimni koʻrsatish, adabiyotga jon kuydirishimni bildirib qoʻyish uchun halol, ter toʻkib ishladim. Asar yaratish jarayonida yozuvchi oʻzini unutib qoʻyishlarini, keyinchalik ham shu taʼsirdan qutulolmasliklarini, chalgʻishlaru oʻz-oʻzini aldashlar muallifga pand berishini hisobga oldim. Soʻzmi yo iboraga qalam urayotganimda, sadaqadan muallif qarab turganday boʻlaverdi goh-goh, shunda ikkilanar, qoʻllarim beixtiyor sigaretga choʻzilardi. Ammo nima qilayotganimni yaxshi bilar, oʻzimga ishonmay qolganimda kerakli soʻz uchun, uning muqobillarini bitta-bitta topib yozardim-da, ularga tikilardim. Qaysi biri mos va chiroyli koʻrinsa, oʻshani tanlardim. Koʻp holda bu muqobillaru tikilishlar samarasiz yakunlanardi.

Qoʻngʻiroq qilib, ishni tugatganimni muallifga aytdim.

– Falon soatda tashlab oʻting, koʻrib qoʻyaman, – dedi-da, soʻng adresni yozdirdi.

– “Xoʻp”, dedimu oʻzimni xoʻrlanayotganday, tahqirlanayotgan his qildim. “Nima, men muharrirmanmi yoki uning yugurdagi? Qoʻlyozmani oʻlib-tirilib ishlasam-u, bir ogʻiz yaxshi gapirishni bilmasa. Buning ustiga, qoʻshqoʻllab olib borib, olib kelishim qoluvdi oʻzi! Bir ogʻiz kimsan, holing qanday, deb soʻramadiyam-a. Kim oʻzi u? Namuncha?”.

Ishdan soʻng muallif eshigidagi qoʻngʻiroq tugmachasini bosdim. Harchand oʻzimni bosishga harakat qilmay, hayajon qurgʻur tinchlik bermaydi deng. Sovuqroq, vazminroq boʻlish kerak, balki adabiyotu nashriyot ishlari toʻgʻrisida soʻrab qolar, degan oʻylarga bordim.

Eshik ochilib, chehrasi odamni oʻziga tortadigan, oppoq sochli, qarashlaridan muloyimligi, gʻamxoʻrligi sezilib turgan 60 yoshlardagi kishi koʻrindi.

– Assalomu alaykum!

– Salom, salom, – deya qoʻllarini uzatdi Katta yozuvchi.

Nimagadir bir dam taraddudlanib qoldim. Hol-ahvol soʻramoqchi boʻldim shekilli. Senga tanish, ammo birinchi bor koʻrishayotgan kishidan hol-ahvol soʻrashishga istihola qilarkansan. Balki hol-ahvol deganimiz bir-ikki daqiqada hal boʻladigan narsa emasdir. Xullas, taraddud noayonligicha qoldi.

– Qoʻlyozmani olib kelgandim.

– Muharriringizman, deng? Siz Chori Ashir oʻgʻlisiz, adashmadimmi? Sheʼrlaringizni oʻqib turaman. Yaxshilari yoqadi. Gʻayrat qilavering. Qani, uyga kiramiz.

Men gap ohangidan, koʻproq uning aytilishidan Katta yozuvchining vaqti uzoqligini payqadimu qoʻlyozmani uzatdim.

– Mabodo koʻproq qalam urilgan boʻlsa, avvaldan uzr soʻrayman.

– Aybni qalamga toʻnkarmoqchimisiz-da-a. Ha, hozirgi yoshlar chatoq. Mayli-da. Nima ham derdik. Uyga kirmaysizmi? Bir piyola choyimiz bor edi.

– Rahmat. Men boray.

– Bilasizmi, men tabiatan tanbalroq muallifman. Endi bir-ikki kunga sabr qilasiz-da. Oʻzim xabar qilaman. Ammo bu gal biron soat vaqtni gʻamlab keling. Bahuzur gaplashamiz.

Men xayrlashib yoʻlga tushdim. Yozuvchi yaxshi taassurot qoldirdi. Shoshib turganiga qaramasdan, suhbatdoshining hurmatini joyiga qoʻyar ekan. Biron soat vaqt gʻamlab keling, – deya gaplashish istagini bildirdi. Bekorga katta yozuvchi boʻlmagan ekan, deb oʻrtadagi suhbatni tahlil etib borardim keta ketguncha. Tahlildan yozuvchining har bir harakatini oʻtkazishga urindim. Hatto, arzimasdek tuyuladigan narsa – eshikni uning oʻzi ochgani ham nazarimdan chetda qolmadi. Qoʻlyozmani ishlash jarayonida ikkilangan oʻrinlarimga tegmagandim. Uchrashuvdan keyin oʻzimning shubhachiligimdan pushaymon qildim. Bir necha kun avval oʻzimni xoʻrlangandek his qilganimni eslab, oʻzimdan uyaldim. Muallif bilan boʻlgan bu uchrashuv ruhimga allaqanday bir yengillik, oqim olib kirgandiki, bular koʻnglimda qoʻr toʻkib yotgan noxush oʻylarni yuvib ketdi. Men endi oʻzgartishlarim muallifga maʼqul kelishiga ishonar, balki bundan buyon birga ishlash taklif etar, degan oʻylarga bordim.

Bir necha kunni ana shunday shirin xayolu orzular ogʻushida oʻtkazdim. Ishimga mehrim ortdi. Hatto uch-toʻrtta sheʼrlar yozdim. Ilgarilari ishxonada nimalardandir norozidek yuradigan odam, endi koʻnglida kiri yoʻq, qoʻlini qayoqqa choʻzsa yetadigan shahzodalardek yurishini bir tasavvur qiling. Hamkasblarim menda qandaydir oʻzgarish boʻlganini sezishar, bilishga qiziqishar, ammo men lom-mim deyolmasdim. Baʼzilari qiziqishi zoʻrligidan: “Boʻldi, bildim, kitobing chiqayotgan boʻlsa kerak”, desa, boshqasi: “Yashiraman deb ovora boʻlma, koʻzlaring aytib turibdi, sevib qolgansan”, deyishardi. Ularni fikridan qaytargim kelmas, hammasiga jilmayib, bosh irgʻab qoʻyardim. Aslida boshqa ilojim yoʻq edi. Negaki, ularga haqiqatni ochgudek boʻlsam, ustimdan kulishlari tayin edi. Ular mening kitobim chiqmaganini ham, boʻydoqligimni ham yaxshi bilishardi, eng yomoni oʻz gaplarining rostligiga, birovning koʻziga qarab koʻnglidagini uqa olishlariga shubhalanmasdilar.

Oradan bir haftalar oʻtgach, muallif qoʻngʻiroq qilib, “Vaqtingiz boʻlsa, kirib oʻting”, dedi. Men rozi boʻldim.

Mana, yana oʻsha eshik roʻparasida turibman. Men oʻzimni bir soatlik suhbatga tayyor sezar, garchand mavzuning qorongʻiligini bilsam-da, oʻzimcha tayyorlanib kelgandim.

Eshik ochilib, 16–17 yoshlardagi koʻhlikkina qizcha koʻrindi va odob bilan salom berdi. U koʻzimga farishtadek koʻrinib ketdi. Katta yozuvchilarning qizlari shunaqa boʻlar ekan-da, – degan oʻy oʻtdi xayolimdan. Oʻzimni tanitgach, dadangizga kelganimni aytsangiz, dedim.

– Kiravering. Dadam sizni kutyaptilar, – mulozamat qildi u va meni yozuvchining ijodxonasiga boshladi.

Salomlashgach, yozuvchi meni kursiga taklif qildi. Men xonani koʻzdan kechira boshladim. Ammo bu bir daqiqagina davom etdi xolos, negaki, muallifim dabdurustdan gap boshlab qoldi.

– Sen, haligi, Chori Ashir oʻgʻlimiding?

Gapdagi zarda meni bir hafta mobaynida parvoz etgan osmonimdan shunchalar tez yulqib oldiki, hatto kalovlanib qoldim.

– Qayerda oʻqigansan?

– ToshDUning oʻzbek filologiyasi boʻlimida.

– Maʼliming kim edi?

Men, ilmiy rahbarimni soʻrayotgan boʻlsa kerak deb oʻyladim. U mashhur, qahri qattiq, tanqidda otasini ham ayamaydigan kishi edi.

– Oʻzimam oʻshaning shotiri boʻlsang kerak deb oʻylovdim.

Zarblar ayovsiz, ustiga ketma-ket tushayotgandi. Men nima boʻlsa boʻlar, deya turib berishga qaror qildim. Oʻzimni yoʻqotib, haqorat qilib yubormasam bas. Uyogʻi ukkasining qorniga. Meni lapashang xayol qilyapti chogʻi…

– Nashriyot seni qayerdan topgan?

– Keling, qoʻlyozma haqida gaplashaylik, buyogʻi mening shaxsiy ishlarim.

– Nima, nima? Hali shaxsiy ishlaring ham bormi? Ey, muharrirvachcha, koʻzlaringni kattaroq och, yoʻqsa koʻrsatib qoʻyaman senga shaxsiy ishingni. Kim bilan oʻynashayotganingni bilasanmi oʻzi? Meni faloncha deydilar. Yetti iqlimga nomim ketgan. Men yozishni boshlagan paytlar sen otangning belida eding. Qoʻlyozmani dabdala qilibsan-ku! Qara, qara! – deya oʻzim juda zoʻr ishlov berdim deb oʻylagan sahifalarni olib, silkita boshladi. – Kim, kim senga huquq berdi bunday qilishga? Men seni ham, seni ishga olganlarniyam sudga beraman. Yozuvchini nazar-pisand qilmaslik, haqoratlashning oqibatini har bir nashriyot xodimi bilib qoʻyishi kerak. Mana, qoʻlyozmang, bir haftadan soʻng avvalgi holida qaytarib keltirib koʻrsatasan. Agar bitta vergul oʻzgargan boʻlsa ham, oʻzingdan koʻr. Bor, endi joʻna!

Oraga jimlik choʻkdi. Yozuvchi hansirar, men miq etmay oʻtirardim. Nihoyat oʻrnimdan qoʻzgʻaldim-da, qoʻlyozmaga uzala turib:

– Mayli, aytganingizdek qilaman, lekin…

– Yana qanday “lekin” boʻlishi mumkin, deya tagʻin siyosat qila boshladi yozuvchi. – Nahotki shuncha gapdan xulosa chiqarib ololmagan boʻlsang. Seniyam, baʼzi doʻxtirlarga oʻxshab boshingdan koʻra, qoʻling tezroq ishlaydimi deyman. Undaylarning shoʻri quriydi, oʻ bola! Men bilan bekinmachoq oʻynamoqchi emasmisan ishqilib? Gapir, gapirib qol!

– Lekin kitobingizga muharrirlik qilmayman.

– E, ha! Koʻngillari ozor chekibdi-da. Avvalo, siz qoʻlyozmani aytganimday qilib, kelib koʻrsating. Keyin iddao qilasiz. Oʻrgildim sendaqa muharrirdan. Bor, yoʻqol endi!

Men unga qarab tishimni gʻijirlatdimmi yoki oʻqrayib qaradimmi, aniq eslolmayman. U oʻrnidan sapchib turdi-da, yoʻlimni toʻsdi.

– Gʻijinma, bola, izingni shunday quritib yuboramanki, hatto Sherlok Xolms ham bironta is topolmaydi, – dedi-yu, qoʻltigʻimdan ushlab, eshikdan chiqardi-da yoʻlakka tomon surib yubormoqchi boʻldi. Ammo men uning qoʻlidan bir siltanib oʻzimni xalos etib, joʻnab qoldim.

U meni “kuzatib” qoʻyayotganida haligi farishta qarama-qarshi xonadan sirgʻalib chiqib, qayoqqadir oʻtib ketdi. Men uni koʻz qirim bilan koʻrib qoldim. U ham meni koʻrgan boʻlishi kerak. Bu manzara dard ustiga chipqon boʻldi.

Koʻchaga chiqdim. Sigaret tutatib, bosib-bosib tortdim. Hech narsani oʻylagim kelmas, goʻlligim uchun oʻzimni soʻkardim. Yoʻl-yoʻlakay samolyotsozlar saroyi roʻparasidagi maydonchaga kirdim-da, oʻzimni bosib oldim.

Ijarador kampir kechga qolganimning sababini soʻradi. Unga: “Ishim chiqib qoldi”, dedimu, oʻzimni xonaga urdim.

Boshim qotdi. Aslida boshni qotirib oʻylaydigan narsaning oʻzi yoʻq edi. Balki anavi – chehrasidan gʻamxoʻrligi bilinib turadigan yozuvchi kesatganday qoʻldan koʻra koʻproq boshni ishlatish kerakdir. Ammo uni eslaganimdan, vujudimda allaqanday vahshiy kuch uygʻonib, oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qolardim.

Oʻrin solib, uxlamoqchi boʻldim. Uyqu qayoqda? Goh uyoqqa, goh buyoqqa agʻdarilaman. Bir mahal kampir kelib: “Senga bir narsa boʻlganga oʻxshaydi, bolam. Choy ham ichmading. Tobing yoʻqmi?” – deb mehribonlik qildi. Men eshik ochilganini sezganimdan, oʻzimni uxlaganga solib yotdim. Kampir bir oz oʻtirdi-da, chiqib keta qoldi. “Menga nima boʻldi oʻzi?” deb oʻylay boshladim. Nahotki men shunchalar goʻl, fahm-farosatsiz boʻlsam. Unda qanday qilib Katta yozuvchining qoʻlyozmasiga qalam urishga jurʼat etdim. Yoʻq, bu yerda allaqanday meni yoʻldan ozdirgan nimadir bor. Farishtamikin yoki uning salomi? U bechoraning eshikni ochib kutib olganidan boshqa gunohi yoʻq-ku. Balki men yozuvchidan doʻstona munosabat yoki maqtov kutgandirman. Mening ana shu xudbinligim uning jahlini chiqargandir ehtimol. Unda bir xudbin bilan janjallashib oʻtirish aqldan emasligini yozuvchi yaxshi bilishi kerak-ku. Masalan, oʻzim bunday qilmagan boʻlardim. Yozuvchi esa menga eng katta raqibiga tashlanganday taassurot uygʻotdi. Balki oʻzgartishlar uning birorta yarasiga tegib ketgandir? Bir mishiqining qoʻlyozmasiga oʻzgartish kiritganiga chidolmagandir? E, yoʻq! Asarlaridan chidolmaydigan odamga oʻxshamaydi. Yoʻqsa, u yo laganbardor boʻlib ketardi, yo Katta yozuvchi boʻlolmasdi. Koshki, bu kalavaning uchini topib boʻlsa…

Ertalab turib, apil-tapil choy ichdimu qoʻlyozmani qoʻltiqqa urib, ishga joʻnadim. Yoʻlda Bosh muharrirga aytadigan gaplarimni oʻylab oldim.

Qoʻlyozmani koʻtarib Bosh muharrirning xonasiga kirdim. Salomlashib, kursiga oʻtirgach, yozuvchining uyidan olgan kechagi “taassurot”larni gapirib berdim. Soʻng: “Sizdan iltimos, bir ilojini qiling, mehnatim kuymasin”, dedim.

Bosh muharrir: “Mayli, boravering, men bir koʻray, muallif bilan ham gaplashaman”, dedi.

Oradan oʻn kun oʻtgach, meni Bosh muharrir chaqirtirdi. Bordim.

– Oʻtiring. Kayfiyat yaxshimi, ishqilib?

– Bir nav. Yuribmiz nima boʻldi ekan, deb.

– Muallifning zoʻrini topgan ekansiz-da oʻziyam. Ishni boshlashdan oldin mendan bir ogʻiz maslahat soʻramaysizmi, sizga uning muharrir bilan ishlashlari haqida gapirib berardim.

– Qoʻlyozmaning “Qabul”ini oʻqib, imzo chekkaningizdan keyin, menga aytadigan gaplari yoʻq ekan, degan oʻyga borgandim.

– Har xil oʻylarga boraverasiz-u, asosiy narsani unutasiz. Endi bizni muallif sudga bersa nima qilamiz. Davlat mukofotining laureati, deputat boʻlsa.

– Nima, siz ham uning tarafidamisiz deyman. Birovni sudga berishi uchun laureat boʻlmagandir axir. Yo oʻz ixtiyorim bilan…

– E, shoshmang-da, nashriyotni shunday odamning dagʻdagʻasiga giriftor qilib, oʻzingiz quyon boʻlmoqchimisiz?

– Men Bosh muharrirning ish yuritish uslubiga qoyil qoldim. Sovuqqon, vazmin, ozgina piching aralash, ammo topib gapirayotgan edi u.

– Unda oʻsha maslahatingizni ayting.

– Endi kech boʻlmadimi?

– Nima, muallif oʻzgartishlarning hammasini rad etdimi?

– Afsuski, sizni quvontira olmayman. “Oʻsha uydagi gap”, dedi. Ammo qizishib ketganini aytib, mening nomimdan uzr soʻrab qoʻying, deb iltimos qildi. Muallifingizning aytishicha, siz boʻladigan bola emishsiz. Sizga yordam berishimizni ham soʻradilar.

– Demak, masxara nishoniga aylantiribdilar-da.

– Yana oʻylamay gapiryapsiz. Achchigʻingiz tarqamagan shekilli. Aslida, muallif gaplari samimiy boʻlib chiqishi ham mumkin-ku. Siz uni avvalo yeru koʻkka ishonmagansiz, mana endi esa…

– Keling, yaramga tuz sepmang.

– Tuzni allaqachon oʻzingiz sepib qoʻygansiz. Mayli bu gaplarni qoʻyib turaylik. Men qoʻlyozma bilan tanishdim. Oʻzgartishlaringizning koʻpiga qoʻshildim. Yaxshi muharrirligingizni, halol ishlashingizni bilaman. Ammo Katta yozuvchilar qoʻlyozmasiga hushyor boʻlish kerak. Huda-behuda qalam urmaslik kerak. Qarang: “U yupun, hilvirab qolgan gavdasini arang koʻtardi” gapini, siz: “Bemor hilvirab qolgan gavdasini arang koʻtardi” qilib oʻzgartirgansiz. Menimcha, bu yerga tegmasangiz ham boʻlardi. Yoki: “Badanidagi chiziqlar kaltak izlariga oʻxshasa ham u oʻzini kaltakka tutib beradigan kishi emasligi koʻrinib turardi. Doktor uning boshiga biror ish tushgan, degan oʻyga bordi” degan gaplarini, “Badanidagi chiziqlar izlariga oʻxshasa-da, u oʻzini savalashlariga qoʻyib beradigan jabrdiydalardan emasligini sezgan doktor, taqdir shu koʻyga solibdi, degan oʻyga bordi” qabilida oʻzgartirgansiz. Har toʻrt-besh sahifadan soʻng shunaqa oʻzgartishlarga duch kelaverish, toʻgʻrisi, menga ham ogʻir botadi. Xullas, sizga qanday yordam berishga hayronman. Muallifingiz ikki oyogʻini bir etikka tiqib olgan. Balki uni tushunishimizga toʻgʻri kelar.

– Siz ham “uydagi gap” demoqchisiz-da.

– Bilasiz, kasbimiz koʻproq oʻzimizning emas, muallifning xohishini hisobga olishni taqozo etadi. Ayniqsa, sizning muallifingizga oʻxshaganlar duch kelsa. Agar yoʻq, desangiz, redsovetga qoʻyib masalani bir yoqli qilishimiz mumkin.

– Redsovet haqida men ham oʻylab koʻrgandim, unda taqrizdagi baʼzi koʻrsatmalarga suyanish mumkinligini ham hisobga oldim. Faqat sovet aʼzolariga unchalik ishonmaganim uchun bu fikrimni aytmagandim. Sizning gapingizdan soʻng oʻsha taassurotlar har qancha nordon boʻlmasin, muallif bilan gaplashib olish kerak, deb oʻylayapman.

– Yuzma-yuzmi?

– Yuzma-yuz boʻlsa, yuzma-yuz-da.

– Tagʻin Sherlok Xolmsga muhtojlik sezib qolmaylik.

– Avvalo, ish bungacha borib yetmas, keyin men oʻzgartishlarimning ellik foizi yuzimni yerga qaratmasligiga ishonaman. Qolgan baʼzi birlari haqida ham pichoqqa ilinadigan gaplar aytishimiz mumkin. Faqat qoʻlyozmani yana bir sidra koʻrib chiqishim kerak. Redsovetga qoʻymaydigan boʻlsak, albatta. Aslida oʻzgartishlar muallif vahima qilgan darajada koʻp emas. Men uning sahifalardan qarab turgan koʻzlariga tikila-tikila ishlaganman. Mehnatimning, hech boʻlmaganda, yarmi hisobga olinishi kerak.

– Ana mojaro. Qissamiz ham tragediyaga aylanib ketmasaydi, – deya jilmaydi Bosh muharrir.

– Qissadagi tragediya unsurlari puxta pardalangan. Men bir oʻquvchi sifatida bu pardani sal koʻtarib sahnaga moʻraladim xolos. Fojiaga duch kelaman deb oʻylagandim, ammo adashibman, men ham hazil aralash javob qildim.

– Ey, yashang! Bu haqiqiy muharrirning gapi boʻldi. Endi sizni muallifingiz bilan yarashtirib qoʻyganim boʻlsin.

– Siz jiddiy gapiryapsizmi?

– Nima, qoʻrqyapsizmi?

– Qoʻrqishga-ku qoʻrqmayapman-a. Ammo shunday katta janjaldan soʻng biz yarashadigan boʻlsak, Davlat mukofotining laureati, deputat bilan bordi-keldiga toʻgʻri keladi, degan xavotirdaman-da.

– Bu yogʻidan koʻnglingiz toʻq boʻlsin, sizni yarashtirib qoʻya olgan odamning qoʻlidan urishtirib qoʻyish ham keladi, – deya yana jilmaydi Bosh muharrir. – Mayli, menga omad tilang-da, hozircha boshqa qoʻlyozmani ishlayvering.

– Omadingiz chopganga oʻxshaydi, joʻra, – deya tushdan keyin xonamga kirib keldi Bosh muharrirning oʻzi. – Muallifingiz bilan gaplashdim. Shanba kuni soat uchlarda kutadigan va ishni bir yoqli qiladigan boʻldik.

– Sizni ham taklif qildilarmi, shuncha ovvora qilganim yetmaganday…

– Hechqisi yoʻq yoki yogʻliroq gap chiqib qolsa, nasibangiz yarimta boʻlishidan choʻchiyapsizmi?

– Aytganingiz kelsa qani edi. Nasibamning hammasini sizga baxsh etardim, yogʻli narsalarga uncha hushim yoʻq.

– Boʻpti, gapdan qaytish yoʻq, kelishdikmi?

– Qaysi gapdan?

– Uydagi gapdan-da.

– Nimaga buncha ishonyapsiz, hayronman, yo muallif biron narsaga shama qildimi?

– Tavakkalchilik baʼzan qoʻl kelishi mumkin, deylik, ezgu ishlarga qoʻl urganingda.

– Shubhalaringizni qoʻying, doʻstim. Ishning bitarini koʻraylik. Xullas, gap shu. Qoʻlyozmani oʻzingiz olvolasiz. Siznikiga shanba kuni ikki yarimlarda oʻzim boraman. Tramvayga osilib yurish joningizga ham tegib ketgandir. Maʼqulmi?

– Sizning gapingizni qachon ikki qilgandimu endi boʻyin tovlasam.

– Mana endi ochilyapsiz. Tagʻin, qoʻlyozmaning ustidan bir sidra koʻrib chiqishni unutmang. Ikkimiz ham sharmanda boʻlib oʻtirmaylik, deyman-da.

Shanba kuni Bosh muharrir aytgan vaqtida yetib keldi. Men qoʻlyozmani qoʻltiqqa urdimu unga peshvoz chiqdim va salomlashgach, davringizda bir yayrab qolaylik, deya old oʻrindiqqa joylashib oldim.

– Sizda insof bormi? – kulimsiradi Bosh muharrir mashinani yurgizarkan. – Uyingizga taklif ham qilmaysiz.

– Baribir uyda tishga bosadigan hech vaqo yoʻq, xomtama boʻlmang. Oʻzim ham tushlik qilmay sizni poylab oʻtirgandim.

– Yogʻli narsalarga hushingiz yoʻq edi shekilli?

– Siz oʻsha, qurumsoq muallifdan qon chiqishiga rostdan ishonasizmi? Ikki marta borganimdayam oldimga bir piyola choy qoʻygani yoʻq u.

– Men sizning shu gapingizni u kishiga aytsam, bir piyolagina choyning emas, butun boshli choynakning bahridan oʻtib qoladilar.

– Uradilar hammi?

– Nima, eshitmaganmisiz?

– E, unda zoʻr ekanlar! Biz ham qarab turmaymiz.

– Nega biz deb gapiryapsiz? Meni nimaga tortayotganingizni bilasizmi?

– Unda siz koʻchada mashinangiz eshigini ochib, quyonning rasmini chizib turasiz. Men ishni bir yoqli qilamanu…

– Oʻzingiz bir yoqli boʻlib qolsangiz-chi?

– E, nafasingizni issiqroq qiling, ogʻirim oʻzingizga tushadi-ya.

– Hali shu yurak bilan u kishiga yolgʻiz oʻzingiz roʻpara boʻlmoqchimisiz?

– Siz oyoq tirab turgach, ilojim qancha.

Gap bilan boʻlib, manzilga yetganimizni ham sezmay qolibmiz. Mashinani chetroqqa qoʻyib, eshiklarini qulflagach, yoʻlga tushdik.

– Qani, boshlang.

– E, yoʻq, oʻzlaridan.

Hazilning oxiri zil boʻlmasin, deb eshik oldida turibman.

Eshikni Katta yozuvchining oʻzi ochdi-da, Bosh muharrir bilan:

– E, senmiding, birodar, – deya quyuq soʻrashdi. – Men kechroq kelsang kerak deb oʻylab oʻtirgan edim. Soʻng xuddi birinchi bor koʻrayotgandek menga ham iltifot bilan qoʻl uzatdi. Men: “Assalomu alaykum!” – deb qoʻllarini oldim. Yozuvchi: – Bu kishi kim? – deb Bosh muharrirdan soʻradi.

– Tanimayapsizmi, ustoz?

– Koʻz qurgʻur baʼzan pand beradi-da. Ovozlaridan tanishga oʻxshayaptilar-u… Qani, avval uyga kiraylik-chi, oʻsha yerda tanishtirib qoʻyasiz.

Katta yozuvchining “E, birodar, senmiding!” deb quyuq soʻrashgani-yu, Bosh muharrirning “Ustoz”lab hurmatlagani meni hayron qoldirdi. “Nasiba”-yu, “yogʻli gaplar” haqidagi pichinglar rostga oʻxshab tuyuldi. Yozuvchining men bilan goʻyo oramizdan hech narsa oʻtmaganday muomala qilgani ham qiziq boʻldi.

Katta yozuvchi bizni ijodxonasiga emas, dasturxon tuzalgan mehmonxonasiga boshladi. Mehmonxonaga koʻzim tushdi-yu, yuragim tipirchilay ketdi.

Stullarga oʻtirishgach, yozuvchining oʻzi: “Qani, omin, qadam yetdi, balo yetmasin”, – deya fotiha ham qildi. Biz unga qoʻshildik. Keyin u: “Qizim, bu yoqqa bir qarab yubor”, dedi.

Yuragim bir xavfni sezgandek, qattiqroq ura boshladi. Men bu oʻsha farishta boʻlsa kerak, uylaridan sharmandam chiqib ketganimni koʻrgandi, yana menga koʻzi tushib, qanday oʻylarga borarkin, deya ich-etimni yeb oʻtiribman.

Aytganimdek, oʻsha farishtaning xuddi oʻzi mehmonxonaga ohistagina kirib keldi-yu, avval Bosh muharrirga, keyin menga ilgarigidek odob bilan salom berdi. Soʻng: “Kelinglar, xush koʻrdik”, dedi yoqimli ovoz bilan.

– Kel, qizim, oʻtir. Oilamizga bugun yangi mehmon tashrif buyurdi. Sen esa bu kishini endi biznikiga qadam ham bosmaydi, deb aytganding. Xoʻsh, men nima degan edim. Ana, koʻrdingmi, kelganlari uchun kechirim soʻragandek oʻtirishlarini…

Avvaliga gap men haqimda borayotganini yaxshi payqamadim. Payqagach esa boʻlarim boʻldi. Jonimga farishtaning maʼnodor “Dada!” deb qoʻygani oro kirdi.

– Xoʻp-xoʻp, oppoq qizim! Qariyalarning ezmaligiyam bor boʻlsin, – deya gapini davom ettirdi yozuvchi. – Xullas, birodarlar, shoir aytganiday: “Oʻrtada begona yoʻq”. Aytganday, sen begonasan-ku, qizim.

– Nega men begona boʻlarkanman?

– Unda oʻzingni tanishtir-da.

Kulishdik.

– Nasiba.

– Rahmat. Men oʻsha – badargʻa qilingan muharrirman, – dedim jilmayib.

– Mana, tanishib ham oldik. Sezgan boʻlsangiz kerak, inim, – deya menga murojaat etdi yozuvchi. – Biz begonalarga juda qattiq qaraymiz.

Yozuvchi negadir bugun oʻzini samimiy tutar, har bir gapi bilan bizni jilmayishga majbur etardi. Nasiba: “E, esim qursin, choy keltirmabman-ku”, deya chiqib ketdi.

Bosh muharrir menga qarab koʻz qisib qoʻydi. Men koʻrmaganga olib, boshimni egdim. Yozuvchi: “Uzr, doʻstim”, – deya meni oʻziga qaratdi. – Sizga oʻxshagan halol, uyatchan odamlarni uchratsam, tilla topgan kambagʻaldek haddimdan oshib ketaman. Xafa boʻlmaysiz, hazilni biroz oshirib yubordim. Rosa soʻkib yurgandirsiz oʻziyam-a. Ammo zoʻr ekansiz, yashang, taslim boʻlmadingiz. Men mana shu akangizdan soʻng birorta muharrirga yolchimagandim. Sizning ishingiz bilan tanishdim-u, oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qoldim. Ammo baʼzi oʻrinlarda mendan hadiksiraganingiz taʼbimni xira qildi. Oʻzgartishlaringizni hisobga olib, qoʻlyozmani qaytadan mashinkalatdim-da, sizni chaqirdim. Qarasam, ostonada xuddi mening yugurdagimga oʻxshab odob ikrom bilan yana xursand oʻtiribsiz. Avvaliga qonim qaynadi, soʻng bir komediya qoʻysammikin degan shum niyat xayolimni chulgʻadi-da, eshikka Nasibani roʻbaroʻ qildim. Muallifingizni bu oʻzboshimchaligi uchun maʼzur tutasiz endi, inim.

Men nima deyarimni bilmas, yetti uxlab tushimga kirmagan gaplarni eshitayotganimdan ham xursand, ham allaqanday gʻalati boʻlib oʻtirardim.

Shu payt Bosh muharrir miyigʻida jilmaydi-da: – E, ustoz, siz bu kishini bekorga maqtab yubordingiz. Siz haqingizda menga aytgan gaplarini eshitsangiz, hoziroq ikkimizni ham haydab yuborasiz. Bu juda yomon bola, – deb qoldi.

– Yomon bola, deb astaroq aytasizmi. Qani edi bu kishiga oʻxshagan yomon bolalarimiz koʻproq boʻlsa. Meni shu yomon bolaga yoʻliqtirganingiz uchun sizga ming bor qulluq qilaman. Yoʻqsa, kaltak bilan qamchinni farqlolmaydigan yozuvchi degan nom orttirishim turgan gap edi qarigan chogʻimda.

Uyoq-buyoqdan suhbatlashib kunni kech qildik. Ketar chogʻimizda yozuvchi qoʻlyozmaning yangi nusxasini bizga uzatar ekan: – Yoʻq boʻlib ketmanglar, oʻz uylaring, – deya quyuq xayrlashib qoldi.

 

Chori AVAZ

 

“Ijod olami”, 2017–4

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ustoz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x