Tarjimai hol
Iste’dodli shoir Usmon Qo‘chqor 1953 yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida, oddiy mehnatkash oilasida dunyoga keladi.
U o‘rta maktabni tugatgach, 1970-1975 yillarda Toshkent Davlat universitetida tahsil oladi. Shundan so‘ng 1975-1977 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlaydi.
1977-1979 yillarda ona yurti Shofirkonga borib, o‘rta maktablarda o‘zbek tili va adabiyotidan dars berdi. 1979-1986 yillarda bo‘lsa yana Toshkentga kelib, nashriyot va jurnallarda ishladi.
Hozir esa «Ma’naviyat» nashriyotida bosh muharrir lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Shoir ijodining boshlanishi 70-yillar oxiri, 80-yillar boshlariga to‘g‘ri keladi.
Uning birinchi she’riy to‘plami 1982 yilda «Hayajonga ko‘milgan dunyo» nomi bilan chop etilgan.
To‘plamga kirgan ko‘pchilik she’rlar yoshlikning beg‘ubor, sodda, odamiy qalb tuyg‘ularidan tashkil topganligi bilan kitobxonni o‘ziga jalb etdi.
Shoirning «Akssiz sadolar» (1986) nomli ikkinchi she’rlar to‘plami bosildi. Ketma-ket «Uyqudagi minora» (1987), «Og‘ir karvon» (1991) kabi ancha jiddiy, salmoqli she’riy guldastalari yaratildi.
Bu to‘plamlar shoir dunyoqarashining kengligi, mavzu doirasining beqiyosligi, fikrlarining teranligi bilan ajralib turadi.
Shoir o‘z she’rlarida hamisha zamonlar qiyosidan haqiqat, nur izlaydi. Insonni ezgulikka yetaklovchi va mukammal etuvchi kuchni izlaydi, ba’zan topadi, ba’zan esa…
Shoir «Quvg‘in» dostonida qatag‘on davri iztirob va alamlari haqida hikoya qiladi.
U tarjimon sifatida ham samarali ijod bilan band. Shoir Sharq va G‘arb adabiyotlarining eng yaxshi namunalarini o‘z ona tiliga ag‘darib, savobli ish qilyapti. Jumladan, mashhur ozar shoiri Samad Vurg‘unning o‘g‘li Yusuf Vurg‘unning‘ «Qatl kuni» romani, Husayn Jovidning‘ «Amir Temur» pesasini tarjima qilgan.
Uning «Chamangul» (1966) nomli bolalar uchun yozilgan she’riy guldastasi Respublika Davlat matbuot qo‘mitasining yillik mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Shoir 2017 yil 25 sentyabrda olamdan o‘tdi.