Usmon Qoʻchqor 1953 yil 15 iyulda Buxoro viloyati, Shofirkon tumanidagi Novaboshi qishlogʻida tugʻildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)da tahsil oldi (1970-1975). Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir boʻlib ishladi (1975-1977). Shofirkondagi oʻrta maktabda oʻzbek tili va adabiyotidan dars berdi (1977-1979). Shundan soʻng “Oʻzbekiston” (1979-1986), “Choʻlpon” (1986-1989), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat (1991-1997) hamda “Maʼnaviyat” (1997-2011) nashriyotlarida, “Yoshlik” (1989-1991), “Jahon adabiyoti” (2011-2013) jurnallarida xizmat qildi.
Birinchi sheʼriy toʻplami “Hayajonga koʻmilgan dunyo” (1982) nomi bilan chop etildi. Soʻngra “Akssiz sadolar” (1986), “Uyqudagi minora” (1987), “Ogʻir karvon” (1991) kabi sheʼriy majmualari, “Chamangul” (1989) ertak-dostoni, “Shiroq” (1997) rivoyat-dostoni chop etildi.
Shoir “Quvgʻin” dostonida qatagʻon davri iztiroblari va alamlari haqida hikoya qiladi. Har qanday sharoitda ham inson oʻz feʼli-tabiatidagi yuksak odamiylik jihatlarini namoyon etishi kerak. Ana shu ezgulikka, olijanoblikka yoʻgʻrilgan omil inson xarakterida beqiyos qadriyat ekanini tasdiqlaydi.
Shoir tarjimon sifatida ham samarali ijod qilib kelmoqda. U ozarbayjon yozuvchilaridan Sayyid Imomiddin Nasimiy, Husayn Jovid, Yusuf Samad oʻgʻli, Anor, Sobir Rustamxonli, Hidoyat kabi adiblar asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi.
Uning “Chamangul” (1999) nomli bolalar uchun yozilgan sheʼriy ertak-dostoni Respublika Davlat matbuot qoʻmitasining yillik mukofotiga sazovor boʻlgan.
Shoir “Mehnat shuhrati” ordeni (1997), “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni (1999) bilan taqdirlangan.
2017 yil 21 sentyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.
S. Mirvaliyev va R. Shokirovaning “Oʻzbek adiblari” (Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan foydalanildi.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/usmon-qochqor-1953-2017/