Post Views:
141
Ulamolar Usmon (roziyallohu anhu) turli yurtlarga yuborgan Musʼhaflarning soni to‘g‘risida har xil rivoyatlar aytganlar. Masalan, Hamza bin Habib az-Zayyyot ular to‘rtta edi, deydilar. Abu Hotim as-Sijistoniy esa yettita bo‘lgan deydilar. Eng to‘g‘ri rivoyat oltitadir: Makkiy, Shomiy, Basriy, Kufiy, Madina ahli uchun umumiy bo‘lgan Madaniy va xalifaning o‘zlari uchun xos bo‘lgan madaniy Musʼhaflardur. Oxirgisini hazrati Usmon (roziyallohu anhu) o‘zlari uchun olib qolganlar. Ul zot bu musʼhaflarning birortasini ham o‘z qo‘llari bilan yozmaganlar, balki ularni yozishga buyurganlar, xolos.
Tarix ulamolari nazdida qurayshlardan birinchi bo‘lib xat yozishni o‘rgangan va o‘rgatgan kishi Harb bin Umayyadir. O‘sha paytdagi xat turi anboriy-himyoriy deb atalardi. U Hijozda tarqagandan so‘ng, Hijoziy deb atala boshladi. Islom dini kelgan paytda arablar orasida mana shu xat turi qo‘llanilar edi va shu yozuv bilan vahiyni, Abu Bakr sahifalarini, Usmon Musʼhaflarini yozdilar. Usmon Musʼhaflari har xil yordamchi shakl va nuqtalardan xoli yozilgan. Unga juzʼlar, hizblar va boshqa ko‘rsatgichlarning alomatlari qo‘yilmagan. To Kufa yozuvi paydo bo‘lguncha Musʼhaf va boshqa hujjatlar ana shu xatda yozilar edi. Keyinchalik bir guruh xattotlar Kufa yozuvi bilan nusxalar ko‘chira boshladilar. Bu yozuv arab xatining tajvidini va uning yaxshilanishini ko‘zda tutar edi. Bora-bora Kufa ahli yozuvi o‘zining shakli jihatidan hijoziy xatdan qulay ekanligi maʼlum bo‘ldi va kufiy xat deb ataldi. Ana shu vaqtdan eʼtiboran Qurʼon va boshqa yozuv asarlari qufiy xatida bitila boshladi.
O‘sha zamonda bitiklar terilarga kufiy xat bilan yozilar edi. Bundan boshqa turda xat bitishni arablar bilmas edilar. Islomdan keyin eng qadimiy yozuv bo‘lgan bitiklarni ham terilarga yozdilar. Ular matolarga, xususan, bo‘zdan to‘qilgan Misr matosiga, shuningdek taxta, suyak, tosh va sopollarga yozar edilar.
Abbosiylar davriga kelib, qog‘oz deb ataladigan yangi ashyo paydo bo‘ldi. U yuziga mum surtilgan varaqlardan iborat bo‘lib, ko‘rinishidan teriga o‘xshab ketar edi. Qog‘oz yasashni arablar xitoyliklardan olganliklari haqiqatga yaqinroqdir. Chunki xitoylar miloddan oldin ham qog‘oz yasash sohasida mohir bo‘lganlar. Arablar Samarqandni fath qilganlarida bu sinoatni o‘sha yerdan o‘rgandilar, lekin, u Abbosiylar davrining birinchi asridagina keng tarqaldi. Bu paytga kelib terilar kamayib, yozishma va bitiklar uchun yetishmay qolgan edi.(«Qohiradagi Husayn masjidlaridagi Payg‘ambardan qolgan osorlar» kitobi. 126-bet («Muxall Efotur-rasul»).
Arablar ajamlar bilan aralashib, quda-anda bo‘lib, ulardan yangi avlod paydo bo‘lganda, bu avlodning talaffuzida har xil ohanglar vujudga keldi. Bu holat arab tilining buzilishi va Qurʼon qiroatiga putur yetishi xavfini tug‘dirdi. Shuning uchun yozuvda qisqa unlilarni ifodalovchi harakat belgilarini (harakatlarni) ishlab chiqish qatʼiy zaruriyatga aylandi. Natijada, 67-hijriy yilda Iroq voliysi Ziyod ibn Abihi Abul-Asvad Duvaliyga nahv (sintaksis) darsligini ishlab chiqishni buyurdi. Buning uchun Abul-Asvad iʼrob (so‘zlarning jumladagi holatini ifodalash) harakatlarini bildiruvchi nuqtalardan foydalandi. U quyidagicha yo‘l tutdi. Bir kotibni olib kelib, unga: «Agar biror harfdan keyin “a” qisqa unlisini talaffuz qilsam, o‘sha harfning tepasiga nuqta qo‘yasan (fatha), agar “u” qisqa unlisini aytsam, o‘rtasiga (zamma), agar “i” qisqa unlisini qo‘shsam, harfning tagiga nuqta (kasra) qo‘yasan»,− dedi. Bunda nuqtalar matn yozuvi siyohidan boshqacha rangdagi siyohlar bilan yozilar edi. Bu arab yozuvining takomillashtirishdagi birinchi isloh edi. Ikkinchi isloh umaviy xalifalardan Valid bin Abdul-Malik bin Marvon (86-96 h.) davrida, arab tili ona tillari bo‘lmagan ajam qoriylari ko‘payib, noto‘g‘ri talaffuz tufayli odamlarning qiroatni tushunmay qolish hollari ziyodalashganda amalga oshirildi. Ular “jim”, “ho” va “xo”; “yo”, “to” va “so”; “sod” va “zod”; “to” va “zo”; “sin” va “shin” kabi shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratishda qiynalar edilar.
Ibn Xallikon “At-Tasʼhif” («Noto‘g‘ri talaffuz») kitobida Abu Ahmad al-Askariydan shunday hikoya qiladilar: «Odamlar qirq yildan ziyod, to Abdu-Malik bin Marvon zamonigacha Usmon Musʼhaflarini o‘qishda davom etdilar. Iroqda noto‘g‘ri talaffuz qilish ko‘payib ketgandan keyin, Hajjoj o‘z kotiblarini chaqirib, ularga shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratish uchun belgilar ishlab chiqishni buyurdi.
Aytishlaricha, Nasr bin Osim bu vazifani o‘z zimmasiga oldi va nuqtalar qo‘yishni odat qildi» ( Marokkoda chiqadigan “Al-Lisonul-arabiy”(«Arab tili») majallasi, 43-bet 6-son 1388 y.h.
U nuqtalarni bitta yoki ikkita qilib, harfning ustiga yo tagiga qo‘ydi. Nuqtalar harf bilan bir xil siyohda yozilar edi, chunki ular harfning bir bo‘lagi, deb sanaladi. Bundan kelib chiqadiki, arablar nuqta va harakat belgilarini hijriy birinchi asrning ikkinchi yarmidan, yaʼni umaviylar zamonida ishlata boshladilar. Abul-Asvad Duvaliy harakat belgilarini va Nasr bin Osim nuqtalarni ixtiro qilmaguncha, ular arab yozuvida mavjud emasdi. Johiliyatdagi yoki hijriy asrning birinchi yarmidagi asarlarda harflar nuqta va harakat belgilari, shuningdek, tovushni qisqa va uzun cho‘zish (madd) alomatlaridan xoli edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning maktublari (ularni yozishda kotiblar o‘zlarining yozuv sanʼati va tajvid bobidagi bor mahoratlarini ishga solar edilar, chunki ular Payg‘ambar (alayhissalom)dan podshohlarga, amiru umarolarga yuborilgan bo‘lib, o‘z vazifasini to‘la ado etishi uchun xati aniq va harflarning shakli to‘liq bo‘lishi kerak edi) ham nuqta va belgilarsiz edi. Usmon Musʼhaflarida ham ular yo‘q (“Muxallafotur-rasul” 124-bet).
Uch harakat belgilari (iʼjom)ni esa Abbosiylar davrining boshlarida yashagan arab tili fanining ustozlaridan biri Xalil Ahmad Farohidiy (vafoti 170 h./786 m.y.) yo‘lga qo‘ydi.
Bayhaqiy “Shuʼabul-iymon”da yozishlaricha, Usmon Musʼhaflari keyinchalik tilshunos (nahviy)lar tomonidan ishlab chiqilgan imlo qoidalaridan farq qiladigan o‘ziga xos shaklda yozilgan. Bu farq olti joyda namoyon bo‘ladi: hazf (yozuvda biror narsani tushirib qoldirish), ziyoda (qo‘shimcha), hamza (arab tilida o‘ziga xos tovushni ifodalovchi belgi), ibdol (bir harfni yoki so‘zni ikkinchisi bilan almashtirish), vasl (birini ikkinchisiga qo‘shib o‘qish), fasl (birini ikkinchisidan bo‘lib o‘qish) belgilari va ikki xil o‘qilishi mumkin bo‘lgan joylar. Isloh natijasida bir xil qoidaga muvofiq yozuv paydo bo‘ldi. Natijada Qurʼonning xati muqoyasa qilinmaydigan, o‘zgartirilmaydigan, ixtilof qilinmaydigan va unga qatʼiy amal etiladigan yozuvga aylandi. Bu qoidalarni bilish Qurʼonga taalluqli ilmlarning biridir.
Usmon Musʼhaflari haqida xabarlar
Yuqorida Usmon Musʼhaflari oltita edi, dedik. Ulardan biri Basraga, ikkinchisi Kufaga, uchinchisi Shomga, to‘rtinchisi Makkai mukarramaga, beshinchisi Madina ahliga yuborildi va oltinchisi hazrati Usmonning o‘zlarida qolgan edi. Mana shu oltinchi Musʼhafning ustida hazrati Usmon shahid bo‘ldilar va muborak qonlari quyidagi oyat ustiga to‘kildi, degan rivoyat mashhurdir:
«Ularning yomonligidan sizga (ey Muhammad), Allohning o‘zi yetarlidir. U eshitguvchi va bilguvchidir», (“Baqara” surasi, 137-oyat).
Hazrati Usmon (roziyallohu anhu) tilovatdan bir xil taʼlim berishni nazarda tutib, o‘sha musʼhaflarning har biriga bittadan olim qo‘shib, turli o‘lkalarga yuborgan edilar. Masalan, Zayd bin Sobitga Madina ahliga, Abdulloh bin Abbosga esa Makka ahliga qiroatni o‘rgatishni amr etgandilar. Mana shu yo‘l bilan bir xil qiroat hamma tomonga yoyildi va Usmon Musʼhaflaridan nusxalar olindi. Usmon Musʼhaflari bosh kitob va murojaat qilinadigan asl manba sifatida moʻtabar va muqaddas sanalar, shuning uchun ham ular qo‘riqlanadigan joylarda, nihoyatda ehtiyotkorlik bilan saqlanar edi. Bora-bora ular qimmatbaho yodgorlik sifatida xalifa va podshohlarning xazinalariga ko‘chirilib, odamlar ko‘zidan uzoqlashdi. Agar kimning qo‘liga undan biror nusxa tushib qolsa, hech kimga ko‘rsatmaslikka harakat qilar edi. Davlat to‘ntarishlari, turli ixtilof va talon-tarojlar oqibatida bu Musʼhaflarning baʼzilari boshqa mamlakatlarga olib ketildi. Baʼzilari har xil shaxslarning qo‘liga tushdi, taqdiri esa nomaʼlum bo‘lib qoldi.
Muhammad Tohir bin Abdul-Qodir Kurdiy o‘zining “Tarixul-Qurʼon” nomli kitobida shunday yozadi: «Biz Hijoz va Misr kutubxonalarida ko‘p izlanishlar olib bordik, lekin ularning mavjudligi haqida bizlarni qoniqtiradigan hujjatlar topmadik, faqatgina Qohirada chiqadigan «Ad-dunya va kullu shayʼ» («Dunyo va har bir narsa») majallasining 1937 yil 24 avgust sonida bosilgan «Olmoniya olti oy ichida Hijoz podshosi hukumati bilan tuzilgan bitimga muvofiq, xalifa Usmon Musʼhafining asl nusxasini qaytarib beradi», degan xabarga yo‘liqdik, xolos. Bu xabarga ko‘ra, mazkur Musʼhaf Madinadan turk qurolli kuchlari tomonidan olib ketilgan bo‘lib, keyinchalik sobiq imperator Gilyom II ga topshirilganligi isbot bo‘lgan» (“Tarixul-Qurʼon”, 119-bet).
Madina Musʼhafi
Usmon Musʼhaflarining ulamo va qoriylar tomonidan eng ko‘p zikr qilinadigani Madina Musʼhafidir. Uning to‘g‘risida imomi Nofiʼ ko‘p naql qilganlar.
Ibn Jubayr o‘zining sayohati pirovardida shunday yozadi (uning Madinaga qilgan ziyorati 580-hijriyda bo‘lgan): «Masjidi Nabaviyda saqlanayotgan Musʼhaf, ustida hazrati Usmon shahid bo‘lgan Musʼhaf emas, balki har tomonga yuborilgan Musʼhaflarning biridur».
Mavlono Shibli Nuʼmoniy aytadilar: «Madina Musʼhafini 735 h. yilda Madinai munavvarada ko‘rganlar, uning orqasida shunday yozuv bor edi: «Bu Musʼhaf bir guruh sahobalar, shu jumladan, Zayd bin Sobit, Abdulloh bin Zubayr va Said bin Os qarorlari bilan yozildi». Kitobning boshqa tomonida hazrati Usmon Musʼhafni yozish uchun yig‘gan boshqa sahobalarning nomlari bor edi. Mana shu sanada Makka Musʼhafi ham mavjud edi».
Samhudiyning “Xulosatul-vafo” kitoblarida, «654-hijriyda Masjidi Nabaviyda sodir bo‘lgan birinchi yong‘in paytida yonib ketgan narsalar ichida kitob va musʼhaflar ham bor edi. Baʼzi bir narsalar va Usmon Musʼhafidan boshqa hech narsa omon qolmadi»,− deyiladi. Shunga binoan, Usmon Musʼhafi shu sanada Madinada mavjud edi, keyinchalik qayoqqa ketgani maʼlum emas. Baʼzi bir zamondoshlarimiz: «U to turklar Madinadan 1334 yilda chiqib ketgunlaricha mavjud edi. Ehtimol, Ostona (Konstantinopol)ga olib ketilgan bo‘lsa kerak»,− deydilar (“Tarixul-Qurʼon” kitobi).
Bosh Musʼhaf
Hazrati Usmonning o‘zlariga xos bo‘lgan Musʼhafga keladigan bo‘lsak, u to‘g‘rida Shotibiy Molikdan shunday rivoyat qiladilar: «Mazkur Musʼhaf g‘oyib bo‘lgan, u to‘g‘rida mashoyixlardan hech bir xabar ololmadik».
Ibn Qutayba: «Usmon (roziyallohu anhu) tilovat qilib turib, tepasida shahid bo‘lgan Musʼhaf, keyinchalik o‘g‘illari Xolidda edi, undan so‘ng uning avlodlariga qoldi, ular esa birin-ketin olamdan o‘tib ketdilar. Shomning baʼzi mashoyixlari, Musʼhaf Tus zaminida, deydilar»,− deb xabar beradi.
Umar Rizo hazratlari «Qurʼon nima?» nomli kitoblarida shunday yozadilar: «Bir rivoyatda, Usmon (roziyallohu anhu)ning xos Musʼhaflari umaviylar qo‘lida edi, deyilgan. Umaviylar Andalusga hijrat qilganlarida uni o‘zlari bilan olib ketgan edilar. Andalusda musulmonlar davlati ag‘darilgandan keyin Musʼhaf Fos (Mag‘rib)ga olib kelingan».
Ibn Batutaning aytishicha, VIII hijriy asrda u Fosda mavjud edi va unda qon dog‘lari bo‘lgan.
Samhudiy Madina Musʼhafining Usmon Musʼhafi emasligi to‘g‘risidagi rivoyatning sharhida shunday degan: «Mutaqaddim (avvalgi avlod)larning hech biri u to‘g‘rida zikr qilganini ko‘rmadim, ularning rivoyatlari o‘sha paytda Musʼhafning masjidda bo‘lmaganini taqozo qiladi. Hatto mutaaxxir (keyingi avlod)lardan birinchi bo‘lib tarixni yozgan Ibn Najjor asarlarida ham u to‘g‘rida zikr qilinganini ko‘rmadik».
Barzanjiy hazratlarining “Nuzhatun-nozirin” kitobidagi «Madina tarixi» bobida shunday deyiladi: Hozirgi kunda Madinada mavjud bo‘lgan Musʼhafni sayyidino Usmonga nisbat qilinganini, Al-Matariy va undan keyingilarning Masjidi Nabaviyning o‘rtasida bo‘lgan qubbaning birinchi yong‘indan omon qolganligi to‘g‘risidagi rivoyatdan boshqa rivoyatlarda uchratmadim».
Shom Musʼhafi
Ibn Kasir o‘zining “Fazoilul-Qurʼon” kitobida (49-bet) «Bugungi kunda Usmon Musʼhaflarining eng mashhuri Shomdagi Damashq jomeʼining sharq tomonidagi xonada saqlanayotgan Musʼhafdur. U qadimda Tabariyya (Tiveriada) shahrida edi, so‘ngra, taqriban 518-yilda Damashqqa olib kelingan. Men uni ravshan siyoh va chiroyli husni xat bilan teriga yozilgan katta, ulug‘ kitob ekanligini ko‘rdim. Bu tuya terisi bo‘lsa kerak, vallohu aʼlam»,− deb yozadi.
Mavlono Shibli Nuʼmoniy o‘zining “Tahzibul-axloq” kitobida shunday deydi: «Abul-Qosim Sabtiy Shom Musʼhafini 657-yilda umaviylar jomeʼining xonasida ko‘rgan. Shuningdek, Ibni Abdulmalik uni 725-yilda ko‘rgan edi».
Baʼzi tadqiqotchilar bu (shomiy) Musʼhaf bir qancha muddat Peterburgda Rusiya podshohlari qo‘lida bo‘lib, so‘ngra Angliyaga olib ketilgan, keyingi taqdiri nima bo‘lganini hech kim bilmaydi, degan fikrga moyillik bildiradilar. Kimki qo‘lyozma musʼhaflar va ular haqida biror manbaʼga ega bo‘lgan kutubxonalar to‘g‘risida chuqurroq maʼlumot olmoqchi bo‘lsalar, Shufan kitobining 10-jildiga murojaat qilsin (Professor Subhi Solih, «Mubohasot fi ulumil-Qurʼon» – «Qurʼon ilmlari to‘g‘risida bahslar», 103-bet).
Basra Musʼhafi
Ibn Batutaning sayohati to‘g‘risidagi kitobda Basra shahri haqida shunday satrlar bor: «Basra shahrida Ali ibn Abu Tolib masjidi bor. Bir paytlar u shahar o‘rtasida bo‘lib, hozirda markazdan ikki mil (1 mil – 750 metr) uzoqlikdadir. Unda jumʼa namozlari o‘qiladi va ikki jumʼa orasida yopiq bo‘ladi. Mazkur masjidda Usmon (roziyallohu anhu) tilovat chog‘ida qatl etilganlarida qonlari tomgan Musʼhaf saqlanadi».
Shahobuddin Marjoniy-Qozoniy hazratlari, qiroatlar xususida tasnif qilganlarning birinchisi Abu Ubayd Qosim bin Sallom Bag‘dodiydur, ikkinchisi Ahmad bin Jubayr Kufiy, deydilar. Qiroatlar xususida har bir yurtdan bittadan imomni sanab beshtaga yetkazganlar. Bular aniqlangan Musʼhaflar soniga muvofiqdur, chunki boshqa ikki Musʼhaf to‘g‘risida hech qanday xabar eshitilmagan (“Vafiyya”ning muqaddimasi, 2-bet).
Qohiradagi Usmon Musʼhafi
Qohiradagi «Sayyiduno Husayn» masjidida ikkita qadimiy Musʼhaf bor. Ulardan biri sayyiduno Usmon (roziyallohu anhu) va ikkinchisi sayyiduno Ali (karamallohu vajhah)ga tegishli deb hisoblanadi. Barzanjiy aytadilar: «Qohiradagi Musʼhafda xuddi hozirgi kunda Madinai munavvarada mavjud bo‘lgan Musʼhafdagi kabi “fasayakfikahumulloh” oyatining ustida qon izlari bor. Makkadagi Musʼhafda ham shunday. Bundan kelib chiqadiki, kimdir ataylab, mazkur oyat ustiga, Bosh Musʼhafga o‘xshatish maqsadida, qon izlarini tushirgan. Vaholanki, hazrati Usmon qonlarining izi faqat bitta Musʼhafda bo‘lgan. Ehtimol, bular Ibn Jubayr rivoyatida aytilgan, hazrati Usmon har xil yurtlarga jo‘natgan Musʼhaflarning baʼzilari bo‘lsa kerak».
Shuningdek, Berlin muzeyida ham bir qadimiy Musʼhaf bor, yana biri Turkiyada mavjud. Mag‘rib podshohlari yurishlarda hazrati Usmon Musʼhaflarini qo‘shindagi birinchi tuyaga yuklab qo‘yar edilar (“Nafxut-tiyab” 1-jild, 263-bet).
Baʼzi sharqshunos olimlar bir qancha tarixiy rivoyatlarni to‘plaganlarki, ularni eʼtibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu rivoyatlar qadimgi ulamolarning Musʼhaflarni yoki ularning suralarini musulmon mamlakatlarda ko‘rganliklarini taʼkidlaydi. Mazkur sharqshunos olimlarning boshida professor Kazimirovni tilga olish mumkin. Ushbu rivoyatlardan biz Usmon Musʼhaflaridan biri IV hijriy asrning boshlarida mavjud ekanligini bilib olamiz (“Mubohasot” 101-bet).
Maqolaning keyingi qismida Toshkentdagi Usmon Musʼhafi haqida bevosita so‘z yuritiladi.
Davomi bor…
Arabchadan Abdulloh shayx Ismoil Maxdum o‘g‘li tarjimasi
https://shosh.uz/uz/usmon-mushaflarining-soni-ularning-yozilish-usuli-va-xat-turi-4-qism/