Tarjimai hol
U 1950 yilda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug‘ilgan.
1972 yilda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. U dastavval jurnalist sifatida turli gazeta-jurnallar va nashriyotlarda hamda respublika radiosida ishlagan. Ma’lum vaqt Respublika Prezidenti Devonida Davlat maslahatchisi (yoshlar bo‘yicha) vazifasini ham bajargan. Hozirgi kunda adib, asosan, ijod bilan mashg‘ul.
Usmon Azim 1979 yilda chop etilgan «Insonni tushunish» ilk she’riy kitobi bilan adabiy jamoatchilikning e’tiborini qozongan.
Usmon Azim — O‘zbekiston xalq shoiri (2000) unvoni, shuningdek, yilning eng yaxshi she’riy asarlari nominatsiyasi bo‘yicha «Ofarin» mukofoti, Gruziyaning «V.Mayakovskiy» nomidagi Davlat mukofoti (1982) ga sazovor bo‘lgan.
Milliy teatrimiz sahnasida qo‘yilgan «Kunduzsiz kechalar» spektakli Andijonda bo‘lib o‘tgan xalqaro teatr festivalida «Eng yaxshi spektakl» degan mukofotga sazovor bo‘ldi.
Milliy teatrimiz sahnasida qo‘yilgan «Kunduzsiz kechalar» spektakli Andijonda bo‘lib o‘tgan xalqaro teatr festivalida «Eng yaxshi spektakl» degan mukofotga sazovor bo‘lgandan so‘ng uning «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G‘aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G‘ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Bor ekan-da, yo‘q ekan» (1995) she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari bosildi.
Shoir 1995 yilda «Saylanma» she’riy kitobini nashr ettirdi. Bu kitob adabiyot jamoatchiligi tomonidan zo‘r qiziqish bilan kutib olindi va Usmon Azimning XX asr o‘zbek adabiyotining eng yorqin iste’dodlaridan biri ekanligi ayon bo‘ldi. 2001 yilda nashr etilgan «Kuz» she’riy kitobi esa she’riyatimizning so‘nggi yillardagi yuksakliklaridan biri deb baholanmoqda.
U yaratgan o‘nlab to‘plamlarga kirgan she’rlar, dostonlar yorqin tuyg‘ularga, ifodalarga boyligi, jo‘shqin va jozibadorligi, shiddatkor va da’vatkorligi, goh g‘amgin, goh beg‘ubor erkalovchi ohanglari bilan kitobxon qalbidan chuqur joy oladi.
Shu bilan birga hayotiyligi, o‘tkir dramatizmi va fojiaviyligi bilan o‘quvchini hayajonga soladi, uyqudagi tuyg‘ularini junbushga keltiradi. Usmon Azimning she’rlari frantsuz, nemis, ingliz, polyak, eston, gruzin, makedon, litva, turk, tojik, rus, qozoq, qirg‘iz va boshqa tillarga tarjima qilingan. O‘z navbatida, Usmon Azim Elyuar, Dog‘larja, Voznesenskiy, Vatsiyetis, Marsinkyavichus kabi o‘nlab shoirlarning ijodidan namunalarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shoirning ko‘plab she’rlari taniqli hofiz va xonandalar tomonidan qo‘shiq qilib, ijro etiladi.
Ijodining ilk davrida radiodramaturgiyada («Baxtli bo‘laylik», «Hujjatli film uchun syujet», «Bahodir va malika» pesalari) o‘zini sinab ko‘rgan shoir, keyingi yillarda drama yoza boshladi. Uning «Kunduzsiz kechalar» (1998), «Alpomishning qaytishi» (2000), «Bir qadam yo‘l» (2002), «O‘tgan zamon hangomalari» (2003), «Adibning umri» (2005) dramalari sahnalashtirilgan.
«Alpomishning qaytishi» uchun muallif 1999 yilning «Eng yaxshi dramaturgi» deb e’tirof etildi. Shoir kino san’atida ham o‘z kuchini sinab ko‘rmoqda. «Sevgi» (1998) filmining stsenariysini o‘z hikoyasi asosida yozgan. Uning stsenariysi asosida ikki qismdan iborat «Alpomish» (2000) filmi suratga olindi. «Alpomish» dostonining kinotalqini uchun muallif Buxoroda o‘tkazilgan kinofestivalda maxsus mukofot oldi.