UREMIYA

UREMIYA (yun. uron — siydik va haima — qon) — buyrak faoliyati yetishmovchiligi natijasida organizmning siydik bilan zaharlanishi. Ogʻir kechadi. Uremiyada buyrak suv va tuz almashinishi, kislotaishqor muvozanatini rostlay olmay qrladi, oqsil almashinuvining zaharli mahsulotlari toʻplanadi, nervgormonal regulyatsiya ham oʻzgaradi, bu esa organizmdagi barcha aʼzo va sistemalar faoliyatining buzilishiga olib keladi. U utkir va surunkali kechadi.

Oʻtkir Uremiya buyrakning oʻtkir yetishmovchiligi oqibatida yuzaga keladi. Buyrakning oʻtkir yetishmovchiligi ogʻir shikastlanishlar, kuyish, sovuq olishi, qon yoʻqotish, suvsizlanish, allergiya, zaharlanish, sepsis oqibatida yuzaga keladigan shok natijasida umumiy qon aylanishi buzilishidan paydo boʻladi. Surunkali Uremiya buyrakda qon aylanishining buzilishidan (buyrak tomirlarining bekilib qolishi), buyrak kasalliklari (ogʻir, oʻtkir nefrit, surunkali nefrit, piyelonefrit) tufayli, siydik yoʻllarining toʻsilib qolishi (tosh, oʻsma, yalligʻlanish infiltrati) sababli yuzaga keladi. Lohaslanish, quvvatsizlik, tez charchash, bosh ogʻrishi, yaxshi uxlay olmaslik, ishtaha yoʻqolishi, xotiraning pasayishi Uremiyaning dastlabki belgilaridir. Bemor hadeb tashna boʻlaveradi, terisi oqarib, quruq boʻlib qoladi, qichishadi, tez ozib ketadi. Qonni tekshirganda unda azot chiqindilari koʻpayib ketganligi aniklanadi. Uremiyaning soʻnggi bosqichlarida qondagi mochevina va b. moddalar teri, shilliq hamda seroz parda orqali chiqa boshlaydi va shu joylarda turli oʻzgarishlar paydo qiladi. Natijada uremik gastrit, kolit, plevrit, perikardit belgilari yuzaga keladi. Jigar, koʻmik funksiyalari buziladi, bemorning qoni kamayib boradi, ayrim aʼzolardan qon ketadi, koʻz xiralashadi. Oʻz vaqtida tegishli davo tadbirlari koʻrilmasa, uremik koma vujudga keladi; bemor kasalxonada davolanishi kerak.

Surunkali Uremiya bilan ogʻriganlarga oqsili juda kam boʻlgan parhez taomlar buyuriladi, osh tuzi ham cheklab qoʻyiladi, shu yoʻl bilan kasallik rivojlanishining oldi olinadi. Surunkali Uremiyaning oldini olish buyrak va siydik yoʻllari yalligʻlanishini oʻz vaqtida davolatishdan iborat. Doimo vrach kuzatuvida boʻlib, siydik va qon tahlillari nazorat qilib turilsa, Uremiyaning oldini olish mumkin.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x