Alisher Navoiy oʻzining borliq, olam va odam, tabiat va jamiyat, ruh va vujud, ularning yaralishidan maqsad va mohiyat haqidagi qarashlarini badiiy ifodalashdan oldin uni bu ishga undaydigan sababga zarurat sezgandek boʻldi. U oʻz-oʻziga savol bilan murojaat qilishi va unga javob berish bilan borliqni qanday idrok etishini badiiy tarzda ochib berish yoʻlini tutdi. “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhod va Xusrav dialogidagi savol-javob goʻyoki shoirning borliqni anglashga oid qarashlarini, badiiy asarlarini yozishga undovchi turtki vazifasini bajardi. Muallif Farhodga berilgan savol orqali aslida oʻziga murojaat qiladi:
Dedi: Qaydin sen, ey majnuni gumrah…
Zohiran bu murojaat devonavor oshiqqa uning manziliga boʻlgan qiziqishini aks ettirayotgandek. Xusrav nafs va moddiyat ustuni, mahbus esa “majnuni gumrah”, ruhan shikasta, aftodahol boʻlishiga qaramasdan asli tubanlikdan yiroq, balki qalban yuksakdir. Xusrav qiyofasidagi moddiyat ruhiyatga “kimsan”, “qayerdan kelding?”, deb kibr bilan murojaat qilmoqda. Bu savol Navoiyga borliq haqidagi mulohazalarini bayon etishga imkon berdi. Savolga Farhod tili bilan javob qaytardi:
Dedi: Majnun vatandin qayda ogah…
Oshiq bu olamga kelganini qaydan bilsin? Uning yolgʻiz maqsadi – Yor vasli. Ruhiyatning bergan javobi moddiyat uchun tushunarsiz. Muallif qoʻygan savoliga oʻzi javob berishi kerak. Boʻlmasa, Xusrav va Farhod dialogi shunchaki bir hukmdor va asir oʻrtasidagi aytishuv maqomidan nariga oʻtmaydi.
Shoir ijodida mavjud boʻlgan turfa umumbashariy gʻoyalar negizida unga islom dinidan boʻlak kitobi kabirlar – Tavrot, Injil, shuningdek, zardushtiylik, mahalliy koʻk va Yer haqidagi gʻoyalar, qadimgi yunon va hindu xitoy faylasuflari asarlari ham oʻz taʼsirini koʻrsatganligi, bunday holat shoir dunyoqarashi mohiyatini belgilovchi asosiy omil boʻlganligini koʻrishimiz mumkin.
Xitoyliklarning qadimgi falsafiy tushunchasiga koʻra, butun olam ikki qarama-qarshi – in-yang yoki oʻzbekcha aytganda, “oq” va “qora” kuchlar oʻrtasidagi kurashga asoslanadi. Buni hayotdagi yorugʻlik va zulmat, kun va tun, quyosh va oy, osmon va yer, issiq va sovuq, toq va juft, er va ayol kabi tushunchalar oʻrtasidagi munosabatda koʻrishimiz mumkin. Bu gʻoya Alisher Navoiyning lirik va epik asarlarida oʻziga xos tarzda aks etdi. In va yang falsafasi inʼikosi shoir ijodida moddiy va maʼnaviy olam, ruh va vujud, idrok va muhabbat, ayriliq va visol oʻrtasidagi kurash kabi tushunchalar shaklida talqin qilindi.
Gar oshiq esang, zebu takallufni unut,
Yaxshiyu yamon ishda taxallufni unut,
Oʻtgan gar erur yamon, taassufni unut,
Kelgan gar erur yaxshi, tasarrufni unut.
Shoir misralarida aks etgan mohiyatan ziddiyat asosiga qurilgan, bu dunyoda barcha narsa maʼlum bir qoida bilan boʻlishi, aslida yaxshi-yomonning ham nisbiy xarakterga egaligi va ular uchun gʻam chekish arzimasligini aynan in-yang gʻoyasining islomiy badiiy talqini sifatida qabul qilish mumkin.
Alisher Navoiy ijodida qadimgi xitoy falsafasining ikki buyuk dahosi – Konfutsiy va Laotszi (Dao) oʻgitlari, borliqqa boʻlgan munosabatlari maʼlum maʼnoda uning dunyoqarashiga, badiiy mushohadasiga oʻz taʼsirini koʻrsatdi, deb aytish mumkin. Oʻtmish oʻzbek adabiyoti namoyandalaridan hech kim Chin, Xitoy mulkini va bu el vakillari nomidan talqin qilingan badiiy siymolarni Alisher Navoiychalik koʻp tilga olmagan va katta mahorat bilan tasvirlamagan.
Laotszi hikmati Alisher Navoiy hayot yoʻli, dunyoqarashi va asarlari gʻoyasiga toʻliq mos keladi. Farhodning haqiqiy qudrati uning Chin hoqonining oʻgʻli sifatida saroy va hashamda yashab yurgan davrida, teginlik mavqeidagi holatida emas, balki oshiqlik tufayli boshiga tushgan azoblardan qiynalganda, Xusrav qoʻlida tutqunlikda boʻlganda va uning savdolaridan xabar topgan Shirinning:
…Agarchi furqatimdin notavonsen,
Vale ham ersenu ham pahlavonsen…
murojaatida oʻz aksini topgan. Xuddi shunday gʻoya “Layli va Majnun” dostonida Qaysning ishq iztiroblaridan ojiz va quvvatsiz holga tushgandagina qudrat kasb etishi yoki Shayx Sanʼon mahbubasining barcha gʻayri islomiy shartlarini bajo keltirib, tubanlashishi va aynan shu holatga yetgachgina u yor vasliga erishishi epizodlari Dao gʻoyalariga bevosita hamohanglikni tashkil qiladi.
Erkin MUSURMONOV,
SamDU dotsenti
Raʼno TOSHNIYOZOVA,
viloyat xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti oʻqituvchisi
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/umuminsoniy-goyalar-targibotchisi/