Umumbashariy dard

yoxud Nazar Eshonqulning “Ogʻriq lazzati” hikoyasini oʻqib

 

Insonning butun hayoti toʻrt bosqichdan iborat: tugʻiladilar, yashaydilar, azblanadilar va oʻladilar!

Anatol Frans,

Fransuz adibi

 

Adabiyotning quchogʻi katta, himmati cheksiz. Shu tufayli uning erkatoyiga aylangan, himmatidan bahra olib oʻziga oʻxshagan sanoqsiz boshqa yozarmanlar kabi uni achomlab yotgan ijodkor zoti bisyor. Lekin vaqt atalmish oliy hakam mavjud ekan bunday erkatoylar qachondir oʻz samimiyati, layoqati ularoq baholanib birin-ketin sanoqdan tushib qolaveradi. Buni yaxshi his etgani uchundir ehtimol, haqiqiy isteʼdod adabiyotning quchogʻida erkalanib-suykalanishni xush koʻrmaydi. Aksincha, u koʻp yillardan beri oʻzgarmas va mustahkam deb tan olingan adabiy mezonlaru-qoliplarni, badiiy tasavvur chegaralarini parchalagan holda adabiyot maydonga kirib keladi, taʼbir joiz esa adabiyotning oʻzining ham aqlini shoshirib qoʻyadi. Oʻzbek adabiyotning ulkan adiblaridan biri Nazar Eshonqulni ham biz qoʻrqmasdan xuddi shunday − oʻz nafasi, oʻzbek adabiyotidi oʻz taʼsir koʻlamiga ega yozuvchi desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Shu boisdan uning ijod namunalari na milliy va na zamonaviy xarakterga ega emas, balki umuminsoniy ruh bilan yozilgan boʻlib, umumbashariy dard ila sugʻorilgandir.

Mening bu aytganlarim ohorli gap emas, albatta. Bu gaplar mendan avval ham qaysidir shaklda adabiyotga nisbatan ham, Nazar Eshonqul ijodiga nisbatan ham qoʻllanilgan va oʻquvchilar qulogʻiga yetib borgan. Bas, shunday ekan, men bugun adib Nazar Eshonqulning adabiyotimizda tutgan oʻrni va boshqa ijod namunalarini bir yoqqa surgan holda, uning ijodiga boʻlgan munosabatimni birgina “Ogʻriq lazzati” hikoyasidan olgan taassurotlarim orqali bayon qilishga harakat qilaman.

 

Prujinasimon asos

Tezis nuqtai nazaridan olib qaralganda “Ogʻriq lazzati” hikoyasi prujinasimon asosga qurilganga oʻxshaydi. Bu prujinaning har bitta halqasi maʼno va mantiqiy xulosalardan iborat. Eng tahsinga sazovor tomoni shundaki: oʻquvchi mutolaa qilish jarayonida halqadan halqaga oʻtgani sayin undagi maʼno va mohiyat kengayadi-oydinlashadi va ayni payta egiladi hamda bukiladi. Mana shu sababga koʻra mazkur asarga oʻnlab rakursalarda nazar tashlamoq va asarni undan ham koʻproq nuqtai nazardan turib sharhlamoq mumkin.

Shunday qilib, men asarga avvalo “ramz”larga asoslangan tamaddun adabiyoti nuqtai nazaridan nigoh tashlashni lozim topdim. Asarga bunday holda nigoh tashlanganda esa undagi professor ham, tomoshabin ham ramz va tasvirlangan ogʻriqning oʻzi ham ramziy ifodadir. Chunki har qanday jamiyat va har qanday tuzum, istaymizmi-yoʻqmi, insonni mana shunday azobga giriftor etadi. Axir asrimizgacha boʻlgan davrda inson tafakkurining mahsuli boʻlgan yadroviy qurollar, insoniyat uyshtirgan inqilobu-bardimonlar hammasi ham odamzotni butunlay halokatga duchor qilishga, odamzotni maxf etib yer yuzidan butunlay supurib tashlashga qaratilgan emasdi. Bu harakatlar bir qism odamni halokatga duchor etgani holda yana bir qism odamlarga saodat ulashish uchun edi. Biroq bugungi kunda nafaqat gumanitar fanlar, balki aniq fanlar ham shuni tasdiqlaydiki: koʻpchilik oʻylaganiday dunyo va insoniyat qismlardan iborat emas, aksincha u bir butundir! Shuning uchun inson tuzum va millatlarga boʻlinib, oʻz manfaati yoʻlida oʻylab topayotgan halokat vositalarining qurboni insoniyatning oʻzi boʻlib qolaveradi… Demak, asarda tasvirlangan mahkumlar − oʻzining yarasiga oʻzi tus sepib, oʻzini oʻzi azob-uqubatlarga giriftor qilayotgan jamiyat; professor – bu kabi nayranglarda asosiy rol oʻynaydigan ziyolilar; tomoshabinlar – insoniyatni qovurib, bir-biriga gij-gijlab, oʻz etini oʻzi yeyishga majbur qilayotgan ayrim “yoʻlboshchi”, inqilabu-bambardimonlar asoschilari, Kamyu taʼbiri bilan aytganda “dunyo hukmdorlari”dir. Asardagi toʻrtinchi mahkum borasida esa, men bu yerda muallif bolshveklar komunistik partiyasini nazarda tutmayaptimimkin, degan xayolga bordim. Chunki partiyaalr qurilishida bolshveklar komunistik partiyasi toʻrtinchi oʻrinda turgani bizga maʼlum. Boz ustiga asardagi “…qadim pahlavonlardek baxtiyor qiyofasini koʻrib u aynan shu lahzani hech qaysi jannatga almashtirmaydi uni hech qaysi paygʻambar, hech qaysi muqaddas kitob bu lazzatdan mahrum eta olmaydi deb oʻylardingiz” qabilidagi soʻzlar, qolaversa toʻrtinchi mahkum oʻlim topgandan keyin ham bu zaminda qolmay, oʻzga bir zaminda – lazzat olamida qolgani meni shunday oʻylashga majbur etadi. Axir 72 yil hokimiyat tpeasida turgan komunistlar partiyasining asl basharasi ochilib, hokimiyatdan qulaganidan keyin ham bu partiyaning xayrixohlari oʻz gʻoyalariga boʻlgan mahkumlikdan kechmasdan, oʻsha tuzim va oʻsha jamiyatni yoqlab yashab oʻtganlari hech kimga sir emas…

Asarni mutolaa qilar ekanman, har bir jumla, har bitta hodisada muallifning zaharxanda tabassumi, guyo aslida yigʻiga aylanib otilib chiqishi kerak boʻlgan-u, ammo qorachiqlarida boʻzlov boʻlib qotib qolgan kinoyaviy nigohi meni taʼqib eta bordi. Tasavvurimda muallifning bu zaharxanda, achchiq kinoyaga yoʻgʻrilgan nigohi butun insoniyatning asrlar osha yashab kelgan shu bugungi hayotigacha dovur boqib turganga oʻxshardi. Oʻzimcha insoniyatning oʻz etini oʻzi shilib lazzat olayotganiga, oʻz-oʻzini azoblashning yangidan yangi usullarini ijod etayotganiga oʻtmish va bugundan taqqoslar axtarar ekanman, men bamisoli savollar girdobiga tushib chirpirak boʻlayotganga oʻxshab qoldim. Eng achinarlisi shunda ediki, bu savollarga javob topishga qanchalik urinsam oʻzim insoniyatning qotili deb bilgan yoki aksincha oʻzim insoniyatning rahnamosi deb hisoblagan ayrim kishilar, kerak boʻlsa ota-bobolarim haqidagi tasavvurlarim ham shunchalik oʻzgarib borardi. Ha, asar mutolaasi jarayonida koʻnglimda tugʻilayotgan bu savol va ishtibohlarning tugal javobi yo butkul qayta tirilmoq yo batamom maʼnaviy oʻlim bilan teng edi, nazarimda!

 

Taskin

Biroq men bekorga ushbu bitigim ibtidosida fransuz adibi va adabiy tanqidchisi Anatol Fransning iinson hayotga kelib bosib oʻtishi muqarrar boʻlgan toʻrt bosqich haqidagi fikrini eslab oʻtgan emasman. Axir yer kurrasini insonga yashash uchun zamin etib belgilagan Buyuk Yaratuvchining oʻzi ham qodir zot boʻla turib bandasi uchun hamma narsani yaratib bermadi. Aksincha, koʻpgina narsani bandasining oʻzi yaratishini, bu yoʻlda mehnat qilishini… hamda… azob chekishini iroda qildi. Demak, asarga boshqa bir tomonlama qaralganda inson hayotining oʻzi azoblanishdan, ogʻriq lazzatini totib, bu azobni sevib va uni boshqalar bilan boʻlishib yashashdan iborat ekan. Tuzim va jamiyatning nomukammal qoidalarga koʻz yumib asarni undan-da chuqurroq pozitsiyaada tahlil qilishga urinsak, Nazar Eshonqulning “Ogʻriq lazzati” hikoyasini bani bashar qismatidagi oʻzgartirib boʻlmas qonun, insoniyat uchun oldindan oʻqilgan hukmi oliy deb baholamoq ham xato boʻlmaydi. Yaʼni, yashash asli – ogʻriq lazzati emasmi?

 

Kichik bir eʼtiroz…

Inson qoʻli bilan yaratilgan hech qanday yaratiq mukammal emas. “Ogʻriq lazzati” hikoyasini ham kitobxon, ham adabiyotshunos sifatida sharhlashga urinar ekanman, shu oʻrinda kichik bir kamchilikni-da sezganday boʻlaman. Axir adabiyotni yaxshi tushunadigan har bitta odamga shu narsa maʼlum: badiiy asardagi badiiy haqiqat hamisha hayot haqiqati bilan hisoblashishi, kerak boʻlsa unga ergashishi shart. Misol tariqasida keltirishim mumkinki, Gabriel Markesning “Yolgʻizlikning yuz yili” asarida loʻli Melkades olib kelgan ohanrabodan har qanday oʻquvchi hayratga tushadi. Yoki boʻlmasa Markes oʻz asarida “Polkovnik Areliano Buyendia 32 marta isyon koʻtardi va 32 marta ham magʻlub boʻldi, 4 marta suiqasddan, 72 marta pistirmalardan omon qoldi…” deb yozgan boʻlsa, biz asar davomida bu suiqasd va pistirmalarning hammasidan xabardor boʻlishimiz mumkin. Asardagi Makondaga kirab kelgan loʻlilar, ohangrabo va albatta polkovnik Aureliano Buyendianing hayotidaga taqqoslar ham bu bir ramz, lekin bular bari bizga reallik boʻlib tuyiladi va hayot haqiqatiga hech qanday putur yetkazmaydi. Shu jihatdan olib qaralganda esa dunyo adabiyotidagi “izm”larni yaxshi tushunmaydigan, yaʼni “simvol”larni qabul qila olmaydigan koʻp sonli anʼanaviy kitobxonlar uchun “Ogʻriq lazzati” hikoyasida tasvirlangan voqealar mantiqqa – hayot haqiqatiga ziddir. Asardagi ifoda qanchalar jonli, jumlalar devori qanchalik puxta boʻlmasin, undan birgina shu “ramz” tushunchasini olib tashlasak, hikoyadagi oʻzini azoblash evaziga tomosha koʻrsatadigan mahkumlar ham, tomoshabin, professor ham yolgʻon-yashiq, toʻqima obrazlarga aylanib qoladi hamda biror oʻquvchi asar voqealarini hayotiy hodisa sifatida qabul qila olmaydi. Agarda muallif asar voqealarini tush sifatida bergan taqdirida yoki adabiyotdan koʻp sinalgan usullardan bittasi: telba yo sogʻ odamligi nomaʼlum biror kimsaning qoldirib ketgan daftaridagi bitiklar qabilida bergan boʻlganda, menimcha gʻoya bilan birga reallikni, hayot haqiqatini ham saqlanib qolgan boʻlur edi…

Soʻzim oxirida yana bir bor aytib oʻtishni lozim koʻrayapmanki, nima boʻlganda ham bugungi oʻzbek adabiyotimizda Nazar Eshonqul oʻzining mustahkam oʻrniga ega hamda uning asarlari ichida “Ogʻriq lazzati” hikoyasi ham oʻquvchi qayta-qayta mutolaa qilib ichki dunyosini boyitishga arziydigan asardir.

 

Bayram ALI,

2019/03/25

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/umumbashariy-dard/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x