Umrini yonib, yoqib oʻtqazgan shoir

Yaqin tarixdan maʼlumki, XX asr rus adabiyoti haqida soʻz ketsa, uning eng ulkan dargʻalari roʻyxatining boshida Vladimir Vladimirovich Mayakovskiy nomi zikr etilar edi. Unga Shoʻro hokimiyati va mashʼum qismatlarga sabab boʻlgan Ulugʻ Oktyabrning tolmas kuychisi va solnomachisi sifatida taʼrif berilar edi.

Hozirda Ulugʻ Oktyabr tushunchasining butun mohiyati maʼlum boʻlib, xalqlarning porloq kelajagi haqidagi tushunchalar tumtaroq boʻlgan bir davrda Mayakovskiyni “zamon aravasidan” tushirib qoldirish, hatto uni umuman unutish kayfiyati paydo boʻldi. Xuddi uning oʻzi bir paytlar rus futuristlarining Manifestida “Pushkin, Dostoyevskiy, Tolstoylarni Zamona paroxodidan itqitib yuborish kerak. Oʻtmish nihoyatda chirkin”, deb yozganidek, oradan sakson yillar oʻtib, oʻzi ham shunday qismatga duchor boʻlishi mumkinligini xayoliga keltirganmikin? Garchi V. V. Mayakovskiy yoshligi va zamonasining yovqurligi havosiga berilib, oʻzigacha boʻlgan buyuk sheʼriyatni inkor etgan boʻlsa-da, bugun uning sheʼriyatiga ham oʻzi kabi shunday munosabatda boʻlish oʻta kaltabinlikdir. U har qanday vaziyatda ham, haqiqiy sheʼr ixlosmandlari uchun sheʼriyatda burilishlar yasagan, tajribalar qilgan, yangi soʻz aytib, oʻz ovozi bilan jahon sheʼriyatining atoqli namoyandasiga aylangan sanʼatkor sifatida baholanadi va qadrlanadi. Qolaversa, u vaqti bilan oʻzining dastlabki bodinamo sarkash shiorlaridan voz kechib ham ulgurgan edi…

Vladimir Mayakovskiy 1893 yilning 7 iyulida Gruziyaning Kutaisi shahri yaqinidagi Bagʻdodiy qishlogʻida oʻrmonchi Vladimir Mayakovskiyning xonadonida ikki qizdan keyingi orziqib kutilgan oʻgʻil boʻlib dunyoga keldi. Uning opalari Lyudmila va Olgadan keyin xonadonda ikki oʻgʻil tugʻilgan, biroq ular hali goʻdakligidayoq nobud boʻlgan edi. Shuning uchun ham orziqib kutilgani va aynan otasining 36 yoshga toʻlgan kunida tugʻilgani uchun ham oʻgʻilga ota nomi bilan Vladimir deya ism qoʻyishadi.

Oʻgʻilning tarbiyasi bilan oilada asosan ona shugʻullanadi. Shoirning onasi Aleksandra Alekseevna uzoq yashab, 87 yoshida farzand dogʻini ham koʻrib vafot etgan. Farzandining nafaqat oʻlimini, shoir sifatida mislsiz shonu shuhratga koʻmilib ulugʻlanganligini ham koʻrdi va u haqida “Vladimir Mayakovskiyning bolaligi va oʻsmirligi” nomli kitob yozib qoldirdi.

Volodya 9 yoshida Kutaisidagi gimnaziyaga oʻqishga kiradi, shu yerda toʻrt yil oʻqib, turli inqilobiy gʻoyalar, taqiqlangan har xil adabiyotlar taʼsiriga beriladi, gimnaziyachilarning turli siyosiy harakatlarida qatnashadi.

1906 yilining fevralida Mayakovskiyning otasi toʻsatdan, oddiy tasodif tufayli qoʻlini shikastlab, qon buzilishidan azoblanib vafot etadi.

Shu voqeadan keyin Mayakovskiylar Kutaisidan koʻchib ketib, Moskvada joylashadilar. Moskvada Vladimirning opalari turli bayram qutilari, hayitlik tuxumlarini boʻyash bilan shugʻullanar, boʻlgʻusi shoirning oʻzi esa ularni olib chiqib sotar, oila tirikchiligini yuritar edi.

U 1908 yili 15 yoshida bolsheviklar partiyasiga aʼzolikka oʻtib, targʻibot-tashviqot ishlari bilan shugʻullanadi. Uch marta qoʻlga olinadi. 1909 yili oʻn bir oy Butir qamoqxonasida bir kishilik kamerada saqlanadi va balogʻat yoshiga yetmaganligi uchun qoʻyib yuboriladi. Ana shu davrlarini eslab shoir yozgan edi: “Oʻn bir oylik qamoq davri men uchun nihoyatda muhim boʻldi. Avvalgi oʻqiganim nazariy adabiyotlardan soʻng qiziqarli bellitristikaga shoʻngʻidim, barcha yangi narsalarni oʻqib tugatdim. Xususan, Beliy, Balmont kabi simvolistlarni… Oʻzim ham yaxshilab yozishga harakat qildim, ammo bu yozganlarim koʻngildagidek chiqqan deb aytolmayman… Shu tarzda butun bir daftarni toʻldirdim. Qamoqdan chiqayotganimda oʻsha daftarni olib qoʻyishdi. Zamonaviy asarlarni oʻqib tugatgach, klassikaga oʻtdim. Bayron, Shekspir, Tolstoy. Eng soʻnggi oʻqigan kitobim “Anna Karenina” boʻldi. Ammo uni oʻqib tugatolmadim. Tunda chaqirib, chiqarib yuborishdi.” Mayakovskiy ana oʻsha qamoq daftaridagi sheʼrlarini oʻz ijodining boshlangʻich davri deb hisoblagan edi.

1911 yili Mayakovskiy Tasviriy sanʼat, oʻymakorlik va meʼmorchilik oʻquv yurtiga kirib oʻqiy boshlaydi. Shu yerda u rus futurizm yoʻnalishining asoschilaridan biri shoir va rassom David Burlyuk bilan tanishadi. Ana shu shaxs Mayakovskiyning insoniy va ijodiy taqdirida nihoyatda katta rol oʻynaydi. U Burlyukning qistovi va taʼsirida oʻzining birinchi nashr uchun moʻljallangan professional asari “Argʻuvon va oq” (“Bagroviʼy i beliʼy”)ni yaratadi. Burlyuk Mayakovskiyni Velemir Xlebnikov, Aleksey Kruchennix kabi boshqa rus futuristlari bilan tanishtiradi. 1912 yilning 17 noyabrida “Sayoq it” (“Brodyachaya sobaka”) nomli moʻjazgina kafeda Mayakovskiyning dastlabki ommaviy chiqishi uyushtiriladi. Shu yilning dekabrida shoir “Ijtimoiy didga tarsaki” nomli almanaxda ilk bor “Tun” hamda “Tong” sheʼrlarini chop ettiradi. Aynan shu almanaxda rus futuristlarining manifesti ham eʼlon qilingan edi. Oradan bir necha oy oʻtib, Mayakovskiyni ijodiy doiralarda mashhur qilgan “Men” nomli birinchi sheʼrlar toʻplami nashr etiladi. Toʻplamdagi sheʼrlar mutolaadan koʻra koʻproq estradadagi chiqishlarga moʻljallangan edi. Sheʼrlar goʻyo parchalangan, maxsus zinapoya shaklidagi intonatsiyalar asosiga qurilgan edi. Shu kezlarda shoirning “Vladimir Mayakovskiy” nomli dasturiy tragediyasi ham yaratiladi va unda shoir kelgusida oʻz joniga suiqasd qilishini bashorat qilgandek boʻladi. Bu pyesa Peterburg shahrida “Luna-park” teatrida sahnalashtiriladi. Premyera hushtakvozlik va shovqin-suron bilan oʻtadi.

1912 yildan Mayakovskiy doimiy ravishda yangi sanʼat masalalariga bagʻishlangan bahslarda, turli koʻrgazma va badiiy kechalarda, avangardchi shoir va rassomlarning yigʻilishlarida chiqishlar qiladi. Uning sheʼriyati koʻproq tasviriy sanʼat bilan bogʻliq boʻlib, turlicha avangard shakllar, avvalo koʻz uchun moʻljallangan ifodalardan iborat edi. Shoirning chiqishlari, turli davralardagi nutq va maʼruzalari janjallar bilan, hatto mushtlashishlar bilan oʻtardi. Shu sababli Mayakovskiy va Burlyuk 1914 yili oʻquv yurtidan haydaladilar. Oʻsha yili Birinchi jahon urushining boshlanishi shoir hayotida ham muayyan oʻzgarishlar yuz berishiga sabab boʻldi. U urushning mohiyatida nima yotganini anglab yetdi va unga nisbatan oʻz nafratini yashirmay, shunday izhor qildi: “Urush qabohatdir, urush orti esa undan ham battarroq.” Shoirning bu soʻzlarida urushdan foydalanib, uning ortidan manfaat qidirayotgan, boylik orttirayotgan qalloblarga nafrati ham ifodalangan edi.

1915 yilning mayida Mayakovskiy Sankt-Peterburg yaqinidagi ijodkor ziyolilarning dala-hovlilari joylashgan Kuokkala shaharchasiga safar qiladi. Shu yerda u Maksim Gorkiy, Korney Chukovskiy kabi ijodkorlar bilan tanishadi. Uning “Ishtondagi bulutlar” nomli mashhur poemasi shu yerda yaratiladi. Shoir bu poemasini inqilobgacha yozgan eng yaxshi asari deb eʼtirof etgan edi.

1915 yilning iyulida Mayakovskiy er-xotin Osip va Lilya Briklar bilan tanishadi. Tanishuv va soʻngra yaqinlashuv asnosida Lilya Brikka koʻngil qoʻyadi. Lilya Brik ham Mayakovskiyga befarq emasligini yashirmagani holda shoir bilan ham, oʻz eri Osip Brik bilan ham ishqiy munosabatlarini to ular vafot etguniga qadar saqlab qoladi.

1917 yilgi Fevral inqilobi va undan biroz oʻtib sodir boʻlgan Oktyabr inqilobi Mayakovskiyning insoniy va ijodiy taqdirida chuqur iz qoldirdi. U Oktyabr toʻntarishi paytida Smolniyda edi. “Qabul qilamanmi yoki yoʻq? Mening uchun bunday savolning oʻzi yoʻq edi. Mening inqilobim. Smolniyga bordim. Ishladim. Nima toʻgʻri kelsa shuni qildim.” Taʼkidlash joizki, inqilobda shoir oʻtmishdagi barcha xoʻrlik va haqoratlar uchun qasos imkoniyatini koʻrgan edi. Shundan keyingi yillarda Mayakovskiyning isteʼdodi bor boʻyi bilan namoyon boʻldi. “Hayqiriq”, “Soʻl marsh”, “Misteriya Buf”, “150 000 000”, “Vladimir Ilich Lenin”, “Juda soz”, “Sevaman” kabi asarlari oʻsha yillar mahsuli hisoblanadi.

Mayakovskiy 1918 yildan kinematografiya sohasiga ham qiziqib qoladi. U kino uchun Jek Londonning “Martin Iden” romani asosida “Pul uchun tugʻilmagan” hamda “Begoyim va bezori”, “Film jodusi” kabi kinossenariylar yaratdi va ular asosida suratga olingan filmlarda aktyor sifatida ishtirok etdi. 1919 yildan shoir ROSTA – Rossiya Telegraf Agentligida faol hamkorlik qila boshladi. “ROSTA oynasi” nomli mashhur hajviy-tashviqiy plakatlarni shoir va rassom sifatida bezab boradi.

Mayakovskiy shoʻrolar davrida ham futurist, aniqrogʻi, kommunistik futurist boʻlib qoldi. 1922–28 yillarda “LEF” – sanʼatning chap qanoti uyushmasiga rahbarlik qildi. Shu yillarda mamlakat boʻylab va xorijga safarlarga chiqdi. Latviya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Kuba, Meksika va Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻldi. Hayotining soʻnggi yillarida dramaturgiyaga koʻproq qiziqdi. 1928 yili “Suvarak”, 1929 yili “Hammom” nomli satirik pyesalarini yaratdi. Ular mashhur teatr islohotchisi V. Meyerxold tomonidan sahnalashtirildi.

Oʻtgan yillar davomida Mayakovskiy Lilya Brik bilan yaqin munosabatlarini davom ettirdi. Garchi orada yana uchta ayol bilan ishqiy sarguzashtlarni boshidan kechirgan boʻlsa-da, uning yagona muhabbati Lilya Brik boʻlib qoldi.

1930 yil fevralda Mayakovskiy Rossiya proletar yozuvchilari assotsiatsiyasiga (RAPP) qabul qilinadi. Shu bois shoirning koʻpgina adabiy safdoshlari undan yuz oʻgiradilar. Oʻsha kunlari “Mayakovskiyning 20 yillik ishlari” koʻrgazmasi ochiladi. Ammo koʻrgazma muvaffaqiyat qozonmaydi. Shoirning shaxsiy hayotida ham L. Brikning betayin feʼl-atvori tufayli tushkun kayfiyatga yetaklovchi holatlar yuz berayotgan palla edi. U shu kezlari alam ustida Moskva Badiiy teatri aktrisasi Veronika Polonskaya bilan turmush qurmoqchi boʻladi. 1930 yilning 14 aprel kuni shoir Polonskaya bilan uchrashib, undan teatrdan boʻshashni hamda yashab turgan oilasini tark etishni talab qiladi. Polonskaya rozilik bermaydi va u Mayakovskiy huzuridan chiqib ketar ekan, ortidan oʻq ovozini eshitadi. Sarosimada xonaga qaytib kirganida buyuk shoirning gilam uzra qonga belanib yotganini koʻradi. U oʻz joniga qasd qilgan edi. Garchi shoirning oʻlimi haqida keyinchalik “maxsus uyushtirilgan”, “tashkil etilgan” degan rivoyatnamo gaplar tarqatilgan boʻlsa-da, aslida uning oʻlimi shu taxlit oddiygina sodir boʻlgan edi.

Hayotini yonib, yoqib oʻtqazgan Vladimir Mayakovskiyning tarjimai holi, ijodiy yoʻli qanchalar murakkab boʻlmasin, u sanʼatkor shoir sifatida rus sheʼriyatini yangilab, boyitib, yuksaltirib oʻtdi, buyuk shoir sifatida jahon adabiyoti tarixidan mustahkam oʻrin oldi.

 

Sh. TURSUN oʻgʻli tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/umrini-yonib-yoqib-otqazgan-shoir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x