Umrimiz kechadi oddiy va kamtar

HAYOT HADISLARI

Sen buncha nasihat oʻqima, shoir,

Havoyi soʻz aytib, berma tasalli.

Bir lahza fikr qil hayotga doir,

His et boshqalarni bir zum aqalli.

 

Otasin tuproqqa qoʻydi bir oʻgʻlon,

Ishongan togʻidan boʻldi-ku judo.

Otasiz qolganding sen ham bir zamon,

Oʻzingning holingni esla shu asno.

 

Yoʻqsilga boylikdan soʻylaysan oʻgit,

Muhtojlik yemirar poʻlat boʻlsang ham.

Boshi egik tursa chorasiz yigit,

Oʻrniga oʻzingni qoʻyib koʻr bir dam.

 

Bemor shiftga qarab oʻtkazar tunni,

Eng oliy murodi – bir yutum havo.

Boshingga tushmasin u bemor kuni,

Sen uning ahvolin tushungin, ammo.

 

Bilgil, faqat hayot aylagay isbot

Hatto oʻtmishlarning afsonasini.

Ajdodlar hadisin unutgan avlod

Aslo butlay olmas koshonasini.

2013 yil 11 avgust

 

UCH ZINA

Uch ajib zinadan oʻtgaydir Inson,

Goʻyoki gʻazalning uch goʻzal bayti.

Xohlar yo xohlamas, odam begumon

Oʻzi uchun yashar bolalik payti.

 

Bir kun u kamolot yoshiga yetgay,

Bu fasl hamisha umrlarga zeb.

Inson tayyor turar sinovlarga shay,

Yashaydi oilam, elu yurtim deb.

 

Keksalik yillarin soʻrarsiz endi,

Axir tajriba bor uning qoʻlida.

Oʻylamang, shu bilan u toʻxtab, tindi,

Inson oʻzin topdi Alloh yoʻlida.

2014 yil 18 yanvar

 

ShOGIRD MAQOMI

Umrimiz kechadi oddiy va kamtar,

Bilaman, sen koʻzga ilmasligingni.

Dunyoga teranroq tashlagin nazar,

Boʻyningga ol, ukam, bilmasligingni.

 

Esla buyuk shoir asarlarini,

Soʻrab, oʻrganishdan erinma zinhor.

Joʻn bir pardaqanot asalarining

Biz bilmagan qancha sinoati bor.

 

Alloma Beruniy qazosi kuni

Bir savol yechimin qilibdi armon.

Hadisi sharif ham uqdirar buni:

“Boring ilm deya, hatto Chin tomon”.

 

Oʻrnidan qoʻzgʻalmas xarsang tosh faqat,

Poygada gʻolibdir asil, chopqir ot.

“Aflotun doʻstimdir, lekin haqiqat

Undan afzal”, demish faylasuf Suqrot.

 

Muqaddas kitobda olam sehri jam,

Jo boʻlmish ilohiy tuygʻu va fikr.

Alhazar, alhazar, Yaratganning ham

Eng avval dushmani atalmish – kibr.

 

Yuksakni koʻzlaydi doimo burgut,

Parvozi mayliga balanddir, pastdir.

Komillik zahmatin etma hech unut,

Bir zina oshmagan shogird emasdir.

2014 yil 15 yanvar

 

HAQ GAP

Ketganni bilmasdan maqtama, banda,

Garchi marhumlarning yodi porloqdir.

Yovuz yovuzligin qilmagay kanda,

Oʻsha joylarda ham ahmoq ahmoqdir.

 

Oʻlim bir nafasda keltirmas obroʻ,

Nogoh aziz boʻlib qolmagay joning.

Seni qutqazishi mumkin bilib qoʻy,

Ezgu amallaring hamda iymoning.

2014 yil 5 may

 

Abdulla ORIPOV

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/nazm/umrimiz-kechadi-oddiy-va-kamtar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x