OMON QOLGAN ODAM
1956 yili edi. Yetimxonada birga oʻsgan tengdoshlarimni uchratib qoldim. yigirma yilcha koʻrishmagan boʻlsak-da, men u haqda ancha-muncha gapni eshitib bilar edim. Oʻzim umrimda koʻp qiyinchilik, mushkul vaziyatlarni boshimdan kechirganman. Lekin mening koʻrgan kunimni buning koʻrgiliklari oldida jannat desa boʻlardi.
U tarixchi yosh muallim edi. 1941 yili urushga ketganini bilaman, keyin koʻp oʻtmay, bedarak yoʻqolganini eshitdim. Urushdan keyin maʼlum boʻldiki, asir tushib, toʻrt yilda kontslager dahshatlarinn boshidan kechiribdi. Gʻalabadan keyin harbiy qismlarimiz qutqazganda, oilasiga darak keldi: ochlikdan chalajon boʻlgan holicha gospitalga joylashtirishgan ekan. Ammo bir yil oʻtar-oʻtmay Kolimada emish, deb eshitdik.
Oʻsha gapga ham toʻqqiz yil boʻldi. Demak, jami oʻn besh yilcha jahannam azobini chekib omon qolgan odam.
Lekin u hozir bunday kulfatni kechirgan kishiga sira oʻxshamasdi. Quloch yozib koʻrishganimizda yana ham amin boʻldimki, u togʻni ursa talqon qiladiganday sogʻ-lom, baquvvat, oq yuzidan kulgi charaqlab turibdi.
– Obbo, Fazliddin-ey… – dedim oʻsha tanishim ekaniga ishonqiramay. Sportchilarnikiday dagʻal, keng kafti bilan yelkamga urib qoʻydi. Shuncha mudhish sinovlar kor qilmabdi, azamatga. “Biz detdom bolalari hammamiz shunaqamiz oʻzi – deya gʻururlanib qoʻydim, – mushkul yillar qaddimizni bukolmay oʻtdi-ketdi, biz esa oʻsha-oʻsha tetik!..
– Obbo, sen-ey, yur ketdik!
– Qayoqqa?
– Qayoqqa boʻlardi, hovliga-da, oʻtgan qora kunlarni eslab chaq-chaqlashamiz, ogʻayni.
– Yoʻq, – dedi u.
– Yigirma yilda bir koʻrishib-a?
– Yoʻq, Qoʻqon xonligining elchisi qabulxonamda kutib oʻltiribdi… Siz ham boring. Xurosonda vaziyat ogʻir… – dedi u.
Koʻzlarimni pirpiratib, yuziga boqsam, hazillashayotgan kishiga oʻxshamaydi, jiddiy. U-bu gap topgunimcha “xayr” deb joʻnab ketdi.
–… Attang… – deya shivirlab, terakka suyangancha orqasidan qarab qolaverdim.
QODIRIYNI KOʻRGANMAN-U
Men Abdulla Qodiriyni koʻrganmanu koʻrdim, deb aytolmayman. Bunga Hakim Nazir aybdor.
Margʻilon bozorining beshik rastasi shinam choyxona boʻlar edi. Domlam Obidjon aka bilan bitta non, bir hovuch mayiz olib, endi choy chaqirgan edik, domla:
– Ana, u yoqqa qara… – deb qoldilar shivirlab, – Abdulla Qodiriy oʻltiribdi.
Men qaradim ikkita soddagina, doʻppili kishi shaxmat surishyapti. Shu oʻyinga juda berilgan paytim, gazetada chiqqan chigil masalalarni yechib, grosmeysterlarning oʻyinlarini tahlil qilardim. Haligilarning taxtasiga qarasam – juda qiziq vaziyat!… Alyoxin bilan Kapablankaning mashhur partiyasi-ku bu!
– Narigisi yutadi – dedim.
– Oʻshanisi Qodiriy-da, – dedi Obidjon aka.
Mening fikri-zikrim taxtadagi vaziyatda edi, – shu vaziyatda buyuk Kapablanka taxtdan yiqilgan.
Qodiriyni koʻrdimu koʻrdim, deb aytolmayman.
Buning Hakim Nazirga nima dahli bor, dersiz? Haknm aka “Lenin uchquni”da ishlardilar. Shu gazetada chiqqan xabarlarim uchun qalam haqi oʻrniga (pul bolani buzadi, degan boʻlsalar kerak) u kishi menga shaxmat yuborganlar. Donalari jajji, yiltiroq, taxtasi sirlangan. Bunaqasini koʻrmagan edim, Qoʻltigʻimda olib yurib, shu oʻyinga ruju qoʻydim. Bolalik zkan-da…
Bolalik ham qoldi. Shaxmat ham qoldi. Qodiriy esa umrim, kasbim, taqdirim…
Bunday boʻlishini kim bilib oʻtiribdi deysiz!
TAFT
Qobulda bogʻi Bobur degan qadamjo bor. Uning baland toʻrida shoirning qabri saqlangan. Oyoq tomonda-gi qari tutni oʻsha vaqtlarda oʻtqazilgan, deb tushuntirishadi. Qadamjoni ikkinchi bor ziyorat qilganim-da yonimda menga bogʻlab qoʻyilgan soqchidan boʻlak odam yoʻq edi. Uning oti Maʼrif, kambagʻalgina askar bola.
Men bu safar tutga uzoq tikilib qoldim. U qarib, yoʻgʻon tanasi tamoman chirib, oʻq ildizi tuproqqa aylangan. Lekin bir yonidagi jindek gʻudur poʻstloqdan ozgina shira kelib bir-ikki shohida yashil barglar hali ham shivirlashib turibdi. Nahotki oʻsha asrlardan beri tirik? Uni oʻtqazganlar, balki buyuk bobomizni koʻrgandir. Poʻstlogʻida kimlarning kaft izlari bor ekan? Shabadada qaltirab yiltillab turgan bu siyrak barglar moʻjizaday tuyuladi, men ularni ushlagim keldiyu, qoʻl tekkizolmadim. Tiz choʻkib, tutning poʻstlogʻi bor tomonga kaftimni uzatsam, qoʻlim titrab, badanimga oʻt yugurganday boʻldi.
– Ajabo… dedim asta silab koʻrib.
– Boʻlmaydi, – dedi shu payt tepamda turgan Maʼrif.
Oʻrnimdan turdim. Ushlash mumkin emas ekan, deb oʻylab, hijolat tortdim.
Bogʻdan chiqqandan keyin surishtirsam Maʼrif “boʻlmaydi”ni boshqa maʼnoda aytgan ekan. Uning otasi bozorda oʻtinfurushlarga tarozibonlik qilar ekan. Xonadonda oʻtinning sifatini yaxshi bilishadi.
– Endi u yonsa ham taft bermaydi. Chirindi, – dedi askar.
MAʼRIFIY KURASH MAYDONI
Oʻsha yillari Komil Yashin Yozuvchilar uyushmasining raisi, men muovini edim… Bir kuni Komil Yashin meni Markazqoʻmga boshlab bordi. Sharof Rashidov chaqirtirgan ekan. Gapning avzoyidan bildimki, maqsad – “Guliston” jurnali muharrirligini boʻynimga qoʻyish… Unamadim. Koʻnishmadi.
– Yoʻq, – dedi Sharof Rashidov gapni vazminlik bilan choʻzib, jilmaygan, muloyim bir ohangda. – Bizga yoʻq, demaysiz…
Ikki tomon ham oʻylovda qoldik. Ogʻir jimlik choʻkdi.
– Unda… shartlarim bor, – dedim oxir tilga kirib. Koʻp yillar “Sharq yulduzi”da bosh muharrirlik qilgan, bu ishning gʻalvaligini bilardim. Hammasi gir-gir koʻz oʻngimdan oʻtdi…
– Ayting… – dedi Sharof Rashidov.
– Bir shartim shuki, tematik chegaralar olib tashlanadi!
– Nega kerak? Bu nima deganingiz?..
– “Guliston” ommabop boʻlsin!
Sharof Rashidov uzoq oʻylanib, Komil Yashinga qaradi. Soʻng menga yuzlanib, “mayli”, demadi-yu:
– Tagʻin? – dedi.
– Jurnalga xodimlarni oʻzim tanlayman, – dedim. U kishi ochilib ketdi.
– Ha, albatta-da! Oʻzingiz tanlaysiz!..
– Yoʻq, men partiyaviyligiga qarab oʻtirmayman, kommunist boʻlsa-boʻlmasa, kerakli xodimni olaman, demoqchiman… Eng yaxshi shoir, adib, jurnalistlar jalb etiladi!
Sharof Rashidov yayrab kuldi. Komil Yashin suhbat davomida:
– Ay-yay-yay!.. – deb bosh irgʻab oʻtirdi.
– Tagʻin?..
– Jurnal toʻrt rangli boʻlishi kerak!
– Hozir necha rangli?
– Ikki rangli…
– Mayli, bu oson. Adadini ham koʻpaytirib beramiz…
– Yoʻq, unisi oʻzimizga qolsin. Odamlar izlab oʻqiydigan boʻlsin. Siz aytsangiz, majburiyatga aylanib ketadi.
Sharof aka kuldi.
– Oʻzi eplaydi. Asqad ishiga puxta! Koʻp yillardan buyon uyushmada hamkorlik qilamiz, – deb oʻrtaga tushdi Komil Yashin.
– E, bu kishi bilan ishlashmoqni bizdan soʻrang! Bu gaplar bekorga boʻlayotgani yoʻq! – dedi Sharof Rashidov.
Darhaqiqat, oʻttizinchi yillar oxirida Samarqand Davlat dorilfununi (OʻzGU) da Sharof aka bilan birga oʻqiganmiz.
Kattaqoʻrgʻon suv ombori qurilishida birgalashib gazeta chiqarganmiz. Idoramiz bozor ichida desangiz, odamlar eshak bogʻlab ketishadi. Uyqu qochganda, basma-bas sheʼr mashq qilamiz. (Sharof Rashidov keyinchalik oʻsha sheʼrlarni koʻp jildlik asarlar toʻplamining uchinchi jildida chop ettirdi). U kishi “Qizil Oʻzbekiston”ga bosh muharrir etib tayinlanganida, qoʻymay meni ham olib ketdi. Oʻzi Yozuvchilar uyushmasiga rais boʻlganida, meni uyushma nashri – “Sharq yulduzi”ga masʼul kotib qilib qoʻydi. Xullas, tariximiz uzoq. Haligi bahslar Sharof Rashidov oldida ozgina erkaligim borligidan, talablar… haddim siqqanidan edi.
Sezganimdek, “Guliston”da ish oson koʻchmadi. “Ibrohim Rahim ketdi!.. Endi bunisini qoʻlga olamiz”, deydiganlarni bilardim. Ajabki, dastlab Erkin Vohidovga qarshi kattagina maqola yozib keltirishdi. Gʻazallari feodal ruhida, feodalizmni ideallashtirar emish! Hayron qoldim. Oʻzini daho bilgan markschi-tarjimon boʻlardi. Shu kishi yozibdi. Yoritmadik. Janjal koʻtardi. Markazqoʻmning oʻsha paytdagi mafkura kotibi ham u tomonda! Ishni katta qozonda qaynatmoqchi boʻldilar. Qatʼiy qarshi turdim. Bosdi-bosdi qildik… Erkin Vohidovning xabari ham boʻlgan emas.
Ikkinchi hujum rahmatli Ibrohim Moʻminovga uyushtirildi. U kishining “Amir Temurning Oʻrta Osiyo xalqlari tarixida tutgan oʻrni” risolasiga qarshi! Tuhmatni temuriylar haqida taxminan eshitib bilgan moskvalik bir “mutaxassis” yozib keldi. Uni Markazqoʻm qoshidagi lektorlar guruhining boshligʻi Ye. Blok qoʻllab qoldi. Paysalga soldim. Qarasam, masala chuqurlashyapti… Amudaryo bilan bogʻliq “deygish” hodisasi esimga tushdi! Demak, moskvalik “mutaxassislar” aslida boshqalarni ham oʻpirib olib ketmoqchi ekanlar! Markazqoʻm tagidan tezob suv oʻtar ekan-da! Bu “deygish” ancha yillardan soʻng, “oʻzbeklar ishi” boʻlib, yuzaga chikdi: Markazqoʻmgina emas, mamlakatning koʻp joylarini oʻpirib ketdi!
Ammo “mutaxassis” boʻsh kelmadi, uni keyinroq qayerdadir, yuqoriroqda bostirdi…
Yana bir hujum donishmand adabiyotshunos, ilmda jasoratli professor Ergash Rustamovga qarshi uyushtirildi. Bu kishi shafqatsizlarcha toptab turgan shoʻrolarning soʻqir oyoqlari ostidan turkiy shoirlar otasi Ahmad Yassaviyni bayroq qilib koʻtarib chiqmoqchi boʻldilar!..
Shu darajaga yetdiki: “Avval meni bosh muharrirlikdan boʻshatinglar-da, soʻng bu kishiga tosh otinglar!” – deyishgacha bordim. Chunki bu ishda men ham aybdorman. “Chinor” romanida Ahmad Yassaviyning avliyo shoir ekanligini eʼtirof etganman”, dedim. Yaqin yoʻlatmadim. Oxiri jim boʻlishdi… Ammo hujumlar oʻz ishini qildi: akademik Ibrohim Moʻminov ham, professor Ergash Rustamov ham shundan soʻng oʻngarilmay, tez oradan olamdan oʻtishdi!..
Jurnalda general Joʻrabek haqida maqola yoritdik. Jurnalni toʻxtatishdi. Markazqoʻmning yangi mafkura kotibi Oqil Umrzoqovich Salimov qabuliga hujjatlarni koʻtarib bordim: “Ozarboyjon klassik shoiri, sharqshunos Mirza Fatali Oxundov ham chor generali boʻlgan, general Joʻrabek bilan birga sharqshunoslik kongresslarida qatnashgan, oʻzaro yaqin doʻst boʻlishgan. Har ikkalovi ham tarjimonlik qilishgan… Joʻrabek xalqparvar, maʼrifatparvar… Navoiy kutubxonasi fondi general Joʻrabek bogʻida saqlangan!..” deb aytaverdim, aytaverdim…
Salimov kuldi.
– General Joʻrabek – bizning bobomiz boʻladilar! – dedi bir ogʻiz. Yana nodonligimdan kuydim…
– Jurnalni chiqaravering, – dedi Salimov va jurnalni toʻxtatmaslik haqida koʻrsatma berdi.
… Oʻsha davrlarda ham dabdababozlik bor edi! Davlat qachonki dabdabaga kuch bersa, bilingki, iligi puchayadi… Tanazzulga yuz tutib, kunpayakun boʻlgan Sovetlar Ittifoqi fikrimizning yaqqol timsolidir! Paxtani mashinada terish borasidagi rekordbozlik – “ming tonnachilik”ni fosh etuvchi, dastlab boʻshgina maqola qoʻlimga tushdi. Valentin Tyupko degan injener – konstruktor doʻstim bor edi. Paxta terish mashinasini ixtiro etganlardan. Yangiyerda turardi. Oʻshanga yubordim. Dalillab bersin, dedim. U, biz ixtiro etgan mashina shu boʻlsa, bir mavsumda 220 tonna, juda nari borsa 280 tonnadan ortiq paxta terolmaydi deb boplab isbotlab berdi! Yuqorida sansalorlik boʻlavergach, butun masʼuliyatni zimmamizga olib maqolani yoritdik. Ming tonnachilik shov-shuvi oʻchdi-qoldi!
Ekologiya, Orol, arxeologik muammolarimizni yorituvchi maqolalar berdik. “Qayta qurish” qayokda edi?! Matbuot maʼrifiy inqilob qurolidir. U jamiyatni doimo ichdan yorita bilishi kerak! Davlat siyosati kaltabinlik qilganda, u uzoqni koʻra bilsin! Tarix oʻz fursati bilan tarozi toshini joyiga qoʻyarkan, tirik guvohmiz! Ammo oʻzim bosh muharrirlik qilayotgan jurnalda kimyoviy zaharlanishlarni fosh etuvchi asarimdan bir parchani bosolmagan nochor kunlarimiz ham boʻlgan. (“Kumush tola” deb ataladigan bu qissam, oʻn yillardan soʻng, 1989 yildagina bosildi). Shunga qaramasdan jurnal Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov kabi koʻp qalamkashlarning xalq alamini aytuvchi, bu singari mavzulardagi chiqishlariga yoʻl ochib bergan!.. Sharof Rashidovga aytganimda, farishta omin degan ekan, xususan, oʻsha yillardagi yosh ijodkorlar, jurnalistlar – Mahmud Saʼdiy, Murod Xidir, Mahkam Mahmudov, Tohir Malik, Abdulla Sher, Saʼdulla Ahmad, Emin Usmon, Erkin Aʼzam, Sulaymon Rahmon, Ahmad Aʼzam, Xayriddin Sulton uchun Markazqoʻm jurnalidagi mavqelari bir amal yoxud sakkiz soatlik ish emas, uyqusiz, kecha – kunduzlik maʼrifiy kurash maydoni edi: ular oʻzlarini shunga bagʻishlagan edilar. Jurnal bezagi, har bir soʻzu jumlaning qosh-koʻzini joyiga qoʻyadigan tajribali muharrir-jurnalist, katta tarjimon Vahob Roʻzimatov, rassom Emin Roʻziboyev xizmatlari bunda benazirdir.
Al Forobiy, Al Beruniy, Ibn Sinoga bagʻishlangan maxsus sonlar!.. Chernishevskiy va Sharq… “Gʻurbatda Furqat”, Mashrabning shoʻrolar koʻzicha goʻyo “yangi topilgan” gʻazallari… Advokat Ubaydulla Xoʻjayevning Lev Tolstoy bilan yozishmasi… Oʻzbek qomuschiligi… Kino, teatr sanʼati… “Edip”… Xalq ogʻzaki ijodi… “Jumanbulbul”… Oʻta milliy shoirimiz Mirtemir sheʼrlari ila toʻlib chiqqan qoʻsha-qoʻsha sahifalar, yangi avlod ijodkorlarining asarlari!..
Asqad MUXTOR
https://saviya.uz/ijod/nasr/umrim-manzaralari/